Iqtisodiyot
AQSh Venesuela nefti eksportini nazorat ostiga oladi
Vashington Venesuelaga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilishni rejalashtirmoqda, ammo uning neftini o‘zi sotib, tushumni taqsimlamoqchi. AQSh hokimiyati mablag‘lar Venesuela iqtisodiyotini tiklashga ishlatilishini aytdi.
Foto: Jorge Silva/REUTERS
AQSh Venesuelaga nisbatan dengiz blokadasini olib tashlashni, biroq uning nefti eksporti ustidan nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda, deb bildirdi Goldman Sachs bankining energiya bo‘yicha konferensiyasida 7 yanvar, chorshanba kuni AQSh energetika vaziri Kris Rayt. Uning aytishicha, sotuvdan tushgan daromadlar Vashington nazoratidagi hisobraqamlarga o‘tkaziladi va keyin Venesuela iqtisodiyotini tiklashga yo‘naltiriladi. Raytning ma’lum qilishicha, avval AQSh Venesuela omborlarida saqlanib turgan neftini sotadi, keyin esa “aniq muddat belgilanmagan davr” mobaynida mamlakatda qazib olinayotgan neftini ham sotishda davom etadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Venesuela AQShga sanksiyalar ostida bo‘lgan 30–50 million barrel neftni topshirishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xomashyo bozor narxida sotiladi, tushgan mablag‘lar esa “ikki mamlakat xalqlari manfaati uchun” sarflanadi.
“Hozirgidek neft yetkazib berishni bloklash o‘rniga, biz uni AQShdagi va butun dunyodagi neft qayta ishlash zavodlariga yetib borishiga yo‘l qo‘yamiz — neft ta’minotini yaxshilash uchun, ammo bu sotuvlarni AQSh hukumati amalga oshiradi”, — dedi Kris Rayt. U, shuningdek, bu operatsiyalardan tushgan daromadlar AQSh hukumati nazorat qiladigan hisobraqamlarga tushirilishi, keyin esa Venesuelaga “venesuela xalqining manfaati uchun” qaytarilishini qo‘shimcha qildi.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘larni AQSh Moliya vazirligi hisobraqamlarida joylashtirish ularni Venesuela kreditorlaridan himoya qilish imkonini beradi. Agentlikka AQSh ma’muriyatining ikki vakili AQSh mamlakatga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish niyatida ekanini aytgan.
Meksika qo‘ltig‘i sohilidagi ko‘plab Amerikalik neft qayta ishlash zavodlari Venesuelada qazib olinadigan og‘ir, oltingugurti yuqori neftini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ilgari ular Venesuela xomashyosining yirik xaridorlari bo‘lgan, biroq so‘nggi yillarda AQSh sanksiyalari tufayli yetkazib berishlar cheklangan.
Tramp Venesuelaning neft sanoatini tiklashga Amerika kompaniyalarini, jumladan Chevron, ConocoPhillips va Exxon Mobil’ni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Venesuela neft sanoati Nikolas Maduro va undan oldingi prezident Ugo Chaves hukmronligi davrida sezilarli darajada tanazzulga uchragan.
Societe Generale’ning xomashyo bozorlari tahlili bo‘yicha direktori Maykl Xey baholashicha, 1998 yilda — Chaves hokimiyatga kelgunga qadar — Venesuelada neft qazib chiqarish sutkasiga 3,4 million barrelni tashkil etgan, hozir esa u 1 million barreldan past darajaga tushib ketgan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati allaqachon bir nechta neft kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Agentlik manbalari, shuningdek, prezident Oq uyda energetika kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtirayotganini xabar qilgan.
Exxon va ConocoPhillips avvalroq Venesuelada faoliyat yuritgan, ammo 2000-yillarda ularning aktivlari milliylashtirilgan. Hozirgi paytda mamlakatda faqat Chevron cheklangan hajmda qazib olish ishlarini olib bormoqda.
Venesuelaning energetika sohasini tiklash uchun o‘n yil davomida taxminan 100 milliard dollar kerak bo‘ladi, deb hisoblaydi Rays universiteti qoshidagi Beyker davlat siyosati institutining Lotin Amerikasi energetika siyosati bo‘yicha direktori Fransisko Monaldi. Hart Energy baholashicha, sohani to‘liq modernizatsiya qilish 180–200 milliard dollarga tushishi mumkin.
Amerika neft kompaniyalari hozircha Venesuelada ishni qayta tiklash haqida bayonot bermagan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ular mamlakatning o‘zida ham, AQShda ham siyosiy vaziyat barqaror ekaniga ishonch hosil qilishni istaydi.
Shu xabarlar fonida 7 yanvar kuni neft narxlari pasaydi. Brent qiymati 1,3 foizga tushib, barreli 60 dollardan past bo‘ldi, WTI esa 2 foizga arzonlab, 56 dollarga tushdi.