Jamiyat
Chust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi.
Tezkor tadbirda Chust tumanida yashovchi ayol (1992-y.t.) qo‘lga olindi. U savdo sohasidagi MChJ ish yurituvchisining ishonchiga kirib, MChJning 376,6 mln so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini soliq tizimidagi tanishlari orqali «yopib berish»ni va’da qilib, evaziga 20 mln so‘m talab qilgan va shu pulni olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu noqonuniy sxemaning orqasida Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori turgan. U o‘z xizmat vakolatidan foydalangan holda tadbirkorning qarzdorligini bartaraf etishga va’da bergan va buning uchun ayol orqali pul so‘ragan.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
Taniqli jurnalist, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat Karim Bahriyev og‘ir xastalik sabab vafot etdi. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Karim Bahriyev 1962-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan, Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi va Moskva davlat universitetining Jurnalistika fakultetini tugatgan.
U «Xo‘jalik va huquq», «Migratsiya va xavfsizlik» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, «O‘zbekiston adabyoti va san’ati», «Ma’rifat» gazetalarida, «Jahon adabiyoti», «Dugonalar» nashrlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, Karim Bahriyev 90 yillarning boshlarida «Hurriyat»ning bosh muharriri sifatida ham tanilgan.
Yozuvchi «Sabr kosasining siniqlari», «Tomchidil» she’riy kitoblari, «Demokratiya va inson huquqlari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari», «Haqiqat talabgorimiz» nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, «OAV va saylovlar» hamda «SMI i vibori» nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanma, «So‘z erkinligi haqida so‘z» nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitob, «Media huquqi» darsligi, «OAV qonunchiligidan 100 savolga 100 javob» qo‘llanmasi, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi.
Xabar.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Jamiyat
Nikolas Maduro qamoqxonadan murojaat yo‘lladi
AQShda hibsda saqlanayotgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uzoq vaqtdan beri birinchi bayonotini e’lon qildi. Uning X ijtimoiy tarmoq sahifasida joylashtirilgan bayonotga uning rafiqasi Siliya Flores qatnashgan.
«Biz sizning xabarlaringiz, xatlaringizni qabul qildik. Har bir sevgi va qo‘llab-quvvatlash so‘zi bizni ma’nan mustahkamlaydi. Biz sog‘lom, kuchli, xotirjammiz va doimiy ibodatdamiz», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Maduro va uning rafiqasi 3 yanvar kechasi Amerika operatsiyasi paytida qo‘lga olinib, Qo‘shma Shtatlarga olib ketilgan. Ular narkoterrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va qurol saqlashda ayblanmoqda. Ispaniyaning ABC gazetasidagi manbalarga ko‘ra, Nikolas Maduro qamoqxonada ikki metrga uch metrlik jazo kamerasida saqlanmoqda. Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, u kechasi ispan tilida o‘zi va rafiqasi o‘g‘irlab ketilganini baland ovozda aytadi va yomon munosabatda bo‘lganidan shikoyat qiladi.
Birinchi sud majlisi yanvar oyida bo‘lib o‘tdi, o‘shanda venesuelalik siyosatchi aybini tan olmadi. Ikkinchi sud majlisi 26mart kuni bo‘lib o‘tdi, unda prokurorlar Maduro va uning rafiqasini Venesuela boyliklarini talon-taroj qilishda aybladilar. Maduroning advokati ag‘darilgan rahbar o‘zini himoya qilishga qodir emasligini ta’kidlab, Karakasga sud xarajatlarini qoplashga ruxsat berilishini so‘radi. Federal sudya bu masala bo‘yicha tez orada qaror chiqarishga va’da berdi, ammo ishni tugatishdan bosh tortdi.
Jamiyat
Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi ishlab chiqildi
O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka imtiyozlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, bunday xodimlarga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Mazkur imtiyoz Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi qarorida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu jarayonni tashkil etish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanadi. Barcha jarayonlar maxsus axborot tizimi orqali avtomatlashtiriladi.
Ipoteka subsidiyalari har yili choraklar bo‘yicha teng taqsimlanadi. Ariza beruvchilar davlat xizmatlari markazlari orqali yoki elektron platformada ro‘yxatdan o‘tib murojaat qilishi mumkin.
Arizalarni qabul qilishda yagona mezon qo‘llaniladi. Ya’ni, nomzod hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan bo‘lishi va kamida 15 yil ish stajiga ega ekani tasdiqlanishi shart.
