Jamiyat
Centrum Air samolyotidagi nosozlik tufayli yo‘lovchilar bir sutka Qozon aeroportida qolib ketdi
Aviakompaniya samolyotidagi texnik nosozlik tufayli Qozon-Toshkent reysining 200 dan ortiq yo‘lovchilari 27 soat aeroportda qolib ketdi. Yakshanba ertalab 9:30 ga belgilangan reys – dushanba tushdan keyin uchgan. Kompaniya rasmiylari, Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalar sabab, samolyotning ishdan chiqqan g‘ildiragi o‘rniga yangisini olib kirish va almashtirish ko‘p vaqt olganini aytmoqda.
Centrum Air aviakompaniyasining samolyotida yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli 21 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan 09:30 da Rossiyaning Qozon shahridan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan reys bir necha marotaba kechiktirilgan.
Xususan, yakshanba kunining o‘zida reys vaqtlari kamida 4 marotaba o‘zgargan: dastlab 10:30 ga, keyin 12:00 va 15:00 ga. Oxir-oqibat 21 dekabr kungi reys 22 dekabrga qoldirilgan.
«Kun davomida yo‘lovchilarga aniq ma’lumot berishmadi. Dastlab bir necha marotaba qoldirildi, degan e’lonlar bo‘ldi. Keyin «yuklaringizni olib ketishingiz mumkin, 30 kun ichida bilet puli qaytariladi» degan gaplar aytildi». Kechga borib samolyot uchishi haqida yana umidlar paydo bo‘la boshladi», deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan yo‘lovchilardan biri. Uning aytishicha, bu orada militsiya xodimlari ham kelib, ularni aeroportdan chiqarib yubormoqchi bo‘lgan.
Centrum Air’ning Qozon aeroportidagi vakili yo‘lovchilarga – samolyot g‘ildiragida texnik nosozlik yuzaga kelganini aytgan. Uni almashtirish kechga qadar vaqt olgan. Shundan so‘ng ekipaj a’zolari dam olishi kerakligi aytilgan va reys ertalabga qoldirilgan.
Lekin, 22 dekabr kuni ertalab, 07:30 dagi reys ham o‘z vaqtida uchmagan. Yo‘lovchilar mahalliy vaqt bilan 09:20 da samolyotga chiqarilgan va 3 soatdan ko‘proq vaqt davomida yana samolyot bortida o‘tirgan. Kompaniya vakillari buni Rossiya tomoni uchishga ruxsat bermayotgani bilan izohlagan.
Qozon-Toshkent reysining 214 nafar yo‘lovchilari 21 dekabr mahalliy vaqt bilan 09:00 dan 22 dekabr 12:30 ga qadar jami 27 soat aeroport hududida qolib ketgan. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, samolyot 22 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan 12:30 dan so‘ng uchib ketgan.
Yo‘lovchilarga 21 dekabr kuni kechki vaqtda mehmonxonaga borish taklif qilingan. Lekin ko‘pchilik yo‘lovchilar bunga rozi bo‘lmagan va kutish zalida qolgan.
«Kompaniya vakili bizni oldimizga kelib, ana uchadi, mana uchadi, deb kunni kech qildi. Shundan keyin ko‘pchilik uning gaplariga ishonmay qo‘ydi va mehmonxonaga ketmadi. Bundan tashqari, yo‘lovchilarning aksariyati mehnat muhojiri bo‘lgani uchun chegaradan yana kirib chiqsam, muammo bo‘larmikan, deb xavotirlandik», deydi Kun.uz bilan bog‘langan boshqa bir yo‘lovchi.
Centrum Air telegram kanalida dastlab, 21 dekabr kuni «texnik sabablar tufayli reys jadvali 15:00 ga qoldirilgani»ni yozdi.
Keyinroq, Qozon aeroportidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berib, yo‘lovchilarni «qo‘llab-quvvatlash ishlari» davom etayotganini bildirdi.
«Yo‘lovchilarga allaqachon suv va issiq ovqat taqdim etildi. Aviakompaniya oldindan 214 nafar yo‘lovchini mehmonxonalarga joylashtirish uchun ariza yuborgan. Hozirda ro‘yxatdan chiqish jarayonidan o‘tgan yo‘lovchilarga bagajlari topshirilmoqda. Mehmonxonaga joylashishni istagan yo‘lovchilar ro‘yxati shakllantirilgan va yaqin vaqt ichida barcha xohlovchilar «Tri A» hamda «Amaks» mehmonxonalariga joylashtiriladi», deyildi kompaniyaning 21 dekabr soat 22:49 dagi bayonotida.
