Jamiyat
Dog‘istonda saqlanayotgan 24 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytariladi
Rossiyaning Dog‘iston Respublikasidagi vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib turgan 24 nafar O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytarish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu masala O‘zbekiston diplomatlarining Mahachqal’aga amalga oshirgan tashrifi doirasida muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlar murojaatlarini o‘rganish va mintaqaning vakolatli idoralari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Dog‘istonga tashrif buyurgan.
Tashrif davomida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Dog‘iston Respublikasi bo‘yicha Migratsiya masalalari boshqarmasi, Mahachqal’a shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi rahbariyati hamda tegishli idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralarda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tezkor axborot almashish mexanizmlarini takomillashtirish va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan fuqarolarni vatanga qaytarish tartibini tezlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Rostov-Don shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi bilan doimiy hamkorlik qilish uchun mas’ul xodim biriktirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar Mahachqal’adagi vaqtincha saqlash markazida sayyor konsullik qabullarini ham o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlar tashkil qilinib, ularning murojaat va muammolari o‘rganildi hamda zarur konsullik-huquqiy ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuvlar yakunida amaldagi qonunchilik doirasida 24 nafar O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytarish jarayonlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Jamiyat
9 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘gay ota 14 yil 5 oyga qamaldi
Kun.uz 9 yoshli qiz yillar davomida o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida material e’lon qilgan edi. Jabrlanuvchining onasi tahririyatga murojaatida qiziga tergovda bosim bo‘lgani, «ukalaring ko‘chada qoladi» degan gaplar bilan qo‘rqitilganini aytgan. O‘gay ota «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan A.A. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari hamda 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 14 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, mahkum davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchining onasi qizi nafaqat yillar davomida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini, balki tergov jarayonida ham unga ruhiy bosim o‘tkazilganini iddao qilgan edi. Tergovda qizaloqqa «ukalaring ko‘chada qoladi» degan mazmunda gaplar aytilgan. Ona bu holat bolaning ruhiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan va ish yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini so‘ragan edi.
Ishning jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan jihatlardan biri – sudlangan shaxs «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida faoliyat yuritgan. «Inson» markazlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.
Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Jamiyat
Ayrim harbiylar uchun ijara puli 25 foizga oshadi
Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Bu o‘zgarish Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 7 iyuldagi 369-son qarori bilan 2005 yil 25 iyulda qabul qilingan 169-sonli qarorga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun davlat tomonidan to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga ko‘paytiriladi.
Mazkur qaror harbiy xizmatchilarning uy-joy bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda xizmat o‘tayotgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Hukumat qarorida belgilangan o‘zgarishlar Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy ijarasi narxlari yuqoriligi hisobga olingan holda qabul qilingan bo‘lib, kompensatsiya miqdorining oshirilishi harbiy xizmatchilarning ijara xarajatlarini yengillashtirishi kutilmoqda.
Jamiyat
Yevropa va Markaziy Osiyoda jazirama issiqning yangi to‘lqinlari kutilmoqda
Yaqinda Yevropani qamrab olgan rekord darajadagi issiqdan so‘ng, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yozning eng xavfli kunlari hali oldinda bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bu hafta Portugaliya va Ispaniya janubida harorat 43 darajaga yetishi kutilmoqda. Fransiya va Benilyuks mamlakatlarida yangi issiqlik to‘lqini kutilmoqda, Markaziy Osiyoning bir qator hududlarida esa termometrlar 40 darajadan yuqoriga ko‘tarilmoqda, deb xabar berdi JSST.
Shu munosabat bilan JSST Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge mamlakatlar, shuningdek, Yevropa komissiyasi va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar haddan tashqari issiqlikni shunchaki ob-havo hodisasi emas, balki jamoat salomatligiga jiddiy tahdid sifatida ko‘rmoqda.
JSST ta’kidlashicha, haddan tashqari issiqlikka qarshi milliy harakatlar rejalari allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlar zarur xizmatlarni tezroq tashkil etish va aholini yaxshiroq himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shunday qilib, Italiyaning 45 ta shahrida o‘limni kuzatish tizimi mavjud bo‘lib, u deyarli real vaqt rejimida jazirama oqibatlarini baholash imkonini beradi. Ispaniyada hokimiyat ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholini sog‘liq uchun xavf-xatarlar haqida xabardor qilish tizimini takomillashtirmoqda. Avstriya milliy harakatlar rejasini yangiladi va ishchilarni issiqdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni joriy etdi, Fransiyada esa idoralararo muvofiqlashtirish sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani kamaytirishga imkon berdi. Shimoliy Makedoniyada Qizil Xoch bilan birgalikda doimiy uy-joyi bo‘lmagan odamlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
«Bu misollar muhim, chunki bu tajribani takrorlash mumkin. Kerakli vositalar mavjud. Dalillar bazasi ishonchli. Rejalar inqirozdan oldin ishlab chiqilgan va tekshirilganda, ular odamlarning hayotini saqlab qoladi», deb ta’kidladi Klyuge.
