Mahalliy

Bola kitob orqali o‘z savoliga nom topadi

Published

on


Bugun Xalqaro bolalar kitoblari kuni. Bir qarashda oddiy sana, ammo aslida u juda katta va chuqur ma’noni o‘z ichiga oladi. Chunki bola uchun kitob shunchaki harflar yoki rang-barang suratlar to‘plami emas, u birinchi do‘st, birinchi ustoz va eng birinchi orzudir.

Aynan mana shu orzular olami bolaning ichki dunyosi bilan tashqi olam o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Bola har doim ham o‘z kechinmalarini so‘z bilan ifodalay olmaydi: u «men xafaman» yoki «menga e’tibor yetishmayapti» deb aytolmaydi. U ba’zan jim qoladi, ba’zan injiqlashadi, ba’zan esa hech qanday sababsiz yig‘laydi, xafa bo‘ladi, xayol surib yuradi. Kattalar buni shunchaki injiqlik yoki o‘tkinchi kayfiyat deb qabul qilishi mumkin. Ammo aslida bola javob topolmayotganidan emas, u hatto o‘z savolini ham nomlay olmayotganidan qiynaladi.

Shu yerda kitob yordamga keladi. U bolaga nafaqat yangi dunyolarni ochadi, balki o‘z tuyg‘ularini tanish va tushunish uchun imkon beradi. Bola kitobdagi hikoya orqali ichidagi tushunarsiz hissiyotga birinchi marta nom beradi. Qahramon qo‘rqsa u ham qo‘rqqanini anglaydi, yolg‘iz qolsa u o‘z yolg‘izligini tan oladi. Va eng muhimi bir haqiqatni sezadi: bu holatda u yolg‘iz emas, u kabi qo‘rqayotgan yoki xafa bo‘layotgan yana boshqa bolalar ham bor.

Bolalar psixologiyasini o‘rganadigan tadqiqotchilar bu jarayonni tasodif deb hisoblamaydi. Masalan, «Bibliotherapy and Possibilities of Intervention in Problems of Child Psychopathology» maqolasida ta’kidlanishicha, bolalar qiyin hissiyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki badiiy qahramonlar orqali xavfsizroq qabul qiladi. Ya’ni ular o‘z dardini aytishdan oldin, uni hikoya ichida «ko‘rishni» afzal biladi.

Amerikalik tadqiqotchi Rudin Sims Bishop o‘zining mashhur «Oyna, deraza va suriladigan shisha eshiklar» («Mirrors, Windows, and Sliding Glass Doors») konsepsiyasida kitobning bola hayotidagi o‘rnini juda aniq ta’riflab beradi:  «Kitoblar bolalar uchun ba’zan deraza, ba’zan esa oynadir».

Mutaxassis ta’kidlaganidek, deraza orqali bola boshqalarning hayotini ko‘radi, ularning dardi, qo‘rquvi, tanlovlari bilan tanishadi. Ammo kitob oynaga aylangan payt — eng hal qiluvchi on. Chunki aynan shu paytda bola hikoyada o‘zini ko‘radi, aynan shu «o‘zini tanish» lahzasi bolaning ichki dunyosini tartibga solishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki bola o‘zini boshqalarda ko‘rgandagina, o‘z holatini qabul qila boshlaydi. U endi shunchaki qo‘rquv yoki xafalik ichida emas, u buni ko‘rgan, tanishgan, demak, tushunishga yaqinlashgan.  

Bola kitobni yopib «bu men haqimda» demaydi, u shunchaki to‘xtab qoladi, qahramonning holati unga tanish tuyuladi. Nega tanishligini u bilmasa-da, ichida bir tuyg‘u «qimirlaydi». Shu qimirlash — nomsiz hissiyotning ilk shaklga kirishidir.

Shu ma’noda kitob bolaga muhim narsani beradi: «sendagi bu tuyg‘u bor va u tushunarli» degan ichki tasdiqni. Va ba’zan insonga aynan shu tasdiq izlagan javobdan ham kerakliroq bo‘ladi. Bishop shu nuqtaga alohida to‘xtaladi: «Agar bola kitoblarda o‘zini topa olmasa, u o‘zini jamiyatda ham ko‘rinmas, deb his qila boshlaydi. Aksincha, agar u o‘zini qahramonlar orqali ko‘ra olsa, bu unga ichki tasdiq beradi — «men bor, mening hislarim muhim».

Masalan, Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichik shahzoda» asarini olaylik. Bu kitobni ko‘pchilik ertak deb o‘qiydi, lekin bolalar uni boshqacha his qiladi. Kichik shahzodaning yolg‘izligi, uning atrofdagilarni tushunmasligi, kattalar dunyosidan hayratlanishi — bular bolaga juda tanish holatlar. Bola bu asarni o‘qib, «men ham shundayman», deb aytmaydi, u Kichik shahzoda orqali o‘zining tushuntirib bo‘lmaydigan hissini ko‘radi. U yolg‘izlikka nom topadi, u tushunmaslik og‘rig‘ini anglay boshlaydi va eng muhimi, u bu holatdan uyalib yashirish shart emasligini his qiladi.

Joan Roulingning «Garri Potter» asari esa boshqacha tuyg‘uni ochadi — qo‘rquv va qabul qilinmaslik hissini. Garrining o‘zini ortiqcha, keraksizdek his qilishi, keyin esa o‘z o‘rnini topishi bolaga muhim bir signal beradi: sen hozir tushunilmayotgan bo‘lsang ham, bu abadiy emas.

Roald Dalning «Matilda»sida esa bola adolatsizlikka qarshi ichki qarshilikni ko‘radi. Kattalar tomonidan tushunilmaslik, hatto haqsizlikka uchrash, bola uchun og‘ir holat. Lekin Matilda orqali u shuni anglaydi: bu holatni his qilish tabiiy va unga qarshi turish ham mumkin.

Shuning uchun bolaga kitob berish uni shunchaki band qilish emas, balki uning ichida javobsiz yurgan, hatto nomsiz qolgan tuyg‘ulariga ism qo‘yib berish demakdir.

Xulosa qilib aytganda, bolalar adabiyoti shunchaki ertaklar to‘plami emas, balki bolaning dunyoqarashi shakllanadigan ilk ijtimoiy maydondir. Agar kitob sahifalarida bola o‘zini, o‘z tashvishlari va quvonchlarini uchratsa, unda nafaqat mutolaaga mehr, balki o‘ziga bo‘lgan ishonch uyg‘onadi. Bishop ta’kidlaganidek, bola kitobda o‘z aksini ko‘rishi — bu uning jamiyatdagi o‘rni borligiga berilgan ilk va eng muhim ishonchdir. Demak, biz bolalarga taqdim etayotgan har bir kitob ular uchun ham olamga ochilgan deraza, ham o‘zligini anglatadigan tiniq ko‘zgu bo‘lishi shart.

Barno Sultonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version