Jamiyat
Buxoroda «Shaffof qurilish»siz qurilish: Qonun buzildimi? (video)
Bugun jamiyatimiz «Tashabbusli budjet» orqali o‘z hayotini o‘zgartirish imkoniga ega bo‘layotgan bir paytda, har bir so‘mning qayerga va qanday sarflanayotgani haqida xabardor bo‘lish fuqarolar uchun ham huquq, ham mas’uliyat hisoblanadi.
Vaholanki, xalq qo‘llagan loyiha xalqning puli va u omonatdir. Shuning uchun ham eng oddiy ko‘cha chirog‘idan tortib, yo‘l, elektr infratuzilmasigacha har bir qurilish, har bir xarid ortida shaffoflik, ochiqlik va javobgarlik turishi lozim. Lekin shunday paytlar bo‘ladiki, jamoatchilik o‘rtasida paydo bo‘lgan savollar butun jarayonga soya solishi mumkin.
«Shaffof qurilish»mi, «Milliy do‘kon»?
Qishloq infratuzilmasi uchun ajratilgan salkam 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga nega ishlar sifatsiz bajarilgan? Nega uskunalar sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda xarid qilingan? Tungi chiroqlardan nega darak yo‘q?! 35 mm o‘rnida 22 mm.li kabellarning o‘rnatilishi qishloq uchun xavfli tajriba emasmi? Qurilish tashkiloti va obodonlashtirishdagi kamchiliklarni mas’ullar tan oladimi?..
Buxoro viloyati Kogon tumani «Niyozhoji» MFYdagi Kurjan qishlog‘i ko‘chalarida tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, havo kabellari o‘tkazish va elektr infratuzilmasiga oid loyiha atrofida ayni shunday savollar ortmoqda. Gap shundaki, murojaatda loyiha doirasidagi zarur material va uskunalar elektron tender orqali emas, balki, «Milliy do‘kon» orqali xarid qilingani aytiladi. Agar aholining ushbu da’volari tasdiqlansa, bu, nafaqat, qonunbuzarlik, balki, ochiq budjetga bo‘lgan ishonchning buzilishiga ham olib kelishi, ehtimol.
Aytish joizki, shaffof qurilish, elektron tender va ochiq xarid yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 apreldagi 197-sonli, 2023 yil 10 apreldagi 117- sonli qarorlari, shuningdek, Senat Kengashining 2024 yil 30 yanvardagi 666-IV-sonli qarorida loyihalar ustidan jamoatchilik nazorati, tanlovlar va elektron tenderlarning faol, ochiq va inson omilisiz tarzda amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Loyiha tashabbuskori, fuqaro Sa’dullo Ergashevning bildirishicha, 2025 yil 26 martdagi tuman Kengashining VII-06-34-2-36-K/25-sonli qaroriga muvofiq, «Niyozhoji» MFY, Kurjan qishlog‘i infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 5 dona 250 kVt transformator, 200 ta simyog‘och, 12 000 metr SIP kabel, 200 ta quyosh panelli tungi chiroqlarni o‘rnatish loyihasi «Tashabbusli budjet» asosida g‘olib deb topilgan. Loyihaning moliyaviy qiymati 1 milliard 495 million so‘m etib belgilangan (ID: 050370044013). Mablag‘lar tuman obodonlashtirish boshqarmasi shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga o‘z vaqtida o‘tkazilgan.
