Jamiyat
Ayol jigarining yarmini eriga berdi
Og‘ir kasallik tufayli hayot-mamot yoqasiga kelib qolgan turmush o‘rtog‘ini saqlab qolish uchun ayol jigarining bir qismini berishga qaror qildi. Navoiy viloyatida ilk bor o‘tkazilgan bu murakkab operatsiyagacha oila yillar davomida dard, xavotir va umid bilan yashadi. Oilasi uchun ayol nimalar qila olishi mumkinligi haqidagi hayotiy hikoya.
Nargiza Ro‘ziyevaning aytishicha, 2022 yilda turmush o‘rtog‘iga jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Unda gepatit asoratlari kuzatilgan. Avvaliga oila bu xabardan dovdirab qolmadi, kasallikka qarshi kurashishga harakat qildi. Davolanishlar olib borildi, tekshiruvlar o‘tkazildi.
Biroq vaqt o‘tgani sari kasallik asoratlari kuchayib bordi. Bu holat ba’zan Sherzod Jo‘rayevni tushkunlikka ham tushirib qo‘ygan.
“Bu sinov, hali hammasi o‘tib ketadi. Biz bu kasallikni yengamiz. Hayotga qarang, odamlarga qarang, yaqinlaringiz, farzandlaringiz bor. Kurashish uchun juda ko‘p sabablar bor, deb turmush o‘rtog‘imga tasalli berib turardim”, – deydi Nargiza Ro‘ziyeva.
Oila bir necha marta Navoiy va Toshkentda tekshiruvlardan o‘tdi. Shifokorlar jigar transplantatsiyasi, ya’ni jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti zarurligini bildirdi. Buning uchun esa donor kerak edi.
“Birinchi bo‘lib o‘zim jigarimni beraman dedim. Singillari ham donor bo‘lishga tayyorligini aytdi. Bir nechta tekshiruvlardan keyin mening natijalarim mos keldi. Turmush o‘rtog‘imga jigarimni berishim mumkin ekan. Buni eshitganimda juda xursand bo‘ldim.
Allohga shukur qilaman. Bu bergan ne’matlari oldida kichik bir sinov. Nasib qilsa, ikkimiz ham bu sinovdan o‘tamiz”, – degan u operatsiyaga kirishdan oldin.
Operatsiya Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida – viloyatda birinchi marta o‘tkazildi.
Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi O‘tkir Xushvaqtovning aytishicha, operatsiya Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Uning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlarning hududlarda yo‘lga qo‘yilishi yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar ham bunday murakkab operatsiyalarni bajarish bo‘yicha tajriba orttiradi.
Jigar transplantatsiyasi juda murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Operatsiya vaqtida bir vaqtning o‘zida ham donor, ham bemor operatsiya qilinadi. Bu esa shifokorlar jamoasidan katta mas’uliyat va ko‘plab mutaxassislarning hamkorligini talab qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu operatsiyaga uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan. Sherzod Jo‘rayevga turmush o‘rtog‘ining jigarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti qariyb 12 soat davom etgan va muvaffaqiyatli yakunlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning o‘zida Milliy tibbiyot markazida 150 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan. Navoiy viloyati esa bunday murakkab operatsiya o‘tkazilgan oltinchi hududga aylandi.
Shifokorlar jamoasi qariyb yarim kun davomida operatsiya xonasida ishlashdi.
Operatsiyadan keyin Sherzod Jo‘rayev uchun eng katta yengillik – gapira olish imkoni bo‘ldi.
“Ayolim donorlik qilaman degan paytda avvalo o‘zim qarshilik qilganman. Bolalarimizni o‘yladim. Agar ikkimiz ham operatsiyadan sog‘lom chiqmasak, ularning taqdiri nima bo‘ladi, deb xavotirlandim.
Ammo ayolim qaroridan qaytmadi. Kasallikka qarshi birga kurashamiz, deb yonimda turdi.
Narkozdan chiqqanimdan keyin birinchi izlaganim u bo‘ldi. Uni ko‘rdim, yonimdagi krovatda yotar ekan. Ikkimiz ham operatsiyadan yaxshi chiqdik. Shunday ayolni bergani uchun shukur qilaman”, – deydi u.
Operatsiyadan keyin Nargiza Ro‘ziyeva o‘zini yaxshi his qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan, ammo u turmush o‘rtog‘ini yolg‘iz qoldirishni tasavvur ham qila olmagan.
“Avvalo Allohga shukur qilaman. Keyin yaqinlarimiz, farzandlarimiz va duo qilib turgan odamlarning qo‘llab-quvvatlashi bizga kuch berdi. Albatta, qo‘rquv bo‘ldi, yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Lekin baribir qalbimda ishonch bor edi – biz bu sinovdan o‘tamiz deb ishonardim.
Turmush o‘rtog‘im avval donorlikka qarshi bo‘ldi. Bolalarimiz haqida o‘yladi, mening sog‘lig‘imdan xavotir oldi. Qat’iy turdim, agar shu holatga men tushganimda siz ham o‘zingizni ayamagan bo‘lardingiz. Chunki oilada bir-birini asrash – eng katta burch, dedim.
Operatsiyadan keyin ko‘zimni ochganimda birinchi so‘raganim turmush o‘rtog‘im bo‘ldi. Uning tirikligi, sog‘lomligi men uchun hammasidan muhim edi.
Men bu ishni qahramonlik deb hisoblamayman. Bu – oila uchun qilingan oddiy burch. Agar oilada muhabbat va ishonch bo‘lsa, inson har qanday sinovdan o‘ta oladi. Ayniqsa, oilani saqlab qolish uchun ayol kishi sinovlarga bardosh berishi, qiyinchiliklarga tayyor turishi lozim.
Biz go‘yo hayotga qaytadan kelgandek bo‘ldik. Endi yanada kuchliroq yashaymiz, farzandlarimiz bilan baxtli hayot kechirishni istaymiz”, – deydi Nargiza Ro‘ziyeva.
Bu voqea inson qalbidagi muhabbat va sadoqat ba’zan tibbiyotning eng murakkab amaliyotlariga ham kuch bag‘ishlashini yana bir bor ko‘rsatdi. Navoiydagi bu operatsiya nafaqat bir oilaning hayotini saqlab qoldi, balki hududlarda ham yuqori texnologiyali tibbiy amaliyotlarni amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatdi.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat19 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport20 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat7 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat1 hour ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
