Connect with us

Jamiyat

Bugun poliklinikada ikki shifokorni «rozi qildim»…

Published

on


Kasbim taqozosi o‘laroq ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib boraman. Bu respublika bo‘ylab yoki o‘zbekistonliklarga doir yangiliklardan xabardor bo‘lib turish imkoniyatini berishdan tashqari, jamiyatning har kungi kayfiyatini ham ko‘rsatib turadi.

Kim nimani topib, nimani yo‘qotdi? Kim nima yoki kimdan norozi? Mavsumiy muammolar, mavsumiy yechimlar, vahakazo…

Xullas, hamkasblarimizdan birining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga qo‘ygan biroz kulgili, biroz qayg‘uli posti kishini tibbiyotimiz ahvoli haqida o‘yga toldiradigan bo‘libdi.

Har qancha xaspo‘shlamaylik, har qancha andavalamaylik muammolar ularni hal etmagunicha yo‘q bo‘lib qolmaydi. Aksincha madda boylaydi, yiringlaydi va bir kun yana yuzaga qalqib chiqaveradi.

Aslida muammolarni o‘z vaqtida aytish va hal qilish uning keyinchalik chuqurlashib – hal etib bo‘lmaydigan holatga kelib qolishining oldini oladi.

Masala – bugungi tibbiyotimiz va tibbiy madaniyatimiz haqida!

Hamkasbimiz yozayapti:

«Poliklinikaga pediatr ko‘rigiga bordim. «Ginekolog va UZIga yo‘naltiraman, lekin yaqin bir-ikki kunda navbatingiz kelmaydi, joy yo‘q», deyishdi. Shifokorlar elektron navbat bo‘lganidan beri kuniga 15 tagacha ko‘rar ekan. Shifokordan «nima qilsam bo‘ladi», deb so‘radim. «Rozi qilaman, ko‘rib qo‘ying», deb ayting dedi.

UZIga kiraman, «rozi qilaman, ko‘rib qo‘yasizmi», deyman. Ko‘radi. Allaqanday toshlar, tuzlar haqida gapiradi. «Rahmat», deyman va chiqaman. Ginekologga boraman, «talon»ing bo‘lmasa, ko‘rmayman, navbating kelishini kut», deydi. «Rozi qilaman», deyman yana va u ko‘radi. Va har doimgidek gapni sansirash va so‘kishlar bilan boshlaydi. Ginekologlar so‘kib gapirishi bilan faxrlansa kerak, deb o‘ylayman ichimda. Rozi qilaman va chiqaman xonasidan.

Bolalar nevropotologiga kiraman. Navbatlardan keyin nihoyat kirdim deganimda, «ism familiyang tushmagan, qayta borib kiritib kel», deydi. Qaytaman, yana kompyuter ishlamaydi. Uch marta zinadan uchinchi qavatga qatnayman, qo‘limda qizim va sumkam. Nihoyat, kompyuterga navbatim tushadi va kiraman. Shifokor-nevropatolog ish vaqti tugashiga oz qolgani va nega oxiri bo‘lib kirib, vaqtini olayotganimni aytib baqirib qoladi. Analizlarni ko‘rsataman, bolaning ahvoli yaxshimasligini aytib, bir dunyo tinchlantiruvchi dorilar yozib beradi va boshqa bunday vaqtini olmasligimni aytib chiqarib yuboradi.

Yo‘lda kelayotib, o‘ylayman, agar puli yo‘q va tobi yo‘q ayol borsa, navbatini kutib nechi kun yurardi? Kasali xuruj qilib qolganida-chi? Anavi nevropotolog nega qizimga buncha kuchli «tinchlantiruvchi»larni yozdi. Qo‘llanmasini o‘qiyman: miya falajligi, rivojlanmay qolish va nerv sistemasi uchun tavsiya qilinadi. Axir, bolamning ahvoli bu darajada emas-ku? Nega bularni yozdi? Ayrim doktorlar nega o‘z ustida ishlamaydi?

Yo‘lakdagi LORda turgan navbatni ko‘rganingizda edi, yoqa ushlardingiz. Ota-onalar bolalarining tomog‘ini yuvdirish uchun olib kelgan. Hammasida bir xil muammo: isitma va tomoq og‘rig‘i. Ularga tomoq yuvdirish xavfli va bu foydasiz ekanini qanday aytishni o‘ylayman. Qaytarkanman xususiy LORda ham shunday navbatni ko‘raman. O‘ylayman: vazirlik (Sog‘liqni saqlash vazirligi, -mual.) nega shunday mavsumiy kasallik avj olganida munosabat bildirmaydi? Nega ota-onalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi? Nega uy sharoitida bolani qanday davolash haqida TVlarda aytilmaydi? Nega faqat dorilar reklamasi ketadi-yu, shunday foydali qisqa roliklar yo‘q? Nega ogohlantirishlar yo‘q?

Nega?, nega?..»

Bu tizimdagi «nega» deb so‘raladigan, ammo javobi yo‘q masalalar bugunning muammosi emas. Mustaqil bo‘lganimizgayam, tibbiyotimiz «o‘zimizniki» bo‘lganigayam naq 35 yil bo‘lyapti. O‘tgan o‘n yillarda yig‘ilgan muammolarning ayrimlari allaqachon maddalagan, ayrimlari «qonuniylashib» ulgurgan. Shifokor ko‘rigidan chiqayotganda uning cho‘ntagiga «chin ko‘ngildan» pul solib qo‘ymasa, bemorning o‘zi hijolat tortadigan holga kelganmiz. «Farmqaroqchilar» bilan til biriktirib, kerak bo‘lmagan dorilarni yozishini bilgan biz – ro‘yxatdagi dorilarning yarmini «chopamiz». O‘zimizning, bolalarimizning salomatligini o‘ylab, yuzxotir qilib ularga e’tiroz bildirolmaymiz (albatta tibbiy va huquqiy madaniyatimiz ham yetarli emas!).

Bizda go‘yo elektron navbat bor, lekin insonparvar tizim yetishmayapti, shifokorlar bor, lekin mehr va mas’uliyat yo‘q, davlat tizimi ishlayapti, lekin samarasiz va murakkab. Aholida ishonch yo‘q, chunki muammolarga ochiq javob berilmaydi.

Tizimga ishi tushib, unga kirgan bemor uning qay darajada byurokratik, inson ehtiyojidan uzilgan va «rozilik» asosida ishlayotganini ko‘rmoqda. Bu holatlar esa bir bemorning emas, butun tizimning kasalligi.

Sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun, avvalo sog‘lom tizim kerak. Aks holda, har bir «rozilik» bu adolatsizlikka, tiyiqsizlikka rozilik deganidir.

Elbek



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Published

on


Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.

Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi

Published

on


Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.

Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.

Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.

Tadqiqot natijalariga  ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.

Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi

Published

on


U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.

Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.

Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.

Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.

Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi

Published

on


Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi

Published

on


Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.

27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.

Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.

Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.

Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.