Ekspertizaga murojaat qilindi
«Mablag‘lar o‘z vaqtida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ishni yakunlash muddatlari kechikmoqda. O‘rtaga tashlayotgan savollarimizga amaldorlar tomonidan javoblar cho‘zilmoqda. Eng achinarlisi, xarid jarayonlarida «Shaffof qurilish» qoidalariga amal qilinmagan. Yetmaganiga, qurilish tashkiloti biz bilan muloqotda tungi chiroqlar o‘rnatilmasligini va unga «openbudjet» uchun ajratilgan pullar yetmay qolganini ro‘kach qildi. Bu o‘z-o‘zidan hafsalamizni pir qilmay qo‘ymadi. Shundan so‘ng shuncha yirik miqdordagi mablag‘ va aynan, loyihaga ko‘ra, o‘rnatilishi kerak bo‘lgan 200 ta quyosh panelli tungi chiroqlarga mablag‘ qanday yetishmasligi mumkinligi bizni xavotirga sola boshladi. Va bunga haqli ravishda o‘z huquqimizdan foydalangan holda, xarid qilingan mahsulotlarning asl narxi qancha ekanini aniqlashga kirishdik. Bu yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Hadicha Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazi Buxoro viloyati bo‘limiga rasman murojaat qildik», – deydi loyiha tashabbuskori.
Taqdim etilgan va arizada ko‘rsatilgan tovar moddiy boyliklarning texnik parametrlari, ularning nomlari va ko‘rsatkichlari ko‘rsatib o‘tilgan. Sud ekspertiza markazining Buxoro viloyati bo‘limi ham murojaatchilar savollari bo‘yicha tovarlarning haqiqiy bozor narxlari kanchalik haqqoniy ekani yuzasidan o‘z xulosalarini taqdim etgan.
Ma’lumot o‘rnida: Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Buxoro viloyati iqtisodiyot va moliya boshqarmasi Kogon tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tomonidan Xalq deputatlari Kogon tumani Kengashi raisi, ichki komissiya rahbariga, Kogon tuman prokuroriga hamda Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga joriy yilning 13 avgust kuni 02-32/151-sonli xat chiqarilgan.
Aholi: «35 mm kabel o‘rniga 22 mm tortishgan…»
«Transformatorlar 92 million so‘mga baholanib, xarid qilingan. Sud ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, ushbu transformatorning o‘rtacha bozor narxi 61 880 694,6 so‘mga baholab berildi. Bu xalqning puli, xalqning omonati. Yana bir og‘riqli joyiga to‘xtaladigan bo‘lsam, tranformatorlarga 35 mm kVtli izolyasiyalangan tok o‘tkazuvchi havo kabellari tortilishi o‘rniga 22 mm kVtli kabellari tortilgan. Shaxsan o‘zim ushbu kabellarning tok o‘tkazuvchanligini tekshirib ko‘rdim», – so‘zida davom etadi suhbatdosh.
Ma’lum bo‘lishicha, salkam bir oycha ilgari bu haqda Kogon tumani hokimi hamda Kogon tumani prokuroriga ham bildirilgan.
«So‘zim isboti sifatida asl holatni isbotlovchi 35 mm kVtli izolyasiyalangan tok o‘tkazuvchi havo kabellari hamda 22 mm kVtli kabellar bilan shaxsan ular qabuliga ham kirdik. Ammo, hech qanday javob bo‘lmadi, e’tiborsiz qoldirildi. Natija bo‘lmagandan keyin OAV vakillariga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keldi», – deydi loyiha tashabbuskori.
Aholining aytishicha, qishloqda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari talay. Yo‘llar ta’mirlangan, ayrim infratuzilma ob’yektlari yangilangan. Buning ortida qishloqning faol aholisi va yoshlarning tashabbusi va mehnati bor. Biroq, ularning so‘ziga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» doirasida bajarilayotgan ayrim ishlar borki, ulardan aholi orasida norozilik kayfiyati ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yilning 21 martida «Tashabbusli budjet»da g‘olib bo‘lgan bo‘lsa-da, 1 dekabr holatida ham ishlar to‘liq yakunlanmagan.
Odamlar loyiha doirasida qishloqqa o‘rnatilishi lozim bo‘lgan transformatorlarning arzon narxda xarid qilingani, ammo hujjatlarda qimmat narxda qayd etilganini vaj qilishdi. Shu bilan birga, kabellar tortilishi aytilgan bo‘lsa-da, loyihada belgilanganidan past quvvatli, sifat darajasi shubhali kabellar o‘rnatilganini aytishmoqda.
