Connect with us

Sport

«Arsenal» «Atletiko»ga imkon qoldirmadi, «Barsa» 6 ta, «PSJ» 7 ta gol urdi

Published

on


«Napoli» kutilmaganda safarda yirik hisobda yutqazdi, «Qayrat» deyarli 90 daqiqa bir kishi ko‘p o‘ynab gol urolmadi. Seshanba oqshomida YeChLning 3-turi doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

«Arsenal»da ideal o‘yin

«Arsenal» – «Atletiko» 4:0

Gollar: Gabriel Magalyayns, 57 (1:0). Martinelli, 64 (2:0). Yokeresh, 67 (3:0). Yokeresh, 70 (4:0)

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns (Moskera, 72), Lyuis-Skelli, Timber (Uayt, 83), Subimendi (Norgar, 72), Rays, Eze (Nvaneri, 72), Martinelli, Saka, Yokeresh (Merino, 83)

«Atletiko»: Oblak, Ximenes (Rudjyeri, 63), Le Norman, Gansko, Liorente, Koke (Gallaher, 63), Barrios, Gonsales (Baena, 63), Simeone (Almada, 72), Serlot (Grizmann, 72), Alvares

Ogohlantirishlar: Subimendi, 38 – Ximenes, 33. Le Norman, 75

«Kanonirlar» bu mavsumda ham chempionlik uchun asosiy da’vogarlar qatorida ekanini namoyish etmoqda. Arteta shogirdlari oldingi turlarda nisbatan osonroq raqiblar – «Atletik» va «Olimpiakos» ustidan 2:0 hisoblarida g‘alaba qozongandi. Bu safar esa «Atletiko»ga qarshi o‘yin jamoa uchun ilk jiddiy sinov bo‘lishi kutilgandi. Ammo Diyego Simeone jamoasi birinchi bo‘limda chuqur himoyalanib, darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan bo‘lsa-da, tanaffusdan keyin 13 daqiqa ichida to‘rtta gol o‘tkazib yubordi. Avvaliga londonliklar odatdagi kabi standart vaziyatdan unumli foydalanishdi, Rays jarima zarbasidan to‘pni oshirib berdi, Magalyayns boshi bilan aniq zarba berdi. Keyin esa chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli to‘pni jarima maydoniga qadar olib borib, Martinellini golli pas bilan ta’minladi. Golsiz seriyasi uchun tanqidga uchrayotgan Yokeresh esa dubl rasmiylashtirdi. U dastlab Ezening zarbasidan keyin to‘pga ega chiqib, darvozani ishg‘ol etdi, keyin esa yana bir standart vaziyatni yakunlab berdi. Rays burchak zarbasidan keyin to‘pni olis ustun tomon yetkazdi, Magalyayns esa to‘pni darvozabon hududiga tashlab berdi va Viktor kerakli joyda paydo bo‘ldi. «Arsenal» uchinchi o‘yinda ham darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va uch o‘yinda uch g‘alaba bilan peshqadamlar safida bormoqda.

Son jihatdan ustunlik – kafolat emas

«Qayrat» – «Pafos» 0:0

«Qayrat»: Anarbekov, Martinovich, Sorokin, Luish Mata, Tapalov (Tuyakbayev, 46), Arad (Rikardinio, 90+2), Gleyzer (Zariya, 61), Jorjinio, Gromiko (Kasabulat, 89), Mrinskiy, Satpayev

«Pafos»: Mixail, David Luiz, Lyukkassen, Pileas (Goldar, 66), Brunu (Langa, 90), Shunich, Pepe (Sema, 79), Dragomir, Orshich (Dimata, 79), Kina (Bassauamina, 66), Joau Korreya

