Connect with us

Sport

Argentina ham yarimfinalga chiqdi

Published

on


Shveytsariya asosiy vaqtda 10 kishi bo‘lib durang hisobni ushlab qoldi, ammo qo‘shimcha bo‘limlarda ikki gol o‘tkazib yubordi.

Foto: Carl Recine/Getty Images

Argentina – Shveytsariya 3:1

Gollar: Makallister, 10 (1:0). Ndoy, 67 (1:1). Alvares, 112 (2:1). L. Martines, 120+1 (3:1)

Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 106), Talyafiko (Gonsales, 78), Molina (Montiel, 85), Paredes (Lopes, 110), Fernandes (Almada, 91), Makallister, de Paul (L. Martines, 85), Alvares, Messi

Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Eray Jyemert, 90), Zakariyo (Yashari, 96), Froyler (Vargas, 115), Jaka, Rider (Muhaym, 86), Ndoy (Vidmer, 86), Sou (Amduni, 86), Embolo

Ogohlantirishlar: Almada, 97. L. Martines, 98. Lopes, 114 – Embolo, 44

Chetlatish: Embolo, 72 (ikkinchi sariq)

JCh chorakfinalining Argentina va Shveytsariya milliy jamoalari o‘rtasida kechgan so‘nggi bahsi ham dramatik tarzda kechdi. Janubiy Amerika vakillari o‘yin startidayoq hisobni ochgandi, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida yevropaliklar muvozanatni tikladi.

Ammo hisob tenglashganidan bir necha daqiqa o‘tib, Shveytsariya ozchilik bo‘lib qoldi: VAR aralashuvidan keyin Embologa simulyatsiya uchun ikkinchi sariq kartocha ko‘rsatildi (yangi qoida ishga tushib, futbol tarixida ilk bor shunday holat kuzatildi).

Ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay, shveysariyaliklar asosiy vaqtda durang hisobni ushlab qolishdi, qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisida ham darvozalarga gol urilmadi.

Barcha penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rayotganida esa Alvares jarima maydoni tashqarisidan darvoza to‘qqizligini aniq nishonga olib, o‘yin taqdirini hal qildi. Ikkinchi overtaym tugayotganida esa argentinaliklar qarshi hujumda navbatdagi golni urib, o‘yinga nuqta qo‘yishdi.

Endi Argentina 16 iyulga o‘tar yarimfinal o‘yinida Angliyaga qarshi maydonga chiqadi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Angliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi

Published

on


Skandinavlarda qo‘shimcha bo‘limlarda kuch qolmadi.

Norvegiya – Angliya 2:2

Gollar: Shelderup, 36 (1:0). Bellinhem, 45+2 (1:1). Bellinhem, 93 (1:2)

Norvegiya: Nyulan, Ayyer, Heggem (Estigor, 91), Volfe (Pedersen, 90), Ryuerson (Eursnes, 60), Berge, Berg, Edegor, Shelderup (Bobb, 68), Syorlot (Nusa, 68), Holand (Strann Larsen, 106)

Angliya: Pikford, Stouns, Geyi, O`Rayli (Spens, 86), Konsa (Rojyers, 89), Rays (Eze, 46), Anderson, Bellinhem (Byorn, 111), Gordon (Jyeyms, 71), Madueke (Saka, 46), Keyn

Ogohlantirish: Ayyer, 117

Angliya va Norvegiya – bir biriga yaqin bo‘lgan mamlakatlar hisoblanadi. Geografik va madaniy tomondan ham, futbol borasida ham. Bunday bog‘liqlikni ko‘rish uchun skandinavlar jamoasi tarkibiga qarash yetarli, Angliyaga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushgan 11 futbolchidan olti nafari, jumladan, jamoaning asosiy yulduzlari – Erling Holand va Martin Edegor APLda to‘p suradi.