Kompaniya – kompensatsiya choralari sifatida ushbu reys yo‘lovchilariga – keyingi reyslarga «25% chegirma beruvchi promokod», «bepul o‘rindiq tanlash» va «bepul qo‘shimcha bagaj» taklif qilgan.
Aviakompaniyaning Kun.uz muxbiri suhbatlashgan mas’ul xodimi vaziyatga qo‘shimcha izoh berar ekan, samolyotning ishdan chiqqan g‘ildiragi o‘rniga yangisini olib borish va uni almashtirish Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar sabab qiyin kechgan va bu jarayon ko‘p vaqt olganini aytadi.
Centrum Air bilan bog‘liq muammoli keyslar faqat shuning o‘zi emas. Masalan, sentabr oyida Centrum Air kompaniyasi bir o‘ringa 2 ta chipta sotishi natijasida O‘zbekistonning ikki fuqarosi Istanbul aeroportida qolib ketgan. Vaziyatga raqobat qo‘mitasi aralashib, fuqarolarning huquqlari tiklanishiga yordam bergan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu kompaniya reyslari kechikishi, o‘z vaqtida amalga oshirilmagani ortidan rejalari o‘zgargan murojaatlar bor.
Jamiyat
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.
Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.
Jamiyat
Deputatlarga «Tashabbusli budjet» loyihalari bo‘yicha yangi imkoniyatlar berildi
«Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Bunda:
har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;
deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda «Tashabbusli budjet» jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.
2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.
Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya ta’minlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli budjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.
Qiymati BHM 2000 baravarigacha (taxminan 824 mln so‘m) bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Jamiyat
Toshkentda YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia rusumli avtomobil chorrahada katta tezlikda harakatlangani va qayrilib olayotgan Lacetti’ni urib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jabrlanuvchilar haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida Lacetti va Kia K5 rusumli avtomobillar ishtirokida ayanchli avariya ro‘y berdi.
Poytaxt YHXB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 05:10 larda Amir Temur–Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Lacetti Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan o‘ng tomondan harakatlanib kelgan Kia K5 rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia katta tezlikda harakatlanib, Lacetti’ning orqa qismini urib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Xabarda avtomobilda bo‘lganlarning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
avtomobilni olib qochish moddasi ayblovdan chiqarilgan
Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida ayblanmoqda. Jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda. 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahrida BMW mashinasida YPX inspektorini urib ketgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbalari ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda (JPK talabiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar yopiq ko‘riladi). 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Jinoyat ishi yopiq tarzda o‘tkazilayotgani uchun sud majlislari jadvalida keltirilmagan.
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilayotgani, ish sudga Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan taqdim etilgani, sudlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi saqlanib qolgani haqida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan.
Shundan so‘ng Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan va unga Jinoyat kodeksining 267-moddasi (avtotransport vositasini olib qochish) va 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilingandi.
Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov prezident farmoniga ko‘ra, «Jasorat» medali bilan mukofotlandi va uning oilasiga Toshkent shahridan 3 xonali kvartira berildi.
Jamiyat
TIV Malayziyada o‘limga hukm qilingan uch o‘zbekistonlik haqida
Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida material e’lon qilingandi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ushbu fuqarolarning keyingi taqdiri haqida Kun.uz’ga ma’lumot berdi.
Omonulla Fayziyevning aytishicha, 2010 yil sentabr oyida O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda gumonlanib, Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Keyinchalik Malayziya sudi ularga nisbatan o‘lim jazosi tayinlagan.
Fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan 2013, 2014, 2016 va 2020 yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat Qiroli nomiga ularni afv etish to‘g‘risida bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan.
2018 yilda Malayziyada o‘lim jazosini ijro etishga moratoriy joriy etildi. Keyinchalik, 2024 yil 18 mart kuni kuchga kirgan “O‘lim va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolarini olgan shaxslarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chiqarilgan avvalgi o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirdi.
Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun nazarda tutilgan imtiyozlar inobatga olinganda, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni bundan buyon ham davom ettiradi, dedi Omonulla Fayziyev.
Eslatib o‘tamiz, uch o‘zbekistonlikning Malayziyaga sayohatga borishi va giyohvand moddalar aniqlanib o‘limga hukm qilinishi haqidagi hikoyani iste’fodagi DXX xodimi O‘ktam Suvonov Xavfsizlik YouTube kanaliga bergan intervyusida aytib bergandi.
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Sport4 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Jamiyat4 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot2 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
