Connect with us

Jamiyat

Bojxona qo‘mitasi pul evaziga mashinalarni Tojikistonga o‘tkazib bergan shaxslarni fosh qildi

Published

on


8 nafar shaxs jami 59 ta mashinani haydab, chegara bojxona postlari orqali Tojikistonga o‘tkazib bergan. Ular bu xizmati evaziga har bir mashina uchun 100-200 AQSh dollari olgan. Mazkur mashinalarning barchasi Tojikistonga olib o‘tilib, noqonuniy tarzda sotib yuborilgan. Kun.uz ayni shu jinoiy sxema bo‘yicha bir nechta surishtiruv e’lon qilgandi. 

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan mashinalarni Tojikistonga olib o‘tish va noqonuniy sotib yuborish holati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar fosh etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1982 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan fuqaro 9 dona, 1991 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan fuqaro 10 dona, 1998 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan shaxs 5 dona, 1975 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan fuqaro 10 dona, 2001 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan shaxs 2 dona, 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan fuqaro 6 dona, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro 5 dona hamda 1986 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan shaxs 12 dona O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan mashinani chegara bojxona postlari orqali olib chiqib ketgan. Mashinalar “Oybek”, “Xovosobod”, “Andarxon” va “Pop” chegara bojxona postlari orqali olib chiqib ketilgan. Ularning barchasi BYD, Volkswagen, Kaiyi X3, Honda, Geometry, Faw ID4 rusumidagi mashinalar bo‘lgan.

Shu tariqa, 8 nafar shaxs jami 59 ta mashinaning har biri uchun 100-200 AQSh dollari haq olgan holda Tojikistonga o‘tkazib berishgan. Aniqlanishicha, mazkur avtotransport vositalarining barchasi Tojikistonda noqonuniy tarzda sotib yuborilgan.

“Fursatdan foydalanib, shaxsiy avtotransport vositalarini boshqa shaxslarga ishonchnoma orqali berishda yurtdoshlarimizni yana bir bor hushyorlikka chaqiramiz.

Agar ishonchnoma asosida berilgan avtotransport vositasini qaytarib olishda muammolarga duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki avtomashina O‘zbekistondan olib chiqib ketilgani yuzasidan shubha va gumonlaringiz bo‘lsa, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov organiga topshirilgan. 

Kun.uz o‘tgan yilning oxirida Abdulla Abdurasulov ismli shaxs ko‘plab odamlarning mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan olib, Qozog‘istonga o‘tkazib sotib yuborgani haqida ikki qismli surishtiruv e’lon qilgandi. Abdulla Abdurasulov mashinalarni chegara bojxona postlaridan  olib o‘tganini “tamojnidagilar soqqasini bersa o‘tkazaverishi” bilan izohlagan. Biroq Bojxona qo‘mitasi yuzlab mashinalar “Yallama” postidan g‘ayriqonuniy olib o‘tilishida “xodimlarning aralashgani holati aniqlanmagani”ni bildirgandi.

“Abdulla Abdurasulov ishi”dan yarim yil o‘tib, shu kabi holat yana kuzatildi. Bu safar avtomobillar Qozog‘istonga emas, Tojikistonga olib o‘tib, sotib yuborilgan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Namanganda sof oltin, Toshkentda kumush savdosi to‘xtatildi

Published

on


Namangan viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qonuniga xilof ravishda quyma oltin va kumush savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda noqonuniy qimmatbaho metall savdosi holatlari fosh etildi.

Xususan, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.N. va M.M. bir dona sof quyma oltinni fuqaro G.R.ga 8 500 AQSh dollari va 420 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur quyma 88,97 gramm og‘irlikda bo‘lib, uning tarkibida 99,5 foiz sof oltin mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar S.M., F.M. va boshqalar jami 11 dona bo‘lakdan iborat, umumiy og‘irligi 11,5 kilogramm bo‘lgan kumushni fuqaro M.S.ga 35 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Navoiyda narkokurer «zanjiri» fosh etildi

Published

on


Navoiy viloyati IIB axborot xizmati guruhi rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, narkokurerlar bot «xizmati» orqali bir-birini topishgan. Va bot xizmati ular uchun zaharli tarmoq vazifasini o‘tagan.

