Jamiyat
Bolalarga ijtimoiy tarmoqni taqiqlash kerakmi? Foydasi va yo‘qotishlar haqida faollar bilan suhbat
Ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ta’sir doirasi ortmoqda, bu ularning hayot tarzi, xulqi va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qilmay qolmayapti. Aksariyat davlatlar internetdan foydalanishni turli shakllarda cheklash haqida allaqachon bosh qotirishga kirishgan. O‘zbekiston uchun bu masala qanchalik aktual? Bolalarni tarmoqlardan uzoqlashtirish qanchalik samara beradi, buning kutilgan foydadan tashqari salbiy oqibatlari ham bo‘lishi mumkinmi? Kun.uz ekspertlar bilan buni tahlil qildi.
Yaqindan boshlab Avstraliyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga taqiq qo‘yildi. Hukumatning taqiqi kuchga kirgach, ilk kundan 4,7 milliondan ortiq akkaunt o‘chirib qo‘yildi, olib tashlandi yoki cheklandi.
Shu kunlarda Avstraliya ortidan Buyuk Britaniya, Fransiya, Malayziya, Indoneziya hamda qo‘shni davlat Qozog‘iston ham ayni amaliyotni joriy etishni o‘ylab yuribdi.
Xo‘sh, Yevropaning demokratik hukumatlari nima sabab bunday qarorga kelishni boshladi? Taqiqni jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakmi? Uning bolalarga ta’siri qanday baholanmoqda? Kun.uz ayni savollar atrofida Kun.uz studiyasida suhbat o‘tkazdi. Unda faylasuf Xurshid Yo‘ldoshev, psixiatr Gavhar Teshaboyeva hamda pedagog Zulfiya Rashidova ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.
“Demokratik davlatda biror narsa cheklandimi, katta ehtimol bilan bu bizga yetarlicha kuchli signal” – faylasuf
Xurshid Yo‘ldoshevning dastlab tushuntirishicha, mamlakatlar xoh demokratik, xoh avtrokratik bo‘lsin, ikkisida ham chelovlar mavjud. Ammo bu cheklov qabul qilinishi turlicha.
Ya’ni avtoritarizmda bir insonning kayfiyati bilan qarorlar qabul qilinib, ertasi kuni u olib tashlansa, demokratiyada muayyan bir taqiq bir guruh odamlar bilan muhokama qilingan holda o‘rnatiladi. Faylasf tarmoqlar bilan bog‘liq cheklov o‘rnatilishi ko‘plab mutaxassislar tahlilidan o‘tgani sabab uni jiddiy qabul qilish kerakligini aytmoqda.
“Insonning erkinligi, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan haq-huquqini ma’lum darajada cheklash haqida da’vo bilan chiqsangiz, sizga juda katta, kuchli argument kerak. Uning uchun siz birinchi navbatda o‘zingizning sheriklaringiz, partiyadoshlaringizni ishontirishingiz kerak. Ketidan bu yoqda raqib, muxoliflarni ishontirishingiz, butun aholini bu narsaga ishontirishingiz kerak. Buning uchun nima kerak? Buning uchun sizda juda katta dalillar, isbotlar, argumentlar kerak.
Shuning uchun agar boshqalarga nisbatan ma’lum darajada demokratik davlatda biror narsa cheklandimi, katta ehtimol bilan bu bizga yetarlicha kuchli signal. Nimadir bo‘lyapti, nimadir bo‘layotgan bo‘lishi ehtimoli bor, degan narsa”, – deydi u.
Yo‘ldoshev har qanday cheklov uning ta’siri o‘rganilgunga qadar amalda bo‘lganini eslatarkan, ijtimoiy tarmoqlardan avvalroq Amerika internetdan yosh cheklovi bilan foydalanish tashabbusini ilgari surganini qayd etdi. Uning aytishicha, tarmoqlarga oid chuqurroq tahlillar ko‘payib qolgani sabab ayni amaliyot jiddiy o‘ylab ko‘rilmoqda.
“98-yilda Amerikada internetdan foydalanish bo‘yicha bolalarga necha yoshni belgilash muhokama bo‘lgan. U paytda sotsial tarmoqlar yo‘q edi, shunchaki internetning o‘zi bor. O‘sha paytda 16 yosh degan taklif bo‘lgan. 16 yoshni belgilaylik, chunki u yerda manipulyatsiyaga uchrashi bor, boshqasi bor, kattalarning auditoriyasi bor, bu narsalardan bolalarni asrash kerak.
Keyin har xil muhokamalar bo‘lib, uni 13 ga tushirishgan. Shundan keyin Amerikadagi boshqa tex-kompaniyalar shuni asos qilib olishgan. Hozir ham mana Google, YouTube, boshqa Facebooklarda 13 yosh belgilab qo‘yilgan. Lekin sotsial tarmoqlar bu qonun qabul qilinganidan ancha keyin paydo bo‘lishni boshladi. Qonun qabul qilinayotganda buning ta’siri hisobga olinmagan. 13 yoshda belgilangandan keyin, yangi muhokamalar endi boshlandi. 16 ga ko‘tarish kerak, 13 juda yosh.