Har bir shaxs bir chorak davomida faqat bitta ariza topshirishi mumkin. Qabul jarayoni chorakning oxirgi ish kuni belgilangan vaqtda avtomatik ravishda yakunlanadi.
Subsidiya oluvchilar tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi. Har chorakda belgilangan kvota doirasida 125 nafar ishtirokchi “g‘olib” sifatida tanlab olinadi.
Tanlov jarayoni onlayn tarzda o‘tkazilib, uning shaffofligini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilinadi. Barcha natijalar elektron shaklda ishtirokchilarga yetkaziladi. G‘oliblar 6 oy davomida ipoteka shartnomasi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.
Jamiyat
O‘zbekistonda yirik botanika bog‘lari tashkil etish boshlanadi
O‘zbekistonda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish bo‘yicha yangi tartib belgilandi. Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 100 gektardan iborat bo‘lgan yangi bog‘lar barpo etiladi.
Hujjatda mamlakatda yashillik darajasini 2030 yilgacha 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududni 9–10 kvadrat metrga yetkazish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Shuningdek, havodagi PM2.5 va PM10 zararli zarrachalar miqdorini 20–25 foizga kamaytirish, iqlimi og‘ir hududlarda haroratni o‘rtacha 1,5–2 darajaga pasaytirish rejalashtirilmoqda.
Farmonga muvofiq, botanika va dendrologiya bog‘lari yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki boshqa shaxslarga berish qat’iy taqiqlanadi. Ularning hududlarini qisqartirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu bog‘lar Ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga beriladi va muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomiga ega bo‘ladi. Ular ilmiy, ta’lim va tajriba ob’yektlari sifatida ham foydalaniladi.
Shu bilan birga, bog‘larni tashkil etish uchun ajratiladigan yer maydonlari ayrim to‘lovlardan ozod qilinadi, xalqaro ekologik standartlarga qat’iy rioya etilishi shart qilib belgilanadi.
Farmon doirasida «Yashil bilet» tizimi joriy etiladi. U orqali transport yoki mahsulotlardan kelib chiqadigan ekologik ta’sirni ixtiyoriy tarzda kompensatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, daraxt ekish va ekologik tashabbuslarda ishtirok etgan fuqarolar va tadbirkorlar uchun alohida maqomlar joriy etiladi. Jumladan, «ekofaol fuqaro», «eko-hamkor» va «metsenat» kabi unvonlar beriladi.
Jamiyat
metropoliten xodimlari ish joylariga kiritilmadi
Toshkent metropolitenida xodimlarni ish joylariga kiritish bilan bog‘liq muammo takrorlandi. Xizmat guvohnomalari muddati uzaytirilganiga qaramay ayrim xodimlar obektlarga kiritilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni xodimlari o‘z ish joylariga kiritilmayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda aytilishicha, ish vaqti boshlangan bo‘lsa-da, ayrim xodimlar xizmat vazifasini bajarish uchun obektlarga kirolmagan. Ta’kidlanishicha, bu xizmat guvohnomalari bilan bog‘liq.
“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi axborot xizmati ma’lum qilinishicha, tashkilotda hozir yangi namunadagi xizmat guvohnomalarini tayyorlash jarayoni ketmoqda. Shu sabab joriy guvohnomalarning amal qilish muddati 2026 yil 31 martdan 31 iyulga qadar vaqtinchalik uzaytirilgan va Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash departamentiga rasman xabar berilgan.
“Videoda ta’kidlanishicha, kunduzgi soat 10:00 dan oshganiga qaramasdan, MXTB xodimlari metropoliten ishchi-xodimlarini ish joylariga kiritmagan. Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holat birinchi marotaba emas — metropoliten ma’muriyati tomonidan korxonaning huquqiy maqomi o‘zgarish jarayonida bo‘lgani sababli xodimlar guvohnomalarining amal qilish muddati uzaytirilgan. Shunga qaramasdan, bir necha bor rasmiy xatlar yo‘llangan bo‘lsa-da, mazkur holat e’tiborsiz qoldirilmoqda hamda takroran sodir bo‘lmoqda”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK izohida.
Metropoliten ma’muriyati mazkur holatga munosabat bildirish uchun Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi rahbariyatidan rasmiy izoh kutayotganini ma’lum qilgan.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan5 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Jamiyat3 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Dunyodan3 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
