Iqtisodiyot
Buxoroda AI-95 deb sotilgan benzin avtomobilni buzib qo‘ydi
Buzilib qolgan mashinaning egasi Raqobat qo‘mitasiga shikoyat qilgach, AYoQSh unga yetkazilgan 14,4 mln so‘mlik zararni qoplab berdi. Bundan tashqari, qo‘mitaning hududiy boshqarmalari avtosalondan olingan Tracker, Onix, Damas, Chery va Kia avtomobillaridagi nosozliklar, shuningdek, Cobalt’ni yetkazib berishdagi kechikishlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilib berdi.
Buxoro viloyatida AYoQShdan xarid qilingan benzin avtomobilning nosoz holatga kelishiga sabab bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasining aralashuvi bilan, iste’molchiga yetkazilgan 14 mln 400 ming so‘mga yaqin zarar qoplab berildi.
Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, iste’molchi “Narzulloobod Javohiri” xususiy korxonasiga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchasidan olingan 10 litr AI-95 benzin sababli avtomobilida nosozlik yuzaga kelganidan shikoyat qilgan.
Shundan keyin Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasi, servis xulosasi asosida, korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atgan va avtomobilga yetkazilgan 14,4 mln so‘mlik zarar iste’molchiga qoplab berilishi ta’minlangan.
Iste’molchilar huquqlarini himoyalovchi organ avtomobil egalarining manfaatlari himoya qilinganiga oid boshqa holatlar haqida ham ma’lumot berdi.
Motori nosoz Tracker
Iste’molchi “Jizzax Avto Savdo” MChJdan xarid qilgan Chevrolet Tracker Premier Plus avtomobilining motorida nuqson aniqlanganidan shikoyat qildi. Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra, avtosalon nuqsonli avtomobilni xuddi shu narxdagi yangi avtomobil bilan almashtirib berdi.
Akkumulyatori nosoz Onix
Iste’molchi “Billur Avto Savdo Navoiy” MChJdan xarid qilgan Onix avtomobilining old eshik qoplamasida nuqsonlar bo‘lgan, akkumulyatori esa nosoz holatda edi. Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati boshqarmasi avtosalon tomonidan nuqsonlar bartaraf etilishi va akkumulyator sifatlisiga almashtirilishini ta’minladi.
Nuqsonli Damas
Chinoz tumanida yashovchi fuqaro “Toshkent Deu” MChJdan Damas-2 D2 Style Plus avtomobilini xarid qilgan, lekin mashinada nuqsonlar borligiga qaramay, uni sifatlisiga almashtirishda muammoga uchragan. U Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgach, Toshkent viloyati boshqarmasi fuqaroning mashinasini xuddi shu rusumdagi yangisi bilan almashtirgizib berdi.
Kechiktirib yetkazilgan Cobalt’lar
Iste’molchi “Favorite-Cars-Service” MChJga 27.01.2025 kuni to‘lov qilganiga qaramay, Sobalt avtomobili belgilangan muddatda yetkazilmagan. Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi 10 oy kutilgan avtomobil fuqaroga yetkazib berilishini ta’minladi.
Shunga o‘xshash holat Samarqand viloyatida ham kuzatildi. Fuqaro 2025 yil 3 noyabrda Sobalt uchun to‘liq to‘lov qilgan, lekin avtomobil o‘z vaqtida yetkazilmagan. Hududiy boshqarmaning aralashuvi bilan, avtosalon tomonidan Sobalt qisqa muddatda fuqaroga yetkazib berilishi ta’minlandi.
Nosoz Chery
Termizlik fuqaro 173 mln so‘mlik Chery avtomobilida qisqa muddatda nosozlik yuzaga kelgani va ta’mirlanmayotganidan shikoyat qildi. Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi aralashuvi bilan, avtomobil avtosalon tomonidan ta’mirlab berildi.
Nosoz Kia
Kafolat bilan sotilgan Kia Sonet avtomashinasida texnik nosozlik aniqlangan va ta’mirlash uchun 840 ming so‘m talab qilingan. Fuqaro Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga murojaat qilgach, “Qibray Avto Markaz” MChJ tomonidan avtomashina moyi va filtri yangisiga bepul almashtirib berildi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot3 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
