Jamiyat
“Badavlat ayol” loyihasida kim badavlat bo‘lyapti?
Ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama qilingan “Badavlat ayol” onlayn loyihasi atrofida noroziliklar ortib bormoqda. Kurslarni bo‘lib to‘lashga sotib olgan, lekin keyin xafsalasi pir bo‘lgan qatnashchilar Uzum Nasiya’dagi to‘lovlar to‘xtamasligidan shikoyat qilmoqda. Loyiha vakili Kun.uz bilan suhbatda barchasini rad etdi. Raqobat qo‘mitasi odamlarni bu loyihaga ehtiyotkor qarashga chaqirdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib va reklama qilingan “Badavlat ayol” loyihasi ishtirokchilari loyiha yuzasidan noroziliklarini bildirmoqda.
“Badavlat ayol” qanday loyiha?
“Badavlat ayol” loyihasi biznes, psixologiya, oilaviy munosabatlar bo‘yicha 50 ga yaqin trenerlar ishtirokida bir yillik onlayn darslarni taqdim etadi. Natijalar “kafolatlangan”, pul topish imkoniyatlari va’da qilingan. Darslar haftada 3 marta onlayn olib borilgan, ro‘yxatdan o‘tish ham onlayn qilingan. Loyihaning yuzi sifatida taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova jalb etilgan va bu ko‘pchilikda ishonch uyg‘otib, qatnashishga undagan. Ammo aktrisa bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, loyiha boshqaruvchilari bu masalada uning ishtiroki yo‘qligini va savollarga o‘zlari javob berishlarini ta’kidlashdi.
Ayollardan iborat tinglovchilar auditoriyasining ba’zilari to‘liq to‘lov qilgan bo‘lsa, ba’zilari kursni Uzum Nasiya orqali bo‘lib to‘lashga sotib olishgan. Ammo vaqt o‘tib, darslarda kerakli natijani ko‘rmagan mijozlar afsuslana boshlagan. Lekin ular Uzum Nasiya’ga har oyda to‘lov qilishni davom ettirishga majbur: shartnomani bekor qila olishmagan.
“Shartnoma qilib bo‘lgandan keyin butunlay boshqa odamga aylanib olisharkan”
Kun.uz’ga murojaat qilganlardan birining hikoyasi:
— “Badavlat ayol loyihasiga Instagram orqali Rayhon Ulasenova reklama qilgandan keyin qiziqqanman. Menejyer: “O‘zi aslida bu loyiha narxi milliondan oshiq, sizga chegirma qilib bera olamiz, 800 ming to‘lovi bo‘ladi. To‘liq to‘lay olmasangiz, Uzum Nasiya orqali ham oyma-oy to‘lasangiz bo‘ladi. Bir oy mobaynida zo‘r darslar bo‘ladi, zo‘r rivojlanasiz, sohangizni ham rivojlantirasiz”, dedi.
Juda ham ishonarli qilib va’da berishdi, gapirishdi. Keyin kursga qatnashdim. Darslar boshlandi. Har kuni kechqurun soat 8 da bir soat jonli efir orqali dars bo‘lar ekan. To‘g‘risini aytsam, umuman ko‘nglim qoldi. Eshitdim, darslar umuman ma’nisiz, bema’ni narsa. Yosh bola qilib o‘tiribdi hammani. Men qatori ko‘pchilikka yoqmadi bu.
Shartnomani bekor qilmoqchiman, darsdan ko‘nglim to‘lmadi, pulimni qaytarib olmoqchiman deganimda menga qo‘shilganlar juda ko‘p bo‘ldi. Meni ro‘yxatdan o‘tkazgan menejer bilan bog‘landim, lekin u qo‘pol muomala qilib… Xullas, shartnomani tuzdirib olguncha juda ham chiroyli muomala qilib, hamma narsani va’da berib, shartnoma qildirib olarkan-da, shartnoma qilib bo‘lgandan keyin butunlay boshqa odamga aylanib olarkan ular. Shartnoma bekor qilmoqchiman desa, “bor bilganingni qil, shartnoma bekor bo‘lmaydi”, deyishyapti.
