Jamiyat
Bir qog‘oz bilan yo‘q qilingan taqdirlar
Tariximizning eng qora kunlari – 1937-1938 yillar, ya’ni qatag‘on davri ekani shubhasiz. Bu yillarda millatning eng ziyoli farzandlari yo‘q qilindi. O‘zlikni yo‘qotish uchun qanday tubanliklar bo‘lsa, barchasi amalga oshirildi. Xalqning eng sof insonlari «xalq dushmani» deb e’lon qilindi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Ulug‘larimiz orasida o‘zbek adabiyotining yulduzi, jadidchilik harakatining yirik vakili Abdulla Qodiriy ham bor edi.
Bugun «5 daqiqa»da Nabijon Boqiyning hujjatli qissasi – «Qatlnoma» haqida so‘z boradi.
Qatag‘onning qora soyasi
«Qatlnoma» – oddiy hujjatli qissa emas. Unda bir paytlar barchani qo‘rqitgan Davlat xavfsizligi qo‘mitasi seyflarida «maxfiy» deb saqlangan jinoyat ishlari, shikoyat xatlari va guvohlik ko‘rsatmalari asosida voqealar qayta tiklanadi.
Abdulla Qodiriyning o‘g‘illari – Mas’ud va Habibullaning arizalari, ularning ko‘rsatmalari va zamondosh yozuvchilarning guvohliklari orqali Qodiriy qismati ochiladi.
Har bir hujjat orqali katta haqiqat yuzaga chiqadi: Qodiriyga qo‘yilgan «millatchi», «aksilinqilobchi» degan ayblovlar mutlaqo asossiz bo‘lgani isbotlanadi.
«Qatlnoma»ning asosiy g‘oyasi – adolat va haqiqat uchun kurash. Muallif hujjatlar orqali ko‘rsatadiki, totalitar tuzum inson taqdirini bir qog‘oz bilan hal qilgan, asossiz ayblovlar bilan minglab ziyolilarni yo‘q qilgan.
Qodiriyning «aybi» esa bitta edi: u haqiqatni yozdi, xalqni uyg‘otdi, millat g‘ururini asarlarida jonlantirdi. Shuning uchun ham uni «millatchi» deb ayblab, qamadilar va oxir-oqibat otdilar.
Siz oqlovchisiz yoki… qoralovchi
Nabijon Boqiyning maqsadi – faqat Qodiriy taqdirini ochish emas, balki butun bir avlod – o‘zbek ziyolilarining yo‘qotilishiga guvoh qilishdir.
Muallif o‘quvchiga murojaat qiladi: “Kamina hujjatlarga tilmoch bo‘ldim; haqiqiy oqlovchi esa – sizsiz, aziz o‘quvchi. Lekin, qilichini yalang‘ochlab turgan hakam misoli hukm chiqarishga shoshilmang: avval yetti marta o‘lchang, birni ko‘rib fikr qiling, birni ko‘rib – zikr…”
Bu murojaat o‘quvchini tomoshabin emas, balki tarixiy jarayonning ishtirokchisiga aylantiradi.
Qo‘rquv va yolg‘on
Asarda lagerlar hayoti, odamlarning bedarak yo‘qolishi va «xalq dushmanlari» haqida tarqatilgan yolg‘on xabarlar orqali xalqning qanday aldangani haqida hikoya qilinadi.
Bir o‘rinda odamlar kechalari ham bir-birining qo‘lidan mahkam ushlab uxlardi – chunki ertalab ulardan biri bedarak yo‘qolib qolishi mumkin edi. Tasavvur qiling, xalq qo‘shtirnoq ichidagi «xalq dushmanlari»dan qo‘rqardi!
Yoki minglab odamlar mitinglarda «xalq dushmanlari»ni la’natlab imzo qo‘yib, Kremlga yuborishardi. Shu tarzda butun jamiyat yolg‘onga ishondi va haqiqiy qotillikka sherik bo‘lib qoldi.
Tarixni ko‘mib yubormoqchi bo‘lishdi
Asarda Qodiriyning hibsdan to qatlgacha bo‘lgan yo‘li ham hujjatlar asosida yoritilgan.
1937 yil 31 dekabr. Abdulla Qodiriy hibsga olinadi. Unga «millatchi», «aksilinqilobchi» degan asossiz ayblovlar qo‘yiladi.
So‘roqlarda uning har bir asari ayb sifatida qo‘yiladi. «O‘tkan kunlar»dagi milliy g‘urur, «Mehrobdan chayon»dagi adolat uchun kurash – “sho‘ro hokimiyatiga qarshi g‘oyalar” deb baholanadi.
