Jamiyat
Dalalarda yong‘inlar kosmosdan kuzatilmoqda
O‘zbekistonda bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarini noqonuniy yoqish holatlari endi aerokosmik kuzatuvlar orqali aniqlanmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan buyon 172 nafar huquqbuzarga 212,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llangan.
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kuchaytirilgan nazorat olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarliklar aerokosmik ma’lumotlar asosida aniqlanib, ular yuzasidan tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Bug‘doy o‘rib olingan dalalarda yong‘inlarning oldini olish maqsadida hududiy boshqarmalar tomonidan 7 760 ta fermer xo‘jaligiga ogohlantirish xatlari tarqatilgan.
Nazorat tadbirlari davomida «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan kosmik suratlarni tahlil qilish orqali bug‘doydan bo‘shagan 744 ta yer maydonida yong‘in holati qayd etilgan. Har bir holat davlat ekologik inspektorlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Natijada 172 nafar huquqbuzarga nisbatan jami 212,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llangan. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar 652,3 million so‘m miqdorida baholangan.
Bundan tashqari, ang‘iz, xazon, shox-shabba va boshqa o‘simlik qoldiqlari hamda qurilish chiqindilarini yoqish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan nazoratlar davomida joriy yil boshidan buyon 9 821 ta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fermer xo‘jaliklari va aholidan bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida somonpoyalarni yoqmaslik, atrof-muhitga zarar yetkazuvchi bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.
Qo‘mita har qanday ekologik huquqbuzarlik uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanishini eslatdi.
Jamiyat
Dori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi 2026 yilning ikkinchi choragida dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llagan yuzlab dorixonalarni aniqladi. Tekshiruvlar natijasida 237 ta dorixona 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olgani ma’lum bo‘ldi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini buzish holatlari Soliq organlari tomonidan aniqlanib, ular haqidagi ma’lumotlar qo‘mitaning Fair Tech yagona axborot tizimiga yuborilmoqda.
2026 yilning ikkinchi choragi davomida mazkur tizim orqali kelib tushgan xabarlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 237 ta dorixonada, jumladan 33 ta ulgurji va 204 ta chakana dorixonada, jami 148 810 ta holatda qonunbuzarlik aniqlangan.
Tekshiruvlar davomida ushbu dorixonalar tomonidan 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani belgilangan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzarliklar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitoblar amalga oshirilib, ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rilgan.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi dori vositalari narxlariga oid qonunchilik talablarini buzgan dorixonalarga nisbatan choralar ko‘rish davom ettirilishini, ularning ro‘yxati esa ochiq tarzda e’lon qilib borilishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Qashqadaryoda firibgarlikda gumonlangan mutaxassis ushlandi
Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq hujjatlarni sudga yubormaslikni va’da qilib, evaziga 1,2 million so‘m olgan mutaxassis tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJning ichimlik suvi tizimi nazorat bo‘limi mutaxassisi S.M. firibgarlikda gumonlanib ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, u xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro X.B.dan uning o‘g‘li N.B.ga nisbatan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani sudga yubormaslik, shuningdek, qayta hisob-kitob qilib zararni bekor qilishni va’da qilgan.
Buning evaziga mutaxassis 1,2 million so‘mni o‘zining bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida mazkur mablag‘ protsessual tartibda qaytarilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Ko‘mir omboridagi yirik talon-torojlik fosh etildi
Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ko‘mir ombori menejeri qariyb 1,7 milliard so‘mlik ko‘mirni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yirik miqdordagi talon-torojlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, J.K. MChJga qarashli ko‘mir ombori menejeri X.M. o‘ziga ishonib topshirilgan hamda moddiy javobgarligida bo‘lgan xorijda ishlab chiqarilgan 1 658,53 tonna ko‘mirni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur harakatlar oqibatida korxonaga 1,7 milliard so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonlik haydovchi Amerikada oqibati o‘lim bilan tugagan YTH sodir etdi
AQShning Ohayo shtati Kolumbus shahrida o‘zbekistonlik haydovchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida YTH sodir etdi. Avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi Tobi Forsayt halok bo‘ldi. AQSh mediasi haydovchi dalillarni yashirishga uringanini yozdi. Kun.uz gaplashgan manbalarga ko‘ra, vaziyat boshqacha. Ayni dam birinchi sud majlisi ham o‘tkazilgan.
