Iqtisodiyot
«Arda Xiva» xalqaro turizm arenasida yangi brend
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) doirasida O‘zbekistonning eng yirik turistik loyihalaridan biri — «Arda Xiva» turistik majmuasini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilishga qaratilgan muhim hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Turistik infratuzilmani boshqarish va rivojlantirish sohasidagi yetakchi Rossiya kompaniyalaridan biri — «Cronwell Development» hamda Rossiyaning yirik onlayn sayohatlar agregatori — «Ostrovok» o‘rtasida imzolangan kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Xorazm viloyatida joylashgan ko‘p tarmoqli «Arda Xiva» turistik majmuasini xalqaro maydonda ilgari surishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Bu islohotlar mamlakat turistik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, boy tarixiy-madaniy merosni jahon turistik marshrutlariga integratsiya qilish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar «Arda Xiva» majmuasini Rossiya va boshqa istiqbolli bozorlarda targ‘ib qilish, yangi turistik mahsulotlar ishlab chiqish, xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etish, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalari va sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Kelishuvni «Kronvell Development» MChJ bosh direktori Aleksey Musakin va «Bronirovaniye gostinits» («Ostrovok») MChJ bosh direktori Darya Kochetkova imzoladi. Shuningdek, tomonlar rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydigan qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ham tasdiqladilar.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuv O‘zbekistonning turistik eksportini kengaytirish, Rossiyadan keluvchi sayyohlar oqimini oshirish hamda qadimiy Xivaning mintaqaning muhim turistik markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik nafaqat «Arda Xiva» majmuasi, balki butun Xorazm viloyati va O‘zbekiston turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmasi va ochiq investitsiya siyosati xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilinishiga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
Dollar va yevro kursi keskin oshdi
Markaziy bank 2026-yil 8-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 52,23 so‘mga oshib, 12 049,44 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 75,18 so‘mga oshdi va 14 024,34 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 224,57 so‘m bo‘ldi (+102,72).
Rossiya rubli 163,92 so‘m etib belgilandi (+2,4).
Iqtisodiyot
Eskrou orqali tuzilgan bitimlar soni qariyb 70 mingga yetdi
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, 1-apreldan 4-iyunga qadar eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha jami 69 ming 778 ta shartnoma rasmiylashtirilgan yoki jarayonga kiritilgan.
Shundan 40 ming 545 tasi transport vositalari oldi-sotdisiga, 29 ming 233 tasi esa ko‘chmas mulk bitimlariga to‘g‘ri kelgan. Hisobot davrida 67 ming 276 ta shartnoma to‘liq rasmiylashtirilgan bo‘lsa, yana 2 ming 502 ta shartnoma jarayonda ekani qayd etilgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori faollik Toshkent shahrida kuzatildi. Poytaxtda mazkur davrda 19 ming 747 ta shartnoma qayd etilgan.
Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 6 ming 765 ta va Samarqand viloyati 6 ming 102 ta shartnoma bilan joylashdi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 4 ming 712 ta, Farg‘ona vodiysining boshqa hududlarida ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Eng kam shartnomalar soni Navoiy viloyatida 2 ming 22 ta hamda Surxondaryo viloyatida 3 ming 35 tani tashkil etgan.
Iqtisodiyot
Prezident Chirchiqdagi polimer mahsulotlar korxonasida bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan «Kmita Polymers» korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning «Polymers» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bunday plyonkalar zamonaviy iqtisodiyotning ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo juda muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Bugun oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, qurilish materiallari, farmatsevtika vositalari va turli sanoat tovarlarining bozorga xavfsiz yetkazilishi, tashqi ta’sirlardan muhofazalanishi ko‘p jihatdan zamonaviy qadoqlash texnologiyalariga bog‘liq.
6 ming 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida 7,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Ushbu loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yanada ko‘payishi kutilmoqda. 2025-yilda bu yerda 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.
Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar Coca-Cola, Pepsi, Flash, «Chernogolovka», Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qo‘llanilmoqda.
Bundan tashqari, qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev kimyo-industrial texnoparkidagi korxona faoliyati bilan tanishdi
Bugun, 2-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkidagi «NovoPlast TPE» korxonasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyiha Rossiyaning «VR Plast» korxonasi bilan hamkorlikda 4 ming 200 kvadrat metr maydonda amalga oshirilgan. Uning umumiy qiymati 5,4 million dollarni tashkil etadi.