Meni hozir qiynayotgan muammo – behudaga pul to‘layapman. Ikki oy bo‘lyapti. Uzum Nasiya’dan odamlari telefon qilib, “nimaga to‘lamayapsiz, pul to‘lang” deyishyapti, lekin umuman pul to‘lagim kelmayapti behuda narsa uchun.
Davlat organi Uzum Nasiya’ni loyiha bilan hamkorlikni to‘xtatishga chaqirdi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 9 iyun kuni bayonot berib, odamlarni “Badavlat ayol” loyihasida qatnashishdan oldin ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaga kelib tushgan 50 ga yaqin shikoyatlarda fuqarolar ta’lim sifati pastligi va va’da qilingan natijalarga erishilmayotgani, tashkilotchilar tomonidan tinglovchilarning e’tirozlari e’tiborsiz qoldirayotgani va qo‘pol munosabatdaligi, e’tiroz bildirgan ishtirokchilarning platformada bloklanishi, shartnomani bekor qilish jarayoni og‘irlashtirilgani, ayniqsa chekka hududlardagi fuqarolar uchun Toshkent shahriga kelish talabi qo‘yilgani va boshqalarni ta’kidlashgan.
Iste’molchilar huquqini himoyalovchi organga ko‘ra, loyihani “Helpdesk” MChJ tashkil etgan, “Shaffof-Moliya” MChJ moliyalashtirgan. Qo‘mita bu tashkilotlar bilan birgalikda kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish va hal etish yuzasidan ish olib borayotganini bildirdi.
Shuningdek, Uzum Nasiya’ga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish masalasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgan.
Ma’lumot uchun, “Helpdesk” MChJ 2024 yil noyabrda ro‘yxatga olingan bo‘lib, yagona ta’sischisi sifatida Qodirov Dostonbek Rustamjon o‘g‘li ko‘rsatilgan.
Kun.uz bog‘langan, o‘zini Komila deb tanishtirgan loyiha menejeri Raqobat qo‘mitasi bayonotidagi ma’lumotlar yolg‘onligini, ular surishtirilmasdan tarqatilganini iddao qildi.
“Uzum bilan ishlaymiz – ularning qoidasiga ko‘ra, platforma 3 kundan keyin mahsulotni qaytarishni bekor qiladi. Buni mahsulot deb qaraydigan bo‘lsak, biz mahsulotimizga 100 foiz kafolat beramiz. Natijaga chiqish esa ishtirokchining o‘z qo‘lida. Uzum “otkaz” tugmasini o‘chirgandan keyin qaytarishning iloji yo‘q. Kelishadi, haqiqatdan sabab arzirli bo‘lsa, yonimizdan to‘lashni boshlaymiz. Buning uchun kelib ariza yozishlari kerak”, – dedi u mijozlar bilan shartnomani bekor qilish uchun Toshkentga kelish talab qilingani haqidagi savolga javoban.
Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘langanimizda, har bir ma’lumot asosli ekanini ma’lum qilishdi: “Qo‘mita tomonidan rasmiy kanallarimizda yoritilayotgan har bir material asoslovchi hujjatlarga ega bo‘lib, boshqarmalarda ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ixtiyoringizga ko‘ra, qo‘mitaga kelib, murojaatlar bilan tanishishingiz mumkinligini bildiramiz”.
Loyihaning Instagram sahifasini ko‘zdan kechirganimizda, aksar izohlar murojaatchilarning so‘zlarini tasdiqladi.
Ko‘rinib turibdiki, ommaviy marketing orqali ayollarning orzu va ehtiyojlaridan tijorat maqsadida foydalanish holati kuzatilyapti. Demak, gap iste’molchi huquqlari, insonlarning moliyaviy xavfsizligi va huquqiy himoyasini ta’minlash haqida ketmoqda.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat18 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat13 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat11 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport2 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