Ogohlantirishlar: Satpayev, 21. Arad, 40. Tuyakbayev, 82 – Shunich, 80

Chetlatish: Joau Korreya, 4

«Qayrat» Chempionlar ligasidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi, ammo Almatidagi stadionga yig‘ilgan muxlislarni bu qoniqtirgani dargumon. Birinchidan, raqib Qozog‘iston chempionlari yengishi mumkin bo‘lgan jamoalar sirasidan edi, qolaversa, «Pafos» to‘rtinchi daqiqadayoq Korreyaning chetlatilishi tufayli bir kishi kam bo‘lib qoldi. Kiprliklar ozchilik holatda ham hujumlarda xavfli o‘ynadi va o‘yin tugashiga 20 daqiqa qolganida darvozani ishg‘ol qildi ham. Ammo hakamlar «Pafos»ning ushbu hujumi vaqtidagi ofsayd holatini qayd etib, «Qayrat»ning joniga ora kirdi. Shundan keyin Rafael Urazbaxtin shogirdlarida ham chinakamiga xavfli vaziyat yuzaga keldi, ammo Aradaning zarbasidan keyin to‘p darvoza ustuniga tegdi. Umuman, mezbonlar o‘yin davomida 22 marta zarba berdi, ammo shundan faqat 2 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, mehmonlarda esa 9 zarbadan 6 tasi aniq bo‘ldi. Yakunda «Pafos» YeChLda ikkinchi ochkosini qo‘lga kiritdi.

Ferminning tarixiy het-trigi

«Barselona» – «Olimpiakos» 6:1

Gollar: Fermin Lopes, 7 (1:0). Fermin Lopes, 39 (2:0). Al-Kaabi, 54 – penalti (2:1). Yamal, 68 – penalti (3:1). Reshford, 74 (4:1). Fermin Lopes, 76 (5:1). Reshford, 79 (6:1)

«Barselona»: Shchensni, Kubarsi, Garsiya, Balde (Arauxo, 75), Kunde (Martin, 75), Pedri (Bernal, 80), Kasado, Fernandes (de Yong, 59), Fermin Lopes, Yamal (Bardji, 75), Reshford

«Olimpiakos»: Tzolakis, Pirola, Retsos, Ortega (Onemayechi, 53), Koshtinya, Dani Garsiya, Esse, Shikinyu (Diogu Nasimentu, 31), Podense (Yaremchuk, 77), Martinsh (Muzakitis, 46), Al-Kaabi (Taremi, 77)

Ogohlantirishlar: Balde, 23 – Esse, 35. Dani Garsiya, 39. Podense, 55

Chetlatish: Esse, 57 (ikkinchi sariq)

Birinchi bo‘limda Fermin Lopes ikkita gol urdi. «Olimpiakos» esa ikkinchi bo‘lim boshida turnirdagi ilk golini urib, o‘yinga intrigani qaytardi. Bu vaziyatda Erik Garsiya to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va Al-Kaabi penaltini aniq ijro etdi. Ammo arbitrning keyingi qarori greklar zarariga bo‘ldi. Hakam to‘p uchun kurash vaqtida Esse raqibning yuziga urib yuborgan deb topdi va argentinalik futbolchiga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi. Holbuki bu vaziyatda mezbonlar futbolchisi Kasado aktyorlik mahoratini ishga solgandi, ammo VAR vaziyatga aralashmadi va xatoni tuzatmadi.

Shundan keyin pireyliklarning kayfiyati tushib ketdi va o‘yinning qolgan qismida kataloniyaliklar istaganini qilishdi. 68-daqiqada hakam Shnider yana bir bahsli qaror chiqardi, Reshford raqib jarima maydoni ichida darvozabon bilan kontaktdan keyin yiqildi va mehmonlar darvozasiga penalti qo‘yildi, holbuki bu vaziyatda darvozabon to‘pga birinchi ulgurgandi. 11 metrlik zarbani Yamal aniq ijro etdi. Qolgan vaqt mobaynida Reshford dublni rasmiylashtirdi, Fermin esa uchinchi golini urdi – 6:1. E’tiborli jihati Lopes «Barsa» safida YeChL o‘yinida het-trik qayd etgan ilk ispaniyalik futbolchiga aylandi. Kataloniyaliklar Yevropa maydonlarida sakkiz yarim yildan buyon bir o‘yinda oltita gol urmagandi (bunaqasi oxirgi marta «PSJ» bilan o‘sha mashhur o‘yindagi 6:1 hisobi bo‘lgandi).