Korxonada zamonaviy laboratoriya va innovatsion ishlab chiqarish liniyalari yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda u termoplastik elastomer granulalar va ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy yetakchilardan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda yuqori sifatli termoelastomerlar, eshik va romlar uchun zichlagichlar, texnik hamda oziq-ovqat sanoati uchun mo‘ljallangan shlanglar, shuningdek, qurilish va elektrotexnika tarmoqlari uchun turli polimer mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy afzalligi ularning mustahkamligi, deformatsiyaga chidamliligi va tashqi muhit ta’siriga yuqori bardoshliligi hisoblanadi. Shu sababli mazkur mahsulotlar qurilish, avtomobil sanoati, oziq-ovqat ishlab chiqarish hamda elektrotexnika sohalarida keng qo‘llanilmoqda.
Korxona tarkibida zamonaviy tadqiqot markazi faoliyat yuritadi. Bu yerda Osiyo va Yevropa bozorlari talablaridan kelib chiqqan holda termoelastoplastlarning yangi retsepturalari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, tayyor granulalar, zichlagichlar va yuqori bosimli shlanglar xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.
58 ta yangi ish o‘rni yaratilib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, bu yerda 103 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shuningdek, 5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Korxona faoliyatining yana bir muhim natijasi import o‘rnini bosish bilan bog‘liq. Xususan, 2025-yilda 8,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Kelgusida korxona mahsulot ishlab chiqarish hajmini 177 milliard so‘mga hamda eksport ulushini 60 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu rejalar amalga oshirilsa, korxona nafaqat mahalliy bozor ehtiyojlarini qondirish, balki Markaziy Osiyo va boshqa tashqi bozorlarda ham o‘z mavqeini yanada mustahkamlashi mumkin.
Iqtisodiyot
“6 foizlik QQSga avtomatik o‘tilmaydi”
O‘zbekistonda kichik biznes uchun soliq yuki va ma’murchiligi sezilarli yengillashdi. Tadbirkorlarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, QQS va foyda solig‘i to‘lovchisiga aylanish mezoni 5 mlrd so‘mgacha oshirildi. Savdo, servis va umumiy ovqatlanish sohalari uchun soddalashtirilgan, 6 foizlik ixtiyoriy QQS rejimi joriy etildi.
Xo‘sh, bu yangiliklar amalda nimani anglatadi? Kun.uz yangi tartibot bo‘yicha biznesni qiziqtirayotgan savollarga soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Umidbek Safarovdan javob oldi.
– 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan yangi chegaradan kimlar foydalanishi mumkin? Yillik aylanmasi 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan biznes bu yangiliklar borasida nimalarni bilishi kerak?
Murod Muhammadjonov: 5 milliardgacha degan narsaga oldin kichkinagina bir aniqlik kiritib ketsak. Bong urilib, hamma joyda 5 milliard deyilyapti. Ertaga, hurmatli tadbirkorlar, 5 milliardgacha qilib qo‘ymanglar, chunki farmonda yozilgan chegara – 12 ming BHM. Bu – 4 milliard 944 million so‘mni tashkil qiladi. Shuning uchun ham bu narsaga alohida urg‘u beryapmiz.
Shu kunga qadar 1 milliardgacha bo‘lgan aylanmaga ega, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarining barchasi uchun endi qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 4 milliard 944 mln, ya’ni qariyb 5 milliardgacha qilib belgilandi. Bu – aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarning barchasiga tegishli. Hozirgi kunda ishlab kelayotgan, yangi ochilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham, MChJ, xususiy korxonalar – hammaga taalluqli. Aylanmadan olinadigan soliqda ishlayman deydigan bo‘lsa, uning chegarasi endi 1 milliard emas, 4 milliard 944 mln so‘m.
Endi, aynan 2026 yil haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yil uchun qariyb 5 milliardlik chegaraning besh oyi o‘tib bo‘ldi. Shu sabab 5 milliardni 12 ga bo‘lib, qolgan oylar soniga – 7 ga ko‘paytirsak, joriy yil uchun QQSga o‘tish chegarasi kelib chiqishi mumkin. Lekin bu – taxmin xolos, bu masalaga Soliq qo‘mitasi aniqlik kiritishi kerak. Aniqlik kiritilmagunga qadar, AOSda qolishni istovchi tadbirkorlar 2026 yil uchun chegara 5 milliard bo‘lmasligi mumkinligini inobatga olishlari kerak. Yilning qolgan davri – 7 oylik chegaraviy miqdor 2 mlrd 884 mln so‘m bo‘lishi, 5 milliardlik mezon 2027 yildan to‘laqonli amal qila boshlashi mumkin.
