Jamiyat
Bektemirdagi bog‘ atrofida nima bo‘lyapti?
Toshkent shahar Bektemir tumanida tadbirkorga tegishli istirohat bog‘i joylashgan 160 sotix yer OLX platformasida 5,8 mln dollarga 3 marta sotuvga qo‘yildi. Ammo tadbirkor bundan bexabarligini aytmoqda. Bu bog‘ xususiy tadbirkor ixtiyorida bo‘lsa-da, ijtimoiy ahamiyatga ega. Bog‘ning sotuvga qo‘yilishi bu yerdagi ko‘plab daraxtlar taqdirini so‘roq ostida qoldiradi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
“Quyoshcha nuri” istirohat bog‘i bundan sal avval – 2 may kuni sotuvga qo‘yilgan va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab olib tashlangan edi.
Kun.uz muxbiri buni aniqlashtirish uchun tadbirkor va tuman hokimligi axborot xizmatiga bog‘langanida ular bu e’lon feyk ekanini, bu yerni sotish rejasi yo‘qligini, ayni paytda bog‘da aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini aytishdi.
“Sotuvga qo‘yilgani o‘tgan yildan beri bor edi, 3-4 ta e’lon chiqqandi OLX, sayt, kanallarda. Shov-shuv bo‘lishidan oldin men o‘zim ularga aloqaga chiqib, o‘chirtirgan edim, feyk xabar bo‘lgani uchun. Chunki bu yer rekonstruksiya bo‘lyapti, chiroyli bo‘lyapti, yangi attraksionlar qo‘yilyapti. Kimdir, bilmadim nima sababdan, o‘zidan o‘zi qo‘yishyapti. Endi bu yil ishim ko‘p edi – yangi bruschatka qo‘ydim, yangi joy ochyapmiz, shu hujjatlar orqasidan yugurib, ijtimoiy tarmoqlarga kam kirganim uchun bu e’lon chiqqanini ko‘rmay qoldim”, – deydi “Qalandar Fidoiy” MChJ rahbari Jonibek O‘ktamov.
Lekin olib tashlangan e’lon 19 may kuni OLX’da yana paydo bo‘ldi. 26 may kuni takror joylandi. Aytish kerakki, e’lonlar bir emas, bir nechta rieltorlar tomonidan qo‘yilgan. Ulardan biri bilan suhbatlashganimizda yer sotilishini, lekin “ommaviy axborot vositalariga chiqib ketgani uchun” e’lon berilmasligini aytdi. Afsuski, shundan keyin bu raqam qo‘ng‘iroqlarimizga umuman javob bermadi.
Shu tariqa, bir tomondan hokimlik va MJCh, ikkinchi tomondan rieltorlar o‘rtasida bir-birini inkor etish tushunarsiz holatni yuzaga keltirmoqda.
Bu bog‘ “Qalandar Fidoiy” MChJ ixtiyorida bo‘lsa-da, ijtimoiy mulk hisoblanadi. Ya’ni undan jamoatchilik foydalanadi, bolalar va kattalar uchun ko‘ngilochar maskan sanaladi. Bog‘ning sotuvga qo‘yilishi bu yerdagi ko‘plab daraxtlar taqdirini so‘roq ostida qoldiradi. Shuningdek, biz saqlab qolishga ulgurgan e’londa yer qurilish uchun mo‘ljallangan ekani aytilgan. Ammo tadbirkor bu e’londan mutlaqo bexabarligini ta’kidladi.
Xo‘p, asl muammo nimada? Muammo shundaki, yerning sotilish-sotilmasligidan qat’i nazar, jamoatchilik mulki sanalgan bog‘, u yerdagi daraxtlar masalasi xavotirli. Masalan, istirohat bog‘i shaharsozlik rejalarida jamoat maydoni deb belgilangan bo‘lsa, u yerda qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi. “Adolat” partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha 184 ta istirohat bog‘larida daraxtzor hududlar kamaytirilib, o‘rniga 944 ta bino-inshoot qurilgan.
Poytaxtda yashillik tobora kamayib, havoning ifloslanish darajasida rekordlar qayd etilayotgan bir vaqtda, bog‘larning sotilishi bu xavfni yanada kattalashtiradi. Aholi yana bir ekologik nuqtani yo‘qotmasligi tarafdorimiz. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mayidan boshlab bog‘larni xususiylashtirish taqiqlandi.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz
Jamiyat
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
Sud tizimida ochiqlik va ishonch: media-kommunikatsiya yangi bosqichga chiqmoqda.
Odil sudlov akademiyasida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlikda sud organlari axborot xizmatlari xodimlari va sudyalar uchun «Media-kommunikatsiya va inqirozli vaziyatlarda ishlash» mavzusida maxsus ikki kunlik o‘quv kursi o‘z ishini boshladi.
