Mahalliy
Bola o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Nega?
Yoshlar haqida gap ketganda, ko‘pincha umumiy va chiroyli iboralar ishlatiladi. Ammo hayotda-chi? Ayrim hollarda ba’zi yoshlarning xatti-harakatlari tarbiyadagi yetishmovchilikni, e’tiborsizlikni yoki atrof-muhit ta’sirini ochiq ko‘rsatib qo‘yadi. Bu holatni faqat «tarbiyasizlik» deb baholash oson, ammo masalaning mohiyati undan ancha chuqur. Chunki bolaning xulqi – uni o‘rab turgan muhitning, munosabatning va nazoratsiz qolgan jihatlarning natijasidir.
– Nodir (ismi o‘zgartirildi) hozirda sakkizinchi sinfda o‘qiydi, – deydi Parkent tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar masalasi bo‘yicha inspektor-psixolog, katta leytenant Gulchehra Mirzaxmedova. – U o‘g‘rilik sodir etgan. Mazkur holatning sabablari o‘rganilganda, bolaning ota-onasi dehqonchilik orqasida tirikchilik qilishi, u buvisining qaramog‘iga ishonib qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Dastlab Nodir buvisining erkasi bo‘lib, uning pensiya pullarini bemalol ishlatib yurgan, keyin «ehtiyojlari» ortgan. Va begona cho‘ntakka qo‘l solib, pul o‘g‘rilagan. Tashvishlisi, bolaning o‘g‘rilik qilishdan maqsadi osongina pul topish ekanligi. Vaholanki, hozir u o‘qish, o‘rganish, kelajakdagi orzulari poydevorini qo‘yish pallasida. Biroq oilaviy muhitning nosog‘lomligi, nazoratsiz qolishi, vaqtini behuda sarflashi bilan bog‘liq bir-birini to‘ldirgan vajlar sabab huquqbuzarlikka qo‘l uryapti. Hozirda Nodir jinoyat sodir etishga moyil o‘smirlar ro‘yxatida turadi. U bilan goh yakka, gohida ota-onasi ishtirokida profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan taqdim etilgan mavzuga doir raqamlarni keltirib o‘tsak. Mamlakatimiz bo‘yicha 2024-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 112 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 2 798 taga tushgan. Ya’ni, jinoyatlar soni 10,1 foizga kamaygan. Bu esa maktab, oila, mahalla va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Biroq bir nafar bolaning qonun chegarasini buzib o‘tishi ham uning kelajagiga salbiy ma’noda soya solishi mumkinligi bizni tashvishlantirishi kerak. Masalaning o‘ylab ko‘riladigan tomoni ham shunda.
– Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni o‘tgan yil misolida tahlil etadigan bo‘lsak, har ikkinchisi (1313ta) o‘g‘rilikka to‘g‘ri keladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi ilmiy xodim-tadqiqotchisi, mayor Madina Abdijalilova. – Shuningdek, 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 87 ta talonchilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qochish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik va 15 ta qotillik holatlari qayd etilgan. Shu o‘rinda yana bir xavotirli jihatni aytib o‘tishim kerak. Ushbu jinoyatlarning 12 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Bu bevosita internet yoshlar uchun imkoniyat eshiklarini ochish barobarida, kiberfiribgarlik va virtual tajovuz kabi xavf-xatarlarni ham olib kelayotganini dalillaydi.
Jamiyatda yoshlar jinoyatchiligi haqida gap ketganda, ko‘pincha oqibatga e’tibor qaratiladi. Aslida esa muammoni tushunish uchun sabablarga nazar tashlash muhim. Tahlillarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida jinoyatga olib kelayotgan omillar orasida ota-onaning tarbiyaviy namunasi omili yetakchi o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkich bola shaxsining shakllanishida oilaning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Chunki bola, eng avvalo, ota-onasining kundalik xulq-atvori, munosabati va hayot tarzidan o‘rnak oladi. Oilada qonunga hurmat, mehnatsevarlik va mas’uliyat hissi ustuvor bo‘lsa, bolada ham shu qadriyatlar shakllanadi. Aksincha, beparvolik yoki zo‘ravonlik mavjud muhitda o‘sgan bolaning salbiy xulq-atvorga moyil bo‘lishi ehtimoli oshadi.
Ha, dono xalqimiz tilidagi «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» maqoli yosh avlod tarbiyasida hayotiy asoslariga tayangan hikmatdir. Bugun voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi faqatgina ichki ishlar organlarining muammosi emas. Bolalardagi salbiy o‘zgarish avvalo ota-onani, qolaversa, maktab, mahalla va butun jamiyatni tashvishga solishi lozim. Bunda eng muhim maqsad – bolaning xatosini o‘z vaqtida to‘g‘rilash, uning xatti-harakatlarini nazoratga olish. Shuningdek, balog‘at davrining beqaror kayfiyati, qiziqqonlik va o‘zini namoyon qilish istagining kuchliligi, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi ham kutilmagan og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak.
Bolalarning savollari ko‘p. Bu savollarga ular ulg‘aygani sayin javob topib boradi. Kimning ko‘magida? Albatta, yaqinlari, ota-onasi, ustoz-murabbiylari, tengdoshlari bilan muloqotda, o‘zaro suhbatda. Demak, hamma istakning ro‘yobi maslak birligi, do‘stona tillashishda, to‘g‘ri tarbiyada.
Gulnoza Turg‘unboyeva
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Mahalliy5 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
