Mahalliy
Bola o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Nega?
Yoshlar haqida gap ketganda, ko‘pincha umumiy va chiroyli iboralar ishlatiladi. Ammo hayotda-chi? Ayrim hollarda ba’zi yoshlarning xatti-harakatlari tarbiyadagi yetishmovchilikni, e’tiborsizlikni yoki atrof-muhit ta’sirini ochiq ko‘rsatib qo‘yadi. Bu holatni faqat «tarbiyasizlik» deb baholash oson, ammo masalaning mohiyati undan ancha chuqur. Chunki bolaning xulqi – uni o‘rab turgan muhitning, munosabatning va nazoratsiz qolgan jihatlarning natijasidir.
– Nodir (ismi o‘zgartirildi) hozirda sakkizinchi sinfda o‘qiydi, – deydi Parkent tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar masalasi bo‘yicha inspektor-psixolog, katta leytenant Gulchehra Mirzaxmedova. – U o‘g‘rilik sodir etgan. Mazkur holatning sabablari o‘rganilganda, bolaning ota-onasi dehqonchilik orqasida tirikchilik qilishi, u buvisining qaramog‘iga ishonib qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Dastlab Nodir buvisining erkasi bo‘lib, uning pensiya pullarini bemalol ishlatib yurgan, keyin «ehtiyojlari» ortgan. Va begona cho‘ntakka qo‘l solib, pul o‘g‘rilagan. Tashvishlisi, bolaning o‘g‘rilik qilishdan maqsadi osongina pul topish ekanligi. Vaholanki, hozir u o‘qish, o‘rganish, kelajakdagi orzulari poydevorini qo‘yish pallasida. Biroq oilaviy muhitning nosog‘lomligi, nazoratsiz qolishi, vaqtini behuda sarflashi bilan bog‘liq bir-birini to‘ldirgan vajlar sabab huquqbuzarlikka qo‘l uryapti. Hozirda Nodir jinoyat sodir etishga moyil o‘smirlar ro‘yxatida turadi. U bilan goh yakka, gohida ota-onasi ishtirokida profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan taqdim etilgan mavzuga doir raqamlarni keltirib o‘tsak. Mamlakatimiz bo‘yicha 2024-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 112 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 2 798 taga tushgan. Ya’ni, jinoyatlar soni 10,1 foizga kamaygan. Bu esa maktab, oila, mahalla va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Biroq bir nafar bolaning qonun chegarasini buzib o‘tishi ham uning kelajagiga salbiy ma’noda soya solishi mumkinligi bizni tashvishlantirishi kerak. Masalaning o‘ylab ko‘riladigan tomoni ham shunda.
– Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni o‘tgan yil misolida tahlil etadigan bo‘lsak, har ikkinchisi (1313ta) o‘g‘rilikka to‘g‘ri keladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi ilmiy xodim-tadqiqotchisi, mayor Madina Abdijalilova. – Shuningdek, 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 87 ta talonchilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qochish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik va 15 ta qotillik holatlari qayd etilgan. Shu o‘rinda yana bir xavotirli jihatni aytib o‘tishim kerak. Ushbu jinoyatlarning 12 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Bu bevosita internet yoshlar uchun imkoniyat eshiklarini ochish barobarida, kiberfiribgarlik va virtual tajovuz kabi xavf-xatarlarni ham olib kelayotganini dalillaydi.
Jamiyatda yoshlar jinoyatchiligi haqida gap ketganda, ko‘pincha oqibatga e’tibor qaratiladi. Aslida esa muammoni tushunish uchun sabablarga nazar tashlash muhim. Tahlillarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida jinoyatga olib kelayotgan omillar orasida ota-onaning tarbiyaviy namunasi omili yetakchi o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkich bola shaxsining shakllanishida oilaning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Chunki bola, eng avvalo, ota-onasining kundalik xulq-atvori, munosabati va hayot tarzidan o‘rnak oladi. Oilada qonunga hurmat, mehnatsevarlik va mas’uliyat hissi ustuvor bo‘lsa, bolada ham shu qadriyatlar shakllanadi. Aksincha, beparvolik yoki zo‘ravonlik mavjud muhitda o‘sgan bolaning salbiy xulq-atvorga moyil bo‘lishi ehtimoli oshadi.
Ha, dono xalqimiz tilidagi «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» maqoli yosh avlod tarbiyasida hayotiy asoslariga tayangan hikmatdir. Bugun voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi faqatgina ichki ishlar organlarining muammosi emas. Bolalardagi salbiy o‘zgarish avvalo ota-onani, qolaversa, maktab, mahalla va butun jamiyatni tashvishga solishi lozim. Bunda eng muhim maqsad – bolaning xatosini o‘z vaqtida to‘g‘rilash, uning xatti-harakatlarini nazoratga olish. Shuningdek, balog‘at davrining beqaror kayfiyati, qiziqqonlik va o‘zini namoyon qilish istagining kuchliligi, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi ham kutilmagan og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak.
