Connect with us

Jamiyat

Buxoro amirining amakivachchasi taqdiri

Published

on


1914-yil. Buxoro amirligining G‘uzor qo‘rg‘onida bir o‘g‘il farzand yorug‘ dunyoga keldi. Unga Sayyid Mirrahmon deya ism berdilar. Chaqaloqning kindigini oltin sopli qilich bilan kesishgan, shu sababli Maynaxon ona farzandi arjumandini chaqirganda ko‘pincha Qilich der edi…

Yana bor-yo‘g‘i uch-to‘rt yillik hayot bu qo‘rg‘onda betashvish, halovatli kechadi.

Keyin esa… Keyin «kofir kelayotganmish», «Amir taxtdan ketarmish» degan gaplar…

Shunday kunlardan birida Sayyid Mirrahmon – Qilichning 15 yashar tog‘asi bir yumush bilan qo‘rg‘ondan chiqdi va qaytayotgan chog‘ida noma’lum otliq izidan ergashganini sezdi. Xilvat joy kelganda otliq o‘smirga tenglashib keldi, bir oz yonma-yon yurdi, keyin unga gap otib ismi Chori ekanligini aniqladi va… to‘qqiz yilki bedarak ketgan akasi Ahmaddan salom aytdi. So‘ng yana dediki, yaqin haftalarda amir Afg‘onistonga o‘tib ketadi, ular karvon bilan Boysunga kelganlarida Kofrun tomon qochishlari lozimligini tayinlab yuboribdi, toki janglar payti ularga ziyon-zahmat yetmasin va jigarlari begona yurtlarga o‘tib ketmasinlar!

Xullas, kelgusi voqealar xuddi shu tarzda o‘tdi. G‘uzor karvoni Boysunga kirmasdan ancha berida o‘tovlar tikdi. Chori va Xudoyshukur tog‘alar birgalikda shu yerda payt topib Maynaxonga bor gapni aytdilar.

Singil bir nuqtaga uzoq termilib qoldi, chuqur o‘yga cho‘mdi va oxiri tilga kirib dedi:

– Amirning zuryodlarini otib tashlasharmish-ku?

– Ahmad akam bizni himoya qiladi…

Ularni Boysunning xilvat ko‘chasidagi uylardan biriga olib borishdi. Ahmad akalarini birinchi marta shu yerda ko‘rdilar. U jadid kiyimida edi. Vaqt yo‘q, shuning uchun yaqinlar suhbati juda qisqa kechdi: yarim soat ichida onaning shohona liboslari oddiy fuqaro kiyimiga almashtirildi, dabdabali salla, hashamatli to‘n, jajji mahsichasini yechgan Qilichxon ham ko‘z ochib yumguncha faqir bolasiga aylandi-qoldi.

Ular ikki askar hamrohligida azon mahali Kofrunga kirib bordilar. Kelishilganicha Xudoyqul oqsoqolning uyiga qo‘nishdi. Ahmad choshgohda yetib kelib ular bilan kengash o‘tkazdi, huda-behudaga gapirmaslik, tilga ehtiyot bo‘lish, iloji boricha birov bilan yaqinlik qilmaslik, xullas, o‘zlarini sezdirib qo‘yishdan qochishlari ularga o‘ta muhimligini qattiq tayinladi.

Bir oz vaqtdan so‘ng, Maynani Rahim degan podachiga erga berdilar. Sayyid Mirrahmon endi Qilich Rahimov degan ism-familiyaga ega bo‘ldi. Fahm-farosatli bola o‘zi olti yoshda bo‘lsa ham, «Kimning o‘g‘li bo‘lasan?» deb so‘rashsa, nuqul qulog‘iga quyib qo‘yilganidek «Rahimboyning» degan javobni qaytarardi. Oldindan aytib qo‘yaylik, bolaning xavfli o‘tmishidan bor-yo‘g‘i besh kishi xabardor bo‘lgan va ular bu sirni o‘zlari bilan qabrga olib ketganlar. Axir, bu bola, amirzoda, deya bir og‘iz shipshitilganda-mi!