Sud jarayoni qisqa va rasmiy o‘tadi. Qodiriy himoya imkoniyatisiz qoladi va «otuvga hukm qilinganlar» ro‘yxatiga kiritiladi.
1938 yil bahorida u Toshkent yaqinidagi maxfiy qatl maydonida otib o‘ldiriladi. Hujjatlarda aniq sana va joy ko‘rsatilmaydi. Go‘yo tarixning o‘zi barcha izlarni yo‘qotishga harakat qilgandek…
Haqiqat abadiydir
«Qatlnoma» – tarixning qora va qonli qiyofasi haqida guvohlik beradi. Haqiqatning ustini ma’lum muddat yopib qo‘yish mumkin, ammo uni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi.
Abdulla Qodiriyning nomi, asarlari va ruhi tirik. «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» kabi asarlari o‘zbek xalqining ma’naviy merosi sifatida yashaydi.
«Qatlnoma» nafaqat Qodiriyning fojiali taqdiri, balki xalqning ham boshidan kechgan og‘ir kunlar haqida. U bizga doimo shuni eslatadi: jamiyat qachonki haqiqatdan yuz o‘girsa, o‘sha payt zulm va jinoyat avj oladi.
Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.
Isomiddin Po‘latov.
Jamiyat
Yaponiyada «turizm» yoki «talaba» vizasi bilan ishlash man etiladi – elchixona
Joriy yil 24-aprel kuni Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan O‘zbekistonning ikki fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri Yaponiyaga «talaba» vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va vakolatli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Ikkinchi fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.
Diplomatik vakolatxonaning eslatishicha,«turizm», «yaqinlarni ko‘rish», «biznes (konferensiya, madaniy almashinuv kabi)» maqsadidagi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi. O‘zbekistonda qarz (kredit) olib bo‘lsa ham Yaponiyaga o‘qishga borgan, ammo yapon tilini o‘rgana olmay o‘qishdan chetlatilgan fuqaroning Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
«Yaponiyaga «turizm» yoki «talaba» maqomidagi viza bilan kirib,«uzoq muddat qolish mumkin» yoki «ishlash mumkin» degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi.«Talaba» vizasi ishlash uchun emas, balki faqatgina mamlakatda o‘qish uchungina beriladi», – deyiladi elchixona xabarida.
Ta’kidlanishicha, Yaponiyada noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.
«Bundan tashqari, Yaponiya hukumati shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Shu sababli,«Yaponiyada ishlash mumkin» deb da’vo qiluvchi vositachilarning va’dalariga osonlik bilan ishonib qolmang, ogoh bo‘ling!» – deb ogohlantiradi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.
Jamiyat
Piskentdagi suv ta’minoti obektida 14 km quvur talon-toroj qilindi
Mansabdorlar 14 800 metr quvurni qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Toshkent viloyati, Piskent tumanida 14 km quvur suv ta’minoti korxonasi mansabdorlari tomonidan talon-toroj qilindi. Yetkazilgan zarar qariyb 4 milliard so‘m, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Qayd qilinishicha, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ Piskent tumani filiali rahbari B.K., “A.” AJ mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, umumiy qiymati 3 mlrd 931,2 mln so‘mlik suv quvurlarining 3 mlrd 78,4 mln so‘mlik qismi, ya’ni jami 14 800 metrini qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Qayd etilgan holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar BHM 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Jamiyat
Yakunlangan media haftalik vohaliklarga qanday taassurot qoldirdi?
Qashqadaryo media haftalik loyihasining to‘rtinchi nuqtasiga aylandi. Bu yerda haftalik davomida o‘tilgan har bir media darsi o‘zining kulminatsion yechimini topdi.
Treninglarda fikr, reja, tanqid va xulosa bir xil darajada «ishladi». Natijada xabarlar boshqacha tuzildi, kadrlar yangicha olindi, yondashuv esa tubdan o‘zgardi.
Vohalik soha vakillari va qiziquvchilari yangiliklar tezligini boshqarish, aynan shu tezlik orqali ishonchni qanday shakllantirish mumkinligini anglab yetdi. Axborotni yetkazish emas, balki ta’sir doirasini kengaytirish muhim ekani yanada aniqroq tushunildi.
Qashqadaryo media haftaligi o‘ziga xos jihatlari bilan voha media makoniga yangicha ruh olib kirdi. Jarayonlar davom etadi.
Navbat Samarqandga: 27-aprel – 1-may kunlari media haftalik yana bir hududda yangilanish jarayonlarini boshlab beradi.
