Connect with us

Jamiyat

Biologiya – hayotni anglash, inson va tabiat o‘rtasidagi ko‘prik

Published

on


Kimdir farzandiga «bu fan kerak emas», deb qiziqishini e’tiborsiz qoldiradi, ba’zi yoshlar esa tabiatga muhabbati bilan universitetga kirib keladi. Lola Sanayeva bilan suhbatimizda aynan shu qarama-qarshiliklar, tabiiy fanlarning ahamiyati va avlodlar orasidagi farqlar haqida mulohaza yuritdik. Jizzax davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar fakulteti, «Biologiya» kafedrasida ta’lim berib kelayotgan dotsent Lola Sanayeva 32 yillik pedagogik stajga ega. Suhbatdoshimning iqroricha, biolog uchun biologiya bu faqat fan emas, balki hayot bilan dialog. U ikki monografiya, o‘ndan ziyod uslubiy qo‘llanmalar muallifi sifatida nafaqat bilim, balki tabiatga mehr va ehtiromni ham yoshlarga yetkazishga harakat qiladi. Suhbatimiz davomida ustoz o‘quvchilarning tabiiy fanlarga qiziqishi, yangi texnologiyalar ta’siri, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi yoki to‘sqinlik qilishi, shuningdek, turizm va tabiatni anglash madaniyati borasidagi kuzatishlari, mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
– So‘nggi yillarda o‘quvchilarning tabiiy fanlarga (biologiya, zoologiya) qiziqish darajasida qanday o‘zgarishlarni sezayapsiz?
– Yoshlarda tabiiy fanlarga nisbatan qiziqish avvalgiga qaraganda ortgan. Chunki bugun texnologiyalar rivojlangan zamonda yoshlarga talab ortmoqda – tabiiy fakultet bitiruvchilari SES, laboratoriyalar, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, qo‘riqxonalarlarda ishlashlari mumkin. Garchi bu yil abituriyentlar soni kamroq bo‘lsa ham yomon ko‘rsatkich emas. Talabalar o‘zi tanlagan o‘qishni bitirib biror ishga joylashishi, o‘z kasbini sevishi, mas’uliyat bilan yondashishi muhim.
– Avvalgi talabalar bilan hozirgi yoshlar o‘rtasida qiziqish, savol berish, mustaqil o‘rganishda qanday farqlar va imkoniyatlar bor?
– Farq juda katta. O‘zim o‘qigan davr bilan solishtirsam – resurslar ko‘p, o‘qitish vositalari: kitob va darsliklar, ularning elektron variantlari, kompyuter, smart doskalar, auditoriyalardagi qulayliklar… Auditoriya soatlari xam kamroq, talabalarning mustaqil ishlashlari uchun ko‘proq soat ajratilgan, ya’ni 50 foiz auditoriya va 50 foiz mustaqil ta’limga vaqt ajratiladi. Baholashda 60 foiz ballni talaba o‘zining mustaqil ta’limidan oladi. Lekin hamma davrlardagidek ularning fanga qiziqishlari va bilim egallashlari o‘qitish vositalariga emas, balki dars beradigan o‘qituvchilarga bog‘liq. Agar o‘qituvchi malakali dars o‘tsa va talabadan talab qilsa, ular o‘sha fanni yaxshiroq o‘qiydilar va o‘zlashtiradilar. Ta’lim muassasalarida afsuski, hozirda ham tanish-bilishchilik bilan ishga kirgan, ilmiy ishlarini boshqalarga yozdirib himoya qilganlar bor. Hatto talabaligida ismini to‘g‘ri yoza olmaydigan sobiq talabalarimiz orasida dekan, kafedra mudiri lavozimida ishlab yurganlarni bilamiz. Ulardan sifatli dars berish yoki talabani fanga qiziqtirish mas’uliyatini kutib bo‘lmaydi. Bunday holatlar, menimcha boshqa sohalarda ham bor. Va bu holatlar istaysizmi, istamaysizmi ta’limning sifatiga ta’sir qiladi.
– Internet va sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar o‘quvchilarni tabiatdan uzoqlashtiryaptimi?
– Internet va sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar o‘quvchilarni nafaqat tabiatdan balki boshqa zarur hayotiy munosabatlar, ma’suliyatlardan ham uzoqlashtirmoqda. Yoshlar bilan gaplasha oladigan, ularning qiziqishlariga qiziqadigan ota-ona bo‘lish bugungi kunda qiyin bo‘lib qoldi. Ota-ona bolaning qornini to‘ydirishdan, ustini butlashdan ortib, darslarini nazorat qilishga, kuni qanday o‘tgani haqida suhbatlashishga quvvati va vaqti bo‘lmayapti yoki ota-oning salohiyati yetmayapti. Yanada achinarlisi, farzandini o‘zining qolipiga solish, eski an’analarga undash, inkor qilaverish ba’zida bolalarning ota-onalardan bezishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan 30 yillar chamasi «Yaponiyada bolalar bo‘sh vaqtlarini ota-onalari bilan emas, balki kompyuterda o‘tkazishni ma’qul ko‘rishibdi», degan xabarni o‘qiganimda to‘g‘risi hayron bo‘lganman. Bugun o‘sha kunlar o‘zimizga keldi. Ba’zan bolalarimga qarab turib: «men telefoningizdan qiziqarli emasmanmi», deb tashvish qilgan onlarim ham bo‘ladi. Ona sifatida ular ko‘rayotgan kinolar, kompyuter o‘yinlari bilan qiziqishga harakat qilaman. Farzandlarimizni telefon va kompyuter texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanishga, undan kerakli materiallar va o‘yinlarni o‘ynashga yo‘naltirib, nazorat qilib turishimiz kerak. Dunyo miqyosida kompyuter o‘yinlari bo‘yicha katta olimpiadalar bo‘layapti, balki shu olimpiadalarga ham tayyorlash kerakdir…
