Iqtisodiyot
Deputatlar qonundan tashqari ishlatilgan 41 trln so‘m xarajatni “yashirincha” tasdiqlab bergan
Davlat organlari va tashkilotlarining 2025 yilgi xarajatlari qonunda ko‘rsatilganidan qariyb 41 trln so‘mga yoki 14,5 foizga oshib ketgan. Bu xarajatlarni postfaktum qonunga kiritib qo‘yish yuzasidan Qonunchilik palatasining yig‘ilishi jonli efirsiz o‘tib ketgani ma’lum bo‘ldi. Senatda ham qo‘shimcha xarajatlarning 26 trln so‘mga yaqin qismi nimaga ishlatilgani aytildi, qolgan 15 trln qanday taqsimlangani esa aniqlashtirilmadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi dekabr oyi boshida 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat xarajatlarini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qullagan, deya yozdi Gazeta.uz.
Tuzatishlar ko‘rib chiqilgani va qabul qilingani haqidagi ma’lumotlar parlament quyi palatasining rasmiy manbalarida e’lon qilinmagan, ushbu masala yuzasidan majlislar translatsiyasi ham bo‘lmagan.
Hujjat 2026 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti va soliq siyosati to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilib, qabul qilingan kunlarda — 3 va 5 dekabr kunlari muhokama etilgan.
2025 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar qabul qilingani haqida 18 dekabr kuni Senatda ular ko‘rib chiqilayotgan paytda ma’lum qilingan. Belgilangan tartibga ko‘ra, qonun loyihalari avvalo Qonunchilik palatasida uch o‘qishda ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng parlamentning yuqori palatasi — Senatga yuboriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi yil davomida budjet xarajatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni parlament muhokamasiga chiqarmagan, shuningdek, qo‘shimcha xarajatlar zaruriyatiga oid asoslovchi materiallarni deputatlarga taqdim etmagan. Davlat budjetiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yil oxirida Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
2024 yilning yakunida ham davlat organlari va tashkilotlarining 2024 yildagi xarajatlari qonunda yozilganidan 10 trillion so‘mga oshib ketgandi. Qonunchilik palatasi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni hukumat so‘raganidek qilib 9 daqiqa ichida uchta o‘qishdan o‘tkazib bergandi. Birorta deputat qarshi ovoz bermagandi.
2023 yilda ham yil yakuniga 15 kun qolganda davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun o‘zgartirilgandi. Deputatlar konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limitini YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha, yillik tashqi qarz limitini 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘paytirishni 20 daqiqa ichida tasdiqlab berishgandi.
2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.
41 trln so‘m miqdoridagi qo‘shimcha xarajatlar
Senatning budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev 2025 yilda qo‘shimcha xarajatlar hajmi 40,9 trln so‘mni tashkil etishini ma’lum qildi. Bu Jahon iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashuvi, oziq-ovqat va energoresurslar narxlarining o‘sishi, jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi tashqi xatarlarni kuchaytirib, davlat budjetiga qo‘shimcha yuklamalarning oshishiga sabab bo‘lgani bilan izohlangan.
Kiritilgan tuzatishlar natijasida respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga (vazirlik va idoralar) ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari avval tasdiqlangan 281,6 trln so‘mdan 322,5 trln so‘mgacha ko‘paytirildi.
Erkin Gadoyevning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha xarajatlarning salmoqli qismi aholi turmush darajasini oshirish bilan bog‘liq. Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun 5,8 trln so‘m nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 5,3 trln so‘m 2025 yil 1 iyuldan pensiya va nafaqalarni 10 foizga, 1 avgustdan esa budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalarni 10 foizga oshirishni qoplashga yo‘naltirilgan. Budjet parametrlarida pensiya va nafaqalar miqdorini 1 sentabrdan, ish haqi miqdorini 1 oktyabrdan 7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lgan.
Ayrim sohalar xodimlarining ish haqini oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ham nazarda tutilgan:
79 mlrd so‘m — bolalar musiqa va san’at maktablari xodimlarining ish haqi oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga;
298 mlrd so‘m — davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshirilishi munosabati bilan qo‘shimcha xarajatlarga;
76 mlrd so‘m — Milliy statistika qo‘mitasi xodimlarining mehnatga haq to‘lash shartlari o‘zgarganligi bilan bog‘liq xarajatlarga.
Issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish doirasida ijtimoiy soha muassasalari va ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash tadbirlari uchun qo‘shimcha 435 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha 311 mlrd so‘m jami 1,9 trln so‘m ajratilgan.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralariga, jumladan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlashga 1,9 trln so‘m ajratish nazarda tutilgan. Shu jumladan:
435 mlrd so‘m — aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash tadbirlariga;
311 mlrd so‘m — sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlashga.
«Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 2025 yil uchun rejalashtirilgan 3,2 trln so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 1,6 trln so‘m ajratilgan.
Milliy futbol markazini tashkil etish va sohani raqamlashtirishga 458 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Qishloq va suv xo‘jaligida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 3,6 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, paxta-xomashyoga subsidiyalar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va yaylovlarni tiklash ishlari moliyalashtiriladi. Shundan:
3 trln so‘m — klasterlarga birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million so‘mdan subsidiya ajratishga;
308 mlrd so‘m — suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada qo‘llab-quvvatlashga;
112 mlrd so‘m — yaylovlarni tiklash hamda ularda sug‘orish inshootlarini barpo etishga.
Bundan tashqari, markazlashgan investitsiya loyihalari va hududlar infratuzilmalarini rivojlantirish xarajatlari uchun qo‘shimcha 5,8 trln so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘larning cheklangan (59,2 trln so‘m) miqdori 737 mlrd so‘mga oshirilgan holda 59 trln 901 mlrd so‘m, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan mablag‘larning cheklangan (1,8 trln so‘m) miqdori 222,6 mlrd so‘mga oshirilib, 2 trln 21 mlrd so‘m miqdorida belgilangan yoki 12,4 foizga ko‘paygan. Shundan, maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablarini qurish va jihozlash uchun qo‘shimcha 191,7 mlrd so‘m ajratilgan. Davlat maqsadli jamg‘armalariga davlat budjetidan ajratilayotgan transfertlarni 4,1 trln so‘mga va ularning xarajatlarini 7,7 trln so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.
Senator tomonidan qo‘shimcha xarajatlarning qariyb 26 trln so‘mga teng yo‘nalishlari aytilgan bo‘lsa-da, qolgan bir qismi umumlashtirilgan shaklda taqdim etildi. Ya’ni 15 trln so‘m nimaga ishlatilganiga aniqlik kiritilmadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qaysi hududlarida moliyaviy xizmatlardan ko‘proq foydalanilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 65,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta moliyaviy xizmatlar hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 38 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi:
Farg‘ona viloyati — 3,4 trln so‘m;
Andijon viloyati — 2,9 trln so‘m;
Toshkent viloyati — 2,8 trln so‘m;
Samarqand viloyati — 2,7 trln so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 2,2 trln so‘m;
Buxoro viloyati — 2 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,9 trillion so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax viloyatida 1,6 trillion so‘mdan, Navoiy viloyatida 1,5 trillion so‘m, Sirdaryo viloyatida esa 1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
Endi cheklarni «Soliq» ilovasiga yuklaganlar avtomobil yutib olishi mumkin
2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tiraj g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil topshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Buning uchun xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kifoya. Chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil taqdim etiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi tovarlarni eng ko‘p import qilyapti?
2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulushni mashinalar va transport asbob-uskunalari egallagan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari importi eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 5,5 mlrd AQSh dollarlik mashinalar va transport asbob-uskunalari import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga ko‘p.
Import tarkibida sanoat tovarlari 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2,0 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar esa 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek, xizmatlar importi 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz), mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar 1,4 mlrd dollar (+25,8 foiz)ni tashkil etgan.
Turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz) miqdorida import qilingan.
Statistikaga ko‘ra, eng yuqori o‘sish sur’ati oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importida kuzatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi import hajmi bir yil oldingi davrga nisbatan 47,2 foizga oshgan.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarni tekshirishning yangi tartibi belgilandi
O‘zbekistonda raqobat sohasida tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirish jarayonida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, xavf darajasi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Adliya vazirligi Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xomashyo birjalari, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Natijaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Ayni vaqtda, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Iqtisodiyot
Endi kino sohasidagi tadbirkorlar xavf darajasi bo‘yicha baholanadi
Kinematografiya sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari endi «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi orqali xavf darajasi bo‘yicha baholanadi. Yangi tartib tekshiruvlarni xavf darajasiga qarab tashkil etish va nazorat jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutadi.
Madaniyat vazirining buyrug‘i bilan Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish tartibi tasdiqlandi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Nizomga muvofiq, tizim tadbirkorlik sub’yektlarida qonunchilik talablari buzilishi xavfini avtomatik tarzda baholaydi. Buning uchun davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi. Bunda tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Elektron tizimda baholash «ball» tizimi asosida amalga oshiriladi va tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta yoki past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Shu bilan birga, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi. Xavf tahlili jarayoni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi va uning faoliyatiga bevosita aralashuvga sabab bo‘lmasligi belgilangan.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
21,5 mingta oila ipoteka krediti oldi