Bolalarning savollari ko‘p. Bu savollarga ular ulg‘aygani sayin javob topib boradi. Kimning ko‘magida? Albatta, yaqinlari, ota-onasi, ustoz-murabbiylari, tengdoshlari bilan muloqotda, o‘zaro suhbatda. Demak, hamma istakning ro‘yobi maslak birligi, do‘stona tillashishda, to‘g‘ri tarbiyada.
Gulnoza Turg‘unboyeva
Mahalliy
Talaba qizlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi
Prezident farmonga ko‘ra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan:
kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
2026 yil 1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
Mahalliy
Ayrim toifa yoshlar va pedagoglarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi – Hukumat qarori
Joriy yil 2-martdagi Hukumatning 88-son qarori bilan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga ta’lim kreditini ajratish tartibiga doir nizom tasdiqlandi.
Nizom Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan imtiyozli ta’lim kreditini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim krediti quyida talablarga javob beradigan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda bo‘lgan) va pedagoglarga ajratiladi:
QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) bo‘yicha TOP-300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan;
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida ta’lim olishlari uchun ajratiladi.
Kredit 1 o‘quv yili uchun 20 ming AQSh dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);
akademik o‘zlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha shartnoma hamda oliy ta’lim tashkilotining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoys;
birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari yuzasidan ma’lumot;
mehnat daftarchasidan ko‘chirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).
Ta’lim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
Mahalliy
Bugun Xalqaro yozuvchilar kuni: bizda nishonlanadimi?
Yurtimizda barcha kasb egalarining bayramlari – o‘qituvchilar, jurnalistlar, quruvchilar, shifokorlar mehnati ulug‘lanadigan kunlar bor. Masalan, uzoqqa bormaylik 1 aprel hazil kuni ham keng nishonlanadi: turli tadbirlar, televideniyeda kulguga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, qiziqchilar bilan uchrashuvlar… Lekin 3 mart kuni ana shu barcha kasb egalari haqida kitob yozadigan, zamonni qog‘ozga muhrlaydigan, tarixni jimgina hujjatga aylantiradigan so‘z zargarlari kuni ekanini bilasizmi?
So‘z umid, tasalli beradi, tarixni muhrlaydi, kerak bo‘lsa tarbiya, jazo ham bo‘ladi. Asrlar davomida yozuvchilar va shoirlar o‘z davrining og‘rig‘ini, quvonchini, savollarini qog‘ozga tushirgan. Shu bois biz bugun antik mutafakkirlarning qo‘lyozmalarini o‘qiy olamiz, o‘tmishga sayohat qilamiz, o‘tgan asrning nafasini his etamiz.
Bu bayramning tarixi ham so‘z erkinligi bilan bog‘liq. XX asr boshlarida ingliz yozuvchisi Ketrin Douson adabiyot va jurnalistikada haqiqatni himoya qiladigan xalqaro klub tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Shu tariqa PEN klubi tashkil etildi – nomi inglizcha poets (shoirlar), essayists (essenavislar), novelists (romannavislar) so‘zlarining bosh harflaridan olingan. 1921-yildan boshlab klubga Jon Golsuorsi rahbarlik qildi. Oradan 65 yil o‘tib, 1986-yil Nyu-Yorkda o‘tkazilgan tashkilotning 48-xalqaro kongressida 3 mart sanasi «Butunjahon yozuvchilar kuni» deb e’lon qilindi.
PEN klub – xalqaro yozuvchilar birlashmasi bo‘lib, uning Xartiyasida qayd etilganidek, u «har bir mamlakat ichida va barcha davlatlar o‘rtasida axborot erkinligi tamoyillarini himoya qiladi». A’zolar o‘zlari mansub bo‘lgan jamiyatlarda va imkoni boricha butun dunyoda so‘z erkinligini bostirishning har qanday shakliga qarshi chiqish majburiyatini oladi.
PEN klub tinchlik davrida senzuraning ixtiyoriy va asossiz qo‘llanilishiga qarshi turadi, matbuot erkinligini himoya qiladi. Tashkilot fikricha, insoniyatning siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuksakroq tizimlarga intilishi erkin tanqidsiz amalga oshmaydi. Hukumat, boshqaruv organlari va siyosiy institutlarni erkin tanqid qilish taraqqiyot shartlaridan biri.