Kofrunda yashayotganlarining uchinchi yili «bosmachi» degan dastalar paydo bo‘ldi. Qishloq ma’lum muddat Anvar Poshoning qarorgohi ham bo‘lib turdi.

O‘sha talotumlarda Rahim podachi bexos o‘q yeydi va shu zahoti joni uzildi. «Rahim «bosmachi»larning xufyasi ekan, qizillar otib o‘ldiribdi» degan gaplar o‘rmalab kelganida Maynaxon: «Endi uyim kuydi, o‘g‘limni ham qamashadi yoki o‘ldirishadi», degan o‘y-fikrdan qattiq larzaga tushadi va ko‘z ochib yumguncha omonatini topshirib qo‘yadi.

Bu yorug‘ dunyoda butunlay yolg‘iz qolgan o‘n yashar bolakayni ma’rakalar o‘tgunicha tog‘asinikida saqlab turadilar, avvalboshdan ustida qora bulutlar aylanib turgan katta tog‘asi Xudoyshukur qamoqqa olinishi arafasida uni Boysun bolalar uyiga topshirishga ulguradilar.

Aslzoda jiyan Sayyid Mirrahmon ro‘yxatda qayd etilishiga ko‘ra, «podachining o‘g‘li Rahimov Qilich» edi.

Bola tabiiy zehnli va tirishqoq edi, tezda ko‘zga tashlandi. Bolalar uyidan so‘ng o‘sha davrning eng kerakli kasbi – traktorchilar tayyorlash maxsus kursida o‘qiydi. Xo‘jalikda traktorchilik qiladi, mashina-traktor stansiyasi mexanigi bo‘ladi, eng muhim kasb egasi sifatida «bron» qilinib urushga yuborilmaydi.

Tog‘ xalqi pastga ko‘chirilganida texnika sohasida tengsiz mutaxassis Qilich Rahimov Sherobod dashtini o‘zlashtiruvchilarning eng oldingi safida edi.

Hayoti davomida birovning haqqiga xiyonat nima ekanini bilmagan, rizqi butun, qaddi tik, ko‘rkam, xotirjam, tayoqday to‘g‘ri, eng qaltis vaziyatda ham o‘zini yo‘qotmaydigan, odamlarga ta’sir o‘tkaza bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan bu inson 52 yoshida, 1966 yilning qurbon hayiti kuni jamoat uchun xizmat qila turib baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tdi.

Undan olti o‘g‘il, besh qiz qoldi!

Shulardan biri, padari buzrukvorining vafoti payti 13 yoshda bo‘lgan Xolmurod – oq-qorani endi taniy boshlagan bu bola, qishloq ahli uning hayotda yolg‘iz otasini «akamlab», «og‘amlab» yig‘laganlari, marhumning izzatini chin o‘rniga qo‘yganlari – buni ko‘rgani-ku mayli – ammo lekin ertasi kuni Tojikistondan uvvos tortib kelgan tog‘a qarindoshlarning «xon jigarim». «to‘ram», deya qilgan nido-yo‘qlovlaridan chunonam ta’sirlandiki, xayolini «Qandayiga? Nega? Nima uchun?» kabi savollar o‘ray boshladi.

O‘smir yoshli bolaga jo‘yali javoblar lozim edi.

Ammo katta akalar buning o‘rniga: «O‘tgan gaplarni kavlab nima qilasan, ishingni qil, o‘qishingni o‘qi!», dedilar.

Kunlardan bir kuni maktab yo‘lida g‘amgin borayotuvdi, qarshisidan mulla Ergash o‘tib qoldi. Bolaning afti-angoriga razm solib, hol-ravishini fahmlagan bobo eshagidan tushdi, yoniga chaqirdi va boshini silagan ko‘yi shunday so‘zlarni aytdi:

– Siz yig‘lamang, bolam. Siz yig‘lasangiz, ayb bo‘ladi. Siz katta-katta dardlarni dadillik bilan ichiga yutgan, ko‘z yoshini do‘st-dushmanga ko‘rsatmagan zo‘rlarning nevarasi bo‘lasiz, – bobo negadir hadik bilan yon-atrofga qarab boqdi va shivirlagudek davom etdi.