– Aylanma 5 milliard so‘mdan oshgan taqdirda, nima sodir bo‘ladi? Umumbelgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tish majburiyati qaysi sanadan boshlab hisoblanadi?
Umidbek Safarov: Bu boradagi normalar o‘zgargani yo‘q: belgilangan chegaraning xatlab o‘tilishi qaysi hisob-fakturaga to‘g‘ri kelsa, o‘sha hisob-faktura berilgan davrdan boshlab tadbirkor 12 foizlik QQS va 15 foizlik foyda solig‘i to‘lovchisiga aylanadi.
Shundan keyin tadbirkor hisob-kitob qilib, hisobga olish huquqisiz 6 foizlik QQS rejimiga o‘tmoqchi bo‘lsa, bu haqda soliq organini xabardor qiladi va keyingi oyning 1-sanasidan boshlab yangi rejimga o‘tgan hisobshanadi.
Murod Muhammadjonov: Deylik, chegara 5 mlrd so‘m, aylanma esa 4 mlrd 900 mln so‘mga yetgan deb olaylik. Shunday holatda keyingi hisob-faktura 600 mln so‘mga berilgan taqdirda, ko‘p tadbirkorlar 100 millioniga AOSda qolaveraman, 500 milliondan QQS to‘lashim kerak deb tushunadi. Lekin bunday emas. 5 milliarddan o‘tishiga sabab bo‘lgan schyot-fakturangiz hammasi QQSga tortiladi, ya’ni 600 millionning hammasi.
Boshqacha oladigan bo‘lsak, aylanmangiz 1 mlrd bo‘lgan holatda, 4 mlrd 200 mln so‘mlik hisob-faktura bersangiz, aylanmangiz jami 5,2 milliardga yetadi va o‘sha 4,2 mlrd so‘mlik aylanma ham to‘liqligicha QQSga tortilib ketadi. Mana shunga hushyor bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik shu joyda adashadi.
– Bunda qanaqa soliq oqibatlari yuzaga kelishi mumkin?
Murod Muhammadjonov: Birinchidan, yuqoridagi misolda tadbirkor QQSga o‘tib ketdi, lekin hali guvohnoma olmadi. Guvohnoma olmasdan turib, unda hisob-faktura shakllantirilgan. QQS guvohnomasi bo‘lmasa, sizda hisobga olish huquqi yo‘q hali. Siz QQS to‘lovchisiz, lekin guvohnomangiz yo‘qligi sabab hisobga olish huquqingiz hali vujudga kelmagan. Bu degani, sizda o‘sha 600 millionga oshib ketib qolgan bo‘lsa, oshib ketgan summaning hammasiga to‘liq 12 foizlik QQS solinadi. Ya’ni bu 600 millionlik aylanmani hisobga olib, keyin bir qismini qaytarishning imkoni yo‘q, chunki hali QQS to‘lovchisi guvohnomasini olmagansiz.
6 foizlik yangi soliq tartibiga ixtiyoriy ravishda o‘tiladi. Ya’ni 5 mlrd so‘mlik chegaraga yetgan tadbirkor avvaliga avtomatik ravishda 12 foizlik QQS to‘lovchisiga aylanadi va ixtiyoriy ravishda, hisob-kitob qilib ko‘rgan holda, 6 foizlik rejimga o‘tishi mumkin. Shuning uchun, hurmatli tadbirkorlar, hushyor bo‘linglar: qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tib ketdi deganda, sizlar avtomatik 6 foizligiga o‘tib qoldinglar degani emas.
Shuning uchun 5 milliard so‘mlik chegaraga yaqin qolganda, agar 6 foizlik tartibotga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, “soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘taman” degan arizani berib, keyin o‘tgan maqbul. O‘tib ketib qolsam, avtomat 6 foiz ekan degan narsa yo‘q.
To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
-
Jamiyat5 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Siyosat4 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Dunyodan3 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva YeXHT bosh kotibi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days agoYo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat3 days ago
1-sentyabrdan yo‘lkira shahar avtobuslariga chiqish vaqtida to‘lanadi