Ushbu ikkisini futbol olamidagilar anchadan buyon yaxshi taniydi, norveglar jamoasining bu turnirdagi o‘yinlari esa ko‘pchilik uchun yangilik bo‘ldi. Stole Solbakken shogirdlari 1/8 finalda Braziliyani haqli ravishda mag‘lub etdi va gap o‘sha o‘yinda Holand dubl qayd etganida ham emas – norveglar raqibdan yaxshiroq o‘ynadi va o‘z vaziyatlaridan foydalandi.

Angliya esa turnir davomida barcha o‘yinlarda ham o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Pley-offda Kongo DR va Meksikaga qarshi kechgan o‘yinlarda «Uch sherlar» ko‘p holatlarda konsentratsiyani yo‘qotdi va turnirni tark etish xavfi ostida qoldi. Faqat futbolchilarning individual mahorati evaziga britanlar nisbatan osonroq raqiblarni taslim eta oldi. Norvegiya esa xatolardan foydalanadigan va o‘zi kam xato qiladigan, boshqa darajadagi raqib edi.

O‘yinning birinchi bo‘limining katta qismida ikki jamoa ham ehtiyotkorlik bilan o‘ynashga qaror qildi. Norveglar to‘pni inglizlarga topshirishdi va 4-5-1 sxemasida joylashib, to‘p uzatish mumkin bo‘lgan barcha yo‘laklarni yopishdi. Angliya esa to‘pga va hududlarga egalik qildi, lekin Nyuland qo‘riqlayotgan darvoza tomon yaqinlasha olmadi – inglizlar to‘pni u qanotdan bu qanotga oshirib, Madueke va Gordonning driblinglariga hamda olisdan yo‘llanadigan zarbalarga tayandi. Ammo bu ish bermadi.

Shu tufayli 35-daqiqagacha muxlislar zerikib qolishdi: ikki jamoa atigi bitta zarba berdi va yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Jamoadoshlari Holand va Keynga to‘pni yetkazib bera olishmadi.

Ammo bu kabi o‘yinlarda ko‘p kuzatilganidek, bitta epizod barchasini o‘zgartirib yubordi. 36-daqiqada Harri Keyn himoyadan chiqishda to‘pni oldirdi, to‘pga ega chiqqan Edegor oldinga yurdi va chap qanotda o‘zini taklif etgan Shelderupni pas bilan ta’minladi, yosh vinger esa jarima maydoniga kirib borib, kuchli zarba yo‘llab, turnirning eng chiroyli gollaridan biriga mualliflik qildi.

Inglizlar hujum boshlanish vaqtida Berg tomonidan Keynga fol ishlatilganiga ishora qilishdi, ammo videotakrorda norvegiyaliklar futbolchisi to‘pga o‘ynagani oydinlashdi.

Bo‘limning qolgan daqiqalarida skandinavlar ikki bor ikkinchi golni urishga yaqin kelishdi. Avvaliga Pikford Edegorning olis masofadan yo‘llagan xavfli zarbasini bartaraf etdi, keyin esa Syorlot yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

U jarima maydoniga kirib kelgan Holandga to‘p uzatishi mumkin edi, ammo o‘zi zarba berishga qaror qildi va to‘pni darvozabonga topshirdi.

«Sen urmasang, senga urishadi» qoidasi darhol ishga tushdi va norvegiyaliklar tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan yo‘l ololmadi. Nyuland oldingi chiziqqa yetkazib bergan to‘pni inglizlar egallab oldi va boshlangan tezkor qarshi hujumni Jud Bellinghem turnirdagi beshinchi golini urish bilan yakunladi.

Ikkinchi bo‘lim birinchisiga qaraganda shiddatli kechdi: Norvegiya o‘ziga ishonch bilan harakat qildi va ketma-ket hujumlar uyushtirdi, Angliya esa hisobdan kelib chiqib, xotirjamlik bilan harakat qildi.

Syorlotning bosh bilan yo‘llagan zarbasi yaqin «to‘qqizlik»ka kirib ketishiga bir baxya qoldi, Holandning pastki burchakka yo‘llagan zarbasidan keyin Pikforddan o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, 57-daqiqada esa skandinavlar baribir darvozani ishg‘ol etishdi.