«Achinarli bir holatga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik. Simyog‘ochlar traktorlar yordamida qishloq ko‘chalari bo‘ylab sudrab keltirildi. Yap-yangi simyog‘ochlarning qanchasi sinib, qanchasi shikastlandi. Shunday holatda o‘rnatildi. Yana bir masala: simyog‘ochlar hali o‘rnatilmay turib, «mendan ketguncha» qabilida chala va pala-partish bo‘yoqlanib, ustiga-ustak, bo‘yoqlari qurimay turib, o‘sha paytning o‘zida chuqurlar kovlanib, o‘rnatildi. Soha mutaxassisi jalb etilgan emas! Buni qanday izohlash mumkin?!» – deydi fuqarolardan biri.
Shunga qaramasdan, yangi simyog‘ochlar ham o‘rnatilib, elektr simlari o‘tkazilgan. Eski va yangi simyog‘ochlarga ulangan elektr simlarining o‘zaro kesishuvi yuqorida xuddi o‘rgimchak uyasi ko‘rinishini namoyon etgan. Yetmaganiga yangi simyog‘ochlar elektr simlarining nosoz va texnik qoidalarga rioya qilinmagan tartibda o‘tkazilgani odamlar hayoti uchun xatar va xavfni keltirib chiqarmasligiga kafolat yo‘q.
«O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, eski simyog‘ochlar o‘rniga yangilari o‘rnatilib, sifatsiz kabellar tortilishidan xalqqa nima naf? Asosiy maqsad tungi yoritish tizimini to‘liq barpo etish va sifatli elektr ta’minotini ta’minlash emasmidi? Kechqurunlari qishlog‘imiz qop-qorong‘u. Zim-ziyo ko‘chalarda necha bor bolalarimiz ariqqa tushib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Ko‘nglimizga botmaydigan ishlar bo‘lyapti-da», – deydi 75 yoshli otaxon Mustaqim Mardonov.
Ma’lum bo‘lishicha, transformator o‘rnatilgandan so‘ng tok o‘tkazuvchi kabellar tortilayotgan vaqtda qurilish tashkiloti xodimlari aholi tomonidan ogohlantirilgan. Kabellarni tajribali elektriklar o‘rnatishi shartligi aytilgan. Biroq, bunga e’tibor qaratilmagan.
Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi: «Prezident qarorlari buzilgan…»
Holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazilayotgan bir jarayonda mas’ul idora, tashkilotlar vakillari yetib kelishdi. Aholi bilan muloqot o‘rnatildi. Fuqarolar va mas’ullar o‘rtasida yuzaga kelgan bahslarda mas’ullar barcha muammoli masalalarni qayta ko‘rib chiqilishi va ularning bartaraf etilishini aytish bilan cheklanishdi.
Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Jamshid Karimov esa ushbu loyihaga doir amallarning o‘lda-jo‘lda olib borilayotganiga avval boshidan qarshi ekanini bildirdi. Loyihani «Shaffof qurilish» tizimi orqali qaytadan o‘tkazish eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi.
«Bu loyihani boshidan bekor qilish kerak. Quruvchi tashkilot kelib, belgilangan kabelni o‘rnatib beradimi, boshqami, u, baribir, endi noqonuniy sanaladi. Prezident qarorlari buzilgan. Afsuski, qaytadan tashkil etishga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda ham jabr ko‘radigan bu yana xalq. Xalqni intiq kutgan vaqti, yetmaganiga buyog‘iga ob-havoning namgarchiligi… O‘ylamay tashlangan qadam oqibati bu!» – dedi u asabiylashgan ko‘yi.
Qishloq aholisi o‘rtasida elektr infratuzilmasini yangilash bo‘yicha olib borilgan ishlar atrofida tortishuvlar yuzaga keldi. Ayniqsa, transformator va kabellar sifati, shuningdek, tungi yoritish tizimi o‘rnatilmagani yuzasidan berilgan savollar mutasaddilardan aniq javob talab qilmoqda.
