Sport
Devid Bekhem ritsar unvonini oldi
Futbol bo‘yicha Angliya milliy jamoasi sobiq sardori, «Manchester Yunayted» klubi afsonasi Devid Bekhem ritsar unvoniga ega bo‘ldi. Oliy mukofotni 50 yoshli futbolchiga Britaniya qiroli Charlz III topshirdi.
Foto: Jonathan Brady / PA / AP / Scanpix / LETA
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III Berkshirdagi Vindzor qasrida o‘tkazilgan marosimda sobiq futbolchi Devid Bekhemni ritsarlik unvoni bilan taqdirladi.
Odatga ko‘ra, monarx Bekhemning ikki yelkasiga qilichni tekkizib qo‘ydi. Bu vaqtda sportchi odat bo‘yicha Britaniya qiroli qarshisida tizzasini yerga tekizgan ko‘yi cho‘kkalab turdi.
Devid Bekhemga ritsar unvoni Britaniya futboli va jamiyati oldidagi mehnatlari uchun topshirildi.
Bekhem ritsarlik unvonini olganidan cheksiz faxr tuyayotganini aytib o‘tgan:
Odamlar mening qanchalik vatanparvar ekanligimni bilishadi – men o‘z vatanimni sevaman. Men har doim monarxiya oilam uchun qanchalik muhimligini aytib kelganman. Men butun dunyo bo‘ylab sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim va barcha odamlar men bilan faqat bizning monarxiyamiz haqida gaplashishni xohlashadi. Men bundan faxrlanaman.
Unga marosimda turmush o‘rtog‘i sobiq qo‘shiqchi, ayni paytda moda sohasida faoliyat yuritadigan Viktoriya Bekhem, shuningdek, ota-onasi Sandra va Devid hamrohlik qilgan.
2017 yilda moda sohasidagi xizmatlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni ofitseri unvoniga sazovor bo‘lgan Viktoriya Bekhem turmush o‘rtog‘i marosimda kiygan kostyumni o‘zi tikib bergan.
Endilikda futbolchi ser, uning turshum o‘rtog‘i esa ledi maqomiga ega bo‘ldi.
Devid va Viktoriya Bekhem Vindzor qasrida, 2025 yil 4 noyabr
Andrew Matthews / AFP / Scanpix / LETA
Bekhem 2005 yildan beri Unicef gumanitar tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.
2003 yilda u qirolicha Yelizaveta II tomonidan Britaniya imperiyasi ordeni ofitseri unvoniga sazovor bo‘lgandi. 2022 yilda qirolicha vafot etganida, u 12 soatdan ko‘proq vaqt davomida uning tobuti uchun navbatda turgan.
2024 yilda Bekhem talabalar uchun ta’lim kurslarini taklif qiluvchi Qirollik jamg‘armasining elchisi etib tayinlangan.
Devid Bekhem futbolchilik faoliyati davrida «Manchester Yunayted», «Real», «Milan», PSJ, «Los-Anjyeles Gelaksi» klublarida o‘ynagan. «Yunayted» bilan u olti marta Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqqan, 1999 yilda Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan. U Angliya milliy jamoasi safida 115 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urgan. Ayni vaqtda Bekhem – Amerikaning Lionel Messi to‘p surayotgan «Inter Mayami» futbol klubi rahbarlaridan biri hisoblanadi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot17 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
