Iqtisodiyot
Baliqchilik bo‘yicha yagona elektron platforma yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Baliqchilik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi daromadlarini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim yo‘nalish hisoblanadi. Dunyoda akvakultura jadal rivojlanmoqda. Ilk bor yetishtirilgan baliq hajmi tabiiy suv havzalarida ovlangan baliq miqdoridan oshib ketdi.
Yurtimizda bu sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. O‘zbekistonda 173 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlari mavjud. Suv resurslari cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinda turibdi. 2025-yilda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan.
So‘nggi yillarda aholi soni o‘sishi bilan oqsilli mahsulotlarga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. Baliq esa iqtisodiy jihatdan samarali, parhezbop va aholi salomatligi uchun foydali ozuqa manbaidir. Shu bois, oddiy ko‘l baliqchiligidan suvni tejaydigan, qayta aylantiradigan va intensiv texnologiyalarga asoslangan tizimga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi, shaffof tizimini joriy qilish, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklariga har yili zarur miqdorda suv yetkazib berish kafolatlanishi lozimligi qayd etildi.
Bugungi kunda intensiv usulda baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan oshmayapti. Vaholanki, bunday texnologiyalar hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshiradi. Agar mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinsa, baliq yetishtirish hajmini 5 barobar oshirish mumkinligi aytib o‘tildi.
Sohada yangi texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususan, yopiq suv aylanma tizimini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash, naslli ona baliqlarni import qilish uchun subsidiya ajratish, quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiya berish va aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlarning foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish lozimligi ta’kidlandi.
Baliqchilik xo‘jaliklariga kreditlar ajratish, milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu imkoniyatlar hisobiga keyingi yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Taqdimotda naslchilik va ilmiy yondashuv masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Sifatli chavoq va yaxshi genetika yuqori hosildorlikning asosiy sharti ekani ta’kidlandi. Shu bois, karp, laqqa, forel, osyotr kabi baliq turlarining naslini yaxshilash, yangi zotlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi yildan tog‘ oldi hududlarida yiliga forel va osyotr balig‘i yetishtirish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan. Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun Ohangaron daryosi bo‘yida tajriba-sinov maydoni tashkil etiladi. Milliy karp zotini yaratish bo‘yicha xorijiy grantlar jalb etiladi.
Sohada malakali kadrlar tayyorlash ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Agrar universitet Astraxan davlat texnika universiteti va Xitoyning Dalyan okean universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.
Baliqchilik tarmog‘ini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Suvdan foydalanish holati, yer maydonlari, noqonuniy baliq ovlash, soliq to‘lovlari, ovlangan baliq mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtirgan yagona elektron platformani yaratish taklif qilindi. Sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishni kengaytirish orqali xarajatlarni qisqartirish va mahsuldorlikni oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, sohani qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Mutasaddilarga baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va aholi dasturxoniga arzon, sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Qurilish ishlarining to‘rtdan bir qismi Toshkentga to‘g‘ri keldi
2026-yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda jami 84,4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu borada Toshkent shahri mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda.
Qayd etilishicha, poytaxtda 22,1 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu respublika bo‘yicha jami qurilish ishlarining qariyb 26 foiziga teng. Ya’ni mamlakatda bajarilgan har to‘rt so‘mlik qurilish ishining bir so‘midan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyati egallab, hududda 8,6 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Shu tariqa Toshkent shahri va viloyati mamlakat qurilish bozorining qariyb 36 foizini shakllantirgan.
Qurilish ishlari hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati 5,9 trln so‘m, Farg‘ona viloyati 5,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 5,2 trln so‘mlik ko‘rsatkichlar bilan qayd etildi.
Qashqadaryo viloyatida 5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa, Xorazm viloyatida bu ko‘rsatkich 4,6 trln so‘mni tashkil qildi. Andijon viloyatida 4,5 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida qurilish ishlari hajmi 4,4 trln so‘mdan, Surxondaryo viloyatida 4,3 trln so‘mdan oshdi. Navoiy viloyatida esa 4,1 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.
Hisobotda eng past ko‘rsatkichlar Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida kuzatilgan. Xususan, Jizzax viloyatida 2,4 trln so‘mlik, Sirdaryo viloyatida esa 1,7 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.
Iqtisodiyot
Dollar kursi o‘sishdan to‘xtadi, yevro ham pasaydi
Markaziy bank 2026-yil 12-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 39,55 so‘mga tushib, 12 014,48 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 73,35 so‘mga tushdi va 13 858,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 058,55 so‘m bo‘ldi (-91,44).
Rossiya rubli 166,61 so‘m etib belgilandi (-0,44).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston 8 ta xorijiy davlatga 2,1 million AQSh dollari qiymatidagi 846,7 ming kvadrat metr gilam eksport qildi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 159,7 ming kvadrat metrga yoki 23,2 foizga ko‘paygan. Statistik ma’lumotlar mamlakatning gilamchilik mahsulotlariga tashqi bozorlarda talab ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Eksport geografiyasida mintaqa davlatlari yetakchilik qilmoqda. Yetkazib berilgan mahsulotlarning asosiy qismi Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi va Afg‘oniston bozorlariga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston gilamlarining eng yirik xaridori Ozarbayjon bo‘ldi. Mazkur davlatga 388 ming kvadrat metr gilam eksport qilingan.