Qurilish tashkiloti ayblovlarni rad etmoqda
Mas’ul tomon sifatida ko‘rsatilgan «Mirzabek Stroy Montaj» qurilish korxonasi rahbari A’zam Nuriddinov ayblovlarni rad etmoqda.
«Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish bizning shartnomamizda, umuman, yo‘q. Kabellarga kelsak, zavodga pul ko‘chirilib, rasmiy ravishda xarid qilingan. Barcha sertifikatlar bor. Men bu mahsulotlarni o‘zim, uyimda ishlab chiqarmaganman, zavod nima ishlab chiqarsa, o‘sha keladi. Tegishli tashkilot o‘lchab, xulosa beradi», – dedi u.
Aholi esa kabellar loyihada ko‘rsatilganidan past quvvatli ekanini ta’kidlamoqda.
«Shuni aniqlash uchun tegishli tashkilotga ariza berilgan. Xulosani o‘sha aytadi. Asosiysi, men hali bu ob’yektdan bir tiyin ham olmaganman», – deya javob berdi qurilish rahbari.
Uning ta’kidlashicha, elektron savdoda narxlar mustaqil shakllanadi.
«Elektron savdoda inson omili yo‘q. Bank 92 million ajratgan bo‘lsa, demak, bozorda 98, 100, 102 million so‘mlik takliflar bo‘lgan. Eng arzonini yetkazib beraman, degan sifatda men tanlanganman», – dedi A’zam Nuriddinov.
Loyiha tashabbuskori Sa’dullo Ergashev esa «Elektron savdoga chiqqunicha, transformatorni allaqachon keltirib o‘rnatishgan edi», deydi.
Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Jamshid Karimov masalani keskin bayon qildi: «Birjada 92 million so‘mlik transformatorning o‘zi yo‘q. Eng baland narxi 62 million. Demak, har birining orasida, taxminan, 30 milliondan mablag‘ «o‘zlashtiriilgan». Qonun bo‘yicha bu ishlar tuman Obodonlashtirish bo‘limi tomonidan savdoga qo‘yilishi kerak edi», – deya daxldor idoralarni mas’uliyatga chaqira turib so‘zlaydi u. – Men bu jarayonda bevosita mutaxassis sifatida qatnashganman. Tuman hokimi qabuliga ham kirib, ayrim kamchiliklarni ko‘rsatganman. «Noto‘g‘ri ketayapsizlar, jarayon shaffof bo‘lishi kerak», – degan talabi qo‘yganman. Afsuski, hech kim e’tibor qilmadi. Natija esa mana, ziddiyatli vaziyatga yetib keldik».
Tuman Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid Do‘stov: «Agar loyiha-smetada ko‘rsatilgan narx boshqacha bo‘lgan bo‘lsa, bu bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan savol-javob qilinadi. Ekspertiza xulosasida boshqa kabel keltirilgani qayd etilsa, javobgarlik mavjud. Aholi «Tashabbusli budjet»ga qanday talab qo‘ygan bo‘lsa, o‘sha talab to‘liq bajariladi. Va muammolar bartaraf qilinadi», – deya va’da berdi.
«Kamchilik bo‘lsa, ob’yekt qabul qilinmaydi»
Bahsu-munozaralarga sabab bo‘layotgan «Tashabbusli budjet» doirasidagi ushbu loyiha atrofida aholi bildirgan e’tirozlar borasida tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shamsiyev bilan ham suhbatlashdik. Uning aytishicha, aholi ko‘targan har bir masala o‘rganilib, zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Uning aytishicha, agar o‘rganishlar natijasida kamchiliklar tasdiqlansa, ob’yekt qabul komissiyasi tomonidan «qabul» qilinmaydi va qurilish tashkiloti ishni yakunlangan holda topshira olmaydi. Holat inspeksiya tomonidan tekshiriladi.
