Sport
«Bernabeu» Modrich va Anchelotti bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi
Lukaning xayrlashuv o‘yiniga Kroos ham keldi. Maydonda esa «Madrid» «Sosedad»ni Mbappening dubli evaziga yengdi, fransiyalik hujumchi «Oltin butsa» uchun kurashda peshqadamga aylandi.
Foto: Denis Doyle/Getty Images
La Liga 36-tur
«Real» – «Real Sosiyedad» 2:0
Gollar: Mbappe 38, 83.
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe 38.
«Real»: Lunin, Garsiya, Asensio, Chuameni (Valexo, 56), Vaskes (Garsiya, 76), Sebalos, Modrich (Chema, 86), Valverde, Dias (Vinisius, 55), Mbappe, Guler.
«Real Sosiyedad»: Marerro, Aramburu, Pacheko, Martin, Munios, Kubo, Turiyentes (Subimendi, 70), Suchich (Mendes, 84), Gomes (Barrenechea, 71), Mariyezkurrena (Oyarsabal, 71), Marin (Olasagasti, 46).
Madrid Luka Modrich, Karlo Anchelotti va insayderlarga ko‘ra, Lukas Vaskes bilan ham xayrlashdi. Oldinda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘ladi, ammo «Santyago Bernabeu» bu afsonalarni boshqa ko‘rmasligi aniq edi. Shunday ekan, bu oqshom «Madrid» ularni g‘alaba bilan kuzatishi kerak edi.
Ikki jamoa ham o‘yinni tetiklik bilan boshladi. Keyingi mavsumda asosiy tarkib futbolchisiga aylanishi kutilayotgan Guler Mbappega ajoyib kesib o‘tuvchi uzatma berdi. U shu qadar nozik harakat qiladiki, hatto Kilian ham doim turkiyalik jamoadoshi istaganidek harakat qila olmaydi.
Lunin qo‘riqlagan darvoza qarshisida ham xavfli vaziyatlar bo‘ldi. 10-daqiqada Serxio Gomes raqib himoyachilaridan qochib ketdi va yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo uning zarbasi xato ketdi. Pablo Marinda ham yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo futbolchining zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Madridliklar safida Arda vaziyatlar yaratishda davom etdi: 38-daqiqada u to‘pni raqib futbolchisi ustidan oshirib olib o‘tishga uringanida, Marin qo‘l bilan o‘ynadi. «Nuqta»ga Mbappe yaqinlashdi — la liga to‘purari bo‘lib turgan futbolchi «Oltin butsa» uchun kurashdagi holatini yaxshilashi uchun gol urishi kerak edi. U birinchi urinishda buni uddalay olmadi — «Sosiyedad» darvozaboni zarbani qaytardi, ammo to‘pni ushlab qololmadi. Kilian esa qaytgan to‘pga yetib bordi va ikkinchi urinishda uni darvoza to‘riga kiritdi.
Bu vaqtda esa zerikib qolgan Lunin o‘yinni qizitishga qaror qildi. U o‘zini Noyyer deb o‘yladi va to‘pni olib qo‘yish uchun jarima maydonini tashlab chiqdi, ammo xatoga yo‘l qo‘ydi va golga sababchi bo‘lishiga bir baxya qoldi.
Ikkinchi bo‘limda «Real» umuman Anchelottiga xos bo‘lmagan futbol namoyish etdi. Raqib hududida to‘pga egalik qilindi va «Sosedad»ga javob hujumlari uyushtirishga deyarli imkon berilmadi. O‘yin uslubiga qaralsa, odatda aynan madridliklar qarshi hujumlarga tayanib o‘ynaydi. Shu bilan birga, «Sosedad» darvozasi qarshisida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratilmadi: faqat Vinisius maydonga tushgan daqiqalarda o‘yin biroz ochildi, ammo braziliyalik futbolchi shu kuni o‘z familiyasini tabloga yozdirib qo‘ya olmadi — darvozabon qutqardi.
Ikkinchi bo‘limdagi asosiy haylayt esa basklar hujumi vaqtida Lunin darvozasiga penalti belgilanmagani bo‘ldi. Kubo chap qanotdan to‘pni Oyarsabalga uzatdi, to‘p Asensioga tegdi. Avvaliga hakam mehmon futbolchilar fikriga qo‘shildi va 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, keyin esa hujum vaqtida «Sosedad» futbolchisi ofsaydga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi.