– Ota-onalar bolani tabiatga, jonzotlarga qiziqtirish uchun nimalar qilishlari mumkin?
– Ota-onalarning o‘zi uchun tabiat va jonzotlar qiziqarli bo‘lishi kerak. Talabaligimizda Qozon Federal universitetiga amaliyot o‘tashga borganmiz. O‘qituvchimizga yaqin bo‘lgan qarindoshining uyida ikki hafta yashaganmiz. O‘shanda 5-sinf o‘quvchisining «Urush va tinchlik» romaning o‘qiyotganini, 7 yoshli qizaloqning yurtidagi qo‘ziqorinlarni nomma-nom tanishini, zararli turlarini alohida bilishini ko‘rganman, hayratlanganman. Hatto universitetga qabulga kelgan abituriyentlarning kafedralarga bo‘linib hujjat topshirganliklarini ko‘rganman. Bizda esa talabalar 3-bosqich bo‘lganlarida qiziqishlariga qarab kafedralarga bo‘linib o‘qiydilar. Demak, ulardagi abituriyentlar biologiya fakultetiga kelgunga qadar hamma yo‘nalishlar va biologiya sohalari haqida tayyor bilimga ega bo‘lib kelishar ekan. Shunig uchun hozirda u universitet dunyo reytingidagi top 1000 talikka kiritilgan.
O‘zimning tajribamga kelsak, bolalarimni doim dala amaliyotlari, turistik marshrutlar, qo‘riqxonalarga birga olib yurganman. O‘simliklar, hayvonot dunyosi haqida gaplashganmiz yoki shu kabi suhbatlarni eshitib katta bo‘lishdi. Bironta hashorat ko‘rib qolishsa: «Bu qanday hasharot, foydalimi, zararlimi?» deb so‘rashardi. Uyimizda akvariumda baliqlar, qafaslarda to‘tilarimiz bo‘lardi. Hatto qanoti singan burgutni uyda boqib, tuzatib uchirma qilganmiz. Kitoblar, ensiklopediyalar, ertak kitoblarga mablag‘imni ayamaganman. Hozirgacha shu an’ana davom etmoqda.
– Farzandlarining fanlarga qiziqishini ota-onalar qanday qo‘llab-quvvatlamoqda?
– Ota-onalar farzandlarini qo‘llab-quvatlashlari uchun yuqorida aytganimdek, o‘zlarining o‘sha fanga qiziqishi, ozroq xabardorligi, bo‘sh vaqti va ishtiyoqi ham bo‘lishi kerak. Doim ishdan qaytayotganimda yemakxonalarning erkaklar bilan to‘la ekanligini ko‘raman, afsuski, ular orasida ichkilikka mukkasidan ketganlari ham bor. Aynan oila yig‘ilib, birga ovqatlanadigan, bolasining darslari bilan shug‘ullanadigan vaqtda ular ko‘chada «charchoqbosti» qilish bilan band bo‘ladilar. Mutaxassislarning fikricha, 3 yoshgacha bola miyasining 90 foizi rivojlanib bo‘ladi. 4-5 yoshlarda neyronlar ko‘paya boshaydi va o‘sha davrlarda bola bilan qanchalik ko‘p shug‘ullanilsa u shuncha idrokli va ko‘p narsalarni o‘zlashtira oladigan bo‘ladi. Maktablarda to‘garaklarning nomiga ishlashi, ba’zi hududlarda bolalarning bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etishlari uchun maxsus to‘garaklarning, bepul hunar markazlarining yo‘qligi bir tomon bo‘lsa, ikkinchi sabab bolaga oilaning iqtisodiy tomondan kelib chiqib ishchi kuchi sifatida qaralishi ham qiziqishlarning kasb darajasida shakllanishiga to‘sqinik qilishi mumkin. Qishloqqa ko‘chib borgan yillarimda biologiya fanidan yozgi maktab tashkil qilganman. Maktabdan doska va partalarni so‘rab olganman. Hovlimdagi olma daraxtiga mahkamlab, uning soyasida qishloq bolalarini o‘qitganman. Shunda ota-onalar: «uy ishlarini qiladigan odam yo‘q», deya bolalarni olib ketib qolishgan edi. Endilikda o‘sha bolalar uzoq yurtlarga ishga ketdilar. Qolganlari esa uyida, ko‘chada u bu tirikchilikni qilib yurishibdi. Odamlarimiz ongida o‘qiganda kim bo‘ladi, degan savol turadi. Ota-onaning o‘zi hech qachon chiqmagan qulaylik (komfort) hududidan farzandlarini ham chiqargisi kelmaydi.