«Quruvchi qurilgan inshoot detallarini demontaj qilib ketishga haqli emas. Agar talab etilsa, barcha kamchiliklarni qaytadan bartaraf etishi shart. Xalqning puli ham, vaqti ham o‘yinchoq emas. Agar noqonuniy xatti-harakat kuzatilsa, u qonun oldida javob beradi», – dedi hokim o‘rinbosari.
Prokuratura: tekshiruvlar boshlangan
Murojaatchilarning so‘ziga ko‘ra, ular ushbu muammo bilan tuman prokuroriga ham murojaat qilingan, ammo yetarli e’tibor berilmagan.
Jurnalist Buxoro viloyati prokurori Ulug‘bek Hamdamov bilan telefon orqali bog‘langan. Viloyat prokurori ushbu masala yuzasidan allaqachon harakatlar boshlanganini ma’lum qilgan: «Bu juda dolzarb masala va unga e’tibor qaratmaslik mumkin emas. Tegishli topshiriqlar berilgan, ayni paytda ishlar izchil tarzda olib borilmoqda».
Bildirilishicha, haqiqatan ham loyiha uchun 1 495 000 000 so‘m mablag‘ Obodonlashtirish boshqarmasi hisob varag‘iga o‘tkazib berilgan.
Tahririyatga taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ o‘rtasida Tovar xom ashyo birjasining «Milliy do‘kon» platformasi orqali 241111144123704-lot bo‘yicha 07.08.2025 yilda 3550211-sonli umumiy qiymati 1 029 888 000 so‘mga «Noturar joy binolari» xarid qilish shartnomasi rasmiylashtirilgan. Shartnoma texnik parametrlarida bino va muassasalarda ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va montaj ishlarini bajarish, bajarilgan ishlarni dalolatnoma asosida topshirish belgilangan.
Kogon tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ o‘rtasidagi umumiy qiymati 1 029 888 000 so‘mga «Noturar joy binolari» xarid qilish shartnomasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 46 va 49-moddasi talablariga hamda PQ-425-sonli qaror talablariga zid ravishda rasmiylashtirilgan.
Hozirgi kunda Kogon tumanidagi Kurjan qishlog‘ida bajarilgan ishlar yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
P/S: Ushbu holat yuzasidan Kogon tumani prokuraturasi tomonidan izchil sa’y-harakatlar olib borilayotgan bir vaqtda «Mirzabek Stroy Montaj» MChJ rahbarining «Ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish bizning shartnomamizda, umuman, yo‘q», shuningdek, «Men bu mahsulotlarni o‘zim, uyimda ishlab chiqarmaganman, zavod nima ishlab chiqarsa, o‘sha keladi», – deya iddao qilgani taajjubli. Yuqorida aytilganidek, xalq qo‘llagan loyiha – xalqning puli va u omonatdir…
Kuzatamiz va mavzuga yana qaytamiz.
Laylo Hayitova
Jamiyat
O‘zbekistonda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova «Gazeta»ga ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Hozirda qonun loyihasini ishlab chiqish va uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
«Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman», — deydi vazir.
E’zozxon Karimova bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligini, asosiy e’tibor uni to‘g‘ri va me’yoriy tarzda ishlatish madaniyatini shakllantirishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi.
«Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz», — degan E’zozxon Karimova.
Jamiyat
Toshkentda «aqlli zebra» tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi
Toshkent shahrida piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida yangi avlod RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) texnologiyasi sinov tariqasida joriy etildi. Yangi tizim haydovchilarni piyodalar o‘tish joyi haqida oldindan ogohlantirish orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida RRFB — yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar tizimini yangi turdagi faol yo‘l belgilari bilan uyg‘unlashtirgan holda sinov tariqasida ishga tushirdi.
