Iqtisodiyot
“Butun komandamga topshiriq berganman, kelgan investorning manfaatini kafolatlaymiz”
“Qonunlarimiz bor, qarorlarimiz bor, oxirgi yillarda qilgan hamma ishlarimiz shundan yaqqol dalolat beradi: biz ikki tomonlama manfaatni kafolatlaymiz va albatta ta’minlaymiz”, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilariga qarata.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqib, xorijiy investorlarga murojaat qildi.
“Global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlaydigan ishonchli qoidalar bo‘lishi shart va zarur. Hech shubhasiz, bu borada Jahon savdo tashkilotining alohida o‘rni bor. Shu bois kelgusi yilda ushbu tashkilotning a’zosiga aylanish bo‘yicha oldimizga maqsad qo‘yganmiz va bu borada hamkorlarimiz bilan faol ishlayapmiz. Buning uchun o‘nlab qonun, yuzlab standartlarni xalqaro talablarga moslashtirdik va bu ishlarni shu yil to‘liq yakuniga yetkazamiz.
Ikkinchidan, mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi milliy rejim joriy qilinadi. Davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi. Investitsiya faolligini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi. Bular orqali 2030 yilga borib O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz.
Uchinchidan, biz davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularning yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish yo‘lini tanlaganmiz. Shu bois 18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 mlrd dollarlik davlat ulushini o‘zini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma boshqaruviga nufuzli Franklin Templeton kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilning o‘zida jamg‘arma aksiyalari paketi xalqaro IPO’ga chiqariladi. Shuningdek, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yilda 29 ta davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.
To‘rtinchidan, biz transport va logistika sohasini iqtisodiyotimizning qon tomiri sifatida ko‘ramiz. Shu bois bu sohaga ham xususiy kapital faol jalb qilinmoqda. Birgina misol, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlar boshqaruviga berildi. Urganch aeroporti boshqaruviga dunyoning yetakchi Incheon kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlari bo‘yicha ham tenderlar o‘tkazamiz.
Yana bir muhim yo‘nalish – poytaxtimizda yashab va ishlayotgan aholi 5 milliondan oshdi. Shu bois 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahrini barpo etib, poytaxtni megapolisga aylantiramiz. Bu yerda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega aeroport, temiryo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan multimodal hab quriladi. Yirik davlat komplekslari va moliya markazlari qad ko‘taradi. Ushbu megaloyihani birgalikda amalga oshirish uchun investorlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarni taklif qilamiz.
Beshinchidan, so‘nggi yillarda qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va do‘stona siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi. Bugun ushbu davlatlarning hukumat rahbarlari forumda ishtirok etayotgani ham so‘zimni yaqqol isbotlaydi. E’tibor bering, 8 yilda qo‘shnilarimiz bilan tovar aylanmasi hajmi 3,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 12 mlrd dollarga yetdi.
Katta investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘lini qurishni boshladik. Yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Umuman, biz Markaziy Osiyoda investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasini ilgari surishni taklif qilamiz.
Shu o‘rinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman. Mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Bugungi forum yangi, kengaytirilgan formatda o‘tkazilmoqda. Uning doirasida ilk bor ixtisoslashgan ko‘rgazma tashkil etilib, unda O‘zbekiston kompaniyalari o‘z loyiha va qo‘shma tashabbuslari bilan ishtirok etmoqda. Bir masalaga alohida urg‘u bermoqchiman. Biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Biz uchun bu – texnologiyalar, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni haqiqiy taraqqiyot demakdir.
O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha-barcha sharoitlarni yaratib beradi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi. Yurtimizda sizlar uchun barcha eshiklar doimo ochiq. Eng muhimi, faoliyatingizni himoya qiladigan qonunlar bor O‘zbekistonda. Muloqotga ochiq davlat bor. Va hamkorlikka tayyor mehnatkash xalqimiz bor!
Biz Toshkent investitsiya forumini to‘rtinchi marta o‘tkazyapmiz, tajriba orttirdik. Bugungi anjumanda ishtirok etayotgan, mamlakatimizga mehmon bo‘lib kelgan har bir investorga O‘zbekistonda o‘zining sohasi bo‘yicha munosib loyiha topib berish – bizning eng katta vazifamiz.
Har bir investor, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar vakillariga kelganlaring uchun yana bir bor chin dildan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Butun komandamga topshiriq berganman, manfaat ikki tomonda ham bo‘lishi kerak. Kelgan investorning manfaatini biz albatta kafolatlaymiz. Qonunlarimiz bor, qarorlarimiz bor, oxirgi yillarda qilgan hamma ishlarimiz shundan yaqqol dalolat beradi.