«10 ga 10» formatidagi yirik hisob

«Bayyer» – «PSJ» 2:7

Gollar: Pacho, 7 (0:1). Garsiya, 38 – penalti (1:1). Due, 41 (1:2). Kvaratsxeliya, 44 (1:3). Due, 45+3 (1:4). Nunu Mendesh, 50 (1:5). Garsiya, 54 (2:5). Dembele, 66 (2:6). Vitinya, 90 (2:7)

Aniq ijro etilmagan penalti: Grimaldo, 25’

«Bayyer»: Flekken, Bade, Tapsoba, Andrix, Fernandes (Mensa, 81), Garsiya, Grimaldo, Artur, Echeverri (Maza, 46), Poku (Ben Segir, 63), Kofane (Belosyan, 52)

«PSJ»: Shevale, Zabarniy, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Due (Ernandez, 46), Zair-Emeri (Ndjantu, 76), Barkolya (Mbay, 72), Kvaratsxeliya (Li Kan In, 63), Mayulu (Dembele, 63)

Ogohlantirishlar: Echeverri, 43. Tapsoba, 45 – Zabarniy, 24

Chetlatishlar: Andrix, 31. Zabarniy, 37

Erik ten Hag iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga Kasper Yulmann tayinlanganidan buyon mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan «Bayyer» «PSJ» mashinasini to‘xtata olmadi. Bu jamoalar kunning eng sermahsul o‘yinini o‘tkazib berishdi – muxlislar jami to‘qqizta gol ko‘rishdi. Shundan yettitasi parijlik futbolchilar nomiga yozildi.

Yirik g‘alabaga qaramay, Yevropaning amaldagi chempionlari himoyasida muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Zabarniyning folidan keyin parijliklar darvozasiga penalti qo‘yildi, ammo Grimaldo bu imkoniyatdan foydalana olmadi, ko‘p o‘tmay Andrix tirsagi bilan Duening yuziga urib yuborgani uchun qizil kartochka oldi va mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Ammo Zabarniy yana hunar ko‘rsatdi va yana jarima maydoni ichida qo‘pollik ishlatib, ikkinchi penaltiga sababchi bo‘ldi, yetmaganiga qizil kartochka olib maydonni tark etdi. «10 ga 10» formatida ham Luis Enrike shogirdlari mezbonlarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Due dubl muallifiga aylandi. Uchinchi golli hujumda Dezirega assistentlik qilgan Kvaratsxeliya bo‘lim oxirida kuchli zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Mendesh hisobdagi farqni oshirdi, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Dembele ham o‘z golini urdi, so‘nggi daqiqalarda esa Vitinya yakuniy hisobni o‘rnatdi – 7:2. Uch o‘yinda uch g‘alabaga erishgan «PSJ» to‘plar nisbatiga ko‘ra yaxshiroq ko‘rsatkichga ega bo‘lgani uchun turnir jadvalini boshqarishda davom etmoqda.

Holandda superseriya

«Vilyarreal» – «Manchester Siti» 0:2

Gollar: Holand, 17 (0:1). Bernardu Silva, 40 (0:2)

«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt, Veyga, Pedrasa (Kardona, 46), Mourinio, Komesanya (Peres, 72), Parti, Geyye (Parexo, 81), Byukenen (Moleyro, 66), Mikautadze (Oluvaseyi, 66), Pepe

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Stouns, Gvardiol, Mateus Nunes, Bernardu Silva, Lyuis (Reynders, 73), Gonsales (Kovachich, 57), Doku (Bobb, 72), Savio (Marmush, 86), Holand (Sherki, 86)

Ogohlantirishlar: Pedrasa, 11. Mourinio, 45. Geyye, 75. Moleyro, 85 – Bernardu Silva, 22. Ruben Diash, 65