Mazkur texnologiya haydovchilar piyodalar o‘tish joyini qaysi qator yoki qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganidan qat’i nazar, uzoq masofadan aniq ko‘rishi uchun ishlab chiqilgan. Tizim asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llashga mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida ogohlantiruvchi signal chiroqlari yo‘lning ikki chetida, ajratuvchi qismida hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyaga o‘rnatilgan. Bu esa piyodalar o‘tish joyining haydovchilarga har qanday nuqtadan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, yo‘lning ikki tomonida chaqiruv tugmalari bilan jihozlangan ustunlar o‘rnatilgan. Piyoda tugmani bosgan zahoti ustunlardagi yorqin sariq signal chiroqlari ishga tushib, haydovchilarni piyodalarning yo‘lni kesib o‘tish niyati haqida ogohlantiradi.
«Piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi ham yorug‘lik tarqatuvchi maxsus quti shaklida tayyorlangan bo‘lib, ayniqsa kechki va tungi vaqtda uning uzoqdan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
AQSh Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, RRFB tizimi o‘rnatilgan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish darajasi o‘rtacha 18–30 foizdan 98 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, yorqin chaqnama signallar haydovchilarga tezlikni oldindan pasaytirish imkonini berib, keskin tormoz berish holatlarini kamaytiradi.
Bu O‘zbekiston yo‘l infratuzilmasida RRFB texnologiyasini pilot tartibda joriy etish bo‘yicha ilk loyihalardan biri hisoblanadi. Sinov natijalari asosida tizimning piyodalar xavfsizligini ta’minlashdagi amaliy samaradorligi baholanadi.
Jamiyat
Talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilmagan
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda talabalar turar joylari ommaviy savdoga qo‘yilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki yotoqxonalar tarkibidagi bo‘sh turgan yordamchi maydonlar chiqarilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ommaviy savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi bo‘sh turgan yerto‘la, hovli qismi, oshxona, bufet hamda yotoq joy sifatida foydalanilmaydigan boshqa yordamchi maydonlarni ijaraga berish uchun obektlar qo‘yilgan.
Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Farg‘ona davlat texnika universiteti va Termiz davlat universitetidagi ayrim bo‘sh maydonlar ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan. Mazkur obektlar talabalar yashaydigan xonalar hisoblanmaydi va yotoqxonalardagi o‘rinlar soni qisqarishiga sabab bo‘lmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berildi. Qayd etilishicha, mazkur obekt 2025 yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida ommaviy savdoga chiqarilgan bo‘lib, universitetning mavjud binolari faqat Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilganidan keyin bo‘shatilishi sharti bilan xususiylashtiriladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi kampusda zamonaviy o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilmoqda. Loyiha universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida rejalashtirilgan 8 ming o‘rin o‘rniga jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari tashkil etilgan. 2022–2025 yillar davomida esa respublika bo‘yicha 74,1 ming o‘rinli yangi yotoqxonalar yaratilgan.
Ayni paytda respublikada qo‘shimcha 38,5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 30,7 ming o‘rinli obektlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 10 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish rejalashtirilgan.
Vazirlik 2026 yil davomida respublika bo‘yicha yana 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilganini ham ma’lum qildi.
Jamiyat
Iyul oyida O‘zbekistonda kuchli issiqlar kutilmoqda
O‘zgidrometning dastlabki prognoziga ko‘ra, iyul oyida O‘zbekistonda havo harorati iqlim me’yoridan yuqori bo‘ladi. Ayrim kunlari respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarida harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi, oy davomida esa asosan quruq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanishi kutilmoqda.
O‘zgidromet ma’lum qilishicha, iyul oyi O‘zbekistonda yilning eng issiq oyi hisoblanadi. Odatda ushbu oyda respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha maksimal havo harorati 35–37 darajani, janubiy va cho‘l hududlarida esa 38–40 darajani tashkil etadi.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, deyarli har yili iyul oyida havo harorati 40–42 darajagacha, ayrim shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 43–45 darajagacha ko‘tariladi. Eng issiq yillarda esa harorat 47–50 darajagacha yetgan holatlar ham kuzatilgan.