Jamiyat
«zakladka» ortidagi hayot haqida hikoya
O‘zbekistonda psixotrop moddalar savdosi tobora xavfli tus olmoqda. Qo‘lga tushayotganlar – asosan “kurer”lar, katta zanjir egalari esa soyada qolmoqda. Kun.uz 27 yoshli mahkum Bekzod Kerimov va farzandi bu illatga chalingan ota hikoyasi orqali muammoning ichkarisiga nazar tashlaydi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Kun.uz taqdim etadi. Qamoq devorlari ortida singan taqdirlar, kechikkan pushaymon va “oson pul”ning asl bahosi haqida hikoya.
Bekzod Kerimov, 27 yoshda. Jazo muddatini o‘tamoqda.
«2009 yilda adam xuddi shu joyda o‘tib qoldi. Esimda bor, uyga tobuti yopilgan holda kelgan edi. Balki psixikam o‘sha paytda buzilgandir, shundan keyin yomon bolalar bilan ko‘chada yurganman, maktabgayam bormaganman deyarli. O‘shanda, 10 yoshimda mana shu tatuirovkalarni chizganman.
Oxiri mana shu yer bo‘ldi, shu yerga tushib odam ko‘p narsani qadriga yetadi. Birinchi navbatda ota-ona, uyidagilarning qadriga yetadi. Ko‘chada yurganimizda shu narsalarni tushunmasdik. Shu kamerada 6 oy o‘tirganman, to‘rt devorda kun bo‘yi o‘zingiz bilan o‘zingiz bo‘lasiz. Osonmas…
Menda hamma narsam – mashinam, uyim hammasi bor edi. To‘qchilikdan kirganman bu yo‘lga. 251-modda menga qo‘yilgan sanksiya, kuchli psixotrop moddalar. Bu narkotikmas – psixotrop».
Bekzod o‘zining 3 mingdan ortiq obunachisi bor yopiq telegram kanali orqali psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Uning aytishicha, bu kabi kanallar o‘nlab bo‘lib, haligacha faol. So‘nggi 5 yilda musodara qilingan sintetik narkotiklar hajmi 80 baravarga oshgani qayd etilmoqda. Ammo bu – muammoning faqat ko‘rinayotgan qismi.
“Faqat kurer, “peshka”lar tushadi bu yerga”
“Mushukning ovqati bor – viskas. Masalan bir tonna mushukning ovqati kirayotgan bo‘lsa, ichida 2-3 kg psixotrop bo‘ladi. Ovqat bitta qadoqda 950 gramm bo‘ladi, poroshok turadi, keyin polietilen paket, falgaga o‘raladi. Bojxonada falgada ko‘rinmaydi. Keyin atrofiga mushukning ovqati solinadi. Bemalol o‘tadi bojxonada. Oldin Qirg‘izdan kirardi, hozir eng asosiy yetkazib beruvchi Xitoydan kirib keladi.
2019 yildan bunaqa moddalarni sotish rasman taqiqlandi. Keyin 2020 yilda birinchi bo‘lib psixotroplarni olib kirgan telegram kanal juda taniqli va haliyam ishlayapti. “Toshturma”ni o‘zida minimum 200-300 ta odam o‘tiribdi o‘sha kanaldan. Katta kanallar shunaqa, faqat kurer, “peshka”lar tushadi bu yerga. Kattalar Rossiyada, Shveytsariyada. Chunki kiberxavfsizlik urmaydi. Lokatsiya chiqmaydi. Ularni qanday ushlaydi – faqat kameradan, mashinadan kurerlarni qo‘lga olishadi. Bitta kurerni tutishadi, kamida 10 yil berishadi. Lekin bir soatda kanalga e’lon beriladi, kurer kerakligi haqida. Bo‘ldi, 1 soat o‘tib boshqa odam kanalni ishlatadi.
Ko‘chada yurganimda bagaj to‘la “narsalar” bilan yurardim. Qo‘rqmaganman, chunki pulim bor, istagan paytda vaziyatdan chiqib ketaman deb o‘ylardim. Yo‘q, qancha pulingiz bo‘lsayam bir kun kelarkan, baribir shu yerga tushasiz. Kuniga 400-500 ta tabletka ketardi. Kuniga shunaqa pul keladi, hech narsa qilmaysiz, kafeda o‘tirasiz, tog‘ga chiqasiz. Shu yerga tushib tushundim – bu harom pul. Kuniga 2 ming dollar qo‘limda ushlaganman, kuniga kelardi. Shunaqa ketardi, o‘zim tushunmasdim qayerga ketganini. Hozir ko‘chada oyiga bir million topishga roziman, chunki halol pul bo‘ladi. Shu narsani tushundim. Bu joylarni dushmanimgayam ravo ko‘rmayman.
