Sport
Biz bunga arziymiz: O‘zbekiston Jahon chempionati ostonasida!
2025 yil, 5 iyun. Abu-Dabi shahridagi «Ol Nahayon» stadioni. BAA—O‘zbekiston uchrashuvi. Butun O‘zbekiston bir lahzani – tarixda ilk bor milliy jamoamiz Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishini kutmoqda…
12 yoshli Shohruxning xonasida Messi, Ronaldu, Yamal va boshqa futbolchilarning suratlari bor. Ularning eng tepasida esa O‘zbekiston terma jamoasining rasmi.
U milliy jamoamizning har bir o‘yinini tomosha qiladi, har bir golni futbolchilar bilan birdek nishonlaydi, mag‘lubiyatlarda esa ko‘ziga yosh qalqiydi.
Unda futbolga qiziqish 24 yoshli akasi Jahongirdan o‘tgan. Birgalikda stadionlarimizga tushib, «O‘zbeyeyekiiiistooon!» deya hayqirishdan charchamaydi. Uning ham, akasining ham katta orzusi bor — Vatan jamoasi mundialga yo‘l olganini ko‘rish.
BAAdagi hal qiluvchi o‘yin arafasida ular aviachipta va stadionga kirish chiptasini olish uchun pul jamg‘arishdi. «BAAga borib stadionga kirish oson emas, sarson bo‘lmanglar», deganlar ham bo‘ldi. Ular esa qarorida qat’iy turishdi.
Nihoyat, kutilgan kunlar kelib, BAA yo‘l olindi. Aeroportda ularni biroz noxush holatlar qarshi oldi — turli bahonalar bilan bir necha soat ushlab turishdi. Savollar, tekshiruvlar, sun’iy kechiktirishlar. Biroq ular taslim bo‘lishni istashmadi. «Nima maqsadda keldingiz?» degan savolga, Shohrux: «O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga kelyapman. Bayrog‘imizni ko‘tarish uchun», deb ingliz tilida javob qaytardi.
Jahongir ukasiga g‘urur bilan qaradi. Bu so‘zlarda pok niyat, Yangi O‘zbekiston farzandining bukilmas irodasi aks etgandi.
O‘zbekistonning diplomatik xizmatlari vaziyatga aralashdi. Konsullik xodimlari, hatto BAAdagi mahalliy o‘zbeklar ham yordam qo‘lini cho‘zishdi. Bu yangi davrning belgisi edi. Endi o‘zbek pasporti egalari dunyo aeroportlari terminallarida yolg‘iz qolib ketishmaydi.
Nihoyat, ular turli to‘siqlarni yengib, stadionga kirishdi. Bugun bu yerda tarixning yangi sahifasi yozilishi mumkin. Shohrux qo‘lida bayrog‘imiz bilan jamoamizning chiqishini intizorlik bilan kutmoqda…
Kelajakka ishonch
Uning o‘zi ham futbol bilan jiddiy shug‘ullanadi. Toshkentdagi «Odil Junior» futbol maktabida tarbiyalanadi. Bugun mamlakatimizda futbolimiz rivoji uchun nimalar qilinganini u yaxshi biladi. Xususiy futbol maktablari, bolalar va o‘smirlar akademiyalari, murabbiylarni tayyorlash, 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya, seleksiya jarayonlarining yaxshilanayotgani — barchasi natija bermoqda. Eldor, Abduqodir singari akalari Yevropaning grand jamoalarida to‘p surishmoqda. Bugun ularni dunyo taniydi.
Yaqindagina Osiyo chempionatida zafar quchgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning aksariyati o‘zi o‘qiyotgan futbol maktabida tarbiyalanishadi. Ularni yaxshi taniydi. Akalarining Osiyo chempionati finalidagi tarixiy g‘alabasi — hakam mezbonlarga qancha yordam berishga harakat qilmasin, maydonda 9 kishi qolib ham chempion bo‘lib qaytishgani uning kelajakka bo‘lgan ishonchini yana ham oshirib yubordi.
Shohruxning o‘zi ham shunday pog‘onalardan o‘tib, kelajakda O‘zbekiston nomini dunyoga tanitadigan futbolchi bo‘lishni istaydi. Va bugun asosiy terma jamoamiz Jahon chempionatiga yo‘l olishiga qattiq ishonadi…
Bir paytlar murabbiylar almashardi, futbolchilar yangilanardi, ammo futbolimiz o‘zgarmasdi, o‘z-o‘zidan natija ham bo‘lmasdi. Endi futbolimizning o‘zi o‘zgarmoqda. Sportchilarimizda xarakter, fidoyilik va professionalizm paydo bo‘ldi. Bu xarakter, ana shu tribunada Vatani jamoasini qo‘llab turgan bolakaylarning ishonchi va umidi bilan to‘yingan.
Bosiq va xotirjammiz
Negadir BAAga qarshi muhim o‘yin oldidan ancha xotirjammiz. Qandaydir sun’iy to‘siqlar, bosimlarga qaramay, bugun g‘alaba qozonadigandekmiz. Kuzatilgan voqealar — aeroportda ushlab turishlar, tekshiruvlar, ayrim muxlis va jurnalistlarning qaytarib yuborilishi — ko‘proq bizdan qo‘rqishayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda.
Jamoamizdan, muxlislarimizdan cho‘chishyaptimi, demak bizdan ko‘ra ularning o‘zlarida bosim katta. Endi bu ustunlikni futbolchilarimiz natijada aks ettirishlari qoldi. Biz ularning yurtida, ularning ko‘z o‘ngida, ularning jamoasini mag‘lub etib, Jahon chempionatiga chiqqanimizni nishonlashimiz zo‘r messej bo‘lardi. Xuddi 17 yoshli o‘smirlarimizning jasorati kabi.
Shunga o‘xshash vaziyat 2012 yilda ham sodir bo‘lgandi. O‘zbekiston – BAA olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Olimpiadaga chiqish uchun hal qiluvchi bahs edi. Faqat unda biz mezbon edik. BAAdan bir nechta samolyot muxlis va rahbarlar kelgan, Toshkentdagi JAR stadionining bir qismini to‘ldirishgan edi. Bizning arablardan farqimiz — ularning kelib-ketishiga to‘sqinlik bo‘lmagandi. Biz bag‘rikeng xalqmiz.
Uchrashuvda O‘zbekiston ikki gol urib hisobda oldinga chiqib olgan, biroq ikkinchi taymda BAA uchta gol urib, ko‘z o‘ngimizda Olimpiada yo‘llanmasini nishonlashgan edi.
Nasib etsa, bugun biz bayram qilamiz!
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport13 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport3 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat3 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