– Men sizning bobongiz Said Akromxonning qo‘llaridan taom yeganman!.. …Ha-ha, ishonavering, bolam. Men G‘uzordagi madrasada o‘qirdim. Ramazon oylari bobongiz o‘z qo‘rg‘onlarida iftorlik qilib, unga tolibi ilmlarni ham chaqirtirgan ekanlar. Azbaroyi savob uchun mullavachchalarga o‘z qo‘llari bilan yemak uzatar edilar. O‘shanda jannatmakon otangiz bir yoki bir yarim yashar go‘dak edilar. Bobongiz Akromxonto‘ra Said Olimxonning otalari Abdulahadxonga tug‘ishgan aka edilar. Binobarin otangiz Qilichxon amirning tus amakilari bo‘lardilar».

Bolaning ko‘zi yarq etib ochildi: ich-ichini o‘rtayotgan savollariga aniq va lo‘nda javoblar topilgandi!..

Lekin uning bu eshitganlari o‘sha davrda hukmron aqidalarga butunlay teskari kelardi…

Hali yana qancha vaqtlar o‘tadi, Xolmurod Samarqand savdo oliygohiga o‘qishga kiradi, 1975 yili bo‘lsa kerak, talabalik amaliyotini o‘tash uchun Tojikistonga yuboriladi va o‘sha yerda… tojikistonlik tog‘a qarindoshlar bexos esiga tushadi.

Tojikistonlik qarindoshlar deganda u faqat Kolxozobod degan so‘zni xotirada saqlab qolgan edi. Lekin baribir do‘sti bilan «Qaydasan, Kolxozobod!» deya safarga otlanib, so‘rab-surishtirib, Toshrabot degan go‘zal bir manzilda yo‘llari ochilib, padari buzrukvorining tog‘alari bo‘lmish Xudoyshukur va Chori bobolar, Ismatboy tog‘avachchasi, Hayatullaboy degan bo‘lasini topdilar, ikki kun ularning gurungida bo‘ldilar, mahzun hikoyalarini obdon eshitdilar.

 Mehribon va oqibatli bu odamlar ham sho‘rolar qonli siyosatining begunoh qurboni edilar – o‘sha tomonlarda jon saqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Vaqti kelib bu gurung, suhbatlar, otasining haqiqiy nasabi hamda amirzoda mansub avlod-ajdodlar sirini muborak sanab, qariyb yuz yil qalbga ko‘mib saqlagan barcha fidoyi kishilarning tahlikali hayoti va shunga monand turfa xil taqdir egalarining kechagi-bugungi kechmishlari va yana juda ko‘p-ko‘p narsalar Xolmurod yozgan kitobdan joy oladi.

O‘sha kitob «Uzoq izlangan haqiqat» nomi bilan chop etildi. U beshta bo‘lim, 164 sahifadan iborat, muallifi esa kutganingizdek Xolmurod Qilichev.

Siz bu odamni yaxshi taniysiz. 1953 yili Kofrunda tug‘ilgan. Eng qiyin, mas’uliyatli damlarda viloyat savdo sohasining turli tarmoqlarida ishlagan, rahbarlik qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi noibi sifatida ko‘p savob ishlarni amalga oshirgan. Shuningdek ijodkor ham, qalami charxlangan: dolzarb, o‘tkir mavzular, yangi, zamonaviy fikrlar, jo‘yali takliflar aks etgan maqolalari viloyat va respublika matbuotida chiqib turadi.

Anglaganingizdek, endilikda u nasl-nasabini juda yaxshi bilib olgan, zero moziyga o‘tib ish qilish xayrli, o‘zining yetti pushtini(ya’ni ildizlarini) bilish farz ham savob: Xolmurod Qilichev shavkatli Buxoro davlatini boshqargan mang‘itlar sulolasining 177 yillik tarixida oltinchi hukmdor bo‘lmish Muzaffarxon bilan to‘rt vositada bog‘lanadi, otasi Said Mirrahmon (Qilichxon) hamda bobosi Said Akromxon to‘ra orqali bobokaloni bo‘lmish Amir Muzaffarxonga tutashadi.