Bir necha daqiqa o‘tib, 83-daqiqada, Mbappe yana bir bor basklarni jazoladi. Vinisius to‘pni chap qanot bo‘ylab oldinga olib bordi va jarima maydoniga yugurib kirgan Kilianni to‘p bilan ta’minladi. Fransuz hujumchisi to‘pni tezda o‘ziga bo‘ysundirdi va uni yaqin burchakka joyladi — darvozabonda hech qanday imkoniyat yo‘q edi.
Endi Mbappening chempionatdagi gollari soni 31 taga yetdi va u «Oltin butsa» uchun kurashda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Mbappe mazkur ko‘rsatkich bilan «Sporting» forvardi Viktor Gyokereshni 3,5 ballik farq bilan ortda qoldirdi (shvetsiyalik futbolchi 39 ta gol urgan bo‘lsa-da, Portugaliya chempionati koeffitsiyenti pastroq – bir gol uchun 2 emas, 1.5).
Portugaliya chempionati allaqachon yakunlangan, ya’ni Gyokereshda vaziyatni o‘zgartirish imkoni bo‘lmaydi. Faqat «Liverpul» hujumchisi Muhammad Salohda imkoniyat bor, u 28 ta gol urgan (56 ball) mavjud. Uning jamoasi APLda «Kristal Pelas»ga qarshi maydonga tushadi. Agar ushbu bahsda Saloh kamida 3 ta gol urmasa, Mbappe «Oltin butsa»ga ega chiqadi.
Ikkinchi bo‘limdagi eng hissiyotli pallalar Vaskes va Modrich almashtirilganida kuzatildi. Lukasni ham hissiyotga berilib, zaxira o‘rindig‘iga kuzatishgani insayderlarning uning ketishi haqidagi ma’lumotini tasdiqlagandek bo‘ldi.
Modrichni kuzatish vaqtida esa o‘yin bir necha daqiqaga to‘xtab qoldi: «Madrid» va «Sosiyedad» futbolchilari faxriy yo‘lak hosil qilishdi, zaxira o‘rindig‘ida esa Lukani Toni Kroos kutib turgandi. Germaniyalik sobiq futbolchi xorvatiyalik do‘stini quchganida «Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
O‘yinning qolgan qismini Modrich oila a’zolari bilan maydon tashqarisida kuzatib o‘tirdi. Hakam Anchelotti va Luka bilan xayrlashuv marosimi boshlanishini kechiktirmaslik uchun o‘yinga atigi bir daqiqa qo‘shib berdi. Chunki stadiondagilar aynan shuni ko‘rish uchun kelishgandi — o‘yin natijasi ikkinchi darajali bo‘lib qolgandi.
Sport
Husanovning yillik maoshi taxminan 7,5 million yevroga yetadi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 22 yoshli himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning «Manchester Siti» klubi bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirishi haqida xabar berilgandi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yangi 5 yillik shartnoma imzolangach, Husanovning yillik maoshi taxminan 7,5 million yevroga yetadi.
Futbolchi oyiga taxminan 625 ming yevro, haftasiga esa 144 ming yevro maosh oladi. Uning o‘rtacha daromadi kuniga qariyb 20,5 ming yevro, soatiga 856 yevro va daqiqasiga 14 yevrodan ortiqni tashkil etadi.
Shu tariqa, Husanovning 5 yil davomidagi umumiy daromadi 37,5 million yevroga yetishi mumkin. Bunda turli mukofot pullari hisobga olinmagan.
Abduqodir Husanov o‘tgan mavsumda «Manchester Siti» safida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, Angliya Kubogi va Liga Kubogini qo‘lga kiritishda ishtirok etgan. Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi bilan mamlakat tarixidagi ilk jahon chempionatida qatnashdi.
Sport
Osiyo Kubogidagi g‘oliblik real imkoniyatmi yoki orzu?
2027 yilgi Osiyo Kubogi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun navbatdagi yirik musobaqa emas. Bu turnir so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan futbol islohotlarining haqiqiy samarasini ko‘rsatadigan muhim mezonga aylanishi mumkin. O‘zbekiston yaqinda mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. O‘tgan vaqt ichida sportga va ayniqsa futbolga davlat darajasida katta e’tibor qaratildi. Shunday ekan, bu e’tibor natijasini ko‘raydigan vaqt ham keldi, deb bemalol aytish mumkin.
