Jamiyat
Centrum Air floti 15-havo kemasi bilan boyidi
14-fevral kuni soat 00:30 da O‘zbekistonning Centrum Air xususiy aviakompaniyasi aviaparkidagi 15-havo kemasi bo‘lgan to‘rtinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-343 samolyoti Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi.
Yangi Airbus A330-343 samolyoti UK33033 ro‘yxat raqamini oldi. Bu uzoq masofali reyslarni bajarishga mo‘ljallangan zamonaviy keng fyuzelyajli yo‘lovchi layneridir. Uzaytirilgan fyuzelyaj va oshirilgan parvoz masofasi havo kemasiga yuqori sig‘im va qulaylik darajasini ta’minlash imkonini beradi: salon 305 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, undan 18 ta o‘rin yo‘lovchilarga qo‘shimcha joy va yuqori darajadagi qulaylikni taklif qiluvchi premium-ekonom klassiga tegishli.
Samolyot uzoq yo‘nalishlarda samarali ishlashni, parvozning ravonligini va optimal shovqin darajasini ta’minlaydigan kuchli va ishonchli Rolls-Royce Trent 772B-60 dvigatellari bilan jihozlangan. Zamonaviy interyer yechimlari, salonning yaxshilangan ergonomikasi va o‘rindiqlarning puxta o‘ylangan konfiguratsiyasi ham o‘rta, ham uzoq masofalarga qulay sayohat qilish uchun sharoit yaratadi.
Flotning yangi Airbus A330-343 bilan to‘ldirilishi Centrum Air kompaniyasining uzoq masofali tashuvlarni rivojlantirish va yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish strategiyasidagi navbatdagi qadamidir.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Jamiyat5 days agoChimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
-
Jamiyat4 days ago
Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi
-
Jamiyat2 days agoKoreyada ish va’dasi ortidagi firibgarlik fosh etildi
