Iqtisodiyot
«Asosiy pasayish Sho‘rtanda» – energetika vaziri gaz qazib olish hajmining keskin qisqarib ketganiga izoh berdi
2026 yilning mart oyida O‘zbekistonda 2,7 mlrd kub gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 mlrd kub yoki 30,8 foizga kam. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu pasayish “kutilgan holat” ekani, hozirda asosiy vazifa qazib olishni barqarorlashtirish va hajmlarni ushlab turish ekanini aytdi.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 9,6 mlrd kub metrni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,7 mlrd kub metrga yoki 15 foizga, 2024 yilning mos davriga nisbatan esa 2 mlrd kub metrga yoki 17,2 foizga qisqardi. Xususan, mart oyida 2,7 mlrd kub gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 mlrd kub yoki 30,8 foizga kam.
12 may kuni Toshkentda o‘tayotgan Energetika haftaligi doirasida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qazib olish hajmi kamayishi sabablari haqidagi savolga javob berdi, deya xabar berdi Gazeta.uz.
«Bu bo‘yicha oldin ham aytganmiz, bizda yildan yilga, baribir, tabiiy pasayish kuzatilmoqda. Gaz qazib chiqarish pasayishi aniq edi, buni ko‘rsatganmiz. Faqat asosiy maqsad — buni barqarorlashtirish va [hajmlarni] ushlab borish», — degan u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun «O‘zbekneftgaz» va boshqa hamkorlar bilan birgalikda burg‘ilash, yangi uskunalar sotib olish, geologiya-qidiruv va yangi maydonlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
«Jumladan, SOSAR va BP bilan hamkorlik aynan Ustyurt mintaqasida yangi konlar va yangi maydonlarni ochishga qaratilgan», — deya ta’kidlagan Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Asosiy pasayish qaysi konlarda kuzatilayotgani haqidagi savolga Energetika vazirligi rahbari gap eski konlar haqida ketayotganini ta’kidladi.
«Asosiy pasayish, bilasizlar, Sho‘rtanda, ya’ni Buxoro-Xiva va Qashqadaryo hududlaridagi, o‘sha eski va doim aytganimizdek, 85−90 foizga o‘zlashtirib bo‘lingan konlarda yuz bermoqda», — degan vazir.
Iqtisodiyot
Prezident «SOCAR» va «British Petroleum» rahbarlarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni «O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026» forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjonning «SOCAR» kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda «British Petroleum» kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasida yetakchilardan hisoblangan ushbu yirik kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika sohasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. «SOCAR» kompaniyasi Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistonning sherigi hisoblanadi. «SOCAR» ning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ushbu keng ko‘lamli loyihaga «British Petroleum» kompaniyasi qo‘shilganiga yuksak baho berildi.
Neft-gaz sohasida uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish hamda tarmoq uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi sifatida ham faoliyat yuritayotgan Ravshan Najaf davlatimiz rahbariga 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda yoshlar o‘rtasidagi U-20 jahon chempionatini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
Iqtisodiyot
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yirik investitsiya loyihasi moliyaviy resurslar qiymati kamida 50 mln AQSh dollari ekvivalentida jalb etilgan holda amalga oshiriladigan, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki boshqa infratuzilmani yaratish, kengaytirish yoki modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari hisoblanadi.
Yirik investitsiya loyihasini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yirik investitsiya loyihasining xavf darajasi yuqori bo‘lgan taqdirda loyihaning maqbulligi va amalga oshirish imkoniyati bo‘yicha salbiy xulosa beriladi.
Ekspertiza yoki baholash natijalari bo‘yicha salbiy xulosa berilgan bo‘lsa, ekspertiza va baholash xulosalarida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmasdan investitsiya loyihasini ma’qullashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Iqtisodiyot
Barcha viloyatlarda xususiy veterinariya klinikalari va laboratoriyalar ochiladi
2027-yildan boshlab veterinariya sohasida laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar bo‘yicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi. Bu haqda prezident ishtirokidagi chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qishloq ho‘jaligida har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va dehqonlar uchun «Agro ko‘makchi» mobil ilovasida elektron «Dala daftari» tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sun’iy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.
Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritilib, ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027-yil 1 martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi «Yagona darcha» tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.
Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard so‘mga tejaladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston 3 oyda qariyb 70 ming tonna banan import qildi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonga 9 ta xorijiy davlatdan 69 ming tonna banan import qilingan. Import qilingan mahsulotning umumiy qiymati 20,4 mln AQSh dollarini tashkil etgan.
Hisobot davrida banan importi hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan 21,3 ming tonnaga yoki 44,7 foizga oshgani qayd etildi. Bu mamlakatda import mevalarga talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Statistikaga ko‘ra, Ekvador O‘zbekiston bozoriga eng yirik yetkazib beruvchi davlat bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga eng ko‘p banan Ekvadordan import qilingan. Ushbu davlatdan 53,5 ming tonna mahsulot olib kirilgan.
Ikkinchi o‘rinni Xitoy egallagan bo‘lib, bu davlatdan 11,1 ming tonna banan import qilingan. Turkiyadan esa 3,4 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Shuningdek, Rossiyadan 404,3 tonna banan import qilingan. Boshqa davlatlar hissasiga esa 555,8 tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
BP Ustyurtdagi neft-gaz bloklarining 40 foiz ulushini sotib oldi
Britaniyaning yirik energetika kompaniyasi – British Petroleum (BP) Ustyurt hududidagi mahsulot taqsimotiga oid bitimga qo‘shildi.
Mazkur bitim Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt mintaqasida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston neft va gazi – 2026» xalqaro konferensiyasi doirasida imzolangan kelishuvda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, SOCAR kompaniyasi prezidenti (Ozarbayjon) Rovshan Najaf hamda BP kompaniyasining Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Djiovanni Kristofoli ishtirok etdi.
Mazkur loyiha kompaniyaning O‘zbekistondagi ilk tashabbusi bo‘lib, u «O‘zbekneftgaz» va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, katta resurs salohiyatiga ega bO‘lgan ushbu loyiha neft-gaz resurslarini qidirish va o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirish va uzoq muddatli manfaatlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) BP kompaniyasining qidiruv portfelini kengaytirish va uzoq muddatli o‘sish strategiyasining muhim qismi ekani aytildi.
Bitimdagi tomonlarning ulushlari quyidagicha belgilangan:
BP kompaniyasi – 40 foiz;
SOCAR kompaniyasi – 30 foiz;
«O‘zbekneftgaz» AJ – 30 foiz.
Ma’lumot uchun, ushbu MTB dastlab 2025-yil 24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zbekneftgaz» va SOCAR o‘rtasida imzolangan. Ayni paytda loyiha birinchi bosqichda bo‘lib, SOCAR operator sifatida seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda.
-
Jamiyat2 days agoНавоийда бир неча кун қизғин давом этган «Медиа ҳафталик» якунланди
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashdi
-
Jamiyat4 days agoYer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
-
Sport2 days agoO‘zbekiston o‘smirlar futbol terma jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
-
Siyosat4 days agoQozog‘iston prezidenti ham Moskvaga boradi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etmaydi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirishni boshladi
