Jamiyat
Chaqaloqni 35 mln so‘mga baholagan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi
Buxoroda chillali chaqaloq «narxi» 35 million so‘mga baholandi. Bu odam savdosining eng jirkanch ko‘rinishlaridan. Eng achinarlisi, bu jinoyatga ba’zan o‘z farzandini buyum sifatida ko‘rgan «onalar» va ularning yaqinlari qo‘l urmoqda.
Ushbu chaqaloq savdosi haqida «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Akram Rahimovning aytishicha, jinoyat ayollar o‘rtasidagi qo‘shnichilik va o‘zaro tanishchilikdan boshlangan.
Fuqaro G.O. hamda N.Q.ning «tanishligi» oddiygina qo‘shnichilik emas, balki, jinoiy til biriktirish bilan yanada yaqinlashgan. N.Q. qo‘shnisiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, uni boqishda qiynalayotgani yetmagandek, jazmanidan yana homilali bo‘lib qolganini aytgan. Bu bilan hali farzandi dunyoga kelmagan ona o‘z bolasini «daromad manbai»ga aylantirishni ko‘zlagan. Bunday pullik fursatdan foydalanib qolishni istagan G.O. boshqa mahallada G.S. ismli bir yaqin tanishi borligi, u 8 yildan buyon farzandsiz ekani, bola tug‘ilgach, chaqaloqni unga sotish kerakligi taklifini bergan. Bu taklif N.Q.ga yoqib tushgan va hali tug‘ilmagan farzandiga talabgor «ona» bilan uchrashgan.
Farzandli bo‘lishni niyat qilgan G.S. esa N.Q. bilan yaqin munosabatga kirishib, undan va homilasidan tez-tez xabar olib turgan. Bolaning sog‘lom o‘sishi va sog‘lom dunyoga kelishi uchun yelib-yugurgan. Salkam 9 oy davomida uning uchun yirik miqdorda mablag‘ sarflagan.
Oradan vaqt o‘tib, bola dunyoga kelgach, G.S. chaqaloqni qonuniy tarzda o‘z parvarishi va qaramog‘iga olgan. Bolaning surat va videolarini telegram tarmog‘i orqali tuqqan onasiga jo‘natib turgan. Bir necha kundan so‘ng N.Q. so‘zidan qaytgan: farzandining otasi topilgani va chaqalog‘ini qaytarib olishini aytib, G.S.ni bezovta qila boshlagan.
G.O. bu fursatni yana boy bermay, ko‘zlagan rejasini amalga oshirishga kirishgan. N.Q.ga bolasini qaytarib olmasligi evaziga G.S.dan 35 million so‘m pul undirib berishini aytgan. G.S.ga esa N.Q.ning oilaviy sharoiti og‘irligini, bolasi uchun 35 million so‘m bersa, xamirdan qil sug‘urganday, uni yillar davomida qiynab kelayotgan bola asrab olish muammosini hal qilishini tushuntirgan. Va shu bilan bolani tuqqan onasi uni ortiqcha bezovta qilmasligi mumkinligini bildirgan.
O‘z-o‘zidan G.O.ning rejasi amalga osha boshlagan. Bola parvarishiga iqtisodiy imkoniyati bo‘lmagan N.Q. G.S.ning taklifga rozi bo‘lgan. Va G.S. telefon orqali bola «puli»ni Kogon shahridagi YHXB avtoturargohi oldiga olib borishini aytgan. Biroq, uch ayolning o‘zaro «kelishuvi» hamda doimiy muloqotidan xabardor bo‘lib kelgan boshqa bir qo‘shni S.R. esa G.S.ni sergaklikka chorlagan. Shuncha pulni qayerdan topishini, bola dunyoga kelmasidan ilgari ham uning uchun katta miqdorda pul sarflaganini, vaholanki, bola unga notarius orqali qonuniy tartibda berilgani, agar hozir pul topib bersa, N.Q. yana pul so‘rashda davom etaverishini tushuntirgan.
Va S.R. hali chillasi chiqmagan chaqaloq savdosi yuzaga kelayotgani haqida zudlik bilan huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan «Tezkor eksperiment» tadbirida esa N.Q. kimyoviy ishlov berilgan 35 000 000 so‘m naqd pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sud majlisida esa «o‘rtakash» G.O. o‘zi loyqalatgan suvdan osongina va toza chiqib ketishni ko‘zlab, yolg‘on ko‘rsatma bergan. Uning vajicha, u go‘yoki, N.Q. va G.S. bilan faqat «uy ta’miri uchun pul berilishi» haqida gaplashgan, bola sotilishidan xabari bo‘lmagan. Biroq, tergov jarayonidagi audioyozuvlar, S.R.ning ko‘rsatmalari va ashyoviy dalillar bu yolg‘on iddaolarni oshkor qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, G.O., nafaqat, vositachilik qilgan, balki, kelishilgan pulning 15 million so‘mini o‘ziga olib, qolgan 20 millionini esa bolani tuqqan onasiga berishni rejalashtirgan bo‘lgan. U yo‘q joydan mo‘may daromad topish maqsadida N.Q.ning ham, bola parvarishini qonuniy tarzda zimmasiga olgan G.S.ning ham tinchini buzib, har ikki tomonga ham «rol ijro» etgan. Biroq, ijrosi oxiriga yetmagan.
Sud G.O. ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odam savdosi, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan aybdor, deb topganva uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.