Iqtisodiyot
Biznes uchun yagona QR-kod ishga tushadi. Majburiy komissiya
1 iyuldan boshlab biznesning yagona UzQR tizimidan foydalanishi majburiy bo‘ladi. Bunda sotuvchidan undiriladigan komissiya 0,65 foiz etib belgilandi. Ayrim hollarda xaridordan ham tranzaksiya summasining 1 foizigacha pul ushlab qolinyapti. Markaziy bankka ko‘ra, iste’molchilardan undirilayotgan yig‘im tizim tarifining bir qismi emas, tegishli ishtirokchilarning shaxsiy tashabbusi hisoblanadi. Ushbu holatlarni tartibga solish bo‘yicha ish olib borilyapti.
2025 yil dekabr oyida yagona QR-kodlarni joriy etishni nazarda tutuvchi prezident farmoni imzolangandi. Unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi barcha yuridik shaxslar faoliyatiga yagona QR-kodlarni joriy etish boshlandi va 1 iyuldan boshlab undan foydalanish majburiy talabga aylanadi. Ya’ni yuridik shaxslar o‘z mijozlariga nafaqat naqd yoki terminal orqali, balki yagona QR-kod orqali ham to‘lov qilish imkoniyatini yaratishi shart bo‘ladi. Bu qoidani buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
UzQR kodning asosiy xususiyati — iste’molchi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda to‘lovni amalga oshirishi. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari bir necha xil QR-kod va to‘lov yechimlarini saqlab turish zaruratidan ozod bo‘ladi.
Komissiya to‘lovi — 0,65 foiz
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, UzQR uchun sotuvchidan tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya undiriladi. Ushbu komissiya quyidagicha taqsimlanadi:
Ekvayer bank (QR-kodni merchantga o‘rnatib bergan bank) — 0,10 foiz;
Uzcard — 0,075 foiz;
Humo — 0,05 foiz;
QR-kod operatori (tizimni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash) — 0,20 foiz;
To‘lov tashabbuskori (QR-kodni o‘quvchi mobil ilova) — 0,15 foiz;
To‘lovchi bank (tizimda to‘lovni amalga oshiruvchi bank) — 0,05 foiz.
“UzQR’ning 0,65 foizlik umumiy tarifini xolisona baholash uchun uni hozirgi to‘lov xizmatlari bozoridagi mavjud tariflar bilan taqqoslash o‘rinli. Bugungi kunda to‘lov xizmatlari bozorida savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari uchun QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish 1-3 foizni tashkil qiladi”, deyiladi MB xabarida.
Regulyatorga ko‘ra, tizimning rasmiy tarif tuzilmasida to‘lovchidan (iste’molchidan) hech qanday komissiya undirish ko‘zda tutilmagan. Barcha tarif — faqat merchant tomonidan to‘lanadigan 0,65 foizdan iborat va u yuqorida ko‘rsatilgandek zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
“Ayni paytda ayrim tashabbuskorlar tomonidan iste’molchidan qo‘shimcha yig‘im undirilayotgan holatlar kuzatilyapti. Bunday yig‘im tizim tarifining bir qismi emas — u tegishli ishtirokchilar tomonidan o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha tarzda qo‘yilgan”, deyiladi MB izohida.
Regulyator xaridordan qo‘shimcha komissiya undirish bilan bog‘liq holatlar tartibga solish jarayonida ekanini qayd etgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, komissiyaning yuqoriligi yagona QR-kodni naqd hisob-kitoblardan ham, terminal orqali hisob-kitoblardan ham ustun qila olmasligi mumkin.
“Juda katta umidlar qilingan yagona QR bunday ajdarho komissiyalar bilan naqd hisob-kitoblardan ham, terminal orqali hisob-kitoblardan ham afzal bo‘la olmasligi ayon bo‘ldi. Balki shuning uchun ham majburiy deb e’lon qilingan. Naqdsiz to‘lovlar ko‘lami kengaytirilishi arafasida va undan keyin iste’molchilar naqdsiz to‘lovlar va tranzaksiyalar uchun komissiyalarning tinimsiz oshib borayotganiga guvoh bo‘lishmoqda”, deya yozdi u.
Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank 0,65 foizlik majburiy komissiyani ikki barobargacha arzonlashtirishi ham mumkin edi.
“Tizim orqali to‘lovlar o‘tishining tannarxi qancha o‘zi? Nega regulyator va ma’muriy ta’sir choralari, shuningdek, boshqa ulkan infratuzilmaviy resurslar bo‘la turib, tariflar 2 karra arzonroq taklif etilmadi. Ikkinchi savol esa o‘sha-o‘sha, 0,65 foiz, +1 foiz komissiya bilan UzQR naqd pul orqali savdoni o‘ldira olmaydi (o‘zi maqsad shu emasmidi), sotuvchi ham, iste’molchi ham baribir naqdlikni yoki arzonroq bo‘lgan terminal (0,20 foiz) orqali hisob-kitobni tanlaydi. Va uchinchidan, biznes va iste’molchilarga asosiy xatar ham shu yerda, endi ikki monopolist to‘lov tizimi terminallar orqali ekvayring tariflarini oshirish tafovutini qo‘lga kiritishdi”, deydi Bakirov.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