Endi men psixolog yoki psixiatr sifatida bu narsaga munosabat bildirmayman. Lekin Jonathan Haidtning “Behalovat avlod” kitobi o‘tgan yili chiqqan, juda ko‘p shov-shuv bo‘ldi. Mana kecha ham ko‘rgan bo‘lsangiz, Fransiya prezidenti ham shu haqida yozdi.
O‘tgan yili Netflix’da “Adolescence”, ya’ni “O‘smirlik” degan serial juda mashhur bo‘lib ketdi. Hatto u serialni parlament a’zolari, hatto maktablarda ko‘rsatishdi. Keyin mana ketma-ket boshlanyapti boshqa davlatlarda ham shu narsani ko‘rib chiqish haqida, chunki rostdan ham ahamiyati, ta’siri ortgan, oqibatlari haqida jiddiy o‘ylashyapti. Shuning uchun men o‘ylaymanki, buning ham psixologik, ham uning ijtimoiy oqibati bor”, – deydi u.
“Cheklovlar kerak, lekin u oqilona bo‘lishi kerak” – psixiatr
Gavhar Teshaboyeva esa 6 – 8 yoshli bolalarda sotsial mediaga qaramlik birinchi o‘ringa chiqib qolyotgani, ularda depressiya, xavotir, qo‘rquv va suitsidal fikrlar borligi aniqlanganiga to‘xtaldi. Shu sababli Teshaboyeva cheklovga ijobiy qarashini bildirdi.
“Hozirgi bolalarda internet qaramligi yoki ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik shakllanib bo‘ldi. Biz shunchaki foydalanuvchilar haqida gapirmayapmiz, hozirgi bolalarimiz asosan qaram shaxslar. Qaramlikning bir qoidasi bor-da. Masalan, qaram shaxs — bu addikt shaxs deyiladi — u katta bo‘lganda qaramlik shaklini o‘zgartiradi, xolos. Masalan, keyinchalik narkovositalarga, turli tabletkalarga qaramlik yoki yana boshqa bir qanaqadir guruhlashish, assotsial guruhlarga qo‘shilish. Shu tomonlama demak, cheklovlar kerak, lekin u oqilona bo‘lishi kerak. Endi bunda baribir bir qancha omillar: psixologik, ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, mentalitetimizga xos bo‘lgan omillar ham hisobga olinishi kerak, deb hisoblayman”, – deydi psixiatr.
“Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham, uni taqiqlashni ham plyus-minuslari bor” – pedagog
Zulfiya Rashidova aynan ta’lim sohasida ijtimoiy tarmoqlarning ommalashishini pandemiya davri bilan bog‘laydi.
“Bolalar maktabga bormagandan keyin hamma ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali gaplashishga majbur bo‘ldik. Masalan, Zoom’da dars o‘tdik, Google Classroom’lar ochdik, Telegram’da uy vazifalari qabul qildik. Biz o‘zimiz qaysidir ma’noda bolalarni o‘rgatib qo‘ydik. Va hozirgacha har bitta sinfning, aytaylik, o‘zining Telegram guruhlari bor, to‘garaklarning Telegram guruhlari bor. Ya’ni o‘qituvchilar o‘zi manfaatdor shunaqa ijtimoiy tarmoqlardan bolalar bilan foydalanishdan.
Va shuningdek, ayni o‘sha paytda judayam ko‘p onlayn, video darslar ommalashdi. Bu bizga qaysidir ma’noda qo‘l keldi, bizga yordam berdi. Chunki masofadan turib bolani o‘qitish, uy vazifalarini qabul qilish, u bilan muloqot qilish uchun zo‘r, qulay narsa taklif qildi. Va shu asnoda hammamizning hayotimizga kirib keldi. Aytaylik, o‘sha paytda men uchun ham, masalan, Zoom’da dars o‘tish birinchi dastlabki tajriba bo‘ldi. Google Classroom ochish, aytaylik, boshida qiyin bo‘ldi va keyin judayam qulayligini tushunib qolgandan keyin biz o‘zimiz shundan foydalana boshladik. Ya’ni, birinchidan, buni qulayligini bilib qolgandan keyin endi orqaga yo‘l yo‘q.
Masalan, elektron jurnallarga o‘tdik. Hozir, masalan, ta’limda xoh tabel baholari deysizmi, attestat, diplom deysizmi, hamma narsa elektron shaklda olinadi. Ya’ni biz o‘zimiz bolaning qo‘liga telefon, kompyuter berib qo‘ydik”, – deydi u.
Rashidova ta’limni gadjet, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligiga, taqiq bo‘lsa-da, uni aylanib o‘tish holatlari uchrashini bildirdi. “Ya’ni aytmoqchi bo‘lganim, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni bolaga ruxsat berganimizning o‘ziga yarasha plyus-minuslari bo‘lgani kabi, taqiqlash ham xuddi shunaqa, o‘ziga yarasha plyus-minuslari bor. Aytaylik, bolalar o‘zining huquqlari kamsitilganini his qilishi mumkin”, – deydi u.
Suhbat davomida bu amaliyot qanchalik ish berishi mumkinligi, taqiqlash fonida qanday ta’sirlar bo‘lishi va O‘zbekistonga bu kerakmi yoki yo‘q – shular ham muhokama qilindi. To‘liq videoni yuqoridagi havoli orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport18 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat8 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport8 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
