Iqtisodiyot
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7 oylik minimumga tushdi
O‘zbek so‘mi uch kun ichida AQSh dollariga nisbatan 172 so‘m yoki 1,3 foizga mustahkamlandi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, yil boshidan buyon dunyoda dollar indeksi tushib bormoqda, oltin narxining o‘sishi esa O‘zbekistonga eksportdan valuta tushumlarini ko‘paytirgan, boz ustiga pul o‘tkazmalari ham sezilarli o‘sgan.
O‘zbekiston Markaziy banki 30 maydan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 62,8 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.
Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 172 so‘mga (1,3 foiz) — 12 939,9 so‘mdan 12 768,2 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 4 oktyabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 1,05 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning yanvar-may oylarida so‘m 2,5 foizga qadrsizlangan edi.
Kun davomida to‘rtta bankda Amerika valutasini 12 835 so‘mdan sotib olish mumkin bo‘ldi. Bir kun oldingi banklardagi minimal sotuv kursidan 55 so‘mga arzon.
So‘m nega mustahkamlanyapti?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘m kursining ayni kunlardagi mustahkamlanishiga ta’sir qilayotgan ehtimoliy omillarni sanab o‘tdi.
Global tendensiyalar. Tramp AQShda prezident sifatida ish boshlagandan keyin global iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha noaniqliklar kuchaydi. Xususan, bir necha bor e’lon qilingan va vaqtincha to‘xtatilgan savdo urushlari, Rossiya–Ukraina mojarosida Rossiya tomonining qo‘llab-quvvatlanilishi (so‘nggi kunlarda bu trend orqaga ketayotgandek) va boshqa ko‘plab noaniqlik yuzaga keldi. Natijada investorlarning AQSh iqtisodiyoti bo‘yicha kutilmalari yomonlashdi. Bu esa fond bozorlari hamda valuta bozoriga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Xususan, yil boshidan buyon (o‘rtacha emas) dollar indeksi 9 foizdan ko‘proqqa qadrini yo‘qotdi. Ya’ni so‘nggi 4-5 oydagi global tendensiyalardan ko‘rish mumkinki, dollarning umumiy qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilyapti.
Oltin narxi, tashqi savdo, zaxiralar. Global noaniqliklar sharoitida oltin narxining keskin o‘sishi kuzatildi. Xususan, o‘tgan yilning dekabri bilan taqqoslaganda oltin narxi 24 foizga oshgan. O‘zbekiston esa yirik oltin eksportyori hamda zaxiralarida oltinning o‘rni judayam katta hisoblanadi.
Jumladan, oltin narxi o‘sishi fonidan O‘zbekiston zaxiralar hajmi yil boshiga nisbatan qariyb 20 foizga o‘sib, 49,2 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralarning o‘sishi o‘z-o‘zidan Markaziy bankka valuta bozoriga ta’sir qilish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, qimmat oltin narxi fonida eksport yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Joriy yilning 4 oyida eksport hajmi 12 mlrd dollarni tashkil etib, oldingi yilning mos davriga nisbatan 35,1 foizga ko‘paydi. Oltin eksporti esa 62,3 foizga o‘sib, 5,6 mlrd dollarga yetdi. Eksportning bunday yuqori o‘sishi fonida tashqi savdo defitsiti 846 mln dollargacha qisqardi. Yana bir muhim jihat shundaki, so‘nggi uch oyda oylik tashqi savdo profitsitda. Oylik tashqi savdoning profitsitda bo‘lishi esa tabiiyki, milliy valuta uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Pul o‘tkazmalari. AQSh–Rossiya munosabatlaridagi keskin burilish rublning sezilarli mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Rossiya valutasi fevral, mart oylarida dollarga nisbatan mos ravishda 7,2 hamda 7,6 foizga mustahkamlandi. Rublning mustahkamlanishi esa o‘z navbatida pul o‘tkazmalarining o‘sishini tezlashtirdi. Joriy yilning birinchi choragida pul o‘tkazmalari hajmi 3,3 mlrd dollarni tashkil etib, oldingi yilning mos davriga nisbatan 32 foizga o‘sgan.
S&P prognozi. Yuqoridagi omillardan tashqari S&P O‘zbekiston kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Mazkur hodisa ham iqtisodiyot bo‘yicha kutilmalarning yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bu ham valuta kursiga ijobiy ta’sir o‘tkazayotgan va o‘tkazishi mumkin.
“So‘nggi ikki kundagi o‘zgarishlarda ayni qaysi omil dominantlik qilayotganini aniq aytish qiyin, lekin katta ehtimol bilan yuqoridagi omil ta’sirida trend shakllanmoqda. Albatta, yaqin kelajakda so‘mning qanday trend bilan harakatlanishini aniq aytish qiyin. Lekin yuqori oltin narxi hisobiga sterilizatsiya uchun shakllangan zaxiralar, global noaniqliklarning davom etayotgani (oltin narxi o‘sishi va dollar indeksining qadrsizlanishi), migrantlarimiz faoliyat yuritayotgan asosiy iqtisodiyotlarda nisbatan yaxshi iqtisodiy sharoit shakllanayotgani hisobiga, menimcha, joriy yil valuta kursi (dollar) oldingi yillar bilan taqqoslaganda nisbatan barqaror shakllansa kerak”, deya xulosa qilgan Mirkomil Xolboyev.
Avvalroq, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) o‘z missiyasi yakuni bo‘yicha Markaziy bankka so‘m bozor sharoitlarini yanada aniqroq aks ettirishi va tashqi zarbalardan himoya qiluvchi samarali vositaga aylanishi uchun valuta kursi tebranishlari oralig‘ini asta-sekin kengaytirishni tavsiya etgandi.
S&P prognozlariga ko‘ra, AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 2025 yil oxirida 13 566,5 so‘m, 2026 yil oxirida 14 244,8 so‘m, 2027 yil oxirida 14 957,1 so‘m, 2028 yil oxirida esa 15 704,9 so‘m bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