«Vilyarreal» Holandning navbatdagi qurboniga aylandi, norvegiyalik hujumchi tezkor gol urib, rasmiy o‘yinlardagi golli seriyasini 12 taga yetkazib qo‘ydi. Lyuisning uzatmasidan keyin to‘pni bir teginishda darvoza to‘riga yo‘llagan hujumchida YeChLda o‘tkazgan o‘yinlaridan ko‘ra ko‘proq golga ega – 51 o‘yinda 53 gol. Erling ikkinchi gol urilishida ham muhim rol o‘ynadi, mezbonlar himoyachilari Savinio aynan unga uzatma berishini kutib, Bernardu Silvani bo‘sh qoldirishgandi. Mezbonlar munosib qarshilik ko‘rsatishdi va xG bo‘yicha nomdor raqibdan unchalik ortda qolmadi – 1,50 ga qarshi 1,38, zarbalar soni bo‘yicha esa ustunroq ham bo‘ldi (11:10), ammo hujumlarni yakunlashda oqsash kuzatildi. Ishonchli g‘alabadan keyin «shaharliklar» 7 ochko bilan kuchli sakkizlikda qoldi, uch o‘yinda atigi bir ochko olgan «sariq submarinalar» esa umumiy jadvalning quyi qismiga sho‘ng‘idi.

«Inter» ham gol o‘tkazmayapti

«Yunion» – «Inter» 0:4

Gollar: Dyumfris, 41 (0:1). Martines, 45+1 (0:2). Hoqon Chalxono‘g‘li, 53 – penalti (0:3). Espozito, 76 (0:4)

«Yunion»: Sxerpen, Berdjyess, Leysen, Makallister, Rasmussen (Rodriges, 61), van de Perre, Zorgan (Sxofs, 84), Nyang (Patris, 75), Xalaili, Ait Al-Hoji (Floruch, 60), Devid (Jiger, 61)

«Inter»: Zommer, de Vrey (Akanji, 46), Bastoni (Dimarko, 59), Bissek, Zelinski, Frattezi, Hoqon Chalxono‘g‘li (Suchich, 59), Karlos Augustu, Dyumfris (Luis Enrike, 77), Martines (Bonni, 58), Espozito

Ogohlantirishlar: Sxofs, 89 – de Vrey, 31

«Inter»da ideal start – uch turda uch g‘alaba. YeChLning o‘tgan mavsumi finalchisi bu safar Belgiyada «Yunion»ga rahm qilmadi. Mezbonlar o‘yinni yaxshi boshlagandi, ammo o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi, Zommer ikki bor seyv qilishiga to‘g‘ri keldi, yana bir vaziyatda himoyachilardan biri to‘pni darvoza chizig‘i oldida to‘xtatdi. Shundan keyin mehmonlar tashabbusni o‘z qo‘liga ola boshladi va tanaffus arafasida Dumfris va Martinesning sa’y-harakatlari bilan ikki gol urishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa «neradzurrilar» penalti ishladi, Chalxono‘g‘li odatdagidek sovuqqonlik bilan aniq zarba berib, hisobni yiriklashtirdi. Keyin esa «Inter»ning yosh yulduzi Espozito asosiy yevrokubokdagi ilk golini nishonladi. Milanliklar ham xuddi «Arsenal» kabi uchinchi o‘yinda ham darvozasi daxlsizligini saqlab qolishdi.

«Napoli» 6 ta gol o‘tkazib yubordi

«PSV» – «Napoli» 6:2

Gollar: Maktominay, 31 (0:1). Buondjorno, 35 – avtogol (1:1). Saybari, 38 (2:1). Man, 54 (3:1). Man, 80 (4:1). Maktominay, 86 (4:2). Pepi, 87 (5:2). Driosh, 89 (6:2)|

«PSV»: Kovarj, Gaserovski (Obispo, 46), Sxauten, Salax-Eddin (Dest, 85), Flamingo, Mauro Junior, Verman, Saybari (Vanner, 88), Perishich (Pepi, 85), Man, Til (Driosh, 85)