Ammo Kleman Tyurpen videotakrordan keyin Heggem urgan golni bekor qildi – yangi qoidalar ishga tushib, vaziyat VAT tomonidan ko‘rib chiqildi, videotakror burchak zarbasi ijro etilishidan oldin Holand Andersonga fol ishlatganini ko‘rsatdi va hakam burchak zarbasini qaytadan ijro etish kerakligini ko‘rsatdi.

Shundan keyin Solbakken hujum qanotlarini yangila, Syorlot va Shelderup o‘rniga Bobb va Nusani tushirdi, ular muntazam ravishda inglizlarning qanot himoyachilarini tahlika ostida ushlab turishdi. Angliyada ham zaxiradan tushirilganlar o‘yinni kuchaytirishdi, Saka bir necha bor qanotdan reyd uyushtirib, xavfli vaziyatlar yuzaga keltirdi.

Ammo asosiy vaqt yakuniga qadar hisob o‘zgarmay qoldi va barchasi qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlanadigan bo‘ldi. Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisi boshlanishi bilanoq Angliyaning zaxira imkoniyatlari o‘z so‘zini aytdi. Rodjyers 92-daqiqada o‘z odatiga ko‘ra jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, Nyuland esa to‘pni ushlab qola olmadi va barchadan ildamroq harakat qilgan Bellinghem darvozani ishg‘ol etdi. Bu uning turnirdagi oltinchi goli bo‘ldi va u endi Messi, Mbappe (8 tadan), Holand (7) va Harri Keyn (6) kabi to‘purarlar poygasida.

5 daqiqa o‘tib esa Spens chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, penalti ishladi. Ammo yana VAR vaziyatga aralashdi va penalti bekor qilindi: bu vaziyatda inglizlar himoyachisi qasddan penalti ishlash uchun harakat qilgan deb topildi.

Birinchi qo‘shimcha bo‘limdan keyin Solbakken Holandni o‘yindan olib tashladi, Erlingda o‘yinni davom ettirish uchun kuch qolmagani ko‘rinib turardi. O‘z yetakchisisiz qolgan norveglar esa qolgan daqiqalarda hech narsani o‘zgartira olmadi. Faqat Nyulandning bir hujumning o‘zida ikkita zarbani qaytarishi o‘yin oxirigacha intriga saqlanib turishini ta’minladi.

Norvegiya jahon chempionatini mardonavor tark etdi, Angliya esa uzoq kutilgan chempionlik uchun yurishini davom ettiradi.



Source link

Continue Reading

Sport

Angliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin

Published

on


Futbol uchrashuvi boshlanadigan vaqt – soat 17:00da (Toshkent vaqti bilan 02:00) harorat 29-32 darajaga, haroratni his qilish esa 44 darajagacha yetishi kutilmoqda.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati chorak finali doirasida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Angliya va Norvegiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqti harorat keskin ko‘tarilishi sababli o‘zgarishi mumkin, deb yozmoqda Daily Mail.

Nashr xabariga ko‘ra, Janubiy Floridada issiqlik to‘lqini paydo bo‘lishi xavfi juda yuqori bo‘lib, futbol uchrashuvi boshlanadigan vaqt – soat 17:00da (Toshkent vaqti bilan 02:00) harorat 29-32 darajaga, haroratni his qilish esa 44 darajagacha yetishi mumkin.

Mayami shahrining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti aholini «ko‘proq suv ichish, yengil kiyinish va ochiq havoda kamroq harakatlanish»ga chaqirdi.

“Yuqori harorat va namlik jazirama bilan bog‘liq kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Ko‘proq suv iching, yengil kiyimlar kiying, kunning eng issiq paytida ko‘chada kamroq yuring va imkon bo‘lsa vaqtingizni konditsionerli xonada o‘tkazing”, deyiladi ogohlantirishda.

