Jamiyat
Bektemirdagi bog‘ atrofida nima bo‘lyapti?
Toshkent shahar Bektemir tumanida tadbirkorga tegishli istirohat bog‘i joylashgan 160 sotix yer OLX platformasida 5,8 mln dollarga 3 marta sotuvga qo‘yildi. Ammo tadbirkor bundan bexabarligini aytmoqda. Bu bog‘ xususiy tadbirkor ixtiyorida bo‘lsa-da, ijtimoiy ahamiyatga ega. Bog‘ning sotuvga qo‘yilishi bu yerdagi ko‘plab daraxtlar taqdirini so‘roq ostida qoldiradi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
“Quyoshcha nuri” istirohat bog‘i bundan sal avval – 2 may kuni sotuvga qo‘yilgan va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab olib tashlangan edi.
Kun.uz muxbiri buni aniqlashtirish uchun tadbirkor va tuman hokimligi axborot xizmatiga bog‘langanida ular bu e’lon feyk ekanini, bu yerni sotish rejasi yo‘qligini, ayni paytda bog‘da aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini aytishdi.
“Sotuvga qo‘yilgani o‘tgan yildan beri bor edi, 3-4 ta e’lon chiqqandi OLX, sayt, kanallarda. Shov-shuv bo‘lishidan oldin men o‘zim ularga aloqaga chiqib, o‘chirtirgan edim, feyk xabar bo‘lgani uchun. Chunki bu yer rekonstruksiya bo‘lyapti, chiroyli bo‘lyapti, yangi attraksionlar qo‘yilyapti. Kimdir, bilmadim nima sababdan, o‘zidan o‘zi qo‘yishyapti. Endi bu yil ishim ko‘p edi – yangi bruschatka qo‘ydim, yangi joy ochyapmiz, shu hujjatlar orqasidan yugurib, ijtimoiy tarmoqlarga kam kirganim uchun bu e’lon chiqqanini ko‘rmay qoldim”, – deydi “Qalandar Fidoiy” MChJ rahbari Jonibek O‘ktamov.
Lekin olib tashlangan e’lon 19 may kuni OLX’da yana paydo bo‘ldi. 26 may kuni takror joylandi. Aytish kerakki, e’lonlar bir emas, bir nechta rieltorlar tomonidan qo‘yilgan. Ulardan biri bilan suhbatlashganimizda yer sotilishini, lekin “ommaviy axborot vositalariga chiqib ketgani uchun” e’lon berilmasligini aytdi. Afsuski, shundan keyin bu raqam qo‘ng‘iroqlarimizga umuman javob bermadi.
Shu tariqa, bir tomondan hokimlik va MJCh, ikkinchi tomondan rieltorlar o‘rtasida bir-birini inkor etish tushunarsiz holatni yuzaga keltirmoqda.
Bu bog‘ “Qalandar Fidoiy” MChJ ixtiyorida bo‘lsa-da, ijtimoiy mulk hisoblanadi. Ya’ni undan jamoatchilik foydalanadi, bolalar va kattalar uchun ko‘ngilochar maskan sanaladi. Bog‘ning sotuvga qo‘yilishi bu yerdagi ko‘plab daraxtlar taqdirini so‘roq ostida qoldiradi. Shuningdek, biz saqlab qolishga ulgurgan e’londa yer qurilish uchun mo‘ljallangan ekani aytilgan. Ammo tadbirkor bu e’londan mutlaqo bexabarligini ta’kidladi.
Xo‘p, asl muammo nimada? Muammo shundaki, yerning sotilish-sotilmasligidan qat’i nazar, jamoatchilik mulki sanalgan bog‘, u yerdagi daraxtlar masalasi xavotirli. Masalan, istirohat bog‘i shaharsozlik rejalarida jamoat maydoni deb belgilangan bo‘lsa, u yerda qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi. “Adolat” partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha 184 ta istirohat bog‘larida daraxtzor hududlar kamaytirilib, o‘rniga 944 ta bino-inshoot qurilgan.
Poytaxtda yashillik tobora kamayib, havoning ifloslanish darajasida rekordlar qayd etilayotgan bir vaqtda, bog‘larning sotilishi bu xavfni yanada kattalashtiradi. Aholi yana bir ekologik nuqtani yo‘qotmasligi tarafdorimiz. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mayidan boshlab bog‘larni xususiylashtirish taqiqlandi.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Siyosat1 day ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