O‘zbekiston futboli tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani tasodif emas. Bu natija bir necha yil davomida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan futbol islohotlari, infratuzilmaga yo‘naltirilgan sarmoyalar, yoshlar akademiyalari faoliyati va boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlarning mantiqiy davomidir.
Ammo eng katta savol hali ham ochiq qolmoqda: bu o‘sish Osiyo Kubogida chempionlik uchun yetarlimi?
Davlat siyosati o‘z samarasini bermoqda
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida futbolni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayon faqat kattalar futboli bilan cheklanib qolmadi.
Yangi futbol akademiyalari tashkil etildi, bolalar va o‘smirlar futboliga e’tibor kuchaytirildi, hakamlik tizimi takomillashtirildi, VAR texnologiyasi joriy qilindi, futbol sohasini raqamlashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Superliga klublarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, iqtidorli futbolchilarni aniqlash va xorijda o‘ynayotgan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bu o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston nafaqat kuchli terma jamoaga, balki xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatiga ega futbol mamlakatiga ham aylanmoqda. 2027 yilgi U-17 Osiyo chempionatiga mezbonlik huquqining qo‘lga kiritilishi ham xalqaro futbol tashkilotlarining mamlakat infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.
Oltin avlod shakllandi
Hozirgi terma jamoa O‘zbekiston mustaqillik tarixidagi eng kuchli tarkiblardan biri sifatida baholanmoqda.
Yevropa chempionatlarida o‘ynayotgan futbolchilar soni ortdi. Eldor Shomurodov kabi tajribali yetakchilar bilan bir qatorda yosh avlod ham xalqaro maydonda tobora ko‘proq tajriba to‘plamoqda. “Manchester Siti”dagi Abduqodir Husanov Yevropaning yetakchi himoyachilaridan hisoblanadi. Muhammadali O‘rinboyev Belgiyaning “Antverpen”ida o‘ynamoqda, Abbosbek Fayzullayev Shomurodov bilan birga Turkiyaning “Bashakshehiri”da to‘p suryapti. Yaqindagina Jahongir O‘rozov Qozonning “Rubin” klubi safiga o‘tdi. Shuningdek Portugaliyaning “Braga” jamoasida faoliyatini boshlagan Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanovlardan ham umid katta.
Eng muhimi, terma jamoada avlodlar almashinuvi og‘riqsiz kechmoqda. Ilgarigi yillarda bir-ikki yetakchi futbolchiga qaram bo‘lgan jamoa endi har bir chiziqda raqobatga ega. Bu esa uzoq davom etadigan turnirlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Chempionlik uchun nima yetishmayapti?
Shunga qaramay, Osiyo Kubogida g‘olib chiqish oson vazifa emas. Qit’ada Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya kabi muntazam ravishda jahon darajasida raqobatlashayotgan terma jamoalar mavjud.
O‘zbekiston ular bilan nafaqat texnika yoki jismoniy tayyorgarlik, balki hal qiluvchi uchrashuvlardagi psixologik barqarorlik, katta turnir tajribasi va sovuqqonlik borasida ham raqobatlasha olishi lozim.
Jahon chempionatiga chiqish bilan Osiyo Kubogida chempion bo‘lish o‘rtasida katta farq bor. Birinchisi saralash bosqichida barqarorlikni talab qilsa, ikkinchisi qisqa muddatli pley-offlarda har bir xatoning bahosi juda yuqori bo‘lgan musobaqadir.
Real imkoniyat yoki orzu?
Endi bevosita Osiyo Kubogida g‘alaba qozonish maqsadiga kelsak. Agar bu savol besh-olti yil avval berilganida, javob aniq edi – orzu.
Bugun esa vaziyat mutlaqo o‘zgargan.
O‘zbekiston endi Osiyo Kubogiga sensatsiya qilish uchun emas, chempionlik uchun da’vogar sifatida bormoqda. Bu maqom jahon chempionatiga chiqish, futbol infratuzilmasining rivojlanishi va davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlar natijasida qo‘lga kiritildi.
Albatta, O‘zbekistonni turnirning asosiy favoriti deb aytishga hali erta. Ammo chempionlik uchun kurashadigan 4-5 jamoa qatorida bo‘lish – tabiiy voqelikdir.
Shu ma’noda, “Osiyo Kubogida g‘oliblik orzumi?” degan savolga javob ham o‘zgardi.
Endi bu orzu emas.
