Connect with us

Sport

«Barsa»da mag‘lubiyat, van Persining o‘g‘lidan shedevr gollar

Published

on


APLda «Arsenal» ketma-ket ikki o‘yinda yutmasdan ham ilgarilab ketmoqda, Ispaniyada «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi farq 1 ochkogacha qisqardi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Aston Villa» «Arsenal»ga raqobatchi emas

«Vulverhempton» – «Nyukasl Yunayted» 0:0

«Vulverhempton»: Joze Sa, S. Bueno, Kreychi, Moskera, Andre, Gomes (Arias, 71), Mane, U. Bueno, Chachua, Hvang Hi Chhang (Gomesh, 86), Arokodare (Larsen, 65)

«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tshau, Holl, Trippiyer, Tonali (Mayli, 67), Joelinton, Gimarayns, Gordon (Vissa, 67), Barns, Voltemade (Elanga, 67)

Ogohlantirishlar: Moskera, 78. Andre, 90 – Tonali, 58. Botman, 89

Turnir jadvalining birinchi yarmiga qaytib olgan «Nyukasl» yevrokuboklar uchun kurashni davom ettirmoqda. Ammo bu safargi raqib inqirozdan chiqib olgan va qatorasiga to‘rt o‘yinni yutqazmagan «Vulverhempton» bo‘ldi.

Mehmonlar birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilgan bo‘lsa-da, deyarli golli vaziyatlarga ega bo‘lmadi: uzatmalar aniqligi 94 foiz bo‘lgani holda birorta zarba raqib darvozasi tomon to‘g‘ri bormadi.

Eddi Hau ikkinchi bo‘limda birdaniga uchtalik almashtirish qildi: 20 dekabrdan buyon gol ura olmayotgan Voltemade, shuningdek, hujumdagi ikki muhim ijrochi – Gordon va Tonali maydondan olindi. «Nyukasl» o‘yin oxirida jokerlar hisobiga bosimni kuchaytirishdi, bir necha vaziyatda «bo‘rilar» darvozaboni Saga ham ish topildi, ammo hisob ochilmay qoldi. «Nyukasl» g‘alaba qozonib, «Chelsi»ni quvib o‘tishi va ochkolar soni bo‘yicha «MYu» bilan tenglashib olishi mumkin edi, ammo bu imkoniyatdan foydalana olmadi va sakkizinchi o‘rinda qoldi. Shu bilan birga, to‘rtinchi o‘rin bilan farq atigi uch ochkoni tashkil etmoqda.

«Aston Villa» – «Everton» 0:1

Gol: Barri, 59 (0:1)

«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Matsen (Din, 73), Kesh, Tilemans, Bogard (Hemmings, 73), Rodjyers, Buendiya, Makginn (Gessan, 18), Uotkins

«Everton»: Pikford, Tarkovski, O`Brayyen, Mikolenko, Patterson, Rel, Garner, Armstrong, Grilish, Makneyl, Barri (Betu, 84)

Ogohlantirishlar: Bogard, 56 – Makneyl, 23. Garner, 47

Unai Emeri Makginn jarohat olishi tufayli o‘yinning dastlabki qismidayoq o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldi. Oqsoqlangancha maydonni tark etgan sardor o‘rnini shu kunlarda Afrika kubogidan qaytib kelgan forvard Gessan egalladi.

Mezbonlarda o‘yinni qaytadan qurish juda og‘ir kechdi va «Aston Villa» mehmonlarning goli bekor qilinganidan keyingina tashabbusni o‘z qo‘liga ola boshladi. Bir necha daqiqa ichida Pikford va unga yordamga kelgan himoyachi Rodjyers navbatdagi golini urishiga to‘sqinlik qilishdi, Gessanning boshda yo‘llagan zarbasi esa darvoza to‘siniga bordi.

Ikkinchi bo‘limda esa birminghemliklar himoyasi pand berdi: Pikfordning uzun uzatmasidan keyin Pau Torres to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Maknil aylanma zarba yo‘lladi. Emiliano Martines uning zarbasini to‘sdi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Barri hisobni ochdi.

