Connect with us

Mahalliy

Bolalik xotirasiga aylanadigan mazmunli ta’til: «Dolzarb 90 kun»

Published

on


Tan olaylik yoz faslini bolalar ko‘pincha bekor qoladi yoki ekran qarshisida o‘tkazadi: telefon, televizor, planshet… Bu texnikalar bola uchun vaqtinchalik mashg‘ulot, lekin kelajagiga xizmat qilmaydi. Ayniqsa ota-ona ishda bo‘lsa, farzand ko‘pincha o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Bunday holatda «Dolzarb 90 kun» loyihasi kabi tashabbuslar farzand taqdiri uchun qanday ahamiyatga ega?

Men Jizzax viloyati G‘allaorol tumani, Qo‘ytosh qishlog‘ida 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat olib borayotgan «Dolzarb 90 kun» yozgi oromgohini kuzatib, ushbu loyiha haqidagi fikrim tubdan o‘zgardi. Chunki ushbu tashabbus e’lon qilinganida juda ko‘pchilik «yozda yana maktabmi?», deya e’tiroz bildirishgandi-da.

Ta’tilda o‘rganish va o‘sish imkoni

Bu yerda bolalar kitob o‘qish, shirinlik tayyorlash, robototexnika, tasviriy san’at, mozaika, ijodiy ishlar, musiqa va sahna harakatlari kabi mashg‘ulotlarga jalb etilgan. Har bir mashg‘ulot bolaning qiziqishi, qobiliyati va temperamentiga mos holda tashkil etiladi.

Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilnora Xatamova shunday deydi:

«Farzandingiz ta’tilda bekorchi yurmasin, uning vaqtini mazmunli o‘tkazish – maktab va ota-onaning umumiy vazifasi. Bunday mashg‘ulotlar bolalarni ijod, bilim, do‘stlik va mustaqil fikrlash sari yetaklaydi. Har bir bola – alohida dunyo. Ularga to‘g‘ri yondashish kerak. Qiyinchiliklar bo‘ldi, albatta. Lekin natijalar har qanday charchoqni unutadi. Masalan maktabda bolalar bilan birga bo‘lish mening vaqtimga ta’sir qilgani yo‘q. Chunki bu ixtiryoiy va qolaversa, ertalabdan kechgacha yurganimiz yo‘q bu yerda.

Loyiha doirasida elektron viktorinalar, STEM yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar, dizayn va shaxsiy tashabbuslarga asoslangan ijodiy mashg‘ulotlar bolalarda qiziqish uyg‘otmoqda. Bolalar nafaqat bilim olayapti, balki o‘z qobiliyatini kashf qilmoqda, do‘st orttirayapti, sahnaga chiqishga, fikr bildirishga, erkin mulohaza qilishga odatlana boshlayapti.»

Qishloq maktabi ham imkoniyatlar makoni

Qishloqdagi maktablar haqida umumiy tasavvurimiz bor, ya’ni sharoitsiz, sport zallarisiz to‘kilib tushay degan holatdagi. Ammo 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi barcha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Eng muhimi, bu yerda sadoqatli ustozlar bor. Ular bolalarning qobiliyatiga ishonadi, vaqtni ayamaydi, shijoat bilan ishlaydi.

Maktabda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bolalarning nafaqat bilim olishi, balki inson sifatida shakllanishini ham ta’minlayapti. Ular hamjihatlik, tabiatga e’tibor, o‘zaro hurmat, do‘stona muhit kabi muhim qadriyatlarni amalda o‘rganmoqda.

 90 kun unutilmas bolalik taqdim qilish imkoniyati

Loyihaga jalb etilgan bolalarning ota-onasi bilan bo‘lishgan his-tuyg‘ulari loyiha qanchalik zarur ekanini isbotlaydi. Ana, Zarifjon sport mashg‘ulotlarida bugungi natijalaridan mamnun. Parizoda raqobatlashishdan oldin «raqibi»ni o‘rganayapti. Aziza esa birinchi marta o‘z qo‘li bilan pishirgan shirinligini onasi bilan baham ko‘rmoqchi…

«Dolzarb 90 kun» – bu shunchaki maktabda o‘tayotgan oddiy vaqt emas. Bu bolaning hayotidagi ehtimol eng mazmunli, eng ta’sirli 90 kun bo‘lishi mumkin. Ehtimol yillar o‘tib shu bolajonlar yoshligini eslaganda, mana shu kunlarni ham yorug‘ xotira bilan qo‘msar

– «eslaysanmi, maktabimizda dolzarb 90 kun bo‘lardi: mazza qilib pishiriq pishirishni o‘rganardik», «esingdami Kamolga yutqazib qo‘yib yig‘laganing», «sen-chi sen yaxshi ko‘rgan kitobingni kimga bermaningni eslolmay ancha paytgacha izlaganding», «ayniqsa mashg‘ulotlar tugagach ustozimiz bilan muzqaymoq yeganlarimiz-chi, eh o‘sha kunlar, qaniydi qaytib kelsa…»

Ehtimol, bugungi kun lahzalari, bugungi o‘tkazilgan foydali va mazmunli vaqt kelajak uchun qo‘yiladigan tamal toshidir…

                                                                                                                       Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi

Published

on


Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi. 

Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.

Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi. 



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi

Published

on


Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.

Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi

Published

on


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.

Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.

«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.

Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.

Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.

Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi

Published

on


2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.

2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.