Ota-onalarning qarg‘ishidan qo‘rqaman, pul odamni jinni qiladi. O‘sha paytda tushunmasdim, ko‘zlarim yopiq edi. Mana shu yerga kelib, kamerada o‘tirib o‘ylab, tushunyapman. Balki mening tabletkalarimni ichib kimdir o‘g‘rilik qilgan, kimdir birovning qiziga zo‘ravonlik qilgan. Hamma narsa bo‘lishi mumkin”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyoda taxminan 600 ming odam narkotik va psixotrop moddalar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Eng xavflisi – iste’molchilar orasida voyaga yetmaganlar ulushi ortib bormoqda. Bu raqamlar ortida esa minglab oilalarning parchalangan taqdiri bor.
«Na orzusi bor, na kelajagini o‘ylaydi»
Farzandi shu illatga giriftor bo‘lgan ota hikoyasi:
“Boshida sezganday bo‘ldim, lekin o‘g‘limga ishonganim uchun ahamiyat bermabman.
Orada o‘qituvchilari ko‘p shikoyat qiladigan bo‘lib qoldi. O‘tib ketadi deb o‘yladim. Keyin asta-sekin o‘zgarganini o‘zimam sezdim. Juda passivlashib qoldi, doim jim yuradi, oilaviy suhbatlardan o‘zini opqochadi, bir gap so‘rasam yerga qarab ha-yo‘qdan boshqa narsani bilmaydi. Kuni bilan xonasidan chiqmaydi. Kechga yaqin palonchi o‘rtog‘imdan kitob olishim kerak, pistonchidan narsa olishim kerak desa ishonibman. Maktabdan ko‘p dars qoldiradigan bo‘lib qoldi, uxlab qolibman deydi so‘rasam. Bir kuni xonasiga tasodifan kirsam shu o‘zim eshitgan tabletkani ko‘rdim.
Butun umrim ko‘z oldimdan o‘tdi. Bitta bolani 15 yoshga kirgizish osonmas. Shu bolangiz ko‘z oldingizda hayoti tugab botqoqqa botib borayotganini ko‘rish bu dahshat. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman buni. O‘rtog‘imniki qolib ketgan dedi. Ishonmadim, poylab kuzatishni boshladim. Orqasidan borsam «dom»ning pod’yezdiga borib, hamma yoqni ko‘zdan kechirdi. Keyin o‘sha yerdagi «ogorod»ni kavlashni boshladi. Onasi bilan ne umidda katta qilgan bolamiz o‘zini bilmagan holda tuproq kavlayotganini ko‘rish juda og‘ir edi. Oyog‘idan o‘t chaqnaydigan bolamning ko‘z oldimda so‘lishiga guvoh bo‘lyapman. Na bir orzusi bor, na kelajagini o‘ylaydi.
Bu narsaning orqasidan non yeydiganlar ko‘payib ketdi. Shu narsani olib kirayotganlar, tarqatayotganlar kimligini xalq bilsin. O‘g‘limning aytishicha, tarqatadiganlarning ko‘pchiligi yosh yigitlar, orasida ayollar ham bor ekan. Qorniga narsa bog‘lab, kolyaskaga qo‘g‘irchoq qo‘yib shahar aylanib tarqatib yurisharkan».
Bekzod hikoyasi: «Onamga nimadir bo‘lsa men o‘zimni kechira olmayman»
«Mana shu yerga kelib tushundim ko‘p narsani. Uydan xat kelganda, sud jarayonida uydagilarimni ko‘rganimda hamma yig‘ladi, menam yig‘ladim. Bu yerda har qanday erkak yig‘laydi. Ko‘chada men zo‘rman deganlar ham o‘tirib yig‘laydi bu yerda. Qanchasini ko‘rganman. Aynan shu joyda erkak kishi chin dildan yig‘laydi. Bu yerdaligida onasi vafot etganlar bor. Onamning yoshi katta, qon bosimi kasalligi bor. Agar unga nimadir bo‘lsa men o‘zimni kechira olmayman. U uchun chidayapman hammasiga. Hozir aytib beryapman, badanimga chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. 2 yildan beri qamoqdaman. Balki uylanardim, balki bola-chaqam bo‘lardi shu paytgacha…»
Jamiyat
Samarqandda 2 gektar yerni 490 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Samarqand shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs yer uchastkasini noqonuniy sotishga urinishda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan til biriktirgan. Ular mazkur fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda 1993-yilda tug‘ilgan shaxs 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur ikki fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yer uchastkalarini ajratish va sotish faqat qonun doirasida amalga oshirilishi kerak. Xususan, barcha jarayonlar faqat «E-AUKSION» elektron savdo platformasi orqali shaffof va rasmiy tarzda o‘tkaziladi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat5 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot4 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan4 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Jamiyat4 days agoKoreyada vafot etgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy bayonot berildi
