Iqtisodiyot

BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi

Published

on


Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi BYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

8 iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda BYD kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasining joriy natijalarini sarhisob qildi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va korxonaning eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Muloqotda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, eksport hajmlarini ko‘paytirish hamda respublika bo‘ylab elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekistonda BYD loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

BYD elektromobillar va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning o‘nlab mamlakatlarida faoliyat yuritadi.

BYD O‘zbekistonda Jizzax viloyatidagi qo‘shma korxonada gibrid va elektromobillar ishlab chiqarmoqda.

Kompaniya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksportni rivojlantirish, muhandislik va servis infratuzilmasini yaratish, shuningdek, kelgusida elektromobillar uchun Blade akkumulyatorlari hamda elektr avtobuslarini ishlab chiqarish loyihalarini ham ilgari surmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version