Bu – amalga oshishi mumkin bo‘lgan real maqsaddir. Faqat to‘g‘ri tayyorgarlik, to‘g‘ri strategiya va hal qiluvchi bahslarda xarakter namoyish etilsa bo‘lgani, Osiyo Kubogi bizniki bo‘ladi!
Bizga tarixdagi ilk mundial yo‘llanmasini taqdim eta olgan yigitlar bu ishning ham uddasidan chiqa olishlariga ishonamiz!
Sport
Shavkat Mirziyoyev suv-motor sporti bo‘yicha Qirg‘iziston Gran-prisining ochilish marosimida ishtirok etdi (foto)
Norasmiy Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston prezidentlari Issiqko‘lda suv-motor sporti bo‘yicha Qirg‘iziston Gran-prisining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Yetakchilar musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarini qutladilar.
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga sportchilarning saralash poygasini kuzatdi.
Gran-pri Xalqaro suv-motor sporti ittifoqi shafeligida o‘tkazilayotgan «suvdagi Formula-1» nomi bilan mashhur bo‘lgan F1H2O jahon chempionatining ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Musobaqalarda har yili turli mamlakatlardan professional jamoa va sportchilar ishtirok etadi. Jahon chempionati bosqichi Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilmoqda.
Dasturdan mashg‘ulotlar, saralash bosqichi hamda soatiga 220 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanuvchi tezyurar qayiqlardagi asosiy poyga o‘rin olgan.
Sport
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda ilk xalqaro toifadagi golf klubi ochilishida qatnashdi (foto)
Qirg‘izistonda ilk xalqaro toifadagi golf klubi ochildi.
Cho‘lponota shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari bilan birgalikda Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Yetakchilar bu yerda barpo etilgan zamonaviy sport va turizm infratuzilmasi bilan tanishdilar. Yangi majmua golfni ommalashtirish, sport turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari qardosh Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va xalqini yangi obyektning ochilishi bilan tabriklab, mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladilar.
Sport
FIFA rahbari jahon chempionatlarini xususiylashtirmoqchi
FIFA rahbari Janni Infantino futboldan yanayam ko‘p pul ishlamoqchi. The Times nashri qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini boshqaradigan kompaniyaga asos solmoqchi.
Kelgusi yili FIFA prezidenti saylanadi, Infantino — yagona nomzod, u saylansa, 2031-yilgacha tashkilotni boshqaradi. Shundan so‘ng u mazkur kompaniyaga rahbarlik qilishi mumkin.
Yangi kompaniya aksiyalari xususiy sarmoyadorlarga taklif etilishi aytilmoqda. Xabarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin doiralar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi — Joshua Kushner va JPMorgan banki Infantino kompaniyasining asosiy sarmoyadorlaridan biri bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Aksiyalarni taqsimlash tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin: nazorat paketi FIFA ixtiyorida qoladi, xususiy sarmoyadorlar esa dastlabki bosqichda aksiyalarning 20–30 foizini sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. Qolgan qariyb 20 foiz aksiya esa FIFA tarkibidagi 211 ta milliy futbol uyushmasiga ajratiladi. Har bir uyushmaga taxminan 20 million AQSh dollariga teng qiymatdagi aksiyalar tegadi, ular o‘z xohishlariga ko‘ra, bu aksiyalarni sotishlari ham mumkin. Moliyaviy imkoniyatlari cheklangan kichik futbol uyushmalari bu jozibador taklifni quchoq ochib kutib olishlari aniq.
Bu islohotning ehtimoliy kutilmalaridan biri jahon chempionatlari — milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi musobaqalarni tez-tez o‘tkazish bo‘lishi mumkin. Chunki kompaniyaning asosiy maqsadi daromadni imkon qadar ko‘paytirishdir. Qolaversa, musobaqada ishtirok etuvchi jamoalar sonini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev ilgari surgan rezolyusiya BMTda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi
-
Mahalliy5 days ago
Uzrli sabab tufayli milliy sertifikat imtihonida qatnasholmaganlarga to‘lov qaytariladi
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdosi keskin o‘sdi
-
Mahalliy2 days ago
Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga imtihonda qo‘shimcha vaqt beriladi
-
Jamiyat3 days ago
Endi boshpanasizlar Ijtimoiy markazlarga sud qarorisiz joylashtiriladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion so‘mdan oshdi
-
Jamiyat4 days ago
Respublikada ishlayotgan kadastr xodimlarining bir qismi tumanlarga o‘tkaziladi