Professional futbolchilar manfaatlarini himoya qiluvchi FIFPRO tashkiloti havo harorati 28 darajadan yuqori bo‘lgan taqdirda matchlarni ko‘chirishni tavsiya qiladi.

Daily Mail Sport nashrining aniqlik kiritishicha, hozircha bugungi o‘yin vaqtini ko‘chirish rejalashtirilmayapti.

Angliya va Meksika milliy jamoalari o‘rtasidagi nimchorak final bahsi ob-havoning yomonlashuvi sababli bir soat keyin boshlangandi



Source link

Continue Reading

Sport

Janubiy Afrika milliy jamoasining 25 yoshli futbolchisi vafot etdi

Published

on


Jyeyden Adams 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichining uchta o‘yinida maydonga tushgandi.

Janubiy Afrika milliy jamoasi va “Mamelodi Sandaunz” klubi yarimhimoyachisi Jyeyden Adams 25 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi The Guardian.

Futbolchi o‘limining sababi ma’lum qilinmagan. 

JAR sport vaziri Geyton Makkenzi ushbu xabar bo‘yicha bayonot berdi.

“Bugun Janubiy Afrika futboli o‘zining eng yorqin yosh iste’dodlaridan birini yo‘qotdi. Mamlakatimiz uning oilasi, jamoadoshlari va yosh iqtidorning akademiyadan JAR milliy jamoasiga qadar o‘sib borishini kuzatgan millionlab muxlislar bilan birgalikda qayg‘uda”, – dedi Makkenzi.

Adams professional faoliyatini “Stellenbos” klubida boshlagan bo‘lib, 2025 yilda mamlakatning eng sovrindor “Mamelodi Sandaunz” klubiga o‘tgandi.

U milliy jamoa tarkibida to‘qqizta o‘yin o‘tkazgan va bitta golga mualliflik qilgan. Adams 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichining uchta o‘yinida maydonga tushgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

JCh anonsi. Holand Keynga qarshi, Argentinada ilk jiddiy raqib

Published

on


Braziliyani turnirdan chiqarib yuborgan skandinavlar turnir g‘olibligi uchun favoritlardan biriga ham muammo tug‘dira oladimi? Kabo-Verde va Misr kabi kamtarona raqiblarga qarshi o‘yinlarda ham qiynalgan Argentina ustozi Yevropa jamoasiga qarshi o‘yin uchun yangi narsa o‘ylab topadimi?

Foto: Global Look Press, Getty Images

Bugun tunda jahon chempionatida chorakfinal bosqichi yakunlanadi. Dastlab Harri Keyn boshchiligidagi Angliya va turnir kashfiyotiga aylangan Norvegiyaga qarshi bahs olib boradi, tunda amaldagi chempion Argentina Shveytsariyaga qarshi o‘ynaydi. Ushbu juftlik g‘oliblari yarimfinalda o‘zaro raqib bo‘ladi.

Norvegiya – Angliya

12 iyul, 02:00. Hard Rock Stadium (Mayami)

Turnir startida ko‘pchilik Norvegiyani bir futbolchiga tayanib qolgan jamoa sifatida ko‘rayotgandi. Ammo guruh bosqichi va pley-offdagi dastlabki o‘yinlar Stole Solbakken yaxshi jamoa shakllantirganini ko‘rsatdi. Turnir davomida norveglarga munosabat o‘zgarib bordi. Braziliya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin esa shu qadar ishonchli chiqdiki, Erling Holand ikki gol urgan bo‘lsa-da, bu g‘alaba birgina uning dahosi mahsuli emasdi. Bu o‘yinda jamoa tarkibidagi barcha futbolchilar yaxshi taassurot qoldirishdi. Skandinavlar o‘shanda o‘yin borasida ham ustunlik qildi va nomdor raqibni faqat qarshi hujumlarga tayanishga majbur qildi, o‘z imkoniyatlaridan esa sovuqqonlik bilan foydalandi, bunga parallel ravishda brazillarning asosiy futbolchisi Vinisius to‘liq zararsizlantirildi.

