Jamiyat
Chirchiqda ixtisoslashtirilgan bog‘chadagi video bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi bolalarga nisbatan qo‘pol munosabat aks etgan videolavha tarqalganidan so‘ng, holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan xizmat o‘rganuvi boshlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan noo‘rin munosabatda bo‘lingani aks etgan videolavha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mas’ullar ishtirokida xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Xususan, tarbiyachilar tomonidan ushbu xatti-harakatlarga nega yo‘l qo‘yilgani, mehnat intizomi va bolalar huquqlariga rioya etilishi masalalari batafsil o‘rganilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, o‘rganish jarayonida videolavhada aks etgan holatlar, muassasa rahbariyatining mas’uliyati, shuningdek, bolalar xavfsizligi va psixologik muhitini ta’minlashga oid choralar atroflicha tahlil etiladi.
Mas’ul idoralar bildirishicha, xizmat o‘rganuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi hamda qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.