Shuning uchun, hurmatli investorlar, hurmatli aziz mehmonlarimiz, ikki tomonlama manfaatni kafolatlaymiz va albatta ta’minlaymiz. Barchangizga omad va yutuqlarni tilayman. Yana bir marta O‘zbekistonga xush kelibsizlar!” – deya nutqini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.
Forumning yalpi sessiyasida Bolgariya prezidenti Rumen Radev, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso, Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov, Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston hukumati raisi Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev hamda Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso ham qatnashib, so‘zga chiqdi.
Iqtisodiyot
2025 yilda “parkovka” xizmatlari narxi 15,5 foizga oshdi
2025 yilda O‘zbekistonda avtomobil to‘xtash joylari (“parkovka”) xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, avtoyuvish va texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlarida ham barqaror o‘sish kuzatildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida transportga xizmat ko‘rsatish sohasida narxlar o‘sishi qayd etilgan. Xususan, avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich mazkur segmentda xarajatlar o‘sishi va xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, shaxsiy transport vositalarini yuvish bo‘yicha xizmatlar narxlari o‘rtacha 8 foizga qimmatlashgan. Texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari narxlari esa 7 foizga oshgani kuzatilgan.
Mutaxassislar fikricha, transport vositalari sonining ortishi, ehtiyot qismlar va materiallar narxining qimmatlashishi hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishi ushbu tendensiyaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, 2025 yilda transport sohasidagi xizmatlar segmentida barqaror narx o‘sishi saqlanib qolgan.
Iqtisodiyot
Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida Andijon viloyatiga amaliy tashrif amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan tashrif davomida hududning turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi turizm yo‘nalishlari va zamonaviy lokatsiyalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Tashrif davomida Andijon viloyati hokimligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda 80 dan ortiq tadbirkorlar, jumladan turoperatorlar, mehmonxona va restoran biznesi vakillari, transport xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, dam olish maskanlari rahbarlari hamda madaniy muassasalar vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ochiq muloqot jarayonida Andijon viloyatida 2025 yilda amalga oshirilgan loyihalar va erishilgan natijalar taqdim etildi, shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, jumladan, hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlari va mahsulotlarini yaratish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, sohadagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida Andijon viloyati bo‘yicha turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarning manzilli rejalari shakllantirildi.
Iqtisodiyot
“Biz avariyani to‘xtatamiz” – Prezident Boysundagi gaz koni haqida
Boysundagi gaz koni avariyasiga yechim topilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.
Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan kuniga 100 ming odam viloyat markaziga yengil mashinada kelib-ketyapti. Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobusni birinchi navbatda ushbu yo‘nalishlarga qo‘yish topshirildi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkaziladi.
Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
“Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, – dedi Prezidentimiz.
Iqtisodiyot
Mart oyidan dollar qanchaga yetish ma’lum bo‘ldi
Markaziy bank 2025-yil 2-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 35,61 so‘mga oshib, 12 172,18 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 38,36 so‘mga oshdi va 14 357,09 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 414,18 so‘m (-4,17).
Rossiya rubli 157,45 so‘m etib belgilandi (-0,25).
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi 26 mln dollarlik korxonaga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanida joylashgan «Surkhon Sandwich» korxonasining bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda har bir yirik loyiha va infratuzilma ob’yektlarida energiya tejamkorligiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, bazalt xomashyosi va undan tayyorlanadigan energiya samarador plita hamda qurilish materiallariga talab ortib bormoqda.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan korxona qiymati 26 million dollarga teng. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati yaratilgan. Bu 345 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Tojikiston va Afg‘onistonga ham eksport qilinmoqda.
Ishlab chiqarish jarayoni uchun talab etiladigan xomashyoning 95 foizi viloyatning Oltinsoy tumanidagi konlardan ta’minlanadi. Korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Bu yerda 200 kishining doimiy bandliga ta’minlandi.
Prezident ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Umuman, yurtimizda qurilish sohasining ilmiy asoslarini mustahkamlash, buning uchun qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning qurilish materiallari sanoati mahsulotlari taqdimoti bilan tanishdi.
Shu bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston Afg‘onistonda temir va mis konlarini qidirishni boshladi
-
Mahalliy4 days agoO‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Sport5 days ago«Budyo-Glimt» «Inter»ni, Syorlot «Bryugge»ni musobaqadan chiqarib yubordi
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Wolt servisi O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmoqda
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston Afg‘onistondagi uchta neft va gaz konida geologik qidiruv ishlarini boshladi
-
Dunyodan4 days ago
Yun Seok-Yol umrbod qamoq jazosi ustidan shikoyat qiladi
