Sport

Bokschi o‘n yillar oldin qo‘lga kiritgan medalini o‘zini adolatli tarzda mag‘lub etgan raqibiga qaytardi

Published

on


Janubiy koreyalik bokschi Pak Si Xun 1988 yilda o‘tkazilgan Seul olimpiadasi finalida amerikalik Roy Jonsni hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub etdi. Jangni tomosha qilganlarning aksariyati Jonsning g‘alabasiga amin edi, biroq, oltin medal mezbonlar vakiliga topshirildi. Pak qariyb 40 yil davomida vijdon azobida yashadi, ammo tarixiy adolatsizlikka barham berishga qaror qildi.

Boks bo‘yicha Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritganiga 37 yil bo‘lgan janubiy koreyalik sportchi Pak Si Xun hali ham o‘zini aybdor his qilayotgan edi. U 1988 yilda mag‘lub bo‘lganini bilardi, ammo Seuldagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida mahalliy tomoshabinlar oldida amerikalik Roy Jons ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozongani uchun oltin medal bilan taqdirlandi.

Aksariyat tomoshabinlar Roy Jonsning bahsda ustunlik qilganiga amin bo‘ldi. Jons hatto Olimpiya o‘yinlarining eng yaxshi bokschisiga beriladigan Vel Barker kubogini ham qo‘lga kiritdi. Biroq oltin medal boshqa birovga nasib etdi.

Yillar davomida sudyalarning poraxo‘rligi haqida mish-mishlar tarqaldi. 1996 yilda Sharqiy Germaniyaning «Shtazi» maxsus xizmati ba’zi hakamlarga janubiy koreyalik bokschilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun pul to‘lagani haqidagi hujjatlar topildi. Ko‘pchilikning fikricha, sharqiy nemislar buni medallar soni bo‘yicha AQShni ortda qoldirish uchun qilgan. Biroq, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tekshiruv o‘tkazib, poraxo‘rlik sxemasi mavjudligi haqida sezilarli dalillarni topmadi. Oltin medal Pakda qoldi, lekin aybdorlik hissi yo‘qolmadi.

Pak Olimpiada o‘yinlaridan ko‘p o‘tmay boksni tark etdi va oltin medal bilan o‘tkazgan hayotini dahshatli tush deb atadi.

Bu orada Jons boks tarixidagi eng yaxshi jangchilardan biriga aylandi, ehtimol u Olimpiya o‘yinlaridagi umidsizlikdan o‘zining ajoyib kariyerasi uchun turtki sifatida foydalangan bo‘lishi mumkin. Natijada u to‘rtta vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi va 47 ta nokaut bilan jami 66 ta g‘alabaga erishdi. Ammo undan qochib ketgandek tuyulgan yagona g‘alaba 1988 yilgi oltin medal edi.

Nihoyat, oradan yillar o‘tib, ikki bokschi yana uchrashdi. Pak vijdon xotirjamligiga erishishga qaror qildi va sobiq Olimpiya o‘yinlaridagi raqibiga syurpriz qilish uchun Jonsning qadron shahri Pensakolaga yo‘l oldi.

Shu kuni Jons sport zaliga oddiy intervyu uchun ketyapman deb o‘ylagandi. Buning o‘rniga Pak unga qariyb 40 yil davomida rad etilgan medalni topshirish uchun sport zaliga bordi. Pak o‘g‘li orqali murojaat qildi: «Menda oltin medal bor edi, lekin men uni senga qaytarmoqchiman, u senga tegishli».

– Voy, bu aqldan ozish-ku, dedi Jons ko‘zlariga quyilib kelgan yoshni zo‘rg‘a tiyib.

Pakning xatti-harakatlari haqidagi xabarlar dastlab shu oyning boshida Jonsning YouTube sahifasida paydo bo‘ldi va uning bu xayrli ishi butun dunyo sport muxlislarining e’tiborini tortdi.

Ta’kidlanishicha, bu sinovlarning barchasini hujjatli yoki badiiy filmga aylantirish bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda. Bu ijobiy hikoyada ilhom va saboqlar juda ko‘p, shuning uchun uni baham ko‘rish kerak. Va, albatta, o‘z aybini yuvish uchun hech qachon kech emas.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version