Shu bilan birga, JSST Yevropa va Markaziy Osiyoning 53 davlatidan iborat tashkilotning Yevropa mintaqasidagi davlatlarning yarmidan kamrog‘ida haddan tashqari issiqlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy rejalar mavjudligini ta’kidlaydi.
Ko‘pgina mamlakatlarda odamlar hali ham xavf ostida ekanligini anglamaydi. Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, sovutiladigan markazlarning, ayniqsa uysizlar uchun markazlarning yetishmasligi, tibbiyot muassasalarining iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirish va rasmiy xabardor qilish tartib-qoidalarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ayniqsa, ijtimoiy muassasalarda yashayotgan insonlar, boshpanasiz shaxslar va yolg‘iz keksalar har doim ham zarur yordamni ololmayotgani tashvish uyg‘otmoqda.
JSST Yevropa byurosi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri turli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘ldi. Klyugening so‘zlariga ko‘ra, haddan tashqari issiqlik xavfsizlikka tahdid solmoqda, bu esa turli sohalar o‘rtasida muvofiqlashtirishni talab qiladi.
JSST mamlakatlar tajribasini umumlashtirib, mintaqaning barcha 53 davlati o‘rtasida tavsiyalar tarqatishini ma’lum qildi. Tashkilot, shuningdek, aholini issiqlikdan himoya qilish milliy rejalarini ishlab chiqayotgan yoki takomillashtirayotgan davlatlarga texnik yordam ko‘rsatishda davom etadi.
Jamiyat
Smartfondan real ijodga: robototexnika bolalarni qanday rivojlantiradi?
Hozir yon-atrofga qaralsa, juda ko‘p bolalarning qo‘lida smartfon. Hatto ayrimlar hali tili chiqmagan va yurishni ham bilmaydigan bolalarining xarxashasiga chidashdan ko‘ra, ularni telefon bilan tinchlantirishni afzal ko‘rmoqda. Mutaxassislar o‘z o‘rnida mobil qurilmalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazilishi bolalarning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir o‘tkazishini aytmoqda. Xo‘sh, bunday holatda robototexnika bolalarni smartfonga qaramlikdan qutqaruvchi vositaga aylana oladimi? Kun.uz muxbiri shu savolga javob izladi.
Amerika pediatriya akademiyasi saytida e’lon qilingan maqolada 2–4 yoshdagi bolalar kuniga o‘rtacha 2 soat, 5–8 yoshdagi bolalar esa kuniga o‘rtacha 3,5 soat vaqtini mobil qurilmalarda sarflayotgani qayd etilgan. Mutaxassislar bolalarning smartfonlarda buncha ko‘p vaqt sarflashi ularning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir qilibgina qolmay, balki umumiy rivojlanish jarayoni, nutq shakllanishi hamda ijtimoiy faolligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘z o‘rnida mutaxassislar gadjetlarga bo‘lgan qiziqishni yo‘q qilish, cheklash o‘rniga, uni to‘g‘ri tomonga yo‘naltirishni tavsiya qilmoqda. Shu yo‘nalishlardan biri sifatida robototexnika tilga olib kelinmoqda.
Robototexnika — bolaga nafaqat o‘yin, balki real hayotga yaqin muammolarni hal qilish imkonini beradi. Bu esa unda mantiqiy fikrlashni kuchaytiradi va bilimni amaliyot bilan bog‘laydi.
Bolalarning rivojlanishida ota-onaning roli ham juda katta. Farzandning qiziqishlarini erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish — kelajakdagi salohiyatini shakllantirishda asosiy omillardan biri.
“Ota-onalar farzandi yig‘lamasligi uchun to‘g‘ri tarbiyalash o‘rniga qo‘liga telefon berib, televizor yoqib qo‘ymoqda. Bu bolaning tarbiyasiga juda salbiy ta’sir qiladi. Mening farzandim ham bir yoshidanoq telefon o‘ynashni boshladi — oqibatda bolalarga qo‘shilmaydigan, faqat multfilm dunyosiga kirib ketadigan bo‘lib qoldi”, — deydi farzandlarini robototexnika kurslarida o‘qitayotgan Malika Tursunova.
Uning aytishicha, robototexnika darslaridan so‘ng farzandlarida tezda o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, boshqalar bilan muloqotga kirishishi osonlashgan. Vazifalarni ham tezroq bajarishni boshlagan.
