Jamiyat

Buxoro ko‘chalarida «Nasriddin Afandi» kezmoqda (foto)

Published

on


Bugun, 1-aprel – Kulgi va mutoyiba kuni munosabati bilan Buxoro shahrida keng ko‘lamli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, eski shaharning yuragi hisoblangan Labi Hovuz maydonida joylashgan Xo‘ja Nasriddin, xalq orasida «Afandi» nomi bilan mashhur qahramon haykali atrofidagi muhit bayramona tus olgan.

Ushbu bronza haykal uzoq yillardan buyon mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Qadimiy me’moriy obidalar bag‘rida joylashgan bu timsol, nafaqat, tarixiy meros, balki, kulgu va hayotiy hikmat ramzi sifatida ham qadrlanadi. Odamlar Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifa, askiya va hangomalarni hanuz zavq bilan eslashadi.

Shu munosabat bilan shaharda «Nasriddin Afandi hamda Sharq taomlari» festivali tashkil etildi. Bayram doirasida Labi Hovuzdan Ark qo‘rg‘onigacha bo‘lgan hudud saylgohga aylanib, turli madaniy dasturlar, ko‘rgazmali chiqishlar va shou tadbirlar bilan gavjum bo‘ldi.

Festivalning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi oldida o‘tkazildi. Tadbirda so‘z san’ati ustalari, askiyachilar va yosh ijodkorlar ishtirok etib, kulguga boy chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Teatrlashtirilgan sahnalar, milliy qo‘shiqlar va jonli ijrolar kulgu san’atining beqiyos imkoniyatlarini namoyon etdi.

Tarixiy manbaalarga ko‘ra, Nasriddin Afandi XIII asrdan boshlab, O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon va hatto, Xitoy xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan hajviy obraz hisoblanadi. Uning real shaxs bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ayrim rivoyatlarda uning vatani Buxoro deyilsa, boshqalarida boshqa hududlar tilga olinadi. Biroq, aynan, Buxorodagi haykal bu obrazning eng mashhur timsollaridan biri sanaladi.

Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunovning ta’kidlashicha, mazkur festival shaharning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Yil sayin tadbirga bo‘lgan qiziqish ortib, uning dasturi yanada boyib bormoqda. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy qo‘shiqlar, qahramonlar qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlar va rang-barang sahna chiqishlari ayniqsa xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Festival doirasida «Sharq taomlari» tanlovi ham tashkil etildi. Unda milliy va buxorocha an’anaviy taomlar namoyish qilinib, mehmonlarga mahalliy oshxona madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.

Shu tariqa, Buxoro shahri bugun nafaqat tarixiy merosi, balki kulgu va ijod bayrami orqali ham sayyohlar uchun yanada jozibali manzilga aylanmoqda.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version