Jamiyat

Dalalarda yong‘inlar kosmosdan kuzatilmoqda

Published

on


O‘zbekistonda bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarini noqonuniy yoqish holatlari endi aerokosmik kuzatuvlar orqali aniqlanmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan buyon 172 nafar huquqbuzarga 212,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llangan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kuchaytirilgan nazorat olib bormoqda.

Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarliklar aerokosmik ma’lumotlar asosida aniqlanib, ular yuzasidan tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Bug‘doy o‘rib olingan dalalarda yong‘inlarning oldini olish maqsadida hududiy boshqarmalar tomonidan 7 760 ta fermer xo‘jaligiga ogohlantirish xatlari tarqatilgan.

Nazorat tadbirlari davomida «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan kosmik suratlarni tahlil qilish orqali bug‘doydan bo‘shagan 744 ta yer maydonida yong‘in holati qayd etilgan. Har bir holat davlat ekologik inspektorlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

Natijada 172 nafar huquqbuzarga nisbatan jami 212,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llangan. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar 652,3 million so‘m miqdorida baholangan.

Bundan tashqari, ang‘iz, xazon, shox-shabba va boshqa o‘simlik qoldiqlari hamda qurilish chiqindilarini yoqish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan nazoratlar davomida joriy yil boshidan buyon 9 821 ta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fermer xo‘jaliklari va aholidan bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida somonpoyalarni yoqmaslik, atrof-muhitga zarar yetkazuvchi bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

Qo‘mita har qanday ekologik huquqbuzarlik uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanishini eslatdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version