Bungacha «Villa Park»da qatorasiga to‘rt o‘yinda yutqazgan «Everton» g‘alabali hisobni ushlab qoldi. Buning uchun Pikford Rodjyersning zarbasidan keyin darvoza to‘sini ostidan kirayotgan to‘pni qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Bu orqali u amalda «Villa»ni chempionlik poygasida qolishdan mahrum etdi. «Arsenal» bilan oradagi farq yetti ochkoga yetdi va Unai Emeri endi kuchli to‘rtlikda qolish haqida qayg‘urishi kerak bo‘ladi.

Ispaniya: Syorlot va Gedeshning kuni

«Atletiko» – «Alaves» 1:0

Gol: Syorlot, 48 (1:0)

«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente, Kardozo (Le Norman, 78), Barrios, Almada (Koke, 62), Simeone (Baena, 62), Syorlot (Molina, 86), Alvares (Grizmann, 62)

«Alaves»: Sivera, Pacheko, Tenalya, Parada, Otto, Blanko (Manyas, 81), Guridi (Suares, 54), Ibanes (Gevara, 55), Alenya (Rebbach, 69), Visente, Martines (Boyye, 55)

Ogohlantirishlar: Kardozo, 27 – Ibanes, 6

Birinchi bo‘limda «Atletiko» «Alaves» mudofaasini yorib o‘tishga behuda urindi, ammo tanaffusdan keyinoq kerakli retsept topildi. Juliano Simeone barcha qanotdan uzatma berishini kutib turganida yerlatib bergan pasi bilan Barriosni oldinga boshladi, uning uzatmasini esa Syorlot bosh bilan golga aylantirdi.

Norvegiyalik hujumchi bu mavsumdagi gollarining barchasini startda tushgan o‘yinlarida urmoqda. Holbuki u o‘tgan mavsumda zaxiradan tushib urgan gollari soni bo‘yicha (12) La Liga rekordini o‘rnatgandi.

Lekin eng muhimi – jamoa g‘alabasi. «Atletiko»ning yakshanba kungi muvaffaqiyati yanada ishonchli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin edi, ammo Aleksa Baenaning zarbasini darvoza ustuni to‘sib qoldi. O‘yin oxirida esa madridliklarning omadi kelib, darvoza daxlsizligi saqlanib qoldi.

«Matraschilar» Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini mustahkamladi. Beshinchi o‘rindagi «Espanyol» bilan oradagi farq yetti ochkoga yetdi, bitta zaxira o‘yini bor bo‘lgan «Vilyarreal» esa faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga Simeone jamoasinidan oldinda joylashgan.

«Real Sosiyedad» – «Barselona» 2:1

Gollar: Oyyarsabal, 32 (1:0). Reshford, 70 (1:1). Gonsalu Gedesh, 71 (2:1)

«Real Sosiyedad»: Remiro, Subeldiya, Xon Martin, Gomes (Ayyen Munos, 69), Aramburu (Chaleta-Tsar, 82), Turrentes (Odriosola, 58), Soler, Gonsalu Gedesh, Kubo (Barrenechea, 69), Oyyarsabal, Mendes (Gorrotchategi, 58)

«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi (Martin, 86), E. Garsiya, Balde (Joau Kanselu, 62), Kunde (Bardji, 85), de Yong, Olmo (Reshford, 63), Pedri, Fermin Lopes, Yamal, Torres (Levandovski, 62)

Ogohlantirishlar: Turrentes, 37. Aramburu, 51. Subeldiya, 78 – E. Garsiya, 76. Levandovski, 84. Fermin Lopes, 85

Chetlatish: Soler, 88

«Real Sosiyedad» bosh murabbiy almashganidan keyin har qanday jamoa uchun kuchli raqibga aylandi. Basklar yakkakurashlarda keskin, tajovuzkor harakat qilmoqda va o‘yin oxirigacha kurashmoqda. Jamoa Pellegrino Mataratsso boshqaruvga kelganidan keyin «Atletiko»dan ochko tortib oldi (1:1), «Xetafe» bilan o‘yinga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada g‘alaba golini urib ketdi, keyin esa kubok doirasida «Osasuna»ga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida hisobni tenglashtirib, penaltilar seriyasida g‘olib chiqdi. Umuman olganda, ushbu jamoa «Barselona»ga qarshi o‘yinga yaxshi kayfiyatda yetib kelgandi.

