Sport
«Budyo-Glimt» ertagi davom etadi. YeChL kashfiyotini yoqtirib qolish uchun 5 sabab
Guruh bosqichida «Siti» va «Atletiko»ni mag‘lub etgan norvegiyaliklar endi turnirning amaldagi finalchisi «Inter»ga imkon qoldirmadi.
Shusiz ham YeChLning bu mavsumi kashfiyoti bo‘lgan «Budyo/Glimt» turnir o‘tish bosqich o‘yinlarida yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Jamoa Milandagi javob uchrashuvida ham A Seriya peshqadami «Inter» ustidan g‘alaba qozonib (3:1, 2:1) keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Ketil Knutsen shogirdlari turnirda qatorasiga 4 o‘yinda 4 g‘alabaga erishdi. Bu o‘yinlar «Manchester Siti», «Atletiko» va «Inter» (2 marta) klublariga qarshi kechdi. Undan oldinroq esa jamoa Dortmundda mezbonlar bilan 2:2 hisobida durang qayd etgandi. O‘sha payt uchun sensatsiya hisoblangan bu natijani bugunga kelib «Budyo»ning o‘zi soya ostida qoldirdi.
«Chempionlar ligasidagi hech bir jamoa biz kabi yaqin insoniy munosabatlar ustiga qurilmagan. Biz nafaqat birga futbol o‘ynaymiz, aka-ukalik rishtalari bilan ham bog‘langanmiz. Bu bizni butunlay boshqa bosqichga olib chiquvchi ustunligimizdir», – deydi jamoa yetakchisi Patrik Berg.
Berg futbolchilik faoliyatining asosiy qismini shu klubda o‘tkazmoqda (u 2014 yilda asosiy jamoada debyut qilgan, faqat 2022 yilda bir mavsumga «Lans»da o‘ynab kelgan). Umuman, jamoaning asosiy tarkib futbolchilaridan 9 nafari norvegiyalik bo‘lib, xarajatlar bo‘yicha turnirning eng kamtarona klublaridan biri.
Quyida Vadim Lukomskiyning spors.ru sayti uchun yozgan matni tarjimasi keltiriladi. Jurnalist «Budyo»ni yoqtirib qolish uchun besh asosli sababni bayon qilgan.
Zerikarli uzatmalar o‘rniga xatodan qo‘rqmaslik
«Budyo» guruh bosqichini kichik ligalarning odatiy peshqadamidek boshladi, ya’ni Yevropa futboli grandlariga qarshi ham o‘z tashabbuskor uslubi bilan o‘ynashga botina oladigan darajada soddalik bilan. Ma’lumki, bunday munosabat jamoani ko‘pchilikning yoqimtoyiga aylantirsa-da, ochko keltirmaydi.
Ammo mana shu obrazda ham «Budyo»da o‘ziga xos nimadir bor edi. Bunday jamoalarning aksariyati hujum boshlashda qisqa paslar orqali chiqishni istashadi, ammo variant topilmagach, shunchaki hech bir g‘oyasiz himoyachilar o‘rtasida to‘p oshirishdan nariga o‘tilmaydi.
Knutsenning jamoasi esa boshqacharoq, ha, soddadil, ammo maftunkor o‘yin namoyish etadi. Qisqa paslar uslubi saqlanib qoldi, ammo shu bilan birga risklardan voz kechmaslik va imkon qadar ijrosi qiyin bo‘lgan uzatmalar bilan o‘ynash. Tabiiy ravishda, to‘p yo‘qotishlar ko‘paydi, ammo aynan shu sabab tufayli yaxshi vaziyatlar yarata boshladi. Eng boshidan «Budyo»ning o‘yinlari tomoshabop bo‘lgandi, shu bilan birga, o‘yinda muvozanat yetishmasdi.
Buning oqibati – zarbaga olib kelingan xatolar bo‘yicha «Budyo» Chempionlar Ligasi yetakchisi – 17, shuningdek, individual to‘p yo‘qotishlar natijasida 4 gol o‘tkazib yuborildi.
