Iqtisodiyot
Baxtiyor Fozilovga tegishli qator aktivlar qarzdorlikni qoplash uchun sotiladi
Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalarining ishchilar oldidagi qarzdorligi 131 mln dollarga yetgan. Mazkur qarzdorlikni qoplash uchun kompaniyaga tegishli bir qator aktivlar sotuvga chiqariladi. Shuningdek, tadbirkor Baxtiyor Fozilov joriy yil yanvar oyidayoq energetika loyihalaridagi “bosh pudratchilik”dan chetlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
2026 yil yanvar holatiga ko‘ra, Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalarining 38,7 ming xodim oldidagi ish haqi bo‘yicha umumiy qarzi 131 million dollarga yetgan. Ushbu qarzlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasi guruh aktivlarini keng ko‘lamda sotish rejasini tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, mol-mulkni sotish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda «Saneg Aktiv» maxsus tuzilmasi tashkil etiladi. Aktivlar sotilishidan tushgan barcha mablag‘lar Milliy bankdagi maxsus hisob raqamiga jamlanadi va birinchi navbatda ish haqini to‘lashga, keyin esa soliqlar va kreditlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Agar «E-Auksion» platformasida obektlarga talab past bo‘lsa, ularning narxi har hafta 5 foizga (lekin jami 20 foizdan oshmagan holda) pasaytirib boriladi.
Qarzdorlikni qoplash uchun quyidagi aktivlarni sotuvga chiqarish ko‘zda tutilgan:
Chilonzor va Sergeli tumanlaridagi Enter Engineering ofislari;
Shahrisabz va Chorbog‘ ko‘chalaridagi Eriell ofislari;
Tashkent International Medical Center binosi (sobiq Borovskiy nomidagi kollej);
Sergelidagi yoqilg‘i quyish majmuasi;
Samarqand aeroporti va turistik markazdagi 8 ta mehmonxona majmuasi;
Farg‘ona neftni qayta ishlash kompleksi;
Angren saqlash terminali.
Shu bilan birga, hukumat strategik loyihalarni yakunlash uchun yangi investorlar izlayapti. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
Tebinbuloq metallurgiya kompleksi;
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish;
MTO asosidagi gaz-kimyo kompleksi;
Buxoro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvargacha soliqlar bo‘yicha imtiyozli kechiktirish faqat ishchilar oldidagi barcha qarzlar to‘liq to‘langanidan keyingina amal qiladi.
Podrobno.uz’ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Enter Engineering va Eriell Group ta’sischisi, tadbirkor Baxtiyor Fozilov joriy yil yanvar oyidayoq barcha energetika loyihalaridan «bosh pudratchi» sifatida chetlatilishi mumkinligidan ogohlantirilgan.