Mazkur o‘quv-amaliy dastur sud tizimida ochiqlikni ta’minlash, OAV va blogerlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri yoritish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Dastur doirasida sud faoliyatini yoritishda muvozanat — ochiqlik, aybsizlik prezumpsiyasi va media mas’uliyati, tanqidiy materiallar tahlili, rasmiy axborot kanallarini samarali yuritish, shuningdek, inqirozli vaziyatlarda tezkor va asosli kommunikatsiya olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, zamonaviy media matn yaratish, sud qarorlarini sodda va tushunarli tilda yetkazish, jonli efir va intervyularda samarali nutq yuritish, reputatsion risklarni boshqarish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kabi dolzarb yo‘nalishlar ham qamrab olingan.
Mazkur o‘quv kursi sud tizimi va jamoatchilik o‘rtasida ochiq, ishonchli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: o‘quv kursi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Jamiyat
Ziroat Mirziyoyeva: «Sizlar tabiatning haqiqiy himoyachilarisiz»
Xivada Eco-schools Uzbekistan loyihasining asosiy ramzi bo‘lgan Yashil bayroq tantanali ravishda ko‘tarildi.
Loyihaning milliy operatori — «Zamin» fondi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 30 ta maktab dasturning eng yaxshi ishtirokchisi deb topildi va ekologik ta’lim sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ziroat Mirziyoyeva bolalarni munosib mukofot bilan samimiy tabriklab, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni tiladi va shunday dedi:
«Barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish faqatgina matonatli hamda o‘z ona yurtiga chin muhabbati bor insonlarning qo‘lidan keladi. Men faxr bilan aytamanki, bu xislatlar har biringizda mujassam! Sizlar tabiatning chinakam himoyachilarisiz va sa’y-harakatlaringiz bizni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sari yaqinlashtirmoqda».
Bayramda xalqaro toifadagi oshpaz va diyetolog-nutritsiolog ekomaktab o‘quvchilari uchun muvozanatli ovqatlanish asoslari va sog‘lom taomlanish odatlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi. Mavzu davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda oshxona va bufet xodimlari uchun to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi.
Ushbu qo‘llanmalar barcha umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglariga asos bo‘ladi.
Jamiyat
Qoraqalpog‘istonda ta’lim bo‘yicha muhim tayinlovlar amalga oshirildi
Qoraqalpog‘istonda ta’lim sohasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Ayapov Amanjol Tlepovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Amanjol Ayapov tayinlovga qadar Qoraqalpog‘iston Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.
Ayimbetov Bayrambay Sharapatdinovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Bayrambay Ayimbetov tayinlovga qadar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlab kelgan.
Jamiyat
PPX xodimi voyaga yetmagan qizlarga shilqimlik qilgani aytildi: IIV bayonot bilan chiqdi
Tarmoqda PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilgani bo‘yicha xabar tarqaldi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti esa mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini bildirdi.
Hodisa Ohangaron shahrida sodir bo‘lgan. Qizning aytishicha, Spark mashinasi ko‘chada to‘xtab, uning egasi qizlarni mashinga o‘tirishga majburlagan. So‘ngra jabrlanuvchining akasi geolokatsiya orqali borib vaziyatga aralashgan.
Ichki ishlar vazirligining Ichki xavfsizlik bo‘limi prokuratura bilan hamkorlikda ushbu hodisa bo‘yicha darhol tergov boshladi. Hodisaning barcha ishtirokchilari va holatlari aniqlandi.
Nashrlarda tilga olingan xodim lavozimidan chetlashtirildi. Agar da’vo qilingan harakatlar tasdiqlansa, ularning harakatlari qat’iy qonuniy choralar, jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
«Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatlari qabul qilinishi mumkin emasligini va qattiq jazolarga olib kelishini ta’kidlaymiz», deyiladi IIV xabarida.
Tergov natijalari keyinroq e’lon qilinadi.
Jamiyat
Samarqandda leytenant million dollarlik ishda gumonlanmoqda
Tagida patrul xizmat mashinasi, egnida forma va cho‘ntakda “ichki ishlar xodimi” degan guvohnoma. Bular odatda qonun himoyachisining atributlari. Ammo Samarqandda bu vositalar millionlab dollarlik firibgarlik quroliga aylandi.
Toyloq tumanida o‘nlab, balki yuzga yaqin inson bir odamga ishonib aldanib qolgan – u ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi, leytenant Bunyod Yazdonov. Xodim Buxoroda qurilish loyihasi borligini aytib, odamlardan pul olgan.
Va’da oddiy bo‘lgan: pulingiz yoki mulkingizni berasiz, foydasi bilan qaytarib olasiz. Ammo voqealar rivoji butunlay jiddiylashib ketdi, leytenant to‘xtashni unutib qo‘ydi.
Kun.uz holat bo‘yicha surishtiruv olib bordi.
Leytenant Bunyod Yazdonovdan eng ko‘p jabrlanganlardan biri – mashina savdosi bilan shug‘ullanuvchi Shahriyor Obloqulov. Uning aytishicha, Yazdonovga avvalo qishloqdoshi ekani va ichki ishlar tizimida ishlashi sababli ishongan.
