Sport
«Bunyodkor» va Rivaldo mojarosi. Qarzni kim to‘laydi?
Oxirgi yillarda Saudiya shayxlarining futbolga sarflayotgan katta pullari keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Biroq Osiyo futbolidagi bu «kino»ning premerasi bundan bir necha yil oldin Toshkentda boshlangandi. 2008-2010 yillarda «Bunyodkor» jahonning taniqli futbolchi va murabbiylarini O‘zbekistonga chaqirishni odat tusiga aylantirdi. O‘shanda braziliyalik futbol afsonasi Rivaldo ham poytaxt klubiga olib kelingandi. Oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsa-da, yuzaga kelgan moliyaviy mojarolar hali ham tugagani yo‘q.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik
2008 yilning avgust oyi oxirida braziliyalik futbol afsonasi Rivaldo «Bunyodkor» bilan bir yillik shartnoma imzolaydi. Oradan ikki oy o‘tib kelishuv yana 2 yilga uzaytiriladi. Futbolchining yillik maoshi soliqlardan tashqari 6 mln yevroni tashkil etishi, shuningdek, unga reklama va homiylik shartnomalaridan tushgan mablag‘ning ham bir qismi berilishi ko‘zda tutiladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Rivaldo «Bunyodkor»dagi birinchi yilida tahminan 8,1 mln yevro ishlab oladi.
Oradan bir yil o‘tib, 2009 yilning yozidan klubda moliyaviy muammolar yuz bera boshlaydi, o‘yinchilarga oylik to‘lash to‘xtatiladi. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagach, braziliyalik futbolchi 2010 yilning iyulida sudga murojaat qiladi va klubdan ketadi. U shartnomasi bo‘yicha Bunyodkor va homiylardan umumiy hisobda 16 mln yevro talab qiladi. Xuddi shu vaqtda Rivaldoni O‘zbekistonga olib kelgan Zeromax kompaniyasi ham bankrot bo‘ladi. Futbolchi 6 yil davomida – 2016 yilgacha Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax ustidan bir qator organlarga murojaat qildi, biroq aytarli mablag‘ undirishning imkoni bo‘lmaydi. Shundan so‘ng u «Bunyodkor» ustidan FIFAga ariza bera boshlaydi.
Nega Zeromax emas «Bunyodkor»?
2024 yilda FIFAning intizomiy qo‘mitasi «Bunyodkor» braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga salkam 9,2 mln yevro to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqaradi. Klubning Rivaldo oldidagi qarzdorligi 8,1 mln yevro, Denilson oldidagi qarzdorligi 1,1 mln yevroga baholanadi. Bu summalar ichiga vaqtida to‘lanmagan mukofot pullari, to‘lash kechiktirilgani uchun hisoblangan foizlar, shartnoma bekor qilingani uchun belgilangan tovon pullari va futbolchilarning sud xarajatlari kiritiladi.
Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev nima uchun Rivaldoning da’volari Zeromax’ga qaratilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik «Bunyodkor» bo‘yniga ilinganini quyidagicha izohlagandi.
«Rivaldo va boshqa legioner futbolchilar bilan uch tomonlama shartnomalar bo‘lgan: futbolchi, klub va Zeromax o‘rtasida. Futbolchilar «Bunyodkor» safida o‘ynaydi, ammo maosh va boshqa to‘lovlarni Zeromax amalga oshirardi. Tushunishimcha, to‘lovlar Zeromax’ning Shveytsariyadagi hisoblaridan futbolchilarning xorijdagi hisoblariga o‘tkazilgan, ya’ni O‘zbekiston bank tizimi chetlab o‘tilgan. Bu esa uchala tomon uchun ham soliq, bank komissiyalari va o‘sha paytdagi valuta konvertatsiyasi muammolaridan qochish imkonini berardi. Keyinchalik Rivaldo «Bunyodkor» bilan yangi shartnoma imzolaganida, to‘lov majburiyatlari qandaydir tarzda Zeromax’dan klub zimmasiga o‘tkaziladi. Biroq shartnomada Zeromax nomi saqlab qolingan, garchi bu amalda ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa ham. Shu sabab, Rivaldoning «Bunyodkor»ga nisbatan da’volari asosli deb topilgan», deya yozgandi Nikimbayev.
Keyinchalik «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchilar bilan qo‘shimcha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bunda kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanishi, Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Qarzni kim to‘laydi?
«O‘zbekneftgaz» homiylikni to‘xtatishi fonida «Bunyodkor»da jiddiy moliyaviy muammolar kuzatilyapti. Xususan, bir necha kun oldin klub matbuot xizmati vakili kommunal to‘lovlardan qarzdorlik sabab «Bunyodkor» stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektrdan uzilish darajasigacha borgani haqida yozgandi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning yillik budjeti davlat tomonidan ajratiladigan 35 mlrd so‘mdan iborat. Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘lanadigan qarzining 2026 yil uchun to‘lavlari esa umumiy budjetning uchdan ikki qismini tashkil etadi. Shuningdek, davlat ham 35 mlrd so‘mdan braziliyalik futbolchining qarzini yopishga ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» ham hukumat topshirig‘iga asosan 1 yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatganini qayd etgan holda, kompaniya «Bunyodkor»ning Rivaldo oldidagi qarzni to‘lamasligini ma’lum qildi. Bu qarzdorlik klub majburiyati ekani bilan izohlanyapti.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot21 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat17 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat16 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