Shu bilan birga, erkinlik o‘z-o‘zini tiyishni ham talab qiladi. Shu sabab PEN klub a’zolari erkin matbuotning salbiy jihatlari – yolg‘on axborot, ataylab soxtalashtirish, faktlarni buzib ko‘rsatish yoki ularni siyosiy, guruhiy yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida biryoqlama talqin qilishga qarshi chiqishni o‘z zimmasiga oladi. Qarang, yozuvchilarning ishi faqat kitob yozish emas, balki taraqqiyot uchun o‘z so‘zi, aralashuvi bilan hissa qo‘shish ham ekan. Endilikda 100 dan ortiq mamlakatda 130 dan ortiq PEN markazlari faoliyat yuritadi. Butunjahon yozuvchilar kuni ko‘plab mamlakatlarda nishonlanadi. Ko‘pincha bu sanaga turli adabiy mukofotlarni topshirish marosimlari, mashhur adabiyot namoyandalarini taqdirlash, ommaviy mutolaalar, ijodiy uchrashuvlar, yangi kitoblar taqdimoti va boshlovchi yozuvchilar uchun mahorat darslari bag‘ishlanadi. Shuningdek, muallif va publitsistlar yig‘ini, seminarlar o‘tkazilib, yozuvchilik mehnati va adabiyotning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
Masalan, uzoqqa bormaylik Rossiyada bu kun nisbatan yaqin yillardan beri nishonlanib kelinadi va u ko‘proq kasbiy bayram sifatida qabul qilinadi. Odatda sana tantanali va mazmunli tadbirlar bilan o‘tadi. Adabiy kechalar, konsertlar, seminarlar, anjumanlar, yozuvchi va publitsistlar yig‘ini tashkil etiladi. So‘z ustalari bir joyga jam bo‘lib, faqat tabrik eshitish bilan cheklanmaydi – adabiyotning buguni va ertasi haqida jiddiy suhbatlar qiladi.
An’anaga ko‘ra, shu kunda turli mukofot va adabiy sovrinlar topshiriladi. Konferensiyalarda yangi adabiy yo‘nalishlar muhokama etiladi, asarlarning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinadi. Ijodiy ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazilib, muayyan yo‘nalishda eng yaxshi deb topilgan mualliflar e’tirof etiladi.
Yozuvchilar kitobxonlar bilan uchrashadi, tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, yangi nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ommaviy axborot vositalarida adabiyotga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi. Maktablarda ochiq darslar tashkil etiladi, muzeylarda adabiy ko‘rgazmalar va taqdimotlar o‘tkaziladi.
Xo‘sh, bu kun bizda qanday nishonlanadi? Ochig‘ini aytsam, deyarli bu kunning nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni izlab topa olmadim. Boshqa mamlakatlardagidek, bugun kutubxonalarda, maktablarda har xil tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmas ekan.
2023-yil noyabrida Kvanjuda o‘tgan koreys tilli ijodkorlarning 9-xalqaro kongressiga taklif etilgan, dunyoning 70 davlatidan 500 nafar adib jamlangan yig‘inda o‘zbek adabiyoti haqida ma’ruza qilgan yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iqtidorli jurnalist va yozuvchi Fozil Farhodning aytishicha, Koreyada PEN markazi faoliyati juda kuchli. Adiblar birlashgan, xalqaro aloqalar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Nobelga nomzod ko‘rsatish jarayonlarida ham shu markazlar faol ishtirok etadi.
– Koreyadagi olti kunlik tajriba shuni ko‘rsatdiki, adabiyotni yuzaga chiqaruvchi jarayon turli mukofotlar emas, balki uning atrofida birlashgan muhitdir, – deydi u bugungi kun haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan. – Bizda esa PEN markazi yo‘q, shu bois Butunjahon yozuvchilar kuni deyarli nishonlanmaydi. Balki bir-ikki xabar tarqalar, xolos. Bugun ham katta bayram emas, Yozuvchilar uyushmasida she’riyat kengashining yillik hisobot yig‘ilishini o‘tkazayapmiz. Agar xalqaro maydonga chiqishni istasak, avvalo shu yo‘llarni ochishimiz kerak. Yurtimizda Nobelga munosib adiblar bor, deb o‘ylayman. Lekin ularni dunyoga olib chiqadigan ko‘priklar kerak. Koreyada 500 nafar ijodkorni bir joyga jamlash oddiy ish emas. Bu adabiyotga munosabat. Bizda esa 3 mart sanasi deyarli nishonlanmaydi…
Darhaqiqat, keling, o‘sha ko‘priklarni bugundan, o‘zimizdan boshlab quraylik. Biz bugundan yozuvchilar kunini nishonlashni boshlashimiz, 3 mart kuni kimni va qanday tabriklash kerakligi haqida o‘ylashimiz mumkin. Buni bizga hech kim taqiqlamaydi. 3 mart sanasini an’anaviy ravishda nishonlashni boshlash orqali biz nafaqat adabiyotga, balki o‘zligimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiramiz. Balki bugungi kichik tabriklarimiz, e’tiborimiz va sovg‘alarimiz kelajakda yurtimizda yangi adabiy muhitning shakllanishiga, xalqaro PEN markazlarining ochilishiga va o‘zbek ijodkorlarining dunyo minbarlarida baralla so‘z aytishiga turtki bo‘lar.