«Napoli»: Milinkovich-Savich, Buondjorno, Bekema (Guterres, 58), Spinatssola (Juan Jyezus, 58), Di Lorenso, Gilmor (Lang, 58), De Bryuyne (Elmas, 85), Zambo Angissa, Maktominay, Politano (Neres, 73), Lukka

Ogohlantirishlar: Gaserovski, 28. Verman, 30. Saybari, 70. Driosh, 90 – Spinatssola, 42

Chetlatish: Lukka, 76

Eyndhovenda esa sensatsiya qayd etildi. Italiyaning amaldagi chempioni «Napoli» Niderlandiyada oltita gol o‘tkazib yuborishini hech kim kutmagandi. Antonio Konte jamoasi mudofaasi shu kuni ochiq eshiklar kuni o‘tkazdi, shu tufayli Maktomineyning dubli durang uchun ham yetarli bo‘lmadi. 76-daqiqada mehmonlar hujumchisi Lukka maydondan chetlatilishi hisob yiriklashib ketishiga sabab bo‘ldi. Shundan keyin ruminiyalik vinger Man dublni rasmiylashtirdi, ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan marokashlik Driosh 1+1 qayd etdi. Italiya jamoalari YeChLda o‘n yildan buyon buncha gol o‘tkazmagandi. O‘shanda «Roma» «Barselona» tomonidan tor-mor etilgan (1:6). Ammo Yevropa grandiga bunday yutqazish boshqa ish, odatda o‘zi yirik hisobda yutqazib yuradigan PSVdan buncha ko‘p gol o‘tkazish boshqa ish, Niderlandiya jamoalari asosiy yevrokubokda 1979 yildan buyon bir o‘yinda 6 ta gol urgani ham ko‘p narsani anglatadi.

Dortmundliklarda barqarorlik

«Kopenhagen» – «Borussiya» D 2:4

Gollar: Nmecha, 20 (0:1). Anton, 33 – avtogol (1:1). Bensebaini, 61 – penalti (1:2). Nmecha, 76 (1:3). Silva, 87 (1:4). Dadason, 90 (2:4)

«Kopenhagen»: Kotarski, Gabriel Pereyra, Xatzidiakos (Garananga, 75), Meling (Lopes, 63), Sudzuki, Lerager, Klem (Zage, 81), Ashuri (Madsen, 81), Larsson (Dadason, 75), Klasson, Mukoko

«Borussiya» D: Kobel, Shlotterbek, Bensebaini (Anselmino, 85), Anton, Bellinghem, Nmecha (Zabitser, 77), Svensson, Koutu (Ryuerson, 62), Bayyer (Chukvuemeka, 62), Brandt (Silva, 62), Girassi

Ogohlantirishlar: Lerager, 60. Zage, 89 – Bensebaini, 75

«Borussiya» uchun barchasi ajoyib boshlandi – Nmecha jarima maydoni chizig‘i oldidan turib, to‘pni to‘sin ostidan darvoza to‘riga yo‘lladi. Ammo «Kopenhagen» tarkibida shu kuni dortmundliklarga qarshi katta ishtiyoq bilan to‘p surishi aniq bo‘lgan futbolchi bor edi. Bu shu yozda «asalarilar» safidan Daniya klubiga o‘tgan Mukoko. Aynan ushbu forvard burchak zarbasidan keyin jarima maydoni markazidan kuchli zarba yo‘llab, mehmonlar mudofaasida vahima uyg‘otdi, Bensebaini to‘pni uzoqlashtirishga urinib, jamoadoshi Antonga qarata tepdi va avtogol yuzaga keldi. Lekin jazoirlik futbolchi ikkinchi bo‘limda penaltini aniq ijro etib, o‘z aybini yuvdi. Nmechaning uzoq masofadan yo‘llagan yana bir aniq zarbasi esa o‘yin masalasini hal qildi. O‘yin oxirida jamoalar bittadan gol urishdi va hisob 2:4 ko‘rinishini oldi. E’tiborli jihati, dortmundliklar uch turda ham to‘rttadan gol urishmoqda, bundan oldingi turlarda «Yuventus» bilan 4:4, «Atletik» bilan 4:1 hisoblari qayd etilgandi.