Stole Solbakken o‘yin yakunlanganidan keyingi intervyusida Norvegiya avvalboshdan to‘pga egalik qilish va o‘yinni nazorat qilish uchun maydonga tushganini aytib o‘tdi. Amalda ham jamoa markaziy himoyachilar orqali hujum boshladi va uzoq vaqt bosim ostida to‘pga egalik qilishdan cho‘chimadi. Shuning uchun navbatdagi o‘yinda kim birinchi raqam ostida o‘ynashini oldindan aytib bo‘lmaydi. Qog‘ozda Angliya favorit, ammo Norvegiya amalda buni yo‘qqa chiqara olish salohiyatiga ega.

O‘yinga ko‘pchilik Holand va Keyn dueli prizmasi orqali ham qaramoqda. Ikki forvard ham turnirni yuqori darajada o‘tkazmoqda: Erling to‘rt o‘yinda 7 gol urib tashladi, Harrining hisobida 6 ta gol bor. Sayyoraning ayni vaqtdagi eng kuchli hujumchilarining to‘qnashuvini kuzatish qiziq, ammo o‘yin faqat ularning qarama-qarshiligidan iborat emas.

Angliyaning hozirgi avlodi so‘nggi ikki Yevropa chempionatida finalga chiqqan, 4 yil oldingi jahon chempionatida bo‘lajak finalchilar Fransiyaga yutqazib, turnirni tark etgandi. Bu safar Tomas Tuxel jamoasi o‘z oldiga mundialda yuqori natijalarga erishishni ko‘zlagan va chorakfinalda to‘xtamoqchi emas. Inglizlar deyarli har bir o‘yinda matonat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelmoqda (guruhda Xorvatiya, pley-offda Kongo DR va Meksika bilan o‘yinlar juda qiyin kechdi). Bu o‘yinlarda himoya chizig‘iga savollar tug‘ilgan bo‘lsa-da, jamoa tonusni saqlab qolmoqda.

Norvegiyaga qarshi o‘yin oldidan esa o‘ng qanot himoyasida muammolar yuzaga kelgan: bu qanot uchun asosiy nomzod hisoblangan Jyeyms jarohatlandi, uning o‘rnini egallagan Spensda ham muammo paydo bo‘ldi, uchinchi nomzod hisoblangan Kuansa esa Meksika bilan o‘yinda qizil kartochka olib, ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Tomas Tuhel endi bu pozitsiyani tayanch yarimhimoyachilaridan biri bilan yopishgacha bo‘lgan radikal choralarga qo‘l urishga majbur bo‘lishi mumkin.

U Norvegiyaga qarshi o‘yin uchun birinchi galda Holandni jamoadoshlaridan uzib qo‘yishga qaratilgan reja tayyorlagani tayin, buning uchun birdaniga ikki yarimhimoyachi ushbu hujumchiga uzatmalar yo‘lini to‘sishga jalb etilishi kerak bo‘ladi. Ammo Erling butun o‘yin davomida payt poylab yurib, kutilmaganda portlashi va darvozani ishg‘ol qilishi mumkin. Shuning uchun inglizlar jamoasi himoyachilaridan hushyorlikni bir soniyaga bo‘lsa-da yo‘qotmaslik talab etiladi.

Argentina – Shveytsariya

12 iyul, 06:00. Arrowhead Stadium (Kanzas-Siti)

Ko‘pchilik bu turnirda Argentina uchun oson guruh va pley-offda oson yo‘lak tayyorlab berilgani haqidagi nazariyalarni tarqatish bilan band. Jamoa chindan ham guruhda Jazoir, Avstriya va Iordaniya kabi raqiblarga qarshi o‘yinlarda hech qanday muammoga uchramadi va 100 foizlik natija bilan guruhdan chiqdi.

Ammo 1/16 finalda turnir debyutanti Kabo-Verde bilan o‘yin kutilmaganda amaldagi chempionlar uchun ilk jiddiy sinovga aylandi. Vozinya boshchiligidagi orolliklar o‘yinning asosiy vaqtida nomdor raqibga turib bera oldi va faqat qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub bo‘ldi (2:3).

