Mahalliy

Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli

Published

on


Yoz boshlanishi bilan muzdek ichimliklarga talab oshadi. Ko‘cha-ko‘yda, do‘konlar oldida ustma-ust taxlab qo‘yilgan, quyosh nuri ostida “toblanayotgan” ko‘plab plastik suv bloklarini ko‘ramiz. Iste’molchi sifatida biz ichkariga kirib, muzlatgichdan xuddi shu suvning sovutilganini sotib olamiz va o‘zimizni xavfdan xoli deb o‘ylaymiz. Ammo bu suvlar muzlatgichga qo‘yilishidan oldin kunlab, ba’zan haftalab ochiq havoda, issiq jaziramada va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ultrabinafsha nurlari ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, salqin sharoitda plastik idishlar (PET) barqaror turadi. Ammo harorat ko‘tarilganda va unga quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushganda, polimer zanjiri parchalanishni boshlaydi. Bu jarayon ilm-fanda fotodegradatsiya deb ataladi va natijada plastik tarkibidagi xavfli kimyoviy birikmalar suvga sizib chiqadi.

Rossiyalik shifokor-pediatr Aygyul Israfilovaning “Gazeta.Ru” nashriga ma’lum qilishicha, bu toksinlar organizmga tushganda endokrin (gormonal) tizimiga, reproduktiv (farzand ko‘rish) funksiyasiga hamda umumiy sog‘liq holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xavfning yomon tomoni, u o‘sha zahoti zaharlamaydi, balki yillar davomida tanada yig‘ilib boradi.

Kola, sharbat va energetiklardagi “kimyoviy urush”

Agar oddiy suv haqidagi faktlar xavotirli bo‘lsa, rangli, gazlangan va tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar, kola, sharbatlar va energetiklar haqida fan yanada dahshatliroq faktlarni keltiradi. Bu ichimliklar tarkibida juda ko‘p miqdorda kislotalar (fosfor yoki limon kislotasi) mavjud. Kislotali muhit esa issiqlik ta’sirida plastik bilan yanada agressiv reaksiyaga kirishadi.

Bu yerda eng katta xavflardan biri Benzoldir. Ko‘plab sharbatlar va limonadlar tarkibida konservant sifatida natriy benzoat (E211) va S vitamini (askorbin kislotasi) bo‘ladi. Yuqori harorat va quyosh nuri ta’sirida bu ikki modda o‘zaro reaksiyaga kirishib, kuchli kanserogen Benzolni hosil qiladi. Benzol esa qon hujayralarini shikastlab, oqqon (leykemiya) xavfini oshirishi tibbiyotda isbotlangan.

1 litr suvda 240 000 ta plastik bo‘lagi!

Yaqinda AQShning Kentukki universiteti Tibbiyot kolleji tadqiqotchisi, doktor Patrik Xannon yozgi jaziramada plastik idishlardan foydalanishning yangi xavflari to‘g‘risida maxsus tibbiy bayonot bilan chiqdi.

Olimning ta’kidlashicha, plastik idishlardagi bisfenol A va ftalatlar molekulalari juda bo‘sh bog‘langan bo‘lib, quyosh nuri va issiq mashina ichidagi yuqori haroratda ular suvga juda tez sizib chiqadi. Bu kimyoviy zaharlar shunchalik kichikki, ular inson tanasining hujayralari va to‘qimalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri singib ketadi.

2024-yilda Milliy fanlar akademiyasi nashrida chop etilgan tadqiqotda, uchta eng ommabop brendlardagi  suvlarni tahlil qilishadi va o‘rtacha 1 litr suv tarkibida taxminan 240 000 ta mayda plastik bo‘laklari borligini aniqlashdi! Eng xavflisi, ularning 90 foizi ko‘zga umuman ko‘rinmaydigan, hujayralarni zaharlovchi nanoplastiklardir. Bu avval o‘ylanganidan 10 dan 100 barobargacha ko‘p demakdir. Bu moddalar insonning endokrin (gormonal) tizimini ishdan chiqaradi. Natijada reproduktiv, nevrologik va immunitet kasalliklari kelib chiqadi,  bu zaharli ta’sir, ayniqsa,  chaqaloqlar va bolalar uchun ikki karra xavfli. Ular vazniga nisbatan ko‘proq suv ichishadi, demak, tanalariga tushadigan nanoplastik dozasi kattalardan ko‘p bo‘ladi.

Homilador ayollarning ham suvga talabi oshishini hisobga olsak, kimyoviy zaharlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivojlanayotgan homilaga ta’sir qiladi. Keksa yoshdagilarning immun tizimi zaiflashgani sababli tana kumulyativ (to‘planib boruvchi) zaharlanishga bardosh berolmaydi.

Yarim litrlik idishdagi suvni o‘rtacha 10-15 daqiqada ichish mumkin, ammo chiqindaiga uloqtirilgan oddiy plastik idish tabiatda to‘liq parchalanishi uchun 450 yildan 500 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. UF nurlari ta’sirida quyoshda kuygan plastik esa yanada tezroq mayda zarrachalarga bo‘linib, tuproq, suv, baliq va chorva go‘shti orqali yana o‘zimizning dasturxonimizga   qaytib keladi.

Atrofni plastik bosib ketishini va tanamiz zaharlanishini to‘xtatish uchun har bir inson o‘zidan boshlashi mumkin bo‘lgan oddiy ongli iste’mol qoidalari mavjud. Avvalo, ko‘chadagi bloklardan suv olmang. Do‘konga kirganda sotuvchidan quyosh tig‘ida turmagan, yopiq ombordan olib chiqilgan mahsulotni berishni talab qiling. O‘zingiz bilan ko‘p martalik zanglamaydigan po‘lat yoki shisha idishda suv olib yurishni odat qiling. Sayohatga chiqqanda mashinada unutib qoldirilgan plastik idishdagi suvdan foydalanmang.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version