Shuni qayd etish kerakki, bu obraz asosan guruhning dastlabki o‘yinlariga taalluqli. Ammo bu ham hurmatga arziydi – jamoa o‘yinlari tomoshabinlarga o‘ziga yarasha zavq berardi.
Katta o‘yinlar formulasi. Ammo o‘ziga xoslikni yo‘qotmasdan
«Slaviya» va «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinlarda «Budyo» «Siti», «Atletiko» va «Inter»ga qarshi bahslardagiga qaraganda yomonroq edi. So‘nggi uchrashuvlarda romantik klassikaga natija uchun o‘ynash elementlari ham qo‘shildi.
Muhim faktor, Norvegiya chempionati noyabr oyi oxirlarida yakuniga yetgan. Knutsen bundan to‘g‘ri foydalandi, ya’ni har bir o‘yin uchun alohida, uzoq vaqt tayyorlanish imkoniyati tufayli taktik tomonga chuqur e’tibor qaratildi. Yangi elementlar qo‘shildi. Endi pressing bosqichlaridan ko‘ra, zich joylashuvga asoslangan 4-4-2 sxemasiga urg‘u qaratildi.
Chap qanot vingeri Yyens Hauge yagona hujumchi Kasper Heg bilan oldingi chiziqda qoladi, qanotni esa markaziy yarimhimoyachi Sondre Fet yopishi kerak. Ya’ni Knutsen sevimli 4-3-3 sxemasini to‘psiz ishonchli harakatlanish uchun 4-4-2 ga moslashtirishiga to‘g‘ri keldi. Butunlay sxema o‘zgarmadi, balki to‘p nazoratida o‘sha tarkib va ijrochilar moslashdi. Shu orqali jamoa o‘z kuchini boshqa jihatga yo‘naltirdi – raqibni ko‘proq yugurib mahv etishga. Boshida jamoaviy mehnat pressing uchun ishlagan bo‘lsa, endi ko‘proq o‘rta va quyi blokka urg‘u qaratildi.
Ikkinchi muhim adaptatsiya – o‘yin qurishning dastlabki bosqichida qisqa va uzun paslar muvozanati yo‘lga qo‘yilgani. «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda darvozabon Xaykinning birato‘la to‘pni hujumchi Heg tomon to‘p oshirishi eng ko‘p amalga oshirilgan kombinatsiyalardan edi. Rossiyalik darvozabon yordamchi pleymeyker sifatida o‘zini ko‘rsata oldi. Nafaqat qanday pas berish qarorini qabul qilish, balki buning ijrosi bo‘yicha ham. Yangi muvozanat va o‘yin borasidagi sezilarli o‘sish hikoyani yanada go‘zallashtirdi – muvaffaqiyatsiz startdan keyin qaytish.
Shu bilan birga, hammasi ham keskin o‘zgarmadi. Masalan, raqib yarimmaydonida «Budyo» odatdagidek harakat qildi va bu uchun ham alohida qoyil qolish mumkin.
Jamoaviy gollar
«Budyo» falsafasidagi eng maftunkor jihat – raqib tomonini ko‘pchilik bo‘lib mana mana bunday to‘ldirishlar.
Tabiiyki, bu orqali futbolchilar qisqa paslar uchun sharoit yaratadi va aksariyat hollarda amalga ham oshirishadi. Eng qiyin holatlarda ham bu g‘oyaga sodiq bo‘libgina qolmay, ajoyib shedevr gollar yuzaga keltirishdi.
Jamoani pley-offga olib chiqqan golni yuzaga keltirgan pozitsion hujum Nikita Xaykinning qisqa pasidan boshlanib raqib darvozabon zonasida yakuniga yetdi. «Budyo» to‘pni bir daqiqadan ko‘proq vaqt ushlab turdi, kombinatsiyada 10 futbolchi ishtirok etdi, jamoa miyasi Patrik Berg esa markazda raqib himoyasini yorib o‘tuvchi pas ijrosini o‘z zimmasiga oldi. Natija uchun o‘ynalgan paytlarda ham «Budyo» ba’zi detallarda moslashishga uringan bo‘lsa-da, doim romantik futbolga sodiq qoldi.