1/8 finalda Misrga qarshi kechgan o‘yin esa allaqachon jahon chempionati va Argentina futboli tarixiga kirdi. «Albiseleste» 79-daqiqaga qadar ikki to‘p farqi bilan ortda bordi, faqat o‘yin oxirida uchta gol urib, irodali g‘alabaga erishdi.

Bir tomondan, bunday kambek Argentina futbolchilarida o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi mumkin. Boshqa tomondan – jamoa o‘yinidagi muammolar yana bir bor ko‘zga tashlanib qoldi. Skaloni shogirdlari bu turnirda ochiq o‘yin namoyish etib, raqiblarga ko‘p narsaga ruxsat bermoqda, yuqori joylashgan himoya chizig‘i jamoa jarima maydoni tomon xavfli reydlarga sabab bo‘lmoqda. Agar Messi yuqori sport formasini saqlab qolmaganida, bu jamoa turnir favoritlari qatorida sanalmayotgan bo‘lardi.

Shveytsariya esa, aksincha, himoyadagi tartibli o‘yin orqali chorakfinalgacha yetib keldi. 1/8 finalda yevropaliklar qariyb ikki soat mobaynida Kolumbiyani tiyib turdi va uning tezkor hujumchilariga odatiy o‘yinini ko‘rsatishga imkon bermasdan, penaltilar seriyasiga yetib bordi va 1954 yildan buyon ilk bor jahon chempionatlarida chorakfinalga yo‘l oldi.

Shveytsariya azaldan favoritlar uchun noqulay raqib bo‘lib kelgan. Bu jamoa yorqin taassurot qoldirmasligi mumkin, lekin raqibning ustunliklarini yo‘qqa chiqara oladi. Shu o‘rinda 2014 yilgi chempionatini yodga olish mumkin, o‘shanda Argentina shveysarlar to‘sig‘idan faqat Di Mariyaning 118-daqiqada urgan goli orqali o‘ta olgandi. O‘shanda ham yevropaliklar maydon markazini betonlab tashlagan va raqibni faqat individual mahoratga tayanishga majbur qilgandi.

Argentina qarama-qarshi kurslarda kechuvchi o‘yinlarda o‘zini yaxshi his qiladi, ammo to‘pni butunlay topshirib, ikkinchi raqamda harakat qilishga rozi bo‘luvchi jamoalar bilan doimo katta muammolarga duch keladi. Shveytsariya esa xuddi shunday raqiblardan biri. Argentina bu turnirda ikki marta halokat yoqasidan qaytdi: Kabo-Verde va Misrga qarshi o‘yinlarda faqat saviya borasidagi farq qo‘l keldi. Endi esa yo‘ldan favoritlarga qarshi qanday o‘ynashni biladigan raqib chiqqan.

1/8 finaldagi kambek drama nuqtayi nazaridan ajoyib chiqdi, shu bilan birga, bu o‘yin Skaloni jamoasining mustahkamlik zaxirasi unchalik katta emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shveytsariya bu safar ham

o‘yinni uzoq davom etadigan pozitsion kurashga aylantirishi aniq, bunday o‘yinda birgina xato ham qimmatga tushishi mumkin. Ammo Argentinada Messi bor va bu qurol ushbu turnirda hali otmay qolmadi.



Source link

Continue Reading

Sport

Ispaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi

Published

on


Belgiyaning zaxira darvozaboni qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Merino bu safar ham so‘nggi daqiqalarda qahramonga aylandi.

Foto: David Ramos/Getty Images

Ispaniya milliy jamoasi pley-offda so‘nggi daqiqalarda urilgan gol orqali g‘alaba qozonishda davom etmoqda. Luis de la Fuente shogirdlari chorakfinalda qiyinchilik bilan Belgiya to‘sig‘idan o‘tdi. Endi 14 iyul kuni muxlislarni yarimfinalda superjang kutmoqda – ispanlar fransuzlarga qarshi.