Kataloniyaliklar esa bu o‘yinda asosiy yetakchisi Rafinyaning xizmatlaridan foydalana olishmasdi: braziliyalik futbolchida jarohat yo‘q, ammo Hansi Flik uni asrashga qaror qildi. Bosh murabbiy yozda «PSJ»ga o‘tishi aniq bo‘lgan Dro Fernandesni ham qaydnomadan tashqarida qoldirdi. U bu orqali La Masiya tarbiyalanuvchilariga jiddiy signal yubordi: «Ular bor e’tiborini jamoaga qaratishi kerak. Men futbolchilarda bu klub ranglarini himoya qilish istagini ko‘rishni istayman. Ikkilanadiganlar bizga kerak emas».

Mezbonlar Ispaniya Superkubogi g‘olibligi sharafiga «Barselona» uchun chempionlik yo‘lagi tashkil etishdi. Ammo o‘yin boshlanganidan keyin mehmonnavozlik unutildi va 25-soniyadayoq Garsiya qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etishdi. Gol yaqqol «o‘yindan tashqari» holat tufayli bekor qilindi. Keyin esa «Barselona» hisobni ochishiga ofsayd holati xalaqit qildi. Avvaliga 7-daqiqada Fermin Lopesning goli Dani Olmoning Kuboga foli tufayli inobatga olinmadi, keyin Yamalning goli bekor qilindi (VAR vaziyatni ikki daqiqadan ortiq vaqt davomida tekshirdi, chunki to‘p Laminga kimdan kelganini aniqlash oson emasdi), keyin esa ofsayd holati tufayli «Barsa» foydasiga penalti berilmay qoldi.

«Real Sosiyedad»ning birinchi bo‘limda urgan goli esa hisobga olindi. Oyarsabal Gonsalu Gedeshning uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga joyladi. Bu vaziyatda uning boshqa jamoadoshi ofsaydda edi va Kundeni chalg‘itgandi. Ammo arbitrlar buni passiv ofsayd holati deb topishdi.

Ikkinchi bo‘limda esa «Sosiyedad» darvozaboni Remiro o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi va bir necha bor qutqardi. 70-daqiqada Reshford baribir hisobni tenglashtirdi, ammo mezbonlar darhol ikkinchi gol bilan javob berishdi. Bu vaziyatda Joan Garsiya u qadar xavfli bo‘lmagan zarbani qaytarishda ishonchsiz harakat qildi va raqib hujumi davom etdi, bu hujumni Gedesh qaytarib bo‘lmas zarba bilan yakunladi.

O‘yin oxirida ikki jamoada ham gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, avvaliga Kubarsi to‘pni chiziq ustida qaytarib qoldi, keyin Kundening zarbasi to‘singa tegdi. So‘nggi daqiqalarda Soler qizil kartochka olib jamoasini qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi, ammo basklar oxirigacha kurashib, g‘alabani va chempionatdagi intrigani saqlab qolishdi. Endi «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi farq atigi bir ochkoni tashkil etmoqda.

Niderlandiya: o‘g‘il otasi uchun

«Feyyenoord» – «Sparta» 3:4

Gollar: Hvang In Bom 64, Shakil van Persi 87,88 – Kitolano 40, 90+3, Mitchell 55, Mito 71

Rotterdam derbisi muxlislar uchun ajoyib syujyet taqdim etdi. Hisob 0:2 ko‘rinishiga kelgach, «Feyyenoord» bosh murabbiyi Robin van Persi maydonga o‘zining 19 yoshli o‘g‘li Shakilni tushirdi. Yosh forvard bungacha asosiy jamoada Eredivizya, Yevropa Ligasi va Niderlandiya kubogida jami uchta o‘yinda zaxiradan tushirilib, 21 daqiqa o‘ynagandi. Bu safar ancha ko‘proq vaqtga ega bo‘lgan hujumchi bu imkoniyatdan foydalandi va barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Kichik van Persi ikki daqiqa ichida avvaliga tovonida yo‘llagan zarbasi bilan hisobni qisqartirdi, keyin esa qaychi uslubidagi zarba bilan muvozanatni tikladi.

Bu gollardan keyin «De Kayp» stadionida yig‘ilgan muxlislar aqldan ozay dedi, ammo baribir o‘yin bayramga aylanmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda «Sparta» to‘rtinchi golni urib, g‘alabani ilib ketdi, «Feyyenoord» esa turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda qoldi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi

Published

on


Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.

Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.

Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi

Published

on


Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi

Published

on


O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.

Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.

Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi

Published

on


O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.

Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.

Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Published

on


Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.

Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.

27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.