Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoda chiqindi yoqish zavodlari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi
Ta’kidlash joizki, atrof-muhit muhofazasi, xususan chiqindilarni iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantirish masalalariga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sohani samarali boshqarish va poligonlarni qisqartirish orqali aholi roziligiga erishish maqsad qilingan.
Jumladan, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya manbai olishga asoslangan zamonaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshirig‘iga muvofiq, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori hamda Xitoy Xalq Respublikasining «Wangneng Environment» va «CHSET» yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida chiqindilarni yetkazib berish bitimi imzolangan.
Shu o‘rinda, bugun 2 fevral kuni respublikaning ikki hududida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olishga qaratilgan investitsiya loyihalari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Jumladan, Buxoro viloyatida Xitoy Xalq Respublikasining «Wangneng Environment» kompaniyasi ishtirokida 165 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga Kogon tumani «Guliston» MFY hududida yiliga 547,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, natijada 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod quriladi. Loyiha ishga tushirilganda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Surxondaryo viloyatida esa XXRning «CHSET» kompaniyasi ishtirokida umumiy qiymati 150 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga Angor tumani «Bahor» MFY hududida yiliga 438 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, natijada 75 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod quriladi. Loyiha ishga tushirilganda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.Ma’lumot uchun, ushbu zavodlar 2028-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, korxonalar 30-yil davomida faoliyat yuritadi.
Jarayonda investorlar, viloyat hokimlari, agentlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar hamda jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, «Wangneng Environment» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Shan Chao, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov so‘zga chiqib, loyihaning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi. Sharifbek Hasanov ushbu loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Bu kabi zavodlar ayni paytda respublikaning 6 ta hududi — Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Qolaversa, kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham xuddi shunday zavodlar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda bu kabi tashabbuslar chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish barobarida «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga mos bo‘lib, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash va sirkulyar iqtisodiyotni va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Mustaqillik to‘yi» xalqimizni yanada birlashtirmoqda
Bugun O‘zbekistonning qay bir go‘shasiga qadam qo‘ymang, bayram shukuhi va ko‘tarinki kayfiyatga guvoh bo‘lasiz. Mamlakat bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» madaniy-ma’rifiy festivali shunchaki rasmiy tadbirlar emas, balki xalqni birlashtiruvchi chinakam ezgulik maydoniga aylanib ulgurdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan ushbu yirik loyiha ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarini qamrab olmoqda.
Festivalning eng muhim va e’tiborga loyiq jihati uning qamrovida. Tadbirlar faqatgina viloyat markazlarida emas, balki eng olis, chegara oldi qishloqlaridan tortib, yangi bunyod etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlarigacha kirib bormoqda.
Navoiyning sahro bag‘ridagi ovullarida, Farg‘onaning so‘lim go‘shalariyu Sirdaryoning mehnatkash mahallalarida o‘tkazilgan uchrashuvlar bu fikrni yaqqol isbotladi. U yerda yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, ma’rifatparvar olimlar va ijodkorlar bilan kechgan samimiy suhbatlar aholiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirlar davomida olimlar, ziyolilar va targ‘ibotchilar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, ijtimoiy dasturlarning mazmun-mohiyatini quruq raqamlar bilan emas, balki oddiy, xalqchil tilda odamlarga yetkazishmoqda.
Eng muhimi bu maydon milliy qadriyatlarimiz, boy ma’naviy merosimiz qayta bo‘y ko‘rsatadigan, asrlar osha yashab kelayotgan an’analarimiz ulug‘lanadigan jarayondir.
Bugungi tahlikali dunyoda tinchlik va totuvlikning qadri har qachongidan ham yuqori. Navoiy, Farg‘ona va Sirdaryo tajribasi ko‘rsatdiki, bu kabi festivallar insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlaydi.
Ushbu loyiha «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» g‘oyasi atrofida millionlab yuraklarni birlashtira olgan chinakam xalq bayrami sifatida tarixga kirmoqda.
Jamiyat
Talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Hukumat qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi.
Endilikda tadbirkorlar davlat bilan hamkorlikda zamonaviy talabalar turar joylarini quradi, davlat esa ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Shuningdek, DXSh belgilangan limit doirasida har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi.
Talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Agar yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar qolsa, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari ham joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida bitimda belgilangan yotoq o‘rinlardan tashqari bo‘sh maydonlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanishga ruxsat beriladi.
Davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Avval boshlangan loyihalar esa amaldagi bitimlar muddati tugaguniga qadar davom ettiriladi.
Jamiyat
Daraxt va butalarni kesish, shakl berish hamda ko‘chirib o‘tqazish tartibi belgilandi
Daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida – o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda tana ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tqaziladi.
Shuningdek, daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalar ularning ildiz tuprog‘ini saqlagan holda ko‘chirib o‘tqaziladi, buning uchun ruxsatnomalar har bir ko‘chirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi.
Jamiyat
Dorixona ochishga litsenziya berish uchun pul talab qilgan mansabdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
Yangi dorixona filialini ochish maqsadida Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor litsenziya olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga murojaat qilgan. Biroq litsenziyalash jarayonida ushbu markaz xodimi undan pul talab qilgan.
Aniqlanishicha, Markazning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
U talab qilingan pulning 4 mln so‘mini olgan, biroq qolgan 2 mln so‘mni ololmagach, tadbirkorning litsenziya olish bo‘yicha yuborilgan so‘rovnomasiga rad javobini bergan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi hamda 25, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlar soni keskin ortgan – Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, mobil aloqa abonentlaridan eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr tarmoqlari, gaz va suv ta’minoti va xizmatlarning boshqa hayotiy muhim bo‘g‘in raqamlariga amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, umumiy o‘rtacha kutish davomiyligi ayrim holatlarda 10-30 daqiqagachani tashkil etgan.
Shuningdek, o‘rganishlar tahlili ko‘rsatishicha, kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarning 80-90 foizdan ortig‘i qo‘mitaning 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingan va ularning soni quyidagi tarzda keskin ortib borgan:
gaz ta’minoti bo‘yicha – 4,5 barobar;
maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha – 2,4 barobar;
ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha – 1,2 barobar.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar aloqa markazlarida faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu esa jismoniy va yuridik shaxslar tegishli ishonch telefonlaridan to‘liq va samarali foydalana olmasligi hamda ko‘plab vaqtini yo‘qotayotgan fuqarolarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qisqa vaqtda yechim topishiga to‘sqinlik qilayotgani aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, ularning behuda yo‘qotgan vaqtlarini qadrlash, xizmat ko‘rsatish korxonalari qisqa raqamiga ishonchini oshirish maqsadida ishonch telefonlaridagi texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuborildi.
Jumladan, aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish, kamchiliklar uchun aniq javobgarlik belgilash hamda natijalarni ochiq e’lon qilib borish taklif etilmoqda.
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan3 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat5 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