Ta’kidlanishicha, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor profilaktik tadbirlari davomida oddiy «telegram bot» niqobi ostida ishlayotgan, aslida esa yoshlarni zaharli girdobga tortayotgan narkokurerlar tarmog‘i fosh etilgan. Tezkor tadbir davomida 26 yoshli, muqaddam sudlanmagan fuqaro Sh.T. 1,80 gramm gashishni 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Bir qarashda «mayda savdo»dek ko‘ringan holat ortidan katta va xavfli jinoiy guruh faoliyati ochilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sh.T. giyohvandlik moddalarini boshqa bir ikki nafar navoiylik bo‘lgan 25 yoshli R.J. hamda 26 yoshli E.D.lardan olgan. Ularning yonidan 8 ta ampulada gashish moyi va 6 grammga yaqin gashish moddasi aniqlangan.

Bu shaxslar mijozlar bilan yuzma-yuz uchrashishmagan. Barcha jarayon «telegram bot» orqali boshqarilgan: buyurtma, to‘lov, yetkazib berish kabi xizmatlarning hammasi raqamli tarzda. Ular, go‘yoki, «ta’minotchi» sifatida faoliyat yuritib, aslida, giyohvandlik moddalarini yashirin lokatsiyalarga joylashtirib borishgan. Ya’ni, mijozlar bir-biri bilan ko‘rishmagan holatda «mahsulot»ni daraxt osti yoxud turli xiyobonlardagi xilvat joylarga ko‘mib, suratga tushirib, rasm va lokatsiyani «hamkorlar»ga jo‘natib qo‘yish orqali tarqatishgan.

Yanada xavflisi, guruh a’zolaridan biri F.T. maxsus bot orqali «onlayn o‘quv kurslari»ni ham o‘tab, giyohvand moddalarini qayta ishlashni ham o‘rgangan va o‘z uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan. Tadbir davomida F.T.ning xonadonidan 1 kg 477 gramm gashish moddalari, 34 dona qadoqlangan mahsulot, shuningdek, vositalarni tayyorlash va qadoqlash uskunalari ham topilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruh 1000 dan ortiq lokatsiyaga giyohvandlik moddalarini joylashtirgan. Ular yana 2,5 kg gashishni tarqatishni rejalashtirgan bo‘lib, uning «bozor qiymati» 1 milliard 220 million so‘mga teng ekanini ham aytishgan.

«Holat o‘rtaga jiddiy savollarni qo‘yadi. Yoshlar oson daromad topish ilinjiga tushib qolishgan. Buning uchun daromadning qaysi yo‘l bilan kelishi ularni, deyarli, qiziqtirmay qo‘ygan. Eng qizig‘i, zamonaviy raqamli platformalar orqali narkosistemani boshqarishmoqda. Ushbu jinoyat ortida «texnologiya» emas, inson fojeasi, bir necha gramm modda ortidan yuzlab yoshlarning izdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan hayoti yotgani achinarli. Yoshlarimiz «Bot xizmati» deb atalgan turli tizimlar ortida, aslida, zahar tarqatishning yangi, niqoblangan shakli yotganini unutmasliklari kerak»,-deydi Fayozjon Qosimov.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sirdaryolik yigit 2 mlrd so‘mlik kibero‘g‘rilikda ushlandi

Published

on


Sirdaryo viloyatida yashovchi yigit Telegram orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturi yordamida 200 dan ortiq fuqaroning bank kartalaridan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy yechib olgani aniqlandi.

Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Sirdaryo viloyatida yashovchi shaxs tomonidan sodir etilgan yirik miqyosdagi kiberjinoyat fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjeri orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturidan foydalanib, fuqarolarning mobil qurilmalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng u ularning bank kartalariga ulangan ma’lumotlardan foydalanib, pul mablag‘larini noqonuniy ravishda yechib olgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu usul orqali 200 dan ortiq fuqaro jabrlangan bo‘lib, ularga yetkazilgan moddiy zarar 2 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Tekshiruvlar davomida gumonlanuvchi jami 121 ta kiberjinoyat sodir etgani aniqlangan. Hozirda u protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum manbalardan yuborilgan havolalar va dasturlarni yuklab olmaslikka, shaxsiy va bank ma’lumotlarini himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi Toshkentda ulkan musiqali favvora quriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, ko‘ngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar shaharlar qiyofasini boyitish, aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma bo‘ladi.

Favvora radiusi 185 metr bo‘lgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir bo‘ladi.

Shuningdek, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan. Nasos, elektr, lazerli proyeksiya va boshqa texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.

Suv havzasi atrofida yashil hududlar hamda xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu majmua Yangi Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi, shaharning me’moriy qiyofasini boyitishi va turli madaniy tadbirlar, bayram hamda festivallar uchun yana bir zamonaviy maskan bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihaning mazmun-mohiyati, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish zarurligi qayd etildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq mahallalar tashkil etiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.

Ma’lumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma ob’yektlari quriladi.

Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.