Ispaniya – Belgiya 2:1

Gollar: Ruis, 30 (1:0). De Ketelare, 41 (1:1). Merino, 88 (2:1)

Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro, Ruis (Torres, 55), Rodri, Olmo (Merino, 86), Baena (Pedri, 55), Yamal, Oyyarsabal (Uilyams, 79)

Belgiya: Kurtua (Lammens, 71), Mehele, Ngoy, De Keyper (Seys, 61), Kastan, Vanaken (Vitsel, 60), Raskin, De Bryuyne (Salemakers, 86), Doku, Trossar (Lukaku, 60), De Ketelare

Ogohlantirishlar: Kubarsi, 43. Lyaport, 90 – De Bryuyne, 85. Vitsel, 90

Ikki jamoa ham boshlang‘ich tarkiblarda syurprizlarga qo‘l urdi. Belgiyaliklar safida 1/8 finalda AQShga qarshi o‘yinni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan Kevin de Bryuyne hamda o‘sha o‘yinda ikkinchi bo‘limda tushirilgan Jyeremi Doku bu safar ilk daqiqalardan o‘ynadi. 

Bundan tashqari, Rudi Garsiya chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida jarohatlangani tufayli Yuri Tilemans xizmatlaridan foydalana olmadi. Ispanlarda esa kutilmaganda jamoaning asosiy yarimhimoyachisi Pedri zaxirada qoldirildi.

Belgiyaliklar o‘yinni kuchli pressing bilan boshladi, de Bryuyne va de Ketelare 4-4-2 sxemasida harakatlangan tarkibda birinchi himoyachilar vazifasini o‘tashdi. Ammo ko‘p o‘tmay «Qizil furiya» tashabbusni o‘z qo‘liga oldi.

Birinchi bo‘limdagi kuling brekkacha belgiyaliklar raqib jarima maydonida atigi bir marta to‘pga teginishgani ham o‘yin kartinasini yaqqol ifodalaydi. Kichik tanaffusdan keyin ko‘p o‘tmay ispanlar hisobni ochishdi: Olmoning zarbasini Kurtua qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib Ruis yetib keldi.

Ispaniya bu turnirda biror marta gol o‘tkazmagani hisobga olinsa, belgiyaliklar tang ahvolda qolishgandi. Ammo aynan ushbu jamoaga Ispaniyaga birinchi golni urish nasib qildi. Garsiya markaziy forvard pozitsiyasiga ko‘chirgan yarimhimoyachi Sharl de Ketelare turnirdagi navbatdagi golini urdi (u o‘tgan turda AQSh darvozasiga dubl qayd etgandi).

«Qizil furiya» ikkinchi bo‘lim davomida ham ustunlikka erishdi, «qizil iblislar» darvozaboni Tibo Kurtua jarohat olishi esa o‘yin taqdirini hal qildi.

Uning o‘rniga zaxiradan tushirilgan Lammens o‘yin oxirida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi – u Kubarsining zarbasidan keyin to‘pni ushlab qololmadi, to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Mikel Merino darvozani ishg‘ol etdi. «Arsenal»ning ushbu yarimhimoyachisi o‘tgan bosqichda Portugaliya darvozasiga ham o‘yin oxiridagi g‘alaba goliga mualliflik qilgandi.

Garsiya shogirdlarida o‘yinni qutqarish uchun kuch ham, vaqt ham qolmagandi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Simon to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yib, raqibga gol sovg‘a qilishi mumkin edi, ammo Lukaku bu safar qahramonlik ko‘rsata olmadi. O‘yin davomida zarbalar berish bo‘yicha Ispaniya yaqqol ustunlik qildi (17 ga qarshi 5, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 8:2), xG ko‘rsatkichi bo‘yicha ham katta farq yuzaga keldi (0,37 ga qarshi 2,08). 

Endi Ispaniya 14 iyul kuni yarimfinalda Fransiyaga qarshi maydonga tushadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.