– Tabiiy fanlar – tabiatni tushunish, undagi jarayonlarni anglash, hayvonot va o‘simlik dunyosiga hurmat qilish hissini uyg‘otadi. Shu hissiyot shakllanmasa, odam tabiatga faqat fon sifatida qaraydi. Ammo tabiatni bilib, hurmat qilgan odam unga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘ladi, mehmon sifatida boradi, ekoturizm madaniyatini rivojlantiradi. Tabiiy fanlarga qiziqmagan avlod turizmga qanday munosabatda bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Umuman, turizm sohasidagi muammolarning bir uchi mana shu tabiiy fanlar masalasiga bog‘liq emasmi?
– Tabiiy fanlar bu hayot haqidagi fanlardir. Bu siz yashayotgan muhit va o‘zingiz haqingizdagi fanlardir. Afsuski, ta’lim muassasalarida bu fanlarni o‘qitish faqat nazariy bilimlar bilangina cheklanib qolmoqda. Shuningdek, tanamizdagi hamma a’zolarning tuzilishi, ishlash qonuniyatlarini nazariy o‘rgatilganligi bilan, unga nimadir bo‘lganida birinchi yordam ko‘rsatishni, o‘sha a’zoni sog‘lom saqlashni bilmaymiz. Misol uchun astronomiya fani o‘tilgani bilan yulduzlar nomini to‘liq bilmaymiz yoki joylashuvini tushunmaymiz.
Ekoturizmga keladigan bo‘lsak, bu tabiatga sayohat tashkil qilish, amaliy o‘rganish, asrashga asoslangan turizmning maxsus turidir. Hatto ekoturizmdan tushgan mablag‘ning ma’lum qismi shu joyning tabiatini qayta tiklash va himoyalanishga sarflanishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga ozor berayotgan, tabiatga chiqindi tashlayotgan yoki bo‘lmasa qaysidir mamlakatga muhojir bo‘lib borgan o‘zbek ikki yigitning ko‘lda suzib yurgan oqqushlari tutib olib o‘ldirib yegani ortida ta’limdagi og‘riqli nuqtalar yotadi. Ularning shu yoshgacha nabotot olami haqida hech qanday bilimga ega emasliklarini bildiradi.
Tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan inson birorta oliygohlarda o‘qimay turib ham ekoturizm bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Umuman, hozirgi vaqtda ish topish, biron sohani mukammal egallash uchun katta oliygohlarda 4-5 yil o‘qib kelish shart emas. Ayniqsa, zamonaviy bilimlarni yoki biror hunarni egallash uchun qisqa kurslarda o‘qib, hatto ijtimoy tarmoqlardan o‘rganib, biror kasb egasiga shogirdlikka tushib o‘z biznesini ochishi mumkin, kattagina maktabini yaratsa bo‘ladi.
Ekoturizmni tashkil qilish uchun avvalo, hudud tabiatini yaxshi bilish kerak. Turoperatorlar va gidlar tayyorlash kurslarida o‘qib sertifikat olish mumkin, keyinchalik turistik firma shakllantirsa bo‘ladi. Masalan, men turizm yo‘nalishida o‘qimaganman, balki biolog bo‘lganim uchun bu yangi sohani mustaqil o‘rganib, turli grantlarda, keyinchalik turizm yo‘nalishlardagi davlat tashkilotlarida, viloyat turizm boshqarmalarida ishladim. O‘sha vaqtlar Jizzaxda turizm qilish mumkinligiga hatto soha vakillari ham ishonmagan. Ularni ishontirish uchun Navoiy viloyatida Aydarko‘l bo‘ylaridagi o‘tov lagerlarni rasmga olib kelib ko‘rsatganman. Mana hozir Aydarko‘lni, Zomin va Baxmalni ko‘ring qanchalik turizm rivojlanib bormoqda. Umuman, bu sohaga kirib kelishim ilm bilan bog‘liq alohida bir tarix va hayotimning kattagina bir qismi…
Demoqchimanki, ekoturizm bu ilm, tarix ilmi, etnografiya ilmi, tabiiy fanlar ilmi, iqtisod ilmi, geografiya ilmi… Agar bu bilimlarsiz ekoturizm tashkil etilsa, bizga foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘proq bo‘ldi. Xalq so‘zi bilan aytganda «Ushovidan tushovi qimmatga tushadi».
– Tabiat haqidagi fanlarga qiziqishni oshirish uchun maktab yoki universitetlarda qanday o‘zgarishlar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, kadrlar masalasiga e’tiborni qaratish lozim. O‘qituvchilarga rag‘bat kerak. To‘g‘ri o‘qituvchilar orasida 10 million maosh olayotganlari ham bor. Lekin u maoshni olish uchun o‘qituvchi juda ko‘p qog‘oz to‘g‘irlashi kerak. Sinfdagi o‘quvchilarni unitib attestatsiyadan o‘tishi, toifalar ortidan yugurishi kerak. Yaqinda bir sobiq bitiruvchim bilan gaplashib qoldim, maktabda ishlayotgan ekan. «Toifa olishda o‘qituvchi faqat o‘z ustida ishlashi kerak, o‘quvchi haqida o‘ylashga esa vaqtimiz yetmaydi», – dedi.
O‘qituvchining salohiyatini aslida sinfdagi o‘quvchilarining bilimini nazorat qilib bilsa bo‘ladi, ya’ni monitoring tizimini halol, shaffof o‘tkazib turishi lozi. Maktablar reytingini bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishi darajasi bilan emas, balki barcha sinflarda bolalarni malaka talablariga qay darajada javob berishi bilan aniqlash kerak deb o‘ylayman.
