Jamiyat
Chust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi.
Tezkor tadbirda Chust tumanida yashovchi ayol (1992-y.t.) qo‘lga olindi. U savdo sohasidagi MChJ ish yurituvchisining ishonchiga kirib, MChJning 376,6 mln so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini soliq tizimidagi tanishlari orqali «yopib berish»ni va’da qilib, evaziga 20 mln so‘m talab qilgan va shu pulni olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu noqonuniy sxemaning orqasida Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori turgan. U o‘z xizmat vakolatidan foydalangan holda tadbirkorning qarzdorligini bartaraf etishga va’da bergan va buning uchun ayol orqali pul so‘ragan.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Geroinni svarka apparati ichiga yashirgan shaxs ushlandi
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda payvandlash uskunasi ichiga yashirilgan 1 kg 460 gramm geroin va 27 gramm opiy aniqlandi. Giyohvandlik moddalarini olib kelgan shaxs ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, bojxona hamda ichki ishlar organlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, tuman markazidagi avtoturargohda turgan Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan shaxs xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv davomida uning yuk sumkasida bo‘lgan temir payvandlash uskunasi (svarka apparati) ichiga xufiyona tarzda 1 kg 460 gramm geroin va 27 gramm opiy yashirilgani aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs mazkur giyohvandlik vositalarini muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlardan olgan. U ularni Xorazm viloyatidagi mijozlarga sotib, daromad topishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, mazkur jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Buxoro ko‘chalarida «Nasriddin Afandi» kezmoqda (foto)
Bugun, 1-aprel – Kulgi va mutoyiba kuni munosabati bilan Buxoro shahrida keng ko‘lamli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, eski shaharning yuragi hisoblangan Labi Hovuz maydonida joylashgan Xo‘ja Nasriddin, xalq orasida «Afandi» nomi bilan mashhur qahramon haykali atrofidagi muhit bayramona tus olgan.
Ushbu bronza haykal uzoq yillardan buyon mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Qadimiy me’moriy obidalar bag‘rida joylashgan bu timsol, nafaqat, tarixiy meros, balki, kulgu va hayotiy hikmat ramzi sifatida ham qadrlanadi. Odamlar Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifa, askiya va hangomalarni hanuz zavq bilan eslashadi.
Shu munosabat bilan shaharda «Nasriddin Afandi hamda Sharq taomlari» festivali tashkil etildi. Bayram doirasida Labi Hovuzdan Ark qo‘rg‘onigacha bo‘lgan hudud saylgohga aylanib, turli madaniy dasturlar, ko‘rgazmali chiqishlar va shou tadbirlar bilan gavjum bo‘ldi.
Festivalning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi oldida o‘tkazildi. Tadbirda so‘z san’ati ustalari, askiyachilar va yosh ijodkorlar ishtirok etib, kulguga boy chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Teatrlashtirilgan sahnalar, milliy qo‘shiqlar va jonli ijrolar kulgu san’atining beqiyos imkoniyatlarini namoyon etdi.
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, Nasriddin Afandi XIII asrdan boshlab, O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon va hatto, Xitoy xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan hajviy obraz hisoblanadi. Uning real shaxs bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ayrim rivoyatlarda uning vatani Buxoro deyilsa, boshqalarida boshqa hududlar tilga olinadi. Biroq, aynan, Buxorodagi haykal bu obrazning eng mashhur timsollaridan biri sanaladi.
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunovning ta’kidlashicha, mazkur festival shaharning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Yil sayin tadbirga bo‘lgan qiziqish ortib, uning dasturi yanada boyib bormoqda. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy qo‘shiqlar, qahramonlar qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlar va rang-barang sahna chiqishlari ayniqsa xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Festival doirasida «Sharq taomlari» tanlovi ham tashkil etildi. Unda milliy va buxorocha an’anaviy taomlar namoyish qilinib, mehmonlarga mahalliy oshxona madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Shu tariqa, Buxoro shahri bugun nafaqat tarixiy merosi, balki kulgu va ijod bayrami orqali ham sayyohlar uchun yanada jozibali manzilga aylanmoqda.
Jamiyat
Farrux Omonov Xalq qabulxonasiga rahbarlik qiladi
Prezident Xalq qabulxonasiga rahbar tayinlandi.
Farrux Omonov Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Bu haqda Prezident farmoni e’lon qilindi.
U shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Farrux Omonov 1988-yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Rossiya Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Avval Yoshlar ishlari agentligi, Moliya vazirligida ishlagan. Prezident Administratsiyasida yuir necha yil avval ish boshlagandi.
Jamiyat
Jurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
Taniqli jurnalist, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat Karim Bahriyev og‘ir xastalik sabab vafot etdi. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Karim Bahriyev 1962-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan, Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi va Moskva davlat universitetining Jurnalistika fakultetini tugatgan.
U «Xo‘jalik va huquq», «Migratsiya va xavfsizlik» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, «O‘zbekiston adabyoti va san’ati», «Ma’rifat» gazetalarida, «Jahon adabiyoti», «Dugonalar» nashrlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, Karim Bahriyev 90 yillarning boshlarida «Hurriyat»ning bosh muharriri sifatida ham tanilgan.
Yozuvchi «Sabr kosasining siniqlari», «Tomchidil» she’riy kitoblari, «Demokratiya va inson huquqlari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari», «Haqiqat talabgorimiz» nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, «OAV va saylovlar» hamda «SMI i vibori» nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanma, «So‘z erkinligi haqida so‘z» nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitob, «Media huquqi» darsligi, «OAV qonunchiligidan 100 savolga 100 javob» qo‘llanmasi, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi.
Xabar.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Jamiyat
Nikolas Maduro qamoqxonadan murojaat yo‘lladi
AQShda hibsda saqlanayotgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uzoq vaqtdan beri birinchi bayonotini e’lon qildi. Uning X ijtimoiy tarmoq sahifasida joylashtirilgan bayonotga uning rafiqasi Siliya Flores qatnashgan.
«Biz sizning xabarlaringiz, xatlaringizni qabul qildik. Har bir sevgi va qo‘llab-quvvatlash so‘zi bizni ma’nan mustahkamlaydi. Biz sog‘lom, kuchli, xotirjammiz va doimiy ibodatdamiz», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Maduro va uning rafiqasi 3 yanvar kechasi Amerika operatsiyasi paytida qo‘lga olinib, Qo‘shma Shtatlarga olib ketilgan. Ular narkoterrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va qurol saqlashda ayblanmoqda. Ispaniyaning ABC gazetasidagi manbalarga ko‘ra, Nikolas Maduro qamoqxonada ikki metrga uch metrlik jazo kamerasida saqlanmoqda. Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, u kechasi ispan tilida o‘zi va rafiqasi o‘g‘irlab ketilganini baland ovozda aytadi va yomon munosabatda bo‘lganidan shikoyat qiladi.
Birinchi sud majlisi yanvar oyida bo‘lib o‘tdi, o‘shanda venesuelalik siyosatchi aybini tan olmadi. Ikkinchi sud majlisi 26mart kuni bo‘lib o‘tdi, unda prokurorlar Maduro va uning rafiqasini Venesuela boyliklarini talon-taroj qilishda aybladilar. Maduroning advokati ag‘darilgan rahbar o‘zini himoya qilishga qodir emasligini ta’kidlab, Karakasga sud xarajatlarini qoplashga ruxsat berilishini so‘radi. Federal sudya bu masala bo‘yicha tez orada qaror chiqarishga va’da berdi, ammo ishni tugatishdan bosh tortdi.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan5 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Dunyodan3 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Jamiyat3 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