Ikkinchi o‘rinda Qirg‘iz Respublikasi qayd etilib, ushbu mamlakatga 206,6 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berilgan. Afg‘oniston esa 183,4 ming kvadrat metr bilan uchinchi yirik eksport bozori sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, Rossiyaga 24,5 ming kvadrat metr gilam eksport qilingan. Qolgan 44,3 ming kvadrat metr mahsulot boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda IT xizmatlari hajmi keskin oshdi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 30,9 trln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Natija mamlakatda raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari tarkibida kompyuter dasturlashtirish xizmatlari 46,2 foiz ulush bilan birinchi o‘rinni egallagan.
Telekommunikatsiya xizmatlari 29,9 foiz bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu mobil aloqa, internet va boshqa kommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Axborot sohasidagi xizmatlar ulushi 15 foizni tashkil etgan. Nashriyot xizmatlari 6,6 foiz, boshqa xizmatlar esa 2,3 foiz hissaga ega bo‘lgan.
Iqtisodiyot
Issiqlik ta’minotida avans evaziga eski tarifning saqlanib qolish muddati 2 oyga tushirildi
O‘zbekistonda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirilganda aholi uchun avans to‘lovlari doirasida eski tariflarning amal qilishi endi 12 oygacha emas, 2 oygacha davom etadi. Mazkur 2 oylik muddat tarif oshgan sanadan emas, to‘lov amalga oshirilgan sanadan boshlab hisoblanadi. Eski tarifning avans evaziga bir muddat saqlanib qolishi yuridik shaxslar uchun ko‘zda tutilmagan.
Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxs issiqlik ta’minoti tariflari oshgan taqdirda, avans to‘lovlari doirasida ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov kunidan boshlab 2 oydan oshmaydigan davrga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi. Bungacha mazkur davr 12 oyni tashkil etgan.
Veolia Energy kompaniyasining 11 iyun kungi xabariga ko‘ra, bu tartib ham isitish, ham issiq suv xizmatlariga tegishli.
Xabarda aytilishicha, Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga tegishli o‘zgarishlar kiritilgan.
Kun.uz’ning e’tibor qaratishicha, Vazirlar Mahkamasining mazkur o‘zgarishga oid 212-sonli qarori 2026 yil 29 aprelda qabul qilingan. Ammo bu qarorni Lex.uz’dan topishning imkoni bo‘lmadi.
Gaz va elektrdagi shunga o‘xshash tartibdan farqi nimada?
Tariflar oshganda avans to‘lovi hisobiga muayyan muddat eski tariflarning amal qilishiga oid tartib elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida ham bor, biroq issiqlik ta’minotidagi bu norma biroz farq qiladi.
Ma’lumki, elektr energiyasi va tabiiy gazning oshirilgan tariflari kuchga kirgan kundan e’tiboran, abonentlar bilan balansidagi mablag‘ doirasida 2 oygacha eski tariflar asosida hisob-kitob qilinadi. Bunda avans to‘lovi yangi tariflar kuchga kirishidan oldin to‘langan bo‘lsa kifoya.
Issiqlik ta’minotida esa avans to‘lovi aynan qaysi kuni to‘langani muhim ahamiyatga ega. Chunki tarif oshganida eski tarif saqlanib qoladigan 2 oylik muddatning boshlanish sanasi bo‘lib yangi tarif kuchga kirgan sana emas, avans to‘langan kun hisoblanadi.
Shu sababli issiqlik ta’minoti iste’molchilari uchun tarif oshishidan faqat 1 kun oldin to‘lov qilib qo‘yish manfaatliroq, ana shundagina vaqtincha eski tarif amal qiladigan 2 oylik muddatdan to‘liq foydalanish imkoniyati bo‘ladi.
Bundan tashqari, gaz-svet va issiqlik ta’minoti uchun avans to‘lovlarida yana bir farq bor. Gaz va svet tariflari oshganda avans to‘lovi doirasida eski tarifning amal qilishi jismoniy shaxslar uchun 2 oygacha, yuridik shaxslar uchun esa 1 oygacha davom etadi. Issiqlik ta’minotida esa yuridik shaxslar uchun bunday davr ko‘zda tutilmagan; 2 oylik muddat faqat jismoniy shaxslarga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida issiqlik va issiq suv ta’minoti tariflari oxirgi marta 2025 yil noyabrda oshgan edi. O‘shanda narxlar aholi uchun 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga ko‘tarilgandi.
-
Iqtisodiyot3 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan3 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Jamiyat5 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
-
Jamiyat3 days agoAQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
-
Jamiyat4 days agoYo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