«Inter»ga qarshi birinchi o‘yindagi gol ham bundan kam emas. 16 pas, 9 futbolchining kombinatsiyada ishtiroki, shoshilmasdan hujumni tashkil qilish, har ikki qanotning ishtiroki va markaz orqali nozik yechim. Shunchaki, qoyil.
Bunday gollar haqiqiy san’at asari. «Budyo» bu ishlarni Ispaniya va Italiyaning top-jamoalariga qarshi amalga oshira olmoqda.
Nikita Xaykinning top-formasi
Nikita Xaykin – hikoyaning markaziy figurasi. Jamoaning Chempionlar ligasidagi eng yaxshi futbolchisiga nomzod bo‘lishi mumkin. Uning qutqarishlarisiz har qanday jasorat va go‘zallikning qadri bo‘lmas, pley-offdan oldinroq hammasi tugagan bo‘lardi. Yuqorida aytilganidek, so‘nggi o‘yinlarda yashirin pleymeyker sifatida ham o‘zini ko‘rsata boshladi. Uning uzatmalari asosan Kasper Hegni topmoqda. Raqiblar ham uzun pas bilan jazolanishi mumkinligidan hayiqib, bosim o‘tkazishga qaror qilaverishmaydi. Bu esa qisqa uzatmalar uchun futbolchilarning joylashuvi, yangi kombinatsiyalar o‘ylab topish uchun qo‘shimcha vaqt demakdir.
Shuningdek, Xaykin turnirda seyvlar soni bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda. Xaykin allaqachon jamoani aniq zarbalar qiyinligini o‘lchaydigan PSxG o‘lchovi bo‘yicha 4 goldan qutqardi – 10 o‘yindan iborat davr uchun katta ko‘rsatkich. Bu borada Chempionlar Ligasida faqat «Qayrat» darvozaboni Temirlan Anarbekovda yaxshiroq ko‘rsatkich xolos.
Simulyatsiya va «iflos» o‘yin yo‘q
O‘yin uslubiga aloqasi yo‘q, ammo alohida hurmatga loyiq jihat. Jamoadagi jyentlmenlik xarakteri yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinning quyidagi vaziyatida Ule Didrik Blomberg bemalol penalti ishlashga urinish o‘rniga darhol o‘rnidan turib, o‘yinni davom ettirmoqda.
Bu yagona holat emas. Har qanday simulyatsiya, provokatsiya yoki raqibni qo‘rqitish uchun qo‘pol kontaktlarga urinishni «Budyo»da ko‘rmaysiz. Bunday xarakter hamma uchun odatiy deb qabul qilinadigan zamonda emasligimiz uchun ham jamoadan qoyil qolsa arziydi.
Kecha «Inter»ga qarshi o‘yinda aksincha, milanliklar yetakchisi Nikolo Barellaning uyatli harakatini eslasak, «Budyo»ni yanada yoqtirishga qo‘shimcha asos paydo bo‘ladi.
Nimchorak finalda «Budyo» «Manchester Siti» yoki «Sporting» jamoalaridan biriga duch keladi. Har ikki holatda ham intriga kafolatlangan. Yaqinda «Budyo» maydonidan mag‘lub bo‘lib qaytgan manchesterliklarda qasos uchun imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin. Qur’ada «Sporting» tushishi esa ertak davom etishi ehtimolini oshiradi.
Qiziq fakt, Chempionlar Ligasi tarixida o‘zi top-ligalardan bo‘lmay turib, qatorasiga 4 o‘yinda kuchli beshlik jamoalari ustidan g‘alaba qozonishni oxirgi marta 1971/72 mavsumida Kroyf boshchiligidagi «Ayaks» uddalagandi. «Budyo» mana shunday seriyani takrorladi.
Darvoqe, o‘sha mavsumda «Ayaks» turnir g‘olibi bo‘lgan edi…