Sport
«Chelsi»ning yangi hujumchisi ishonchni oqlashni boshladi, Di Mariya va Otamendi «Benfika»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida guruh bahslari davom etmoqda.
Jiru «Los-Anjyeles»ni qutqarolmadi
D guruhi
«Chelsi» – «Los-Anjyeles» 2:0
Gollar: Pedru Netu 34, Fernandes 79
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Kolvill, Kukurelya, Jyeyms (Gyusto 46), Kaysedo (Essugu 84), Lavia (Fernandes 46), Palmer (Nkunku 84), Madueke (Delap 64), Pedru Netu, Jyekson (Jorj 64).
«Los-Anjyeles»: Lioris, Segura, Long, Hollingshed, Palensiya, Igor Jyezus (Amayya 81), Delgado (Marlon 87), Tillmann (Yyeboa 87), Buanga, Ordaz (Martines 38), Ebobiss (Jiru 46).
Ogohlantirishlar: Jyeyms 36, Adarabioyo 45, Kukurelya 75 – Martines 58, Palensiya 90.
«Chelsi» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi niyatlari jiddiy ekani mavsum startidayoq ma’lum bo‘lgandi — o‘shanda Konferensiyalar ligasi uchun qaydnomaga Palmer kiritilmagandi. Angliya nashrlari London klubi bu bilan asosiy yulduziga katta yuklama tushirmaslikni va bu orqali u AQShdagi turnir startiga yaxshi formada yetib borishini maqsad qilgani haqida yozgandi.
E’tiborli jihati, «Chelsi» o‘zining turnirdagi ilk raqibini faqat 1 iyun kuniga kelib bildi. Avvaliga bu «Leon» bo‘lishi kerak edi, ammo FIFA Meksika jamoasini turnirdan chetlatdi, chunki ushbu klub va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining boshqa bir ishtirokchisi «Pachuka»ning egasi bir shaxs ekani oydinlashdi. Bo‘sh qolgan o‘rin uchun «Amerika» va «Los-Anjyeles» o‘rtasida o‘tish o‘yini bo‘lib o‘tdi, ulardan biri KONKAKAFning reytingi eng yuqori klubi, ikkinchisi 2023 yilgi mintaqaviy YeChL finalida «Leon»ga yutqazgan jamoa sifatida yo‘llanma uchun kurashdi.
Mexikodan bo‘lgan «Amerika» klubi bir hafta ichida ikkita kuchli zarbani qabul qilib oldi, avvaliga Meksika kubogi finalida «Toluka»ga yutqazdi, keyin esa Los-Anjyelesdagi dramatik bahsda o‘yinning asosiy vaqti tugayotganida minimal hisobdagi ustunlik boy berildi. Ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim so‘nggida esa amerikaliklar o‘zining eng yaxshi to‘purari Buanga va unga assistentlik qilgan Jiruning harakatlari evaziga g‘alabani ilib ketdi. Fransuz faxriysi MLSning ko‘p o‘yinlarida bo‘lgani kabi zaxiradan tushirilgandi.
«Chelsi» bilan YeChL, Yevropa ligasi va Angliya kubogida g‘olib bo‘lgan Jiru sobiq jamoasiga qarshi o‘yinda ham ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Birinchi bo‘limda esa Pedru Netu «Los-Anjyeles» safidagi boshqa bir fransuz futbolchisi Lioris qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etishga ulgurgandi.
So‘nggi to‘qqiz o‘yinida mag‘lubiyatga uchramagan «Los-Anjyeles» ikkinchi bo‘lim davomida faollashdi va «Chelsi» mudofaasi bosim ostida ushlab turdi. Vaziyatlardan birida Sanches Buanganing zarbasini oyoqlari bilan qaytarib oldi, keyin esa ko‘klar safida jamoaning yozgi transferlardagi ilk xaridi Delap maydonga tushdi. U tavqi la’natga uchragan deb hisoblanuvchi to‘qqizinchi raqamni olishdan cho‘chimadi. Kejman, Krespo, Fernando Torres, Falkao, Morata, Iguain, Abraham, Lukaku — ularning barchasi «Stemford Brij»da yoki muvaffaqiyatsizlikka uchragan, yoki o‘z darajasidan pastroq o‘yin ko‘rsatgan. Delap esa debyutini yorqin o‘tkazib, qisqa vaqt ichida Enso Fernandesga ikkita vaziyat yaratib berdi va bu vaziyatlardan biri gol bilan yakunlandi. Bu gol Jiru o‘z imkoniyatidan foydalana olmaganidan keyin uyushtirilgan hujumda urildi. Endi keyingi turni «Chelsi» «Flamengo»ga qarshi o‘tkazadi, «Los-Anjyeles» guruh autsayderi, Tunisning «Esperans» jamoasi bilan o‘yinda vaziyatni o‘nglashga harakat qiladi.
