Iqtisodiyot
Budjet tashkilotlari pulidan qurilish loyihalarini amalga oshirish tizimi o‘zgaradi
“Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Prezident qaroriga muvofiq, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish belgilangan.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarining manzilli ro‘yxatini shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirilishini monitorining qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanadi:
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan manzilli ro‘yxatni shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarini moliyalashtirish tartibi;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarini amalga oshirilishini monitoring qilish.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarini amalga oshirishda quyidagilar belgilanadi:
vazirlik va idoralarning bank hisobraqamlarida jamg‘arilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish taqiqlanadi;
loyihalar aniq mezonlar va jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda tanlab olinadi;
loyihalarni boshqarish va texnik nazoratni ta’minlashda ixtisoslashgan buyurtmachi xizmati jalb etiladi;
loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasi va kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi;
xususiy ekspertiza tashkilotlaridan olingan xulosalar bo‘yicha pudrat shartnomalari g‘aznachilik idoralaridan ro‘yxatdan o‘tkazilishi taqiqlanadi;
dastlabki shartnoma qiymatiga nisbatan oshib ketgan qurilish obektlarini moliyalashtirish va loyiha qiymatini joriy narxlarda qayta hisoblash Vazirlar Mahkamasining «Markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobiga ro‘yobga chiqarilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda shartnomaviy joriy narxlarga o‘tish to‘g‘risida»gi hamda Vazirlar Mahkamasining «Hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obektlarini moliyalashtirishga ruxsat etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlik va idoralar uch oy muddatda o‘zlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan boshlangan, davom etayotgan va tugallanmagan qurilish-ta’mirlash loyihalari (obektlar)ni xatlovdan o‘tkazgan holda, birinchi navbatda mazkur loyihalarni belgilangan tartibda yakuniga yetkazish va foydalanishga topshirilishini ta’minlaydi, keyingi o‘rinlarda yangidan boshlanuvchi loyihalar (obektlar) bo‘yicha manzilli ro‘yxatni nizom talablari asosida shakllantirish choralarini ko‘radi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, 2027 yil 1 yanvarga qadar nizom qo‘llanishi natijalari asosida, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash loyihalarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish va yangi tahrirdagi nizomni ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.