Ammo, asosiy gap ushbu oliy nasl-nasab rishtalarining a’moli millat o‘zagini tashkil etishida, bular ham ulug‘ tariximizning davomli dolg‘alari hisoblanishida!

Xolmurod Qilichev uzoq izlangan haqiqatini topgani va bu bilan o‘tgan ota-bobolar ruhini shod etgani rost bo‘lsin! Uning qalamiga mansub «Uzoq izlangan haqiqat» kitobini o‘qiylik, kitobda tasviri berilgan voqealardan zarur ibratlar olib, mustaqillikning buyuk ne’mat ekanini barcha – keksalarimiz va yoshlarimiz, erkaklarimiz va ayollarimiz chin yurakdan his etishlari, qalban anglashlari uchun hissalar qo‘shaylik!

Abdulla Xolmirzayev,

Termiz.

 

 

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi

Published

on


Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.

Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi

Published

on


Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish  hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish  chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.

2026-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi  va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-noyabrdan boshlab: 

– mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi; 

– mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi; 

– reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi; 

– mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi; 

– mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

teatr, kino va konsertlarga borish umrni uzaytirishi mumkin

Published

on


Kino, teatr, muzey va konsertlarga muntazam tashrif buyurish fiziologik qarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu ikki mingga yaqin keksa odamlarning ma’lumotlarini tahlil qilgan yapon olimlari tomonidan chiqarilgan xulosadir. Tadqiqot natijalari Epidemiologiya va Jamiyat Salomatligi jurnalida (JECH) chop etildi. 

Tadqiqotchilar qarish bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotda ishtirok etgan 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ingliz fuqarosining ma’lumotlarini o‘rganib chiqdilar.

Ishtirokchilar kinoteatrlar, muzeylar, san’at galereyalari, teatrlar, konsertlar va operalarga qanchalik tez-tez tashrif buyurganliklarini xabar qilishdi. Keyin bu ma’lumot ularning fiziologik yoshi bilan taqqoslandi – bu qon bosimi, o‘pka funksiyasi, gemoglobin va xolesterin darajasi, tana massasi indeksi, ushlash kuchi va yurish tezligi kabi o‘nta parametr asosida tananing haqiqiy sog‘lig‘ini aks ettiruvchi ko‘rsatkich. 

Ma’lum bo‘lishicha, madaniy tadbirlarga kamida bir necha oyda bir marta tashrif buyurgan odamlarning o‘rtacha fiziologik yoshi 66,9 yoshni tashkil etgan. Deyarli faqat madaniy hayotda ishtirok etganlar orasida bu ko‘rsatkich 69,9 yoshga yetdi – bu taxminan uch yillik farq. 

Daromad, bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillarni hisobga olgan holda ham, madaniy faoliyat shkalasidagi har bir qo‘shimcha birlik fiziologik yoshni taxminan 31 kunga qisqartirish bilan bog‘liq edi.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu ta’sir madaniy dam olish ijtimoiy muloqotni rivojlantirishi, aqliy farovonlikni yaxshilashi va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishi bilan izohlanishi mumkin. 

Olimlar madaniy faoliyatning fiziologik qarishga ta’siri muntazam jismoniy faollikning ta’siriga o‘xshashligini va qo‘shimcha tadqiqotlarga loyiqligini ta’kidlamoqdalar.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalaridan himoya kuchaytiriladi

Published

on


«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Foto: Ronstik / Shutterstock

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 noyabrdan boshlab:


mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnoma shaklida tovar va xizmatlarni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxs faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;



mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi;



reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 9.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;



mobil aloqa operatorlariga reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;


Ushbu talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

1 oktyabrdan o‘z nomidagi SIM-karta va bank kartalari haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi

Published

on


Jamiyat | 20:07 / 15.07.2026

2671

2 daqiqa o‘qiladi

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Foto: Dreamstime

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) quyidagi xizmatlar joriy etiladi:


Jismoniy va yuridik shaxslarga o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari va avtomototransportlarni garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish;



Fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:



telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish (faollashtirish) va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish haqida ariza kiritish;



telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida ma’lumot olish;



bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;



fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.




Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.