Yevropa Janubiy Amerikaga qarshi
C guruhi
«Boka Huniors» – «Benfika» 2:2
Gollar: Merentiel 21, Battalya 27 – Di Mariya 45 (penalti), Otamendi 84.
«Boka Huniors»: Marchesin, Figal, Kosta, Blanko, Advinkula, Battalya, Palasios (Alarkon 66), Errera (Belmonte 20), Velasko (Ximenes 58), Senon, Merentiel (Sebalos 65).
«Benfika»: Trubin, Silva, Otamendi, Karreras, Dal (Belotti 46), Florentinu (Barreyru 90), Renatu Sanchesh (O‘rxon Ko‘kchu 61), Eursnes, Bruma (Karim Oqturko‘g‘li,61), Di Mariya (Prestianni 77), Pavlidis.
Ogohlantirishlar: Palasios 66, Kosta 85 – Karreras 67, Pavlidis 83.
Chetlatishlar: Belotti 72 – Figal 88
Qatorasiga ikkini kun Yevropa va Janubiy Amerika vakillari qarama-qarshiligi kuzatildi, birinchi kungi bahslar doirasida «Portu» va «Palmeyras» o‘zaro golsiz durang qayd etib, muxlislarning hafsalasini pir qilgandi.
Ikkinchi derbida esa stadionni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar zerikib qolishmadi. Mayamida «Boka Xuniors» o‘zini uyidagidek his qildi. Bu o‘yin oldidan «Boka» tarkib borasida muammolarga uchragandi. Kavani guruh bosqichi oxirigacha safdan chiqqan. O‘z vaqtida «MYu» safida o‘ynagan Roxo ham jamoaga yordam bera olmaydi, 20-daqiqada esa 36 yoshli Ander Errerani almashtirishga to‘g‘ri keldi. «Atletik», «MYu» va «PSJ»da eng yaxshi davrlarini o‘tkazgan futbolchi zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib hakam bilan bahslashgani tufayli qizil kartochka ham oldi, birinchi bo‘lim so‘ngida arbitr VAR bilan maslahatlashib, janubiy amerikaliklar darvozasiga penalti belgilagandi. E’tiborli jihati, Yevropa jamoasi safidagi ikki argentinalik vatandoshlarini ranjitishdi — Otamendi 11 metrlik jarima zarbasi ishladi, turnirdan keyin qadrdon jamoasi «Rosario Sentral»ga qaytishi ma’lum bo‘lib ulgurgan Di Mariya esa zarbani benuqson ijro etdi.
Lekin bu gol bilan «Benfika» faqat hisobni qisqartirdi, «Boka» «burgutlar»ning o‘yin boshidagi hujumlariga dosh bergach, olti daqiqa ichida ikki gol urishga erishgandi. Avvaliga Blanko qanotda raqibni chiroyli tarzda aldab o‘tib, to‘pni darvozabon hududiga yetkazib berdi va urugvaylik to‘purar Merentiel Otamendidan ildamroq harakat qilib, darvozani ishg‘ol etdi. Argentinaliklar ijro etgan ilk burchak zarbasi esa Kosta to‘pni ustun yonida turgan Battalyaga tashlab berishi bilan yakunlandi.
Janubiy amerikaliklar g‘alabaga yaqin edi. Qolaversa, ikkinchi bo‘limda lissabonliklar hujumini kuchaytirish uchun tushirilgan Belotti hujumdagi qo‘pollik uchun maydondan chetlatildi. Ammo ikkinchi bo‘limda o‘yindan vaziyat yarata olmagan yevropaliklar Otamendi burchak zarbasidan urgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, bu argentinalik himoyachi uchun mavsumdagi sakkizinchi gol bo‘ldi. Hisob 2:2 holatida esa Figal maydondan chetlatib, tarkiblar son jihatdan tenglashdi.
Gollarga boy kechgan o‘yin guruhda so‘nggi turgacha intriga saqlanib qolishini ta’minladi. Endi «Benfika» va «Boka» birinchi turda «Oklend» darvozasiga 10 ta javobsiz to‘p kiritgan «Bavariya»ga qarshi munosib o‘ynashi talab etiladi.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport15 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