Yozuvchi deganda faqat kitoblari minglab nusxada chop etilgan mashhur adibni tushunish shart emas. Qalam tutgan, so‘z bilan ishlaydigan har qanday inson – yangi boshlagan muallif ham, she’r yozayotgan talaba ham o‘zini bu bayramga daxldor deb his qilishi mumkin.
So‘z ixlosmandlarini tabriklashning eng chiroyli yo‘li, balki ularga bag‘ishlab she’r yozishdir, balki klassik yo‘l kitob sovg‘a qilish ham mumkin. Kitob barcha zamonlarning eng munosib tuhfasi.
Butunjahon yozuvchilar kunini nishonlash uchun qimmatbaho restoran yoki rasmiy minbarlar ham shart emas. Ba’zan ijodkor uchun eng katta sovg‘a uning mehnati qadrlanishini his qilishdir. Agar siz ijod ahliga yaqin bo‘lsangiz, quyidagi kichik, ammo ma’noli qadamlarni tashlashingiz, ya’ni sevimli muallifingizning asaridan bir parchani ijtimoiy tarmoqlarda ulashishingiz va uni belgilab tashakkur aytishingiz mumkin.
Agar biror tanishingiz ijod bilan shug‘ullansa, unga shovqindan xoli, shinamgina qahvaxonada bir soatlik «ijodiy tanaffus» sovg‘a qiling.
Yangi boshlagan yosh qalamkashning ilk mashqlarini tinglang. Tanqid emas, «Senda iste’dod bor, to‘xtama!» degan bir og‘iz so‘z ba’zan eng katta mukofotdan ham kuchliroq ta’sir qiladi.
Butunjahon yozuvchilar kuni nafaqat mashhur adiblarni, balki qo‘liga qalam tutib, dunyoni yaxshiroq qilishga intilayotgan har bir insonni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatdir. Biz bugun 3 martni bayram sifatida qabul qilsak, ertaga jamiyatimizda So‘zning qadri baland bo‘ladi.
Barno Sultonova
Mahalliy
25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?
XXI-asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?
Avvalo kitoblarning shakli o‘zgardi — elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxonaga qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning elektron ko‘rinishi yaratildi. Elektron qurilmalar mutolaani juda osonlashtirib yubordi. Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.
Muallifga erkinlik berildi. Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, ijodini ommaga olib chiqa boshladilar. Yozuvchiyu shoirlar nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.
Kitob terapiya yo‘lga qo‘yildi. Kitob “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi. Mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar.
Multimediali kitoblar ommalashdi. XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.
Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan: Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.
Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o‘yinlar ichida kechadigan asarlar), iqlim o‘zgarishi haqidagi asarlar, muxlislar yozgan asarlar kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.
Yirik asarlar qisqartirildi va yangi mutolaa turlari paydo bo‘ldi. Chunki yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi. Zamonaviy mualliflar 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yozishmoqda.
Shuningdek, tez o‘qishning yangi yo‘llari kashf etildi. Shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatayapti.
Yevropa kutubxonalaridagi “tirik” kitoblar paydo bo‘ldi. Masalan Daniyadagi kutubxonalardan biri “tirik kitoblar”dan iborat. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.
Eng mashhur elektron kitob do‘koni Amazon o‘z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, XXI boshida ommalashdi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.
2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy Books elektron kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.
Birinchi internet bloglar 1990 yillarda tor doirada yaratilgan edi, XXI-asrning boshlarida esa faollasha boshladi. 2004 yilda Facebook, 2010 yilda Instagram, 2013-yilda yesa Telegram platformalari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar ko‘paydi.
Sun’iy intellekt XXI-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi o‘zgardi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan: SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.
Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.
Temur Tangriberganov
Mahalliy
Ayrim hududlar aholisiga bog‘cha puli kamaytirib beriladi
“Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan ma’muriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘loviga 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari) xizmatlari bo‘yicha mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga 2027 yil 1 yanvardan 2040 yil 1 yanvarga qadar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan tijorat banklarining balansida bo‘lgan mol-mulk ob’yektlari bozor narxida qayta baholanib, 10 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri realizatsiya qilinadi;
realizatsiya qilingan mol-mulk ob’yektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 6 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar beriladi.
-
Jamiyat5 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Jamiyat5 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Iqtisodiyot3 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Jamiyat5 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Siyosat3 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
-
Iqtisodiyot3 days agoTaxiatosh IES davlat ixtiyoriga qaytariladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