Bu yil iyul oyining dastlabki besh kunida havo nisbatan qulay bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 30–35 daraja, janubda 36–39 daraja atrofida bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib esa issiq kuchayib, kunduzgi harorat 37–40 darajaga, janubda 41–43 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Keyingi davrda oy oxirigacha harorat asosan 33–43 daraja oralig‘ida bo‘lib, respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarining ayrim joylarida 45 darajagacha yetishi ehtimol qilinmoqda.
Prognozga ko‘ra, iyul oyida o‘rtacha havo harorati iqlim me’yoridan 1,5–3 darajaga yuqori bo‘ladi. Eng katta musbat og‘ish shimoliy va cho‘l hududlarida kuzatilishi kutilmoqda.
O‘zgidromet so‘nggi yillarda 40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar soni ortib borayotganini qayd etdi. Masalan, Toshkentda 2019 yil iyul oyida ketma-ket 14 kun davomida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan. 2025 yil iyul oyi ham shunga yaqin darajada issiq kechgan.
Iyul oyida respublika bo‘yicha asosan quruq ob-havo hukm suradi. Faqat ayrim kunlarda tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Oylik yog‘ingarchilik miqdori esa ko‘p yillik me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Jamiyat
Issiq havoda qanday himoyalanamiz? – mutaxassislar muhim tavsiyalar berdi
So‘nggi kunlarda havo harorati keskin ko‘tarilib, ayrim hududlarda rekord darajalar qayd etilmoqda. Mutaxassislar issiq havo ta’sirida organizmning qizib ketishi (issiq urishi) tez va sezilmasdan rivojlanishi mumkinligini ta’kidlab, ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirmoqda.
Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, issiq kunlarda chanqoq hissi paydo bo‘lishini kutmasdan, kun davomida muntazam suv ichish lozim. Organizm suvsizlanishi bosh og‘rig‘i, holsizlik, bosh aylanishi va hushdan ketishgacha olib kelishi mumkin.
Tushlik paytida, ayniqsa soat 11:00 dan 17:00 gacha imkoni boricha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida yurmaslik, soyada yoki salqin xonalarda bo‘lish tavsiya etiladi. Yengil, och rangli va tabiiy matodan tikilgan kiyimlar kiyish ham organizmni qizib ketishdan himoya qiladi.
Mutaxassislar bolalar va uy hayvonlarini hatto bir necha daqiqaga ham yopiq avtomashinada qoldirmaslik kerakligini alohida ta’kidlamoqda. Chunki havo harorati 30–35 daraja atrofida bo‘lganida ham avtomashina ichidagi harorat 10–20 daqiqa ichida 50–60 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Issiq urishining dastlabki belgilariga bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, kuchli chanqoq, tezlashgan yurak urishi, teri qizarishi va umumiy holsizlik kiradi. Bunday holat kuzatilsa, insonni darhol salqin joyga olib o‘tish, ortiqcha kiyimlarini bo‘shatish, bo‘yin, qo‘ltiq va son sohasiga sovuq kompress qo‘yish hamda suv berish tavsiya etiladi.
Agar odamning ahvoli yaxshilanmasa, hushini yo‘qotsa yoki nafas olishi qiyinlashsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur.
Shifokorlar issiq havoda keksa yoshdagilar, bolalar, homilador ayollar hamda yurak-qon tomir va qandli diabet kabi surunkali kasalligi bor insonlar alohida xavf guruhiga kirishini ta’kidlamoqda. Ularga kunning eng issiq paytlarida uydan chiqmaslik, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish va salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Sanoat o‘sishida qaysi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda?
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Senati prezident Trampning Eron bo’yicha vakolatlarini cheklashni qo’llab-quvvatlaydi
-
Jamiyat4 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