Amerika telekanallari o‘zbekistonlik trak haydovchisi kollej o‘quvchisini urib o‘ldirdi, deya xabar tarqatdi. Masalan, Fox News’dagi reportajda aytilishicha, ingliz tilida uncha gaplasha olmaydigan haydovchi avariyadan so‘ng dalillarni yo‘qotishga uringan. Kun.uz vaziyat yuzasidan birlamchi ma’lumotlarni yig‘ishga urindi. Bizga aytilishicha, yo‘l-transport hodisasidan keyin o‘zbekistonlik haydovchi kamera yozuvlarini o‘zi bilan olgan, maqsadi dalillarni yo‘q qilish emas, balki saqlash bo‘lgan.
Voqea o‘tgan yakshanba kuni Ohayo shtatining Kolumbus shahrida sodir bo‘lgan. Afsuski, avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi halok bo‘lgan. Amerika matbuoti uni yaxshi futbolchi, yaxshi jamoadosh deb ta’riflamoqda. Shuningdek, 42 yoshli o‘zbekistonlik Bayden ma’muriyati davrida AQShga kirgan va Nyu Yorkdan tijorat litsenziyasini olgan, politsiya uning inglizchani bilmasligini aytmoqda, deydi Amerika matbuoti.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston elchixonasi, konsullik hamda vatandoshlarga ulandi. Ma’lumotlarni aniqlashda Vashington shtatidagi konsullik yordamlashdi. Bosh konsul Ahror Burhonov orqali gaplashgan manbalarimizga ko‘ra, vaziyat ko‘ringanidek emas. O‘zbekistonlik haydovchi qochishga urinmagan, o‘zining telefonlari va videoyozuvlarini yo‘qolib ketmasligi uchun o‘zi bilan olgan. Buni Tsinsinatti shahridagi “Hamkor Uz” jamoatchilik tashkiloti rahbari Zafar Alimov ham tasdiqladi.
“Vatandoshimiz bilishimcha, Amerikaga qonuniy kelgan. O‘zi ham avariyadan stressda, videoyozuvlarni olishdan maqsadi yashirish emas, balki ularni saqlab qolish bo‘lgan. Chunki uning yuk mashinasi yonib ketishi mumkin edi, AQSh mediasida esa butunlay boshqacha yoritishdi”, deydi u.
Alimovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlarni Amerika matbuoti bo‘rttirib yubormoqda.
“Oxirgi paytlar negadir biz o‘zbeklar haqidagi xabarlar juda negativ. Ular boshqacha yoritadi, bizning O‘zbekistondagi kanallar esa boricha ko‘chiradi, unday qilmasliklarini men so‘rab qolardim. Birgina shu inson misolida, u inglizchani uncha bilmagan, lekin dalillarni yashirishga urinmaganini aytmoqda”, deydi jamoat tashkiloti raisi.
Ma’lum bo‘lishicha, allaqachon birinchi sud majlisi ham o‘tgan va hozir yo‘l-transport hodisasini sodir etgan yurtdoshimiz Amerikani tark etmaslik sharti bilan uyiga qo‘yib yuborildi, ammo ish davom etadi.
AQSh matbuotiga ko‘ra, magistral yo‘llarda immigrant haydovchilar sodir etib, oqibati o‘lim bilan tugagan avariyaviy holatlar soni o‘tgan bir yilda 30 dan ortiq. Haydovchilarning, ayniqsa trak haydovchilarining hujjatlarini yaxshiroq tekshirish kerak deyiladi Fox News reportajida.
AQSh dan Kun.uz uchun maxsus tayyorlandi.
Jamiyat
Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Toshkent shahri va Namangan viloyatida xorijga noqonuniy migratsiyani tashkil etishga uringan shaxslar DXX hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Ular Janubiy Koreya va AQShga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan o‘n minglab AQSh dollari talab qilgan.
Foto: DXX / Videodan kadrlar
Toshkent shahrida yashovchi 1994 va 1999 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, fuqarolarni tanishlari orqali G-1 vizasini olib berish yo‘li bilan Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni, keyinchalik esa ushbu mamlakatda doimiy yashash huquqini beruvchi guvohnomani rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ular ushbu xizmatlari uchun 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs ham fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni taklif qilgan.
U tanishlari orqali O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh yo‘nalishi bo‘yicha jo‘natish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u talab qilingan mablag‘ning 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirib, bu borada faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, uning hududiy boshqarmalari hamda maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qildi.
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Jamiyat4 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Sport4 days ago«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»
-
Jamiyat5 days agoHaydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
-
Dunyodan3 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