Maktabga o‘quvchi qo‘rqib, qiynalib emas, quvonch bilan borishi kerak. Bolaning bilimini baholash mas’uliyatli ish aslida. Chunki o‘quvchi yuqori sinfga o‘tgan sari fan programmalarining murakkablashib borishi bolani maktabdan bezdiradi. Baholari yomonlashgan sari uning qaysarligi va o‘qishga nisbatan qiziqishi susayib boraveradi.
Tabiiy fanlar aslida juda qiziqarli. Ushbu fanlarning maktablarda tarix yoki adabiyot kabi laboratoriyalarsiz, amaliyotlarsiz o‘tilishi qiziqarlilik darajasini tushirib yubormoqda. Har bir mavzuni mikroskop, lupa, laboratoriya jihozlari bilan o‘tish lozim. Hozir ba’zi maktablarda laboratoriya jihozlari yo‘q yoki bor bo‘lsa ham chang bosib yotibdi. Masalan, maktabni o‘zimiz ham mikroskop yoki teleskopni bir marta ushlab ko‘rmasdan bitirganmiz.
Tabiiy fanlar fakulteti doirasida kafedralarni ko‘paytirish lozim. Chunki kafedralar olimlar atrofida shakllantiriladi va rivojlantiriladi. Qaysi fan yo‘nalishda birgina yetuk mutaxassis bo‘lsa, uning atrofida shogirdlar yig‘ilib, maktab yaratiladi. Kafedralar ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy ishlashlari, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida doimiy aloqa bo‘lishi lozim. Oliy ta’limdagi professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini kengaytirish, MDH mamlakatlardagi oliygohlar bilan aloqalarini yaxshilash, qo‘shma loyihalar yaratish, ularni bajarishga e’tiborni kuchaytirish lozim.
Ba’zida universitet professori, olimi qaysidir mahallaga borib, tadbir qilgani uchun ballar yig‘ayotganining ham guvohi bo‘layapmiz. Yoki bo‘lmasa oliy ta’limda maqolalar yozib beruvchi, chop ettirib beruvchi bozori chaqqon katta industriya shakllanganini ham inkor qilolmaymiz. Bu esa saviyasiz ilmiy kadrlar sonining salmoqli ortishiga sabab bo‘ladi…
– Agar imkoniyat bo‘lsa, shu sohaga qiziqishni oshirish uchun qanday loyihalarni amalga oshirar edingiz?
– Maktab va universitetlar qoshida to‘garaklar, klublar ishini takomillashtirishni, tabiatga sayohatlarni ko‘paytirishni, amaliy va laboratoriya darslarini to‘liq jihozlangan laboratoriyalarda o‘qitishni tashkil qilar edim.
                                                                                                           Barno Sultonova suhbatlashdi



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi

Published

on


Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi

Published

on


Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.

27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.

Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.

Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.

Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi

Published

on


Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 

Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.

Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi

Published

on


Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.

Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.

Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.

Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.

Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.

Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.

Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi. 

Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.

Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.

Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.

Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.

Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?

Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.

Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.

Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.

Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham. 

Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.

Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…

Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.

Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Published

on


Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.

Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.