Yana bir ona esa o‘z vaqtida ovqatini yemayotgan farzandlariga smartfon berib, ularni taomlantirishga harakat qilganini eslab, aslida bu xato bo‘lganini aytadi. U ham ikki farzandini robototexnika darslariga bergan. Shundan so‘ng ularda ham o‘zgarish kuzatilgan.
“Bir kuni farzandim: “Katta bo‘lganimda butun dunyo foydalanadigan kompyuter dasturi yarataman” dedi. O‘zining yoshiga nisbatan shunchalik katta fikrlaydi. Charchab qolishi, zerikishi mumkin, lekin har doim oldinga yurishga yordam berish kerak”, — deydi Ra’no Ishmuhammedovaa.
Robototexnika yo‘nalishida dars berayotgan Aziza Artikova bu soha bolalarga bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim ko‘nikmalarni berishini aytadi. Ular orasida mantiqiy fikrlash, muammoni bosqichma-bosqich hal qilish, jamoada ishlash, tengdoshlar bilan hamkorlik qilish, nutqni rivojlantirish kabi ko‘nikmalar bor.
Artikovaning ta’kidlashicha, robototexnika kurslarida 5-8 yoshli bolalar asosan jamoa bo‘lib ishlashda qiynaladi. Ammo biroz vaqt o‘tib, bu jihatni ham o‘zlashtirib olishadi.
“Ba’zi ota-onalar farzandining nutqini rivojlantirish maqsadida ham robototexnika to‘garaklariga olib kelishadi. Buning ham o‘z sababi bor: mayda motorika bilan ishlash qo‘l mushaklarini rivojlantiradi va bu jarayonda bolaning nutqi ham asta-sekin rivojlanib boradi”, — deydi mutaxassis.
To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Toshkentda yirik kiberjinoyatchilar guruhi qo‘lga olindi
Ikkita Call-markaz’da chet tillarini yaxshi biladigan 140 nafarga yaqin yigit-qizlar faoliyat yuritgan. Ular orasida talabalar ham bor. Call-markaz xodimlari chet davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, treyderlik niqobida investitsiya tariqasida kriptoaktivlarni o‘tkazma qilishga erishgan. Ularning har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqni amalga oshirgan.
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yirik jinoiy tarmoq faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahrida ikkita yirik Call-markaz fosh etilgan.
Jumladan, Yashnobod tumanida joylashgan biznes markazlardan birining 6-qavatida o‘tkazilgan tintuv-tergov tadbirlari davomida binoga joylashib olgan Call-markaz’da jami 97 nafar shaxs aniqlangan. Ularning 5 nafari chet el fuqarolari.
Tezkor tadbirlar Yakkasaroy tumanida ham davom ettirilgan. Biznes markaz binosining 11-qavatidagi Call-markaz’da 34 nafar shaxs faoliyat olib borayotgani, ularning 3 nafari esa chet el fuqarolari ekani aniqlandi.
Call-markaz’larda boshqaruvchi, tashkilotchi, yordamchi, jamoa sardorlari va operatorlar bo‘lgan. Ular oyiga 70 foizgacha daromad orttirishga qiziqtiruvchi kontentlar aks etgan fishing havolalar tayyorlab, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya, Daniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilishgan hamda treyderlik niqobi ostida investitsiya tariqasida kriptoaktivlarni o‘tkazma qilishga erishgan.
Markazlardagi xodimlar orasida chet tillarni mukammal biladigan yoshlar, nufuzli universitet talabalari ham bo‘lgan. Ularning har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgan. Xodimlar chet el fuqarolari bilan taxalluslar orqali suhbatlashgan. Binoga kirish qat’iy nazorat ostida amalga oshirilib, maxsus qo‘riqchilar eshik oldida doimiy faoliyat olib borgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki manzildan uyushgan guruh jinoiy harakatlarni amalga oshirishda foydalangan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf va boshqa turdagi vositalar hujjatlashtirib olingan.
Ushbu sxemani chet el fuqarosi tashkil etgan. U mamlakatdagi noqonuniy faoliyatini 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda amalga oshirgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy uyushmaning ikki rahbari va yana 18 kishi qamoqqa olingan. Qolgan 111 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, tezkor surishtiruv jarayonida ushbu jinoiy guruhning Rossiya, Gruziya, Ukraina va Ozarbayjonda ham Call-markaz’lari faoliyat olib borayotgani aniqlangan. Kelgusida mazkur davlatlar bilan hamkorlikda global miqyosdagi jinoyat zanjiriga barham berish rejalashtirilgan.
-
Iqtisodiyot2 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport4 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Sport3 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat5 days agova’dalar, sirlar va xonavayron bo‘layotgan odamlar (2-qism)
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport3 days agotashkilot amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini to‘xtatdi
-
Dunyodan10 hours ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