Dastlab inspektor olgan qarzlarini o‘z vaqtida qaytarib kelgan. Bu esa ishonchni yanada mustahkamlagan. Obloqulov avval o‘zining bir nechta avtomobillarini, keyin esa tanishlaridan ham pul va mashinalar olib, Yazdonovga bergan.
Biroq 2025 yil kuziga kelib vaziyat o‘zgargan, qarzlarni qaytarish muddati cho‘zila boshlagan. Shu orada Yazdonov boshqa ko‘plab odamlardan ham xuddi shu tarzda qarz olgani ma’lum bo‘lgan.
“Yazdonov va uning “opaxoni” Shahnoza Xushmurodova menga garov sifatida uy va do‘kon hujjatlarini bergandi. Keyin ularning barchasi soxta ekani aniqlandi. Oldi-berdilarimizni Bunyodning o‘zi tasvirga olib bergan, gaplarimga asosim bor. Hozir mendan Bunyodning 258 ming, Shahnoza Xushmurodovaning esa 35 ming AQSh dollari qarzi bor”, – deydi Obloqulov.
Jabrlanuvchilarning aytishicha, ishonch aynan uning formasi va lavozimi orqali paydo bo‘lgan. Odamlar uni oddiy odam emas, davlat tizimi vakili sifatida qabul qilgan.
Jabrlanuvchilardan biri Afzal G‘aniyevning aytishicha, Yazdonov qarz oldi-berdilarida hatto o‘z xizmat guvohnomasini ham ishlatib, undan garov sifatida foydalangan.
“Yaqingacha Bunyodning xizmat guvohnomasi qo‘limda edi – qarzini bermagani uchun hujjatni olgandim. Keyin yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan qo‘ng‘iroq qilib, guvohnomani topshirishimni, aks holda javobgarlikka tortilishim mumkinligini aytishdi. Shundan so‘ng hujjatni qaytardim.
Hozir Bunyodning mendan qarzi 70 ming AQSh dollarini tashkil qiladi”, – deydi G‘aniyev.
Tilga olingan raqamlar bu ishning haqiqiy ko‘lamini ko‘rsatadi. 120 ming dollar… 70 ming dollar… Va yana o‘nlab shunday holatlar. Shu kabi qarzlar yig‘ilib, umumiy summa dollarda millionlarga yetgani aytilmoqda. Aniq raqamlar hozircha ma’lum emas.
Bunyod 2025 yilning sentabr oylarida ham pul yig‘ishda davom etgan. Ammo aynan shu paytdan boshlab vaziyat o‘zgargan. Pullar qaytarilmagan, natijada haqdorlarda savollar ko‘payib borgan. Qarz berganlar shubhalana boshlaydi va vaziyat oydinlashadi: ular katta ehtimol bilan pullarini qaytarib ololmasligini anglab yetishadi. Bu vaqtga kelib Bunyodning “piramidasi”ga allaqachon o‘nlab odamlar ilinib bo‘lgandi.
Ushbu voqeada yana bir qahramon bor. Jabrlanuvchilar uni Bunyodning “opaxoni” deb ataydi. Jabrlanuvchilar bilan bo‘lgan muloqotlardan anglashilishicha, ayrimlar uni bu ishda asosiy odam deb hisoblaydi.
Taqdim etilgan audiolarda “opaxon” qarzlar bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini aytgan: “Men sizga pul beraman… Bunyod qochib ketsa, qarzini men to‘layman”.
Biroq keyingi suhbatlarda u yana mablag‘ izlash va “riskli” kelishuvlarga kirishganini ham tan oladi: “Hozir bitta riskovanniy ish qilyapman… 100 ming usti bor deyapti…”
Yana bir o‘rinda ayol: “Agar Bunyod kirsa, men birovga bir tiyin bermayman”, deganini eshitish mumkin.
Jabrlanuvchilarning aytishicha, o‘sha ayol leytenantning tergov ishini Toshkentga ko‘chirishi, uning ustidan ariza qilingani uchun pul bermasligini bildirgan. “Opaxon” ochiqda va u tergovga qay darajada jalb etilgani hozircha bizga noma’lum.
Voqea Samarqandda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, ish Toshkent viloyatida ko‘rilmoqda. Rasmiylar bu harakat xolislikni ta’minlash uchun qilinganini aytmoqda. Ammo jabrlanuvchilar uchun bu qaror qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2025 yil 12 noyabr kuni Bunyod Yazdonov xizmatdan bo‘shatilgan. 2026 yil yanvar oyida esa unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov boshlanganiga 3 oydan oshib ketganiga qaramay, jabrlanuvchilarga haligacha aniq gap aytilmayapti. Qarz berganlar daromadidan ayrilgan, sog‘lig‘ini yo‘qotgan, oilasida notinchlik yuzaga kelmoqda.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi va mavzuga yana qaytadi.
-
Siyosat3 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
