Jamiyat
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
– shaxslarning genetik ma’lumotlari;
– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.