Mourinio tubda

«Nyukasl Yunayted» – «Benfika» 3:0

Gollar: Gordon, 32 (1:0). Barns, 71 (2:0). Barns, 83 (3:0)

«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tshau, Bern, Trippiyer, Mayli, Remsi (Joelinton, 63), Gimarayns (Uillok, 90), Gordon (Osula, 85), Merfi (Barns, 63), Voltemade (Elanga, 85)

«Benfika»: Trubin, Otamendi, Silva, Arauju, Barrenechea, Rios, Eursnes, Dedich (Ivanovich, 63), Sudakov, Lukebakio, Pavlidis

Ogohlantirishlar: Tshau, 17 – Lukebakio, 45

Joze Mourinioning «Benfika» bosh murabbiyligiga tayinlanganidan keyin Angliyaga qilgan ikkinchi safari ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Lissabonliklar «Chelsi» ortidan «Nyukasl»ga ham yutqazishdi. Hisob 0:0 holatida Lukebakio qulay vaziyatdan foydalana olganida o‘yin butunlay boshqacha kechishi mumkin edi, Gordon esa bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda o‘z imkoniyatidan aniq foydalanib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa «Benfika» na hujumda, na himoyada yaxshi harakatlandi. Mezbonlarning zaxiradan tushgan forvardi Barns 12 daqiqa ichida dublni rasmiylashtirdi. E’tiborli jihati, uning birinchi goliga Poup hammualliflik qildi, u to‘pni qo‘li bilan otib, 59 metr masofaga yetkazib berdi. Eddi Hau jamoasi qatorasiga ikkinchi yirik g‘alabaga erishdi, uch o‘yinda ham yutqazgan «Benfika» esa turnir jadvalining quyi qismida.

Umumiy jadval:



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi

Published

on


15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.

Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.

Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.

Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.

26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.

Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.



Source link

Continue Reading

Sport

Messi Ispaniya futbol klubini sotib oladi — OAV

Published

on


Argentinalik hujumchi Lionel Messi Ispaniyaning «Eldense» futbol klubini sotib oladi. Bu haqda Marca xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli «Inter Mayami» futbolchisi klubning amaldagi egalari bilan kelishuvga erishgan. «Oltin to‘p»ning sakkiz karra sohibi «Eldense» aksiyalarining 100 foizini sotib olishni rejalashtirmoqda.

«Lionel Messi bilan aksiyalarni sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Natijada u klubning nazorat paketini egallaydi. Ayni paytda qolgan yuridik va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, kompleks tekshiruv hamda Ispaniya Milliy sport kengashidan zarur ruxsatni olish ishlari yakunlanmoqda», — deyiladi klub bayonotida.

Aprel oyida Messi Ispaniya futbolining beshinchi divizionida ishtirok etadigan «Kornelya» klubining egasiga aylangan edi.

«Eldense» joriy mavsumda Ispaniyaning ikkinchi kuchli ligasi — Segundada ishtirok etmoqda. Jamoa ikki ochko jamg‘argan va turnir jadvalida 20-o‘rinni egallab turibdi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi

Published

on


«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.

«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.

Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.

Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.



Source link

Continue Reading

Sport

Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi

Published

on


Bugun «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning yangi rahbariyati saylandi.

Konferensiya yakuniga ko‘ra, Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi. Mansur Mamadaminov birinchi o‘rinbosar, Anvar Kurbaniyazov esa rais o‘rinbosari lavozimini egalladi.

Yangi rahbariyat federatsiya oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab, O‘zbekiston biatlonini yanada rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash va yuqori darajadagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.

Xususan, 2027-yilgi Jahon chempionati hamda 2030-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.

Yangi rahbariyat oldida biatlon infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash hamda O‘zbekiston biatlonining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi

Published

on


Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.

«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.

Